“Agrobank” ATB: Barqaror o'sish, tizimli transformatsiya va raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish yo'lida
“Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki binosi nafaqat “Tashkent city” majmuasiga, balki poytaxtimizga ham ko'rk bag'ishlab turibdi. Kuni kecha “Agrobank” ATBning bosh ofisi anjumanlar zalida bank boshqaruvi, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Anjuman ishtirokchilariga dastlab “Agrobank”ning 2025 yil faoliyati yakunlari va 2026 yil ustuvor vazifalari aks ettirilgan videorolik namoyish etildi.
Shundan so'ng o'tgan yilgi faoliyat yakunlari va joriy yildagi ustuvor vazifalar haqida “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari Jamshid Turdiyev yig'ilganlar huzurida axborot berdi.
— 2025 yil “Agrobank” ATB uchun barqaror o'sish, tizimli transformatsiya va raqamli moliyaviy xizmatlarni jadal rivojlantirish davri bo'ldi, — dedi Jamshid Turdiyev. — Yil yakunlariga ko'ra, bank aktivlari 103,6 trillion so'mga yetdi va bank tizimida 2-o'rinni egalladi. Bu quvonchli ko'rsatkich 2024 yilga nisbatan 24,2 trillion so'mga yoki 130 foizga o'sganini anglatadi.
Kredit qo'yilmalar hajmi 81,1 trillion so'mni tashkil etib, o'tgan yilga nisbatan 21,6 trillion so'mga yoki 136 foizga oshdi. 2025 yilda jami 42,2 trillion so'm kredit ajratildi. Shundan 23,1 trillion so'mi mikro, kichik va o'rta biznes loyihalariga yo'naltirildi.
Bank mijozlar bilan quvvatli bo'ladi. Mijozlar soni 7,4 million nafarga yetgani va bir yilda mijozlar soni 1,5 million nafardan oshganini alohida ta'kidlash o'rinli.
Depozitlar hajmi 32,5 trillion so'mni tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 13,3 trillion so'mga o'sdi. Aholi omonatlari 15,9 trillion so'mga yetdi. Bu bankka bo'lgan ishonch darajasi oshganidan dalolatdir.
“Agrobank” 2025 yilda aholi omonatlari o'sishi bo'yicha bank tizimida eng yetakchi o'rinni egalladi.
“Agrobank” ATB matbuot xizmatidan olingan ma'lumotlarga qaraganda, 2025 yilda bankda “Sun'iy intellekt loyiha ofisi” tashkil etildi. Loyiha ofisining asosiy maqsadi bank faoliyatida va qishloq xo'jaligida zamonaviy sun'iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqishdir.
Mijozlarga xizmat ko'rsatish sifatini oshirish maqsadida kredit ajratish jarayonlari tubdan qayta ko'rib chiqildi. Natijada chakana kreditlar bo'yicha qaror qabul qilish muddati 3 kundan 15 daqiqagacha, ipoteka kreditlari bo'yicha esa 1 haftadan 1 kungacha qisqartirildi.
2025 yilda jismoniy shaxslarga 2,5 millionta bank kartalari emissiya qilinib, 12,7 trillion so'm chakana kredit ajratildi, shundan 2,8 trillion so'mi ipoteka kreditlariga to'g'ri keladi. Chakana kredit portfeli 11,1 trillion so'mga yetdi.
“Agrobank” 2025 yilda jismoniy shaxslarga chakana kreditlar ajratish bo'yicha ham yetakchi bo'ldi.
Anjumanda bank boshqaruvi raisi o'rinbosari Ilyos Amanov qishloq xo'jaligi sohasini moliyalashtirish bank faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan biri ekanini alohida qayd etdi.
Uning ta'kidlashicha, 2025 yilda mamlakatimizda yetishtirilgan paxta xomashyosining 80 foizi, boshoqli don hosilining 95 foizi “Agrobank” tomonidan moliyalashtirildi. Paxta va g'alla hosilini yetishtirish uchun jami 15 trillion so'mlik imtiyozli kredit mablag'lari ajratildi.
Bugungi kunda qishloq xo'jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish o'ta muhim strategik ahamiyat kasb etmoqda. 2025 yilda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish uchun 2,4 trillion so'm yo'naltirildi. Fermer xo'jaliklarining ichki sug'orish nasos agregatlarini quyosh panellari bilan ta'minlash uchun qariyb 1 trillion so'm moliyalashtirish amalga oshirildi.
Xitoy davlatidan 1400 tonna yuqori sifatli paxta urug'i olib kelinib, fermerlarga yetkazib berildi. Natijada hosildorlik 40-50 sentnerga yetdi. Kelasi yili 300 ming gektar maydonda Shinjon usulida paxta yetishtiriladi.
— “Mahallabay” ishlash tizimi doirasida bankka biriktirilgan 1 759 ta mahallaga 5,3 trillion so'm kredit ajratilib, 501 ming nafardan ortiq aholining bandligi ta'minlangan bo'lsa, ularning 258 mingdan ortig'i xotin-qizlardir, — dedi J.Turdiyev jurnalistning savoliga javoban.
Bankning 170 ta filiali, 38 ta bank xizmatlari markazi va 154 ta smart ofislarida aholi uchun qulay moliyaviy xizmatlar ko'rsatilmoqda.
— Boshqaruv tizimini zamonaviylashtirish maqsadida transformatsiya jarayonlari davom ettirilib, 2025-2029 yillarga mo'ljallangan strategiya ishlab chiqildi, — dedi biznes va raqamli mahsulotlar majmuasi rahbari Xondamir Begmatjonov. — “Mijozga yo'naltirilgan bank” konsepsiyasi asosida “Kaizen” yondashuvi joriy etildi. Bankimizni xalqaro andozalarga mos ish yuritadigan tijorat bankiga aylantirib, transformatsiyani rivojlantiramiz.
Ijtimoiy loyihalar doirasida “Agrobooks” tashabbusi asosida suvdan oqilona foydalanishga bag'ishlangan 30 ta metodik qo'llanmadan iborat “Suv kitobi” to'plami 5 ming nusxada nashr etilib, fermerlarga bepul tarqatildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 fevraldagi “Uzagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi PQ-57-sonli qarori ijrosi doirasida “Uzun – Agro Star” va “Baxmal — Agro Star” MChJlar tashkil etildi. Intensiv bog'lar uchun ko'chatlar “Agro In-vitro” laboratoriyasida yetishtirilib, hududlarga bosqichma-bosqich yetkazib berilmoqda.
Hozirda bankning “yagona xizmat ko'rsatish tizimi” orqali mijoz haqidagi 30 ga yaqin ma'lumotni inson omilisiz avtomatik ravishda elektron hukumat tizimlaridan olinishi yo'lga qo'yildi.
Kreditlash jarayonini tezkor amalga oshirish maqsadida avtomatlashtirilgan kredit konveyeri joriy etildi.
Bunda jismoniy shaxslar uchun arizadan to kredit ajratishgacha bo'lgan vaqt 10-12 daqiqagacha qisqardi, barcha kredit hujjatlari elektron asosda imzolash-tasdiqlash-skoring tartibida rasmiylashtirilmoqda, ya'ni qaror qabul qilish jarayonlari to'liq avtomatlashtirildi.
Bankning yuridik mijozlariga ommaviy bank xizmatlarini masofadan ko'rsatish maqsadida yangi “Agrozamin biznes” ilovasi va veb-platformasi ishlab chiqildi va bosqichma-bosqich joriy etish ishlari boshlandi.
2025 yildan bankda “Agile” transformatsiya jarayonlari boshlandi. Bundan asosiy maqsad mijozlar talablarini doimiy o'rganish va bank mahsulotlarini doimiy takomillashtirib borishdir.
2026 yilda iqtisodiyot tarmoqlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida jami 56,2 trillion so'm kredit ajratish rejalashtirilgan. Bu o'tgan yilga nisbatan qariyb 14 trillion so'mga ko'pdir. Shundan 23 trillion so'm mikro, kichik va o'rta biznes loyihalariga yo'naltiriladi.
Xorijiy banklar va moliya institutlaridan 600 mln AQSh dollari mablag' jalb qilish, hududiy dasturlar doirasida 579 ta loyiha uchun 116,3 mln dollar kredit ajratish belgilangan.
“Mahallabay” tizim doirasida 1759 ta mahallada 2,8 trillion so'm kredit ajratilib, 210 ming nafardan ortiq aholi bandligi ta'minlanadi. Shuningdek, oliy ta'lim muassasalarini tamomlagan 3,6 ming nafar bitiruvchi ish bilan ta'minlanadi.
Qishloq xo'jaligida Uzun tumanida 50 gektar maydonda xurmo va anjir, Baxmal tumanida 123 gektar maydonda olma va nok yetishtirishdan tortib, eksportgacha bo'lgan barcha bosqichlarni qamrab olgan zamonaviy agrokomplekslar tashkil etiladi.
2026 yilda jismoniy shaxslarga 750 mingta bank kartasi emissiya qilinib, 14 trillion so'm chakana kredit ajratiladi, shundan 4,2 trillion so'mi ipoteka kreditlariga to'g'ri keladi.
Suv tejovchi texnologiyalar va ichki sug'orish nasos agregatlariga quyosh panellarini joriy etish uchun 2,6 trillion so'm kredit yo'naltiriladi. Shuningdek, “Suvchilar maktabi” doirasida 141 ta tumanda 3,5 ming gektar maydonda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar qo'llaniladigan “Tajriba maydonlari” tashkil etiladi. Shu bilan birga 10 ming nafar fermer va mutaxassislar o'qitilishi ham rejalashtirilgan.
Shu paytga qadar fermer xo'jaliklarining paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirishida ekin holati an'anaviy tarzda monitoring qilinayotgan bo'lsa, bosqichma-bosqich bu amaliyotlar kosmik suratlar va dronlar yordamidagi masofaviy monitoringga o'tkaziladi.
Qishloq xo'jaligi yo'nalishida raqamli mahsulotlarni kengaytirish, shu jumladan, sun'iy intellekt va “big-data” texnologiyalari asosida yangi xizmatlarni ishlab chiqish 2026 yildagi ustuvor vazifalardan bo'lib qoladi.
…Matbuot anjumanida jurnalistlarning bank tomonidan kredit olish jarayonlari, suvni tejash texnologiyalari, sug'orish madaniyati, muammoli kreditlarni qisqartirish, bank mijozlarini kiberhujumlardan himoyalash bo'yicha bergan savollariga boshqaruv raisi o'rinbosarlari va boshqa mas'ul rahbarlar tomonidan atroflicha javob qaytarildi. Anjumanga Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlardan taklif etilgan bank mijozlari ham o'zaro hamkorlik natijasida qo'lga kiritgan yutuqlari va yechilishi lozim bo'lgan takliflarini bildirishdi.
Ushbu tadbirda “Agrobank” kelgusida ham moliyaviy xizmatlar sifatini oshirish, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, qishloq xo'jaligi va hududlar moliyaviy salohiyatini mustahkamlash yo'lida yagona maqsad sari qat'iyat bilan intilayotganiga, mamlakat iqtisodiyotini izchil qo'llab-quvvatlashga imkoniyatlari va sa'y-harakatlarini yo'naltirish uchun shayligiga yana bir bor amin bo'ldik.
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
“Hurriyat” muxbiri.
Reklama huquqi asosida.
