Huquqiy maqomimiz…
(“Fuqaro” so'zining o'rniga ma'nosi aniq va mazmuni ezgu bo'lgan boshqa bir atama bilan almashtirishni taklif qilaman!)
Matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda bot-bot “fuqaro” so'zi “qashshoq el”, “faqir odamlar” degani, u “grajdanin” tushunchasini mutlaqo ifodalay olmaydi, o'rniga boshqa so'z topaylik, degan taklif aytib kelinadi.
Lug'aviy jihatdan, bu gap to'g'ri. Ammo bizda shu so'z zimmasiga ayni tushuncha yuklangan, odamlar ko'nikkan desangiz, oradan to'rt-besh yil o'tib, yangi avlod bilimdonlari yetishib chiqadi-da, boyagi savol yana qo'yila beradi.
Aslida, o'zbek tilida “fuqaro” atamasi yaqinda paydo bo'lgan emas, Yuz ellik-ikki yuz yil avval ham grajdan ma'nosida ishlatilgan: “Azizbek… qamalishining ikkinchi kuni o'rda tomiga chiqti, eng keyingi, ham eng pastarin chorani ko'rmakchi edi bu xoqon. Boshlab fuqarog'a salom berdi, so'ngra siniq va ojiz qolgan bir tovush bilan xalqqa uzr aytdi: – Endi o'zimning qilmishlarimdan pushaymon bo'ldim… Men sizlarning qilg'an yaxshiliqlaringizni unutqan ekanman… Sizlar o'zlaringizning bu ishlaringiz bilan manim ketkan aqlimni yana miyamga o'rnatdingiz… Rahmat, fuqaro… Gunohimni kechiringiz, qilmishlarimdan pushaymon bo'ldim, fuqaro!” (A.Qodiriy. “O'tkan kunlar”). Ko'ramizki, uni kimdir yaqinda topib, nojo'ya qo'llagan va shu atama ommalashib ketgan ekan, deb o'ylagan kishi yanglishadi.
Qiziq, mamlakat aholisini tashkil etadigan odamlar boshqa ko'p tillarda ham “noto'g'ri” nomlangan. Masalan, ruscha “grajdan” (grajdane, grajdanin, grajdanka) – shaharlik degani. U “grad” (gorod) so'zidan olingan. Ingliz tilidagi fuqaro “sitizen” (citizen) ham, nemislarning “burger” (vürger)i, faranglarning “sitoen” (citoyen)i, ispanlarning “siudadano” (ciudadano)si ham “shaharlik” ma'nosida asli. Eron (forsiy) va Pokiston (urdu)da ham bu tushuncha shaharga bog'langan, “shahrivand” deyishadi. Bunga esa qadimda shahar-davlatlar bo'lgani sabab. Shahardan tashqaridagi joylar davlatga qaramagan.
Bugun esa Singapur va Monakoni hisobga olmasak, shahar-davlat dunyoda yo'q. Shuning uchun ham shahar odamlarinigina fuqaro deb hisoblash mumkin emas. Xuddi shu ma'noda “grajdan” so'zi eskirdi.
“Fuqaro” so'zi ham foydalanishga yaroqsiz. Uni bizdan tashqari faqat uyg'urlar “puqaro” shaklida qo'llaydi. Bu arab so'zi arablarning o'zida ham “grajdan” ma'nosida ishlatilmaydi. Biz ularning tilini o'zlaridan yaxshiroq bilamiz, shekilli, ularda yo'q ma'nolarda ham ishlataveramiz.
Arab lisonida grajdanin atamasi “muvattan” deyiladi. Ya'ni, vatan egasi, vatanli kishi. Mazmunan to'g'ri kalima. “Grajdan”ni vatan so'ziga bog'lab qo'llash arablardan tashqari turklarda, ozarbayjon va qo'miqlarda bor. Ularda “fuqaro”ni “vatandosh” deydilar.
Bu so'z (grajdan)ni qozoqlar “azamat”, qirg'izlar esa “jaran” deb almashtirishdi. Turkiy tillar atamachiligida muayyan mushtaraklikka intilsak-da, o'zbek tilida azamat yoki yoron kalimasini termin sifatida qo'llash amrimahol. Chunki biz “azamat”ni pahlavon, “jaran” (yoron)ni esa “qadrdon do'stlar” ma'nosida ishlatamiz. So'zlarni atama qilib olganda ularga teskari ma'no singdirmagan ma'qul.
“Fuqaro” (qashshoqlar) so'zida ana shunday boshqa, odamning orini keltiradigan ma'no bor. Basharti arablar “faqir”, yo “fuqaro” so'zini “grajdan” ma'nosida istifoda qilganlarida, boshqa gap edi, ularga “o'zgartiringlar” deyishning ham iloji yo'q. Grammatik jihatdan ham, bir kishini “fuqaro” (qashshoqlar) deyish kulgili, chunki birlikda bu kalima “faqir” shaklini oladi.
Aksar turkiy xalqlarda atamalar borasida yangilanish ko'p. Masalan, yanvardan dekabrgacha barcha oylar nomini yangilashgan, asl turkona yoki asrlar davomida aytib kelingan nomlarni yana tiklashgan, biz esa hamon “shoshmasdan, chuqur o'ylash” tarafdorimiz, “etti o'lchab bir kesish – dono xalqimizning fazilati”, deb o'zimizni ishontirib yuribmiz.
Biz o'zimizni “faqirlar” deb atamaylik. “O'zbek” so'zining ikkinchi qismi, shubhasiz, “bek” bo'lsa-yu, bek qashshoq bo'lsa? Chunki ism – tilsim, u taqdirga ta'sir qiladi. Bu haqda hadislarda ham kelgan:
“Huzn (g'am) degan ism haqida Ibn al-Musayyab otasidan naql qiladiki, otasi Janob Rasulullohning huzuriga borganida ul zot: “Isming nedur?” – deb so'rabdi. Otasi “Ismim Huzn (g'am)” debdi. Janob Rasululloh: “Sening isming Sahl (ya'ni, Shodmon) bo'lsin!” – deb aytibdi. Otasi: “Otam qo'ygan ismni o'zgartira olmasman!” – debdi.
Ibn al-Musayyab: “Shu-shu bo'ldi-yu, boshimizdan g'am arimay qoldi”, – deydi”.
(Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Hadis 4. Jomi'us sahih. Qomuslar bosh tahririyati, Toshkent – 1992, 132- bet).
“O'tkan kunlar” romanida tasvirlangan zamonda el o'ttiz ikki tangadan soliq to'lashga qurbi yetmaydigan fuqaro – faqirlardan iborat edi, shuning uchun kishiga og'ir botmaydi. Biroq shu narsa aniqki, kishilar bolaga ism qo'yganida yoki biron narsani nomlaganida dilidagi orzusini ifodalaydi: o'g'lini Baxtiyor deb chaqiradi, do'konini “Fayz” deb nomlaydi va hokazo. Shunday ekan, ism ezgu, nom yaxshi, atama aniq bo'lsin, ijobiy ma'noni aks ettirsin. Shu ma'noda, qozoqning “azamat”i, qirg'izning “yoron”i ancha yaxshi atama, bizdagi kabi bo'lganida, grajdan so'zi ularda “kedey” yoki “jaqir” deb nomlanar edi.
Men shu ma'noda fuqaro (grajdan) so'zini boshqa, ma'nosi aniq va mazmuni ezgu bo'lgan bir atama bilan almashtirishni taklif etmoqchi edim.
O'zFAning Til va adabiyot institutida ko'p yillar birga ishlashgan Ne'mat aka Mahkamov to'qsoninchi yillar boshida bir muddat Afg'onistonda xizmat qilib qaytgandi. Bilasiz, u yurtda o'zbeklar bir necha million nafar, O'zbekistondan tashqarida eng ko'p o'zbek Afg'onistonda. Xullas, o'sha yerda bir o'zbek chol bor ekan, har zamonda bir kelib, bular bilan gaplashib, ona yurti xumorini bosib ketar ekan. Ne'mat akani har ko'rganda “Vatandor” deb atar, umr bo'yi O'zbekistonga bir kelib ketish niyati bilan yashar ekan…
Rahmatli Ne'mat akadan menga ana shu “vatandor” degan so'z yodgorlik bo'lib qoldi.
Bu so'z “vatandosh”ga o'xshaydi. Ammo vatandor – vataniga ega, vatani bor, degani. Vatani yo'qlarning armoni bu kalima.
Bu leksemani o'zbek tilining biron lug'atidan topa olmaysiz. Boshqa turkiy tillarda ham, hatto chiqishiga ko'ra asos bo'lgan arab tilida ham yo'q.
Qarangki, axborot qaynagan hozirgi zamonda bitta fikrni bir-biridan bexabar holda bir necha odam aytishi oddiy hol bo'lib qoldi. Men bu maqolani tugallagach, shunga yaqin gaplarni izlab internetni titkilab, Farhod Abdurahmon degan kishining quyidagi mulohazasiga duch keldim:
“Men tilshunos emasman va shuning uchun qat'iy bir fikr bildira olmasam kerak, ammo ayrim mulohazalarimni yozmoqchiman, – deydi u. – “Vatandosh” so'zidagi “-dosh” qo'shimchasi ayni o'rinda biri boshqasiga nisbatan degan ma'noni bildirsa kerak. Yana “dosh” mustaqil so'z bo'lib ham ayrim ma'nolarni anglatadi va bu haqda “O'zbek tilining izohli lug'ati”dan o'qib bilib olishingiz mumkin. Demak, “vatandosh” so'zini men boshqa bir O'zbekistonlikka nisbatan ishlatishim mumkin. “-Dosh” qo'shimchasi bilan tugagan ko'plab so'zlar ham ko'pincha ayni ma'noda keladi. Masalan, “sinfdosh”, “mahalladosh”, “sirdosh”, “kursdosh”, “fikrdosh”, “kasbdosh”, “xonadosh”, “qarindosh”, “kundosh” kabi. Shuning uchun vatandosh so'zi o'rniga “vatandor” yoki “yurtdor” so'zi ishlatilsa yoki fuqaro o'rniga ushbu so'zlardan biri qabul qilinsa maqsadga muvofiq deb hisoblayman. Hali talabalik yillarimda fuqaro so'zi qabul qilinmasdan oldin bahslarda men “vatandor” yoki “zamindor” so'zini qabul qilish haqida aytganman. Shunda “-dor” forschadan kelgan qo'shimcha deb ayrim tilshunos olimlar qarshilik ko'rsatganlar. Agar bunday desak, “Vatan” so'zi ham arab tilidan kirib kelgan. “-dor” egalik ma'nosini bildiradi. Masalan, “mulkdor”, “haqdor”. Yurtdor yoki vatandor desak, muayyan bir mamlakatning egasi, vakili, shu yurtga mansubligini, tegishliligini ko'rsatadi. Yana buni professionallar shoshmasdan muhokama etsalar yaxshi bo'lardi…”
Vatandor, Vatandosh, Yurtdosh… Bu atamalarni o'ylab ko'rish vaqti yetdi.
To'g'ri, “fuqaro” so'zi Konstitutsiyamizda, barcha qonunlarda, rasmiy hujjatlarda atama sifatida qo'llangan, ularning barini almashtirish oson emas. Biroq shunday holatlar ham bo'ladiki, moddiy va boshqa mulohazalarni chetga surib, millat o'z irodasini amalga oshiradi.
Sirasini aytganda, yuqoridagi fikrlarimiz – bir mulohaza, taklif. Bu borada yetti marta emas, kerak bo'lsa, yetmish marta o'ylab ish tutilmog'i tayin. “Vatandor” atamasiga kelsak, mantiqan mos kelar, ammo bu so'zdan ham munosibroq, dilga yaqin, yurakka yaqin, har tomonlama to'kis so'zni topish kerak, nazarimizda. Tarixiy atamalarni, ulug' bobolarimiz qoldirgan boy merosni, jadid bobolarimiz bitgan kitoblarni, umuman, o'zligimizga oid manbalarni sinchkovlik ila o'rganish taqozo qiladi. Qolaversa, xalqdan donishmandi yo'q. Shu bois bu masalada eldoshlarimizning fikrini, takliflarini olish joizdir.
Zuhriddin ISOMIDDINOV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.
