“O'ztemiryo'lyo'lovchi” AJ: Xizmat ko'rsatish zamonaviy bosqichga olib chiqilmoqda

Bu dunyoda hammamiz ham yo'lovchimiz. Kimmiz, qaerda ishlaymiz, qaysi kentda yo qay ovulda yashamaylik, umr yo'llarida yo'lga chiqamiz. Ko'zlagan manzilga o'z vaqtida, eson-omon yetib olishni o'ylaymiz…

Bizni manzillarga yetkazib qo'yishda yo'lovchi poezdlarning ham ahamiyati, xizmati kattadir.

Mamlakat – temir yo'llardan boshlanadi. Darhaqiqat, bu iborada mubolag'a yo'q bo'lsa kerak. Negaki, temir yo'llar – mamlakatning qon tomiri degan gap bejiz aytilmagan.

Bugun “O'zbekiston temir yo'llari” AJ tarkibidagi “O'ztemiryo'lyo'lovchi” AJ tomonidan xalqimizning uzog'ini yaqin qilib, yo'lovchilarga sifatli, zamonaviy xizmat ko'rsatish mas'uliyati zimmamizga tushgan ekan, bu ham katta sharaf, katta faxr desak xato bo'lmaydi.

Yangi O'zbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan xalqchil islohotlar, yangilanish va o'zgarishlarga hamohang ravishda “O'ztemiryo'lyo'lovchi” AJda ham xayrli qadamlar tashlanayotganini aytish joiz.

Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi temir yo'l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori hamda 2024 yil 31 dekabrdagi farmoyishi ijrosini ta'minlash maqsadida “O'ztemiryo'lyo'lovchi” AJ tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi.

Jamiyat 4 ta korxonaga ajratildi:

“O'ztemiryo'lyo'lovchi” AJ – mahalliy hamda xalqaro yo'nalishlardagi yo'lovchi poezdlar orqali yo'lovchilarga xizmat ko'rsatish jarayonini amalga oshiradi;

“Temiryo'lekspress” AJ – yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoezdlarda yo'lovchilarga xizmat ko'rsatish faoliyati bilan shug'ullanadi;

“Shahar atrofida yo'lovchi tashish” MChJ – butun respublika bo'ylab shaharlararo yo'nalishlarda harakatlanuvchi (misol uchun Toshkent – Hojikent, Andijon – Qo'qon, Termiz – Sariosiyo va h.k.) yo'lovchi poezdlarda yo'lovchilarga xizmat ko'rsatish faoliyatini yuritadi.

“Temir yo'l vokzallari” MChJ – respublikada mavjud bo'lgan barcha 33 ta temir yo'l vokzallarida yo'lovchilarga xizmat ko'rsatadi.

Transformatsiya jarayonlari amalga oshirilganidan bugungi kunga qadar jamiyat mablag'lari hisobidan 75 ta zamonaviy turdagi yo'lovchi vagonlar xarid qilindi.

48 ta mavjud yo'lovchi vagonlarning sovitish tizimlari qayta tiklandi.

Chiptalarni inson omillarisiz xarid qilishga mo'ljallangan 50 ta infokiosk xarid qilinib, Toshkent-Markaziy, Toshkent-Janubiy, Samarqand, Buxoro, Xiva, Urganch va Qo'ng'irot temir yo'l vokzallariga joylashtirildi.

Chiptalarni elektron usulda sotish ko'rsatkichlari 40 foizdan 75 foizga oshdi.

“Toshkent – Hojikent — Toshkent” yo'nalishida tezyurar elektropoezd qatnovi yo'lga qo'yilib, bir vaqtning o'zida 1152 nafar yo'lovchini tashish imkoniyati yaratildi.

Bundan tashqari, 20 ta elektropoezdni xarid qilish bo'yicha joriy yilning 17 iyul kuni tender e'lon qilindi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2025 yilning 27 may kuni o'tkazilgan yig'ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida 23 ta temir yo'l vokzallaridagi temir panjaralar olib tashlandi hamda vokzallar oldi hududiga yengil avtotransport vositalarining erkin kirib chiqishi uchun bosqichma-bosqich tarzda sharoitlar yaratilmoqda.

2024 yilning dekabr oyida Qo'ng'irot temir yo'l vokzali to'liq qaytadan qurilib, u bir vaqtning o'zida 150 nafar yo'lovchini o'ziga sig'dira oladigan, zamonaviy va ko'rkam qiyofada foydalanishga topshirildi.

2023 yildan 2025 yilga qadar respublika bo'yicha mavjud bo'lgan 33 ta temir yo'l vokzallariga jalb qilingan tadbirkorlar soni 92 nafardan 216 (+124) nafarga oshdi va bu orqali vokzallarda qo'shimcha xizmat turlari ko'paydi.

Kelgusi rejalar haqida ham muxtasar ma'lumot:

Joriy yil yakuniga qadar qo'shimcha 25 ta zamonaviy turdagi yo'lovchi vagonlar xarid qilinadi. 16 ta ta'mirlashda turgan yo'lovchi vagonlar modernizatsiya qilinib, foydalanishdagi yo'lovchi vagonlar 385 tadan 420 taga yetkaziladi. Bu orqali yiliga yana qo'shimcha ravishda 723 ming nafar yo'lovchini tashish imkoniyati yaratiladi.

Shu bilan bir qatorda hozirda sovitish tizimlariga ega bo'lmagan 44 ta yo'lovchi vagon 2026 yil yakuniga qadar to'liq sovitish tizimi bilan jihozlanadi va bu orqali sovitish tizimiga ega bo'lmagan vagonlar bo'lmaydi.

2026-2030 yillarda qo'shimcha 150 ta zamonaviy yo'lovchi vagonlarni xarid qilish rejalashtirilmoqda.

2026 yildan boshlab Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan “Jaloliddin Manguberdi” nomli yuqori tezlikda harakatlanuvchi 5 ta elektropoezd yurtimizga olib kelinib, “Toshkent – Buxoro – Xiva – Toshkent” yo'nalishida o'z qatnovlarini amalga oshira boshlaydi. Ushbu elektropoezd bittasining yo'lovchi sig'imi 389 kishini  tashkil etib, yiliga 5 ta elektropoezdda 1,5 mln nafar yo'lovchini tashishi mumkin bo'ladi.

Chiptalarni elektron tarzda sotish ko'rsatkichlari kelgusi yil yakuniga 85 foizga olib chiqiladi.

2025 – 2028 yillarda respublikaning barcha hududlarini qamrab oluvchi 20 ta zamonaviy elektropoezd xarid qilinib, 21 ta yo'nalishda qatnovlar tashkil etiladi. Bu orqali yiliga 11,3 mln nafar yo'lovchini qo'shimcha tashish imkoniyati paydo bo'ladi.

2025 – 2030 yillarda Toshkent-Markaziy, Samarqand, Navoiy va Qo'qon temir yo'l vokzallariga davlat xususiy sheriklik asosida investorlar jalb qilinib, vokzallardagi xizmat turlari oshiriladi va qo'shimcha servis xizmatlar joriy qilinadi.

Agarda poytaxtimizning “Toshkent” markaziy temiryo'l vokzali haqida to'xtaladigan bo'lsak, u respublikamizdagi eng muhim transport darvozalaridan biri hisoblanadi.

Vokzalga kirish hududi obodonlashtirildi. Avtomobillar uchun yo'laklar qilinib, sifatli asfalt yotqizildi, yo'lovchi va fuqarolar uchun maxsus yo'laklar qilindi. Ayni paytda yangi qurilgan vokzal oldi yo'lagi sinov tariqasida ishga tushirildi. Shuningdek, yo'lakning kirish va chiqish qismlarida nazorat shlagbaumlari va videokuzatuv kameralari hamda yo'l belgilari o'rnatilib, yo'lovchilarning kirib-chiqish xavfsizligi to'liq ta'minlandi. Endilikda vokzalga tashrif buyuruvchi yo'lovchilarning shaxsiy avtomashinalari, taksilar hamda turistlarga xizmat ko'rsatayotgan turli transport vositalari vokzalning kirish eshigiga qadar kelib, yuk va yo'lovchilarini tushirib chiqib ketishlari mumkin bo'ldi. Mamlakatimizdagi boshqa vokzallar hududiga ham kirish va chiqishlar bosqichma-bosqich tarzda “Toshkent” markaziy temir yo'l vokzalidagidek bo'lishi rejalashtirilib, yo'l xaritasi ishlab chiqilgan. Shu bilan bir qatorda, “Afrosiyob” va boshqa tezyurar poezdlarga maxsus multimediali portallardan foydalanish, bepul Wi-Fi xizmatlari joriy etildi.

Yo'lovchilarga ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda transport sohasini raqamlashtirishni jadallashtirish maqsadida O'zbekiston Respublikasining barcha temir yo'l vokzallarida infokiosklar bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Ushbu zamonaviy o'z-o'ziga xizmat ko'rsatish qurilmalari orqali yo'lovchilar temir yo'l kassalarida navbatda turmasdan, mustaqil ravishda chiptalarni xarid qilishlari, poezdlar harakat jadvali haqida batafsil ma'lumot olishlari va boshqa bir qator xizmatlardan foydalanishlari mumkin.

Infokiosklar yordamida quyidagi amallarni tezkor va qulay bajarish mumkin:

  • Mahalliy va xalqaro yo'nalishlar bo'yicha chipta xarid qilish;
  • Poezdlar jadvali bilan tanishish;
  • Chipta narxlari haqida ma'lumot olish;
  • To'lovlarni real vaqt rejimida amalga oshirish.

Infokiosklarning asosiy ustunliklaridan biri — “UzCard”, “HUMO” hamda xalqaro “Visa” to'lov tizimlari orqali xavfsiz, ishonchli va tezkor to'lovlarni amalga oshirish imkoniyatidir. Bu esa nafaqat O'zbekiston fuqarolari, balki mamlakatimizga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar uchun ham xizmatdan foydalanishni ancha osonlashtiradi.

Infokiosklar orqali xizmat ko'rsatish tizimi — naqd pulsiz to'lov madaniyatini keng ommalashtirish, kassalardagi ortiqcha navbatlarni kamaytirish hamda yo'lovchilarning vaqtini tejashda muhim ahamiyatga egadir.

“Qo'ng'irot” vokzali qaytadan qurib foydalanishga topshirildi.

Yaqin kelajakda yangi loyihalar, zamonaviy texnologiyalar va qulay transport tizimi mamlakatimiz temir yo'llarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. O'zbekiston temir yo'llari zamonaviy infratuzilma, iqtisodiy rivojlanish va xalqaro integratsiyaning muhim bo'lagidir. Oldinda esa yanada yangi rejalar, loyihalar, yangi yo'llar kutmoqda.

Bugun tashkilotimizda 5 ming 200 nafarga yaqin kishi mehnat qiladi. Bir kecha-kunduzda temiryo'llar orqali 27 mingdan 30 minggacha yo'lovchilar manzillariga yetkazilyapti. Hozirgi kunda 360 ta vagon yo'lovchilar xizmatida.

Bugun plaskart vagonlarga ham sovitkichlar mavjud. Chunki bugungi yo'lovchi – kechagi yo'lovchi emas. Ularga yuqori xizmat, komfort sharoit bo'lmasa, odamlarni rozi qilib bo'lmaydi. Biz ana shu jihatni, talabni yaxshi anglaymiz.

O'z navbatida shaharlararo elektropoezdlar tezkorligi va sifatli xizmat ko'rsatish qulayliklari ham kuchaytirilayotir. Masalan, yo'lovchi Gulistondan Toshkentga ikki soatda, Keles shaharchasidan esa 30 daqiqada keladi. Avtomobilda qatnovchilar Toshkent viloyatining Qibray hududiga transportini qo'yib, poytaxtga u yerdan elektropoezdda kelishi mumkin. Jahon tajribalaridan kelib chiqib metroga temir yo'llarni bog'lash ustida ham ish olib borilmoqda. Ana shuning uchun ham o'tgan yili 24 ta yangi vagon xarid qilindi. Chunki yil sayin yo'lovchilar miqdori ham, ularning zamonaviy qulayliklarga talabi ham ortib borayotir. 2025 yil oxirigacha yana 50 ta yangi vagon sotib olishni rejalashtirmoqdamiz. Avvallari har bir vagonda bittagina sovitkich ishlar edi. Endilikda har bir kupeda alohida sovitkich tizimi mavjud. Yodingizda bo'lsa, bir vagon uchun umumiy bitta monitor bo'lardi. Hozir vagondagi har bir kupeda alohida boshqariladigan monitorlar o'rnatilgan.

Albatta, muammolar ham yo'q emas. Ayrim yo'nalishlarga qatnovchi poezdlarga chipta topish qiyinligi, yetishmasligi e'tirozlarga sabab bo'lmoqda. Yo'lovchilarning ana shu haqli talabini qondirish bo'yicha zarur chora-tadbirlar izlanyapti. Aslida, buning hammasiga vagonlar yetishmasligi sabab. Yashirishga hojat yo'q, respublika bo'yicha yana qo'shimcha taxminan o'n ming yo'lovchiga xizmat ko'rsatish ehtiyoji mavjud. Xudo xohlasa, yil oxirigacha yo'lovchilarga qulay xizmat ko'rsatadigan zamonaviy elektropoezdlarning birinchisi olib kelinadi.

Yuqorida aytilganidek, vokzallarning old tomonlari ochib tashlandi. Avtomashinalarda vokzallar eshigiga qadar kirib, yo'lovchilarni kuzatib qo'yish imkoni paydo bo'ldi. Hatto yo'lovchilarni kuzatuvchilar perronga chiqqunicha kirishi mumkin bo'ldi. Bundan avval qanday edi? Hammayoq panjaralar bilan o'rab olingan, yo'lovchilarga qulayliklar juda cheklangandi. Hozir esa Yangi O'zbekistonda ochiqlik, erkinlikning bir ko'rinishi qiyofasini temiryo'l vokzallaridan ham sezish, his qilish mumkin. Shunday emasmi?

Yana bir gap. Aslida yo'lovchilarga xizmat ko'rsatishda azaldan bir narsa hamisha muammo bo'lib kelavergan. Ya'ni vagonlardagi sochiq, ko'rpa-yostiqlar jildlari eskiligi, sifatsizligi yo'lovchilarning haqli e'tirozlariga sabab bo'lardi. Hozirgi paytda pastellarni ajratadigan, saralaydigan yangi texnikalar xarid qilingan. Tikuv sexida sifatli materiallardan turli jildlar tikilmoqda. Muhimi, yo'lovchiga toza, sifatli sochiq va yotoq jihozlarini taqdim etish ko'ngildagidek bo'lsin. Ana shunga to'liq erishildi.

Temir yo'llarda yo'lovchi tashish xizmati sifatini oshirishda depolarning ahamiyati katta. Ayni paytda uchta depo mavjud. Yangi yo'nalishlarda yo'lovchi tashish poezdlari qatnovi yo'lga qo'yilgani bois, Andijon shahrida ham depo ochildi. Qirg'iziston Respublikasi bilan yo'lovchi tashish bo'yicha kelishuvlar olib borilmoqda.

Eng muhimi, vagon kuzatuvchilarining malakasini oshirish, zamonaviy mutaxassislar tayyorlash bo'yicha ham rejali ishlar amalga oshirilmoqda. Ularga chet tillarini o'rgatish bo'yicha maxsus kurslar tashkil etildi.

Shu o'rinda bir mulohazani aytib o'tishni istar edik. Ming afsuski, ayrim hollarda yo'lovchi vagonlariga tosh otib, davlat mulkiga katta ziyon yetkazuvchilar ham yo'q emas. Yana vagon derazalaridan plastik suv idishlarini, paketlar va turli chiqindilarni uloqtiruvchi ma'naviyati past yo'lovchilar ham uchrab turadi. Bu borada yo'lovchilarga tushuntirish ishlari doimiy olib boriladi.

Har bir yo'lovchini manziliga eson-omon yetkazish, xizmat ko'rsatishni jahon standartlariga olib chiqish asosiy maqsadimizdir.

Sherali YuSUPOV,

“O'ztemiryo'lyo'lovchi” AJ

bosh direktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + nine =