Konchilik shuhrati
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli
Avtomobil transporti boshqarmasining 60 yilligi nishonlandi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati “Metallurg” madaniyat saroyi tantanali va xayrli tadbirlar o'tkaziladigan ma'naviyat koshonasidir. O'tgan payshanba kuni ham bu saroyda karnay-surnay sadolari yangradi. Avtomobil transporti xodimlari kuni va kombinatning transport boshqarmasi tashkil etilganiga 60 yil to'lishi munosabati bilan bayram tadbiri o'tkazildi.
Madaniyat saroyiga kiraverishda transport vositalari maketlaridan iborat qiziqarli ko'rgazma tashkil etildi. Soha faxriylari va faollari ko'rgazma bilan tanishgach, xush kayfiyat bilan zalga kirishdi.
“Metallurg” madaniyat saroyidagi tadbir O'zbekiston madhiyasi ijrosi bilan boshlandi. Ekranda OKMK, avtomobil transporti tarixiga oid qisqa metrajli hujjatli film namoyish etildi. Yig'ilganlar filmni ko'rgach, quyidagi ma'lumotlardan xabardor bo'lishdi. 1965 yilda “Oltin-Topkan”, “Qo'rg'oshinkon” va “Qalmoqqir” konlarida qazib olish ishlari faol tus olgan davrda sexlarning texnika va mexanizmlarini birlashtirish, ularni markazlashtirilgan tarzda ta'minlash va ta'mirlash maqsadida maxsus jihozlangan sex tashkil qilish zarurati paydo bo'ladi. Bu esa avtomobil transporti sohasida yangi boshqaruv tizimini yaratishdan iborat edi — natijada bugungi kundagi Avtomobil transporti boshqarmasi (ATB) tashkil etildi. Tarkibiga uchta avtobaza (keyinchalik ularning soni ko'paytirildi), traktor parki va avtomobillarni ta'mirlash uchastkasi kirgan. Texnologik tashish 1967 yilda “chorak yuk mashinalari” deb ataladigan “MAZ-525” avtomashinalari tomonidan amalga oshirildi. Yuk ko'tarish quvvati 27 tonna bo'lgan birinchi “BelAZ-540” samosvallari paydo bo'ldi. Kompaniya yillar davomida rivojlandi va kengaydi. Korxona o'zining eng katta taraqqiyotiga O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligiga erishgandan so'ng erishdi.
Avtomobil bo'limi beshta avtobaza, traktor parki, Avtomobil ta'mirlash maydoni va “BelAZ” avtomashinalarini kapital ta'mirlash ustaxonasidan iborat edi. O'sha paytda texnologik tashishda “BelAZ-7540” (yuk ko'tarish quvvati 30 t), “BelAZ-549”, “7549” (yuk ko'tarish qobiliyati 75-80 t) markali samosvallar ishlatilgan.
2000 yilda Xo'jalik transporti avtobazasi va avtotransport boshqarmasi birlashtirilib, ularning negizida Avtomobil transporti boshqarmasi tashkil etilgan bo'lsa, 2021 yil boshlarida restrukturalizatsiya qilinib, Avtomobil transporti boshqarmasi va Texnologik transport boshqarmasiga bo'lindi.
Bugun “Olmaliq KMK” AJning yirik tarkibiy bo'linmalaridan biri hisoblangan mazkur boshqarmada faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar soni 1893 nafarni tashkil etib, tarkibida 4 ta avtobaza, ta'mirlash xo'jalik uchastkasi va “Avtomobilist” dam olish maskani mavjud.
Avtomobil transporti boshqarmasi Toshkent, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida jami 836 ta transport vositasi, jumladan, 254 ta yengil avtomobil, 174 ta avtobus, vaxtali va mikroavtobuslar, 341 ta maxsus va umumiy foydalanish texnikalari, 67 ta avtotraktor yordamida konlarda tog' jinslarini tashish, sex va bo'linmalarni xo'jalik, yo'l-qurilish hamda maxsus texnikalar bilan ta'minlash, shuningdek, ishchilarni ish joylariga tashish faoliyati bilan shug'ullanadi.
Mamlakatimiz Prezidentining 2022 yil 19 dekabrdagi “Elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etishni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Avtomobil transporti boshqarmasiga ham 21 ta elektromobil keltirildi.
Ushbu avtomobillarning dvigateli ekologiyaga zararli gazlarni chiqarmasligi bilan ham ahamiyatlidir. Eng muhimi, elektr energiyasidan quvvat olishi sababli an'anaviy yoqilg'i sarfini 33 barobarga kamaytiradi. Elektromobillarni quvvatlantirish uchun esa kombinat ijro apparati va 1-sonli avtokorxonaga quvvatlantirish uskunalari o'rnatildi. Yaqin yillarda OKMKning xizmat mashinalari to'liq elektromobillarga o'tishi kutilmoqda.
Avtomobil transporti boshqarmasida ishlab chiqarish tannarxini tushirish, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amaliyotga tatbiq etilgan chora-tadbirlardan yana biri, boshqarma mutaxassislari tomonidan yuk ko'tarish quvvati 20 tonna bo'lgan “KamAZ” rusumli texnologik transport vositalarining dizel yonilg'isidan muqobil yonilg'i turiga, ya'ni metan gaziga o'tkazilgani bo'ldi. Kelgusida boshqarmaning barcha texnologik transport vositalarini metan gaziga o'tkazish reja qilingan. Shu bilan birga konlardagi “BelAZ” avtogigantlarini ham dizeldan arzon yoqilg'i turiga almashtirishga qaratilgan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
— Bugun kombinatimiz jahonning turli ilg'or kompaniyalarida ishlab chiqarilgan eng zamonaviy transport vositalari ko'p jamlangan dunyodagi kam sonli gigant korxonalardan biridir, — dedi “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, Oliy Majlis Senati a'zosi Abdulla Xursanov.
U soha vakillarini kasb bayramlari va Avtomobil transporti boshqarmasining 60 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi. Bugungi kunda Avtomobil transporti va Texnologik transport boshqarmalarining kombinat ishlab chiqarish zanjirida hamda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalarda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidladi.
Tantanali tadbir davomida qo'sh ayyom munosabati bilan 17 nafar soha vakili turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko'krak nishoni, 31 nafari esa “Faxriy yorliq”, 23 nafari qimmatbaho sovg'alar bilan mukofotlandi.
“Metallurg” madaniyat saroyi badiiy jamoalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi, ayniqsa, O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti o'qituvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar yig'ilganlarga xushkayfiyat baxsh etdi.
Mamlakat sanoati iftixori
O'zbekistonning boy tabiiy resurslarini o'zlashtirish iqtisodiyotimizni rivojlantirishda katta imkoniyatlar yaratadi. Mamlakatimiz mis xomashyosi zaxiralari bo'yicha dunyoda 7-o'rinni egallagan.
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” rahbari, senator A.Xursanov 3-Mis boyitish fabrikasi qurilish loyihasi haqida ham so'z yuritdi. Ushbu fabrika jahonning eng ilg'or texnologiyalari va yuqori sifat standartlarini qo'llagan holda amalga oshirilgan eng yirik va strategik ahamiyatga ega sanoat ob'yektlaridan biri hisoblanadi.
2021 yil 29 iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinati negizida rangli va qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi ishlar bilan tanishgan va tashrif doirasida mamlakatimiz kon sanoatidagi eng yirik bo'lgan “Yoshlik-1” konini o'zlashtirish loyihasi doirasida yangi quvvat — 3-Mis boyitish fabrikasiga tamal toshini qo'ygandi.
Dunyodagi eng yirik kon-metallurgiya sanoati majmualari qatoridan joy olgan bu loyiha muhtaram Prezidentimizning alohida e'tibori va qo'llab-quvvatlashi evaziga shiddat bilan qad rostladi. Shu o'rinda kombinat matbuot xizmati xodimlari taqdim etgan ma'lumotlarni ham qayd etmoqchimiz.
3-Mis boyitish fabrikasi ishga tushirilishi jahon bozoridagi mis narxining o'sish tendensiyalaridan samarali foydalanishga, O'zbekistonning eksport daromadlarini ko'paytirishga, mahalliy ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishga hamda milliy iqtisodiyotda “mis klasteri”ni tizimli rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Yiliga 60 million tonna ma'danni qayta ishlash quvvatiga ega 3-MBF nafaqat O'zbekiston, balki butun Markaziy Osiyodagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchi majmua bo'lishi kutilmoqda. Fabrika yiliga 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqaradi.
2025 yil 30 mart kuni fabrikada ilk mis konsentrati muvaffaqiyatli ishlab chiqarilishi loyihaning bosqichma-bosqich va yuqori sifat bilan amalga oshirilayotganining yorqin isbotidir.
Bugungi “Yoshlik-1” konidan qazib olingan 1,3 million tonnadan ortiq ma'dan dastlab kon hududida maydalash jarayonidan o'tkazilib, fabrikaga yetkazildi. Natijada 17 ming tonnadan ziyod mis konsentrati ishlab chiqarilib, mis eritish zavodiga yuborildi.
3-MBFning yutug'i faqat ishlab chiqarish hajmida emas, balki jahonning yetakchi sanoat kompaniyalari texnologiyalari, avtomatlashtirish tizimlari va raqamli boshqaruv yechimlarining yagona zanjirda mujassamlashganida namoyon bo'ladi. Bu fabrika dunyo tog'-kon sanoatining eng ilg'or texnika va innovatsiyalarini o'z ichiga olgan majmua bo'lib, O'zbekistonni global sanoat xaritasida yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Yangi fabrikaning o'ziga xos xususiyatlaridan biri — to'liq avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi tatbiq etilganidir. Eng zamonaviy raqamli yechimlar va sun'iy intellektni qo'llagan holda tizim korxonaning butun texnologik siklini — rudani siklli-oqimli tashish va uni maydalashdan tortib, boyitish, suv ta'minoti va chiqindilarni chiqindixonalarga olib ketish jarayonlarigacha qamrab oladi.
Markaziy dispetcherlik boshqaruv punktidan butun texnologik sikl ko'rinib turadi.
Energiya hisobi, ruda sarfi, suv ta'minoti va yordamchi uchastkalar ishi bo'yicha ma'lumotlar bitta ekranga chiqariladi, shuningdek, asosiy ko'rsatkichlar — energiya sarfi hajmidan tortib dvigatel podshipniklarining haroratigacha ko'rish mumkin. Bunday nazorat xavflarni o'z vaqtida aniqlashga yordam beradi, to'xtab qolish ehtimolini kamaytiradi va ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi. Tizim ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini avtomatik rejimda boshqaradi va mintaqadagi yagona shunday loyiha hisoblanadi.
Fabrika to'liq quvvatga chiqqach, 3 670 dan ortiq yangi ish o'rni yaratiladi. Hozirda 1 250 nafar xodim faoliyat yuritmoqda, ularning ko'pchiligi 35 yoshgacha bo'lgan yosh mutaxassislardir. Ular “Muhandislar maktabi” va “Olmaliq KMK” tarkibiy bo'linmalarida amaliyot va malaka oshirish kurslarini o'tamoqda.
“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida fabrika hududida keng ko'lamli ko'kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Tomchilatib sug'orish tizimlari va eko-dizayn yechimlari sanoat va tabiat muvozanatini ta'minlaydi.
Umumiy maydoni 196 gektar bo'lgan 3-Mis boyitish fabrikasi qurilishida 23 mingdan ziyod quruvchi va mingdan ortiq maxsus texnika ishtirok etdi. Qurilish jarayonida 788 ming m³ beton quyildi, 109 ming tonna armatura, 69 ming tonna texnologik uskuna va 65 ming tonna metall konstruksiya montaj qilindi. Shuningdek, 279 ming metr texnologik quvurlar o'rnatilib, 1,36 million metr elektr va 714 ming metr avtomatlashtirish kabellari yotqizildi.
3-MBF qurilishiga sarflangan metall konstruksiyalarga o'nta Eyfel minorasini, temir beton sarfiga qariyb 2,5 ta Burj Xalifa qurish mumkin. Bu o'z-o'zidan 3-MBF ulkan megaloyiha ekanligini yana bir isbotlaydi.
Kombinatning 3-Mis boyitish fabrikasi ham zamonaviy texnologiyalar, raqamli boshqaruv va inson kapitali uyg'unligining amaliy namunasidir. Bu loyiha nafaqat “Olmaliq KMK” AJ, balki butun O'zbekiston sanoati uchun yangi bosqich va milliy iftixor timsoli hisoblanadi.
Eng muhimi, bu yerda o'z kasbining fidoyilari, zamonamizning olovqalb insonlari mehnat qilishmoqda.
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.
