Kelajak mutaxassislari uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti nafaqat o'zining boy tarixiy merosi va ilmiy an'analari bilan, balki zamonaviy ta'lim va ilm-fan uchun yaratilgan keng imkoniyatlari bilan ham mintaqada yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biridir. Universitetda ta'lim sifatini oshirish, talabalar va professor-o'qituvchilar uchun qulay va samarali ilmiy muhit yaratish maqsadida keng ko'lamli infratuzilma va sharoitlar yaratilgan.
1935 yilda asos solingan bu qadimiy ilm maskani bugungi kunda nafaqat Xorazm, balki butun mamlakat ta'lim tizimida munosib o'rin egallab kelmoqda. Hozirgi kunda universitet tarkibida 10 ta fakultet, 43 ta kafedra faoliyat yuritib, yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ta'lim muassasasida 100 dan ortiq bakalavriat yo'nalishlari va 40 dan ziyod magistratura mutaxassisliklari bo'yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Bugun bu dargohda 26 mingdan ortiq talaba bilim olayotgani uning salohiyati va nufuzini yaqqol namoyon etadi. Urganch davlat universiteti zamon talablari darajasida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash, ilmiy va ma'naviy markaz sifatida yuksalishda davom etmoqda.
Universitetning asosiy tayanchi — bu ilmiy salohiyatli, yuqori tajribaga ega professor-o'qituvchilar jamoasi sanaladi. Ular nafaqat dars beradilar, balki talabalarga chuqur nazariy bilim va mustahkam amaliy ko'nikmalarni singdiradilar. Jamoa tarkibida fan doktorlari, professorlar, ilmiy unvonga ega olimlar, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda tajriba orttirgan malakali mutaxassislar faoliyat olib borishlari — o'quv jarayonining zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etilishiga xizmat qilmoqda. Hozirda 60 nafardan ziyod fan doktori, 345 nafar falsafa doktori faoliyat yuritmoqda. Qolaversa, professor va dotsentlarimiz soni ham tobora ortib bormoqda. Ana shunday kuchli ilmiy salohiyat va tajribaga tayangan holda Urganch davlat universiteti talabalari kelajakda raqobatbardosh, mustaqil fikrlovchi va yuqori malakali kadrlar sifatida shakllanib borayotganlari bilan faxrlanish mumkin.
Bugungi kunda Urganch davlat universitetida ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiluvchi 6 ta Ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda. Bu kengashlarda 12 ta ixtisoslik bo'yicha ilmiy darajalar berilishi yo'lga qo'yilgan.
Ushbu ilmiy kengashlar nafaqat yosh olimlarning izlanishlariga yo'l ochadi, balki fan va amaliyotning yangi yutuqlarini hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi. Ayniqsa, o'z dissertatsiyasini himoya qilayotgan tadqiqotchilar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan bo'lib, bu esa mintaqamizda ilmiy muhitni yanada yuksaltirishga, salohiyatli kadrlar safini kengaytirishga zamin yaratmoqda.
Ilm-fan, innovatsiya va amaliyot uyg'unligi — Urganch davlat universiteti faoliyatining bosh tamoyilidir. Bu yondashuv orqali ta'lim jarayoni faqat nazariya bilan cheklanib qolmay, balki amaliyot bilan chambarchas bog'lanadi. Universitetda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, startap loyihalar, xalqaro grantlar va ilmiy markazlar faoliyati — bularning barchasi talabalarning intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, ularning tashabbuskorligi va yangilik yaratishga bo'lgan ishtiyoqini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan. Natijada yosh avlod nafaqat bilim egallaydi, balki o'z g'oyalari va ilmiy ishlanmalari bilan jamiyat taraqqiyotiga hissa qo'shadigan, global miqyosda raqobatlasha oladigan kadrlar sifatida kamol topadi.
Ta'kidlash joizki, bugungi kunda dargohda 3 ta yo'nalishda faoliyat yurituvchi 6 ta zamonaviy ilmiy laboratoriya mavjud bo'lib, ular ilm-fan va innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etishda muhim o'rin tutmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligi laboratoriyasi yangi mahsulotlar yaratish, kimyoviy tahlillar o'tkazish bilan shug'ullanib, dissertatsiyalar, ixtirolar va monografiyalar bilan yutuqlarga erishmoqda. Geoaxborot tizimlari laboratoriyasi qishloq xo'jaligi va tuproqshunoslikda geoaxborot texnologiyalarini (GAT) qo'llash orqali foydali modellarga erishmoqda. Materiallar xususiyatlari va yarimo'tkazgichlar fizikasi laboratoriyalari ilmiy maqolalar, ixtirolar hamda doktorlik ishlariga asos bo'lmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari laboratoriyasi esa samarali quyosh panellari, shaffof qoplamalar hamda innovatsion qurilmalarni yaratishga xizmat qilmoqda. So'nggi yillarda ushbu laboratoriyalar negizida bir qator doktorlik dissertatsiyalari yoqlanganligi, “Scopus” jurnallarida maqolalar e'lon qilingani, monografiyalar chop etilganligi, foydali modellar va ixtirolar yaratilgani — UrDU ilmiy salohiyatining yorqin tasdig'idir.
Universitet bugungi kunda xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirib, 35 dan ortiq mamlakatning 200 dan ziyod nufuzli oliy ta'lim muassasalari bilan shartnomalar imzolagan. Ushbu hamkorliklar doirasida akademik almashinuv dasturlari, qo'shma ilmiy loyihalar va ta'limiy tashabbuslar izchil rivojlanmoqda. Natijada talabalar va professor-o'qituvchilar xorijiy oliygohlarda o'qish, o'qitish va ilmiy izlanishlar olib borish imkoniyatiga ega bo'lib, bebaho tajriba orttirmoqdalar. Eng asosiysi, o'quv jarayoniga ilg'or xorijiy tajribalarni tatbiq etish, ta'lim sifatini oshirish maqsadida AQSh, Germaniya, Sloveniya, Turkiya va Rossiya kabi qator mamlakatlarning nufuzli oliy ta'lim muassasalaridan xorijlik professor-o'qituvchilar muntazam jalb etilmoqda. Ular nafaqat ma'ruzalar o'qib, balki seminar-treninglar o'tkazib, yoshlarning bilim va ko'nikmalarini global talablar darajasiga ko'tarishga xizmat qilmoqda. Xalqaro miqyosdagi bunday tashabbuslar Urganch davlat universitetining nufuzini yuksaltirib, uni mintaqadagi eng ilg'or oliy ta'lim maskanlaridan biriga aylantirib bormoqda.
Urganch davlat universiteti nafaqat bilim maskani, balki yoshlik quvonchlari, orzu va intilishlar maydoniga aylanmoqda. Bu yerda 50 dan ortiq turli to'garaklar faoliyat olib borib, har bir talabaga o'z iqtidorini yuzaga chiqarish, yangi qiziqishlarni kashf etish imkonini bermoqda. Sport maydonlarida to'p surayotgan yoshlar, sahnada milliy qadriyatlarni aks ettirayotgan iste'dodlar, intellektual o'yinlarda tengsiz bilimini sinovdan o'tkazayotgan talabalar, festivallarda qalblarni jo'sh urdirayotgan san'atkorlar — bularning bari Urganch davlat universiteti hayotining yorqin manzarasidir. Eng muhimi, bu faoliyatlar orqali yoshlar nafaqat bilimli mutaxassis, balki mustaqil fikrlaydigan, tashabbuskor, barkamol shaxs sifatida kamol topmoqda. Chunki bu dargohda har bir talaba uchun eshiklar keng ochilgan, imkoniyatlar esa cheksiz!
Akademik va moliyaviy mustaqillik berilganining samarasi sifatida namoyon bo'layotgan bugungi yutuqlar Urganch davlat universitetini yanada zamonaviy, xalqaro talablarga mos ta'lim maskaniga aylantirmoqda. Talabalar uchun barcha qulayliklarni o'zida jamlagan axborot-resurs markazi, elektron ta'lim platformalari, raqamlashtirilgan o'quv tizimi — bularning barchasi ta'lim jarayonining sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Olis masofadan kelib tahsil olayotgan yoshlar uchun yaratilgan qulay va xavfsiz yotoqxonalar esa nafaqat yashash sharoitlarini, balki ta'lim olish va bo'sh vaqtni mazmunli o'tkazish imkoniyatini ham beradi.
Urganch davlat universitetining barcha binolari bugungi zamon talablari asosida jihozlangan bo'lib, keng va qulay auditoriyalar, amaliyot xonalari hamda zamonaviy laboratoriyalar talabalarning sifatli ta'lim olishi uchun xizmat qilmoqda.
Har bir fakultet o'z sohasi bo'yicha zamonaviy texnika va uskunalar bilan ta'minlangan maxsus o'quv xonalariga ega. Bu esa talabalar uchun nafaqat nazariy bilimlarni egallash, balki ularni real amaliyotda sinab ko'rish imkonini beradi. Fakultetlarda faoliyat yuritayotgan innovatsion laboratoriyalar esa yoshlarning ilmiy izlanishlari va kreativ g'oyalarini ro'yobga chiqarish maydoniga aylangan. Ana shunday sharoitlar tufayli talabalar nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan uyg'unlashtirib, kelajakda o'z sohasining yetuk mutaxassisi sifatida shakllanib bormoqdalar.
Ayniqsa, 2025 yilning yozida universitetda barpo etilgan yangi zamonaviy Axborot-resurs markazining foydalanishga topshirilgani ta'lim sifati va ilmiy faoliyat uchun ulkan imkoniyatlar ochdi. Mazkur markaz talabalarning mustaqil ta'lim olish jarayonida ishonchli hamroh bo'lib, ilmiy-axborot resurslariga keng yo'l ochib berdi.
Yangi Axborot-resurs markazi o'zining hajmi, zamonaviy jihozlari va qulayliklari bilan ta'lim muassasalari orasida alohida o'rin tutadi. Bu markaz bir vaqtning o'zida 1000 nafar kitobxon va tadqiqotchiga xizmat ko'rsatish imkoniyatiga ega bo'lib, universitetning barcha fakultetlari va talabalar turar-joylarida joylashgan filial kutubxonalar bilan uyg'un faoliyat olib bormoqda.
Markazning kitob fondi 23 038 nomdagi 315 511 nusxadan iborat bo'lib, darsliklar, o'quv qo'llanmalar, ilmiy va badiiy adabiyotlar keng turlarini o'z ichiga oladi. Bu xilma-xillik o'quv jarayonining barcha bosqichlari uchun yetarli bo'lib, talabalar va o'qituvchilarning turli sohalardagi ilmiy ehtiyojlarini qondiradi.
Shuningdek, maxsus e'tibor ko'zi ojiz talabalar uchun yaratilgan qulayliklarga qaratilgan. Brayl yozuvidagi 92 nomdagi 267 nusxadagi o'quv adabiyotlari, shuningdek, elektron audiokitoblar va maxsus eshitish moslamalari bilan jihozlangan kompyuterlar bilim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda. Bu esa universitetning inklyuziv ta'limga bo'lgan e'tiborining amaliy ifodasidir.
Axborot-resurs markazi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan to'liq jihozlangan. 166 ta kompyuter internetga ulangan holda faoliyat yuritib, talaba va olimlarga jahon miqyosidagi ilmiy ma'lumotlar bazalariga erkin kirish imkonini yaratadi.
Bu markaz Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining unilibrary.uz yagona elektron kutubxona platformasiga muvaffaqiyatli integratsiya qilingan. Ushbu platforma orqali foydalanuvchilar elektron kitoblar, ilmiy maqolalar va boshqa ta'limiy resurslarga onlayn kirish imkoniyatiga ega bo'lib, ta'lim jarayoni yanada samarali va zamonaviy darajaga ko'tarildi.
Yangi kutubxona universitet va viloyat miqyosida ta'lim va ilm-fan rivojiga katta turtki beradi. Boisi, zamonaviy kutubxona o'quv jarayonining sifatini tubdan yaxshilaydi, talabalar va professor-o'qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshiradi. Bu yerda ilmiy tadqiqotlar samaradorligi oshib, yangi innovatsiyalar va kashfiyotlar yuzaga kelishiga zamin yaratiladi.
Markazda yaratilgan sharoitlar yosh avlod vakillarini ilm-fanga jalb qilish, ularning professional darajasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, maxsus ehtiyojli talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar ta'limdagi tenglik tamoyilini mustahkamlaydi.
Zamonaviylik, keng imkoniyatlar va innovatsion yondashuvlar nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro miqyosda ham tanilgan ilmiy-tadqiqot maskanlariga aylantiradi. Bu esa yosh olimlar uchun katta istiqbollar eshigini ochadi, mamlakatimiz ilm-fanining jahon maydonida yanada obro'-e'tibor qozonishiga xizmat qiladi.
Sardor XODJANIYaZOV,
Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Urganch davlat universiteti rektori v. v. b.
pedagogika fanlari doktori,
professor.