Matbuot – jamiyat tabibi bo'lishi kerak!
“Xiva tongi” gazetasi bosh muharriri, yozuvchi Sherjon Masharipov bilan suhbat
— Assalomu alaykum, Sherjon Masharipovich! Siz bilan suhbatimizni eng ko'hna mavzular haqida olib borsak… Chunki Xivaning 2500 yildan ortiq yoshini nazarda tutadigan bo'lsak, avvalo, Abdulla Qodiriyning “Moziyga ko'rib ish ko'rmoq xayrlidur” degan so'zlari xotirimga keladi… Ustoz, azim Xivaning qaysidir hokimi aytgan “Xivada tug'ilmoq, Xivada yashamoq va Xivada o'lmoq katta baxtdir”, degan so'zlari esimdan chiqmaydi.
— Va alaykum assalom. Katta rahmat. Albatta, Xiva shu qadar qadimiy va o'tmish xotiralarini bag'rida bosib yashab kelayotgan shaharki, uning har bir toshini ko'zga to'tiyo qilgimiz keladi. Necha xonlarni ko'rgan, necha azizlarning, ilmu toliblarning, olimlarning nafaslari, qadamlari qolgan bu azim shaharda dunyoga kelib, shu yerda yashayotganimdan faxrlanaman…
Haqiqatan ham Mashriqdan Mag'ribgacha ma'lumu mashhur ko'hna Xivadagi keyingi o'n yil ichida ro'y bergan shiddatkor o'zgarishlarni sanab adog'iga yetish qiyin. Ichonqal'ani kezsangiz, xuddi ming bir kecha ko'chalariga sayohat qilgandek bo'lasiz. Deshonqal'adagi bunyodkorlik ishlari ham ulardan kam emas. Islomxo'ja orzu qilgan poezdning kelishi, Prezident va Ogahiy ijod maktablari, “Arda Xiva” sayyohlik majmuasi… — avval bular bir orzu, xayol edi, xolos.
— Bugungi kunda qadimiy Xivaga borib qolgan odam uning o'zgarishlarini ko'rib, hayratda qoladi. Bu tabiiy hol. Ammo aynan ziyoratgoh bo'lgan ba'zi qadamjolar va ulug'larning so'nggi manzillari abgor holatda yotganligi bu yangilanishlarga soya tashlagandek tuyuladi…
Xivaga safarimiz asnosida Komil Xorazmiy yashagan uyning ta'mirga muhtoj bo'lib qarovsiz holatda yotganligi, Muhammad Rahimxon Feruzning qabri joylashgan ziyoratgohning va buyuk Xorazmshohlar muzeyining e'tiborga, ta'mirga muhtoj ekanligidan ko'ngil og'riydi, albatta. Bu holga siz qanday qaraysiz?
— Haqiqatan ham siz ta'kidlagan qutlug' qadamjolarning bugungi abgor holati achinarli. Biz barmoq bukib sanashga usta xalqmiz. Falon-falon tarixiy-madaniy meros inshootlari falon-falon yillari o'n martalab qayta ta'mirlangan-ku, deymiz. Lekin qanday qilib? Sifati, oradan o'tgan yillar haqida lom-mim demaymiz.
Men har kuni ishga Ichonqal'a moziysidan kirib, Deshonqal'a zamonasiga qaytib chiqib kelaman. Yo'lda uchragan dog'lar mening ham nigohimdan o'tadi. “Onangni otangga bepardoz ko'rsatma”, deganlaridek, Xivaga bir kun emas, har kuni qarash kerak.
Biz tanqidiy-tahliliy maqolalarimizda juda ko'p takliflarni o'rtaga tashlaganmiz. Hatto “Xivaga poklik va go'zallik yarashadi” mazmunida shahar ahliga murojaat ham yo'llaganmiz. Afsuski, beparvoligimiz tufayli o'zimiz yashayotgan zaminimizni ko'z qorachig'idek asrashga kuchimiz yetmayotgandek tuyuladi.
Vatanni sevish — iymondandir deydilar. Iymon-e'tiqodimiz mustahkam bo'lgandagina ko'z ochib, kindik qonimiz tomgan maskanimizni obod tutamiz. Shu o'rinda bir voqea bot-bot esimga tushadi: bundan 30-35 yillar muqaddam Xyu Bernebi degan Buyuk Britaniya fuqarosi Xivaga o'zining mototsiklida yetib kelgan edi. London bilan shahrimizning orasi 9000 kilometr ekan!
Men undan kelishining maqsadi, yo'l qiyinchiliklari haqida so'radim.
— Bobom rahmatli bundan 120 yil oldin Xivaga kelgan ekanlar. Bu yerda olgan taassurotlari haqida kitob yozib qoldirganlar. Men endi shu kitobning davomini yozmoqchiman, – dedi u.
Mana sizga chinakam e'tiqodning namunasi. Agar biz sayyohlarga qanday xizmat ko'rsatsak, ostonamizni qanday ozoda tutsak, zaminimiz shuhrati ham shunchalik oshadi.
— Xivadagi madrasalarda buyuk turkman shoiri Maxtumqulidan tortib, dunyoning turli burchaklarida yashagan allomalar tahsil olishgan. Markaziy Osiyo va butun Sharq Uyg'onish davrining buyuk olimi bo'lgan inson, o'z davrining ilg'or tabiiy-ilmiy, ma'rifiy-pedagogik fikrlari bilan yagona sanalgan mutafakkirlardan biri, arab, yunon, sanskrit kabi bir qancha tillarda mutolaa qilgan Abu Abdulloh Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy “Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala” (“To'ldirish va qarama-qarshi qo'yish hisobiga oid qisqacha kitob”) kitobini yozgan. Hatto Abu Ali ibn Sino ham 1005-1012 yillarda Ma'mun akademiyasida olimlar bilan hamkorlikda ishlab, o'zining “Tib qonunlari” va boshqa asarlarini yaratgan. Xorazm — az-Zamaxshariy, mutasavvif shoir Sulaymon Boqirg'oniy, al-Chag'miniy, Nosiriddin Burhoniddin Rabg'uziy, Munis Xorazmiy, Ogahiy, Najmiddin Kubro, al-Xorazmiy, al-Beruniy, Haydar Xorazmiy, Hofiz Xorazmiy, Pahlavon Mahmud, buyuk davlat arbobi va yetuk tarixchi olim Abulg'ozi Bahodirxon, Muhammadniyoz Nishotiy va boshqa buyuklarga beshik bo'lgan, bu makon. Shundaymi?
— Ma'mun akademiyasining qayta ko'z ochishi mudragan uyg'oqligimizni ochib yubordi. Buyuk ajdodlarimizning yana qanchadan-qancha asarlari, kashfiyotlari ilm-fanga ma'lumu mashhur bo'ldi. Biz bular haqida gazetamizning yaqindagi sonida Xorazm Ma'mun akademiyasi raisi, biologiya fanlari doktori, professor Ikrom Abdullayevning “Akademiya: ilk davridan Yangi O'zbekiston davrigacha!” sarlavhali maqolasida atroflicha yoritdik.
— Ijodingiz haqida ham to'xtalsangiz. Qanday kitoblaringiz chiqqanini bilishni istardik…
— Ilk ijodim maktab davrlaridan boshlangan. Maktab sahnasi uchun kichik-kichik intermediyalar, hajviyalar yozardim. Maqola va hikoyalarim o'zimizning gazetamizda, “Xorazm haqiqati”, “Yoshlar ovozi”da bosilib chiqqan. Lekin katta hajmdagi asarlarimni chop etishga shoshilmadim. Negadir hali me'yoriga yetmagandek tuyulaverdi. Ilk “Umr o'tib boradi” qissam 1994 yilda “O'zbekiston” nashriyotida chop etilgan. Shundan so'ng “Yorqin umidlar” (qissa), “Yulduzlar porlayveradi” (hikoyalar), “Vaziri akbar” (tarixiy qissa), “Oltin qal'a” (hammualliflikda), “Zahmat ortidagi nur” (hujjatli qissa), “Tuhfa”, “Xiva solnomasi”, “Yaxshilik-la yashagan odam” (hujjatli qissalar), “Halovat neligin bilmay”, “Shahloxon shohsupasi”, “Zaminga payvasta ko'ngil” (publitsistika va turkum ocherklar), “Islomxo'ja orzusi yoxud Xivaga poezd kelgan kun” kabi asarlarni qoraladim.
Ayni paytda Xorazm baxshichilik san'atining yalovbardori Qurbonnazar Abdullayev haqida “Bola baxshi” romani hamda gazetamizning bir asrlik tarixidan hikoya qiluvchi “Yuzinchi bekatda uchrashamiz” kitoblari ustida izlanishlar olib boryapman.
— Qanday qilsak, mutolaadan chiqib borayotgan avlodni yana gazeta-jurnalga, kitobga qaytarish mumkin? Illo, ilm-ma'rifat inson hayotini ravshan qiladi.
— Bugungi avlod mutolaadan chiqib borayotgani haqida bot-bot bong uryapmiz. Biz axborot asrida yashayapmiz. Voqelik hali matbuotda bosilmasdanoq “eskirib” qolyapti. Davriy nashrlar endilikda asta-sekinlik bilan boy tarixiy arxiv maqomiga o'tib boryapti. Bu degani, quyosh har kuni chiqaverganidek, gazeta-jurnallar ham nashr etishda davom etaveradi. Buni hech kim inkor qila olmaydi. Ilm-ma'rifat aslo so'nmaydi.
— Xivada gazetachilikka e'tibor qanday? Hokimliklar o'zlarining muassisligidagi gazetaga g'amxo'rlik qilishadimi? Masalan, “Hurriyat” xivaliklar xonadoniga boradimi?
— Obuna bo'yicha bitta taklifni o'rtaga tashlamoqchiman. Har shahar yoki tumanda ikki mingdan to'rt mingtagacha ijtimoiy-iqtisodiy sub'yekt bor. Har bir tashkilot bittadan gazetaga obuna bo'lsa ham, uch mingtadan, to'rt mingtadan obuna degan gap. Jamoa ahli o'qishi uchun nashrlar taxlamda tursa, nimasi yomon?
Aslida, muassislar — hokimlar o'z nashri haqida qayg'urishi kerak. Muassis kuchli bo'lsa, gazetasi ham shubhasiz zo'r bo'ladi…
“Hurriyat” nafaqat jurnalistlarning, balki oddiy qatlamlarning ham ongu shuuriga tobora ko'proq singib bormoqda. Tanqidiy-tahliliy maqolalarni har bitta sonida uchratish mumkin. Joylarda (shahar-tumanlarda) muxbirlik punktlari ochilsa, ko'proq ijodiy uchrashuvlar tashkil qilinsa, ayni muddao bo'lardi.
— “Inson eng oliyjanob fazilatlar sohibidir, — deb yozgan buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniy “Mineralogiya” asarida, — yaqin do'sti bor kishi chinakam baxtiyor kishidir. U do'st munosib hayot tarziga ega, yoqimli xususiyatlar sohibi bo'lishi lozim. Ana shunday chin do'st har bir kishida bitta bo'ladi. Bundan ortiq bo'lmaydi. Odam hamisha boshqalarga yaxshilik ko'rsatishi kerak, agar yaxshilik qilish imkoniga ega bo'lmasa, yaxshi tilaklar izhor etsin”, — deydi buyuk olim. Shu hikmatli so'zlarga munosabatingiz?
— “Shubhasiz, inson buyuk kuch sohibi, faqat uni uyg'ota bilish kerak!” degan ekan allomalarimizdan yana biri. Bunda matbuot aynan kuchli vosita ekanligini unutmaylik! Matbuot — jamiyat elchisi va tabibi. Doimiy uyg'oqlikka chorlovchi maqolalarni mushtariylar e'tiboriga havola qilishdan charchamaylik!
Suhbatdosh:
Feruza Tangriberganova.
