Maqsad ezgu bo'lsa, murod hosil bo'ladi
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlari bilan suhbat
— Assalomu alaykum, hurmatli muftiy hazratlari! Avvalo, yaqinlashib kelayotgan ulug' Ramazon oyi muborak bo'lsin. Ma'naviy poklik, mehr-oqibat, xayr-saxovat fazilatlari bilan umrimizni bezaydigan, hayotimiz sayqallanadigan ushbu oyning ahamiyati beqiyos. Suhbatimiz boshida shular haqida so'zlab bersangiz…
— Va alaykum assalom va rahmatullohi va barakotuh!
Avvalo, yaqinlashib kelayotgan Ramazon oyi barchamizga muborak bo'lsin. Orziqib kutilgan ushbu muborak oyga eson-omon yetkazgani uchun Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz. U Zot bu oyni ma'naviy uyg'onishga, qalblarimiz poklanishiga va hayotimizni isloh qilishga sababchi aylasin.
Ma'lumki, Ramazoni sharif oyi yaxshiliklar mavsumi hisoblanadi. Bunday ulug' fursatdan har birimiz unumli foydalanib qolishimiz lozim. Suyukli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida yaxshiliklarga yuzlanib, yomonliklardan to'xtashga chaqirganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon oyining birinchi kechasi bo'lsa, shaytonlar va o'zboshimcha jinlar kishanlanadi, do'zax eshiklari yopiladi, ularning birortasi ochilmaydi. Jannat eshiklari ochiladi, ularning birortasi yopilmaydi. Bir nido qiluvchi: “Ey yaxshilik istovchi, kelib qol! Ey yomonlik istovchi, bas qil!” deb nido qiladi. Allohning do'zaxdan ozod qilingan bandalari bo'ladi. Har kecha shunday bo'ladi”, dedilar”. Imom Tabaroniyning rivoyatida: “Ramazon chiqib ketgunicha shunday bo'ladi”, deyilgan (Imom Termiziy rivoyati).
Yana boshqa bir hadisi sharifda bu muborak oyni g'animat bilishga chaqirib, bunday marhamat qilganlar: “U (Ramazon) mo'min uchun g'animatdir” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
O'tgan ulug'larimiz ushbu hadisi sharifga muvofiq bir-birlarini bu oydan unumli foydalanib qolishga chorlaganlar.
Darhaqiqat, bu oy Qur'on, qut-baraka, rahmat, mag'firat, Alloh taologa bandalikni izhor qilish, jannatga erishish va do'zaxdan ozod bo'lish fursatidir. Shu bois butun dunyo mo'min-musulmonlari bu tabarruk oyni solih amallar va Alloh roziligi yo'lidagi ibodatlar oyiga aylantirishadi. Haq taolo ushbu muborak oyning fazilatlaridan barchamizni bahramand qilsin.
Ramazon oyida har bir kishi qalbini poklashi, nafsini jilovlashi va ma'naviy olamini boyitishi zarur. O'zaro xusumat va ginalarni yo'qotish, qo'ni-qo'shnilar va qavmu qarindoshlar orasida yordamga muhtojlarga muruvvat ko'rsatish, qarindoshlarga silai rahm qilish, bemorlarni ziyorat qilish, yetimlar boshini silash, keksalar va nogironligi bor insonlar holidan xabar olish kabi savobli ishlarga shoshilishi, o'z navbatida, birovning diliga ozor yetkazish, haqqiga tajovuz qilish kabi gunohlardan tiyilishi lozim.
Ro'za inson qalbidagi rahm-shafqat tuyg'ularini yuksaltiradi. Ro'za tutgan kishi ixtiyoriy ravishda ochlik va chanqoqlikka sabr qilib, nafs istaklari hamda dunyoviy lazzatlardan vaqtincha tiyilish orqali jamiyatdagi muhtoj, beva-bechora va kambag'al insonlar holatini chuqurroq his etadi hamda ularga nisbatan mehr-oqibatli bo'ladi. Shu bois saxovatli vatandoshlarimiz ushbu muborak oyda xayriya va ezgu amallarni yanada ko'paytirsalar, yurtimizda ehtiyojmandlar soni qisqarib, har bir xonadonda shodlik va quvonch muhiti qaror topishiga zamin yaratiladi.
— Xalqimiz ma'ruzalaringizni jon qulog'i bilan tinglaydi. Chiqishlaringizda odamlar uchun ayni kerak bo'lib turgan dolzarb masalalar – ota-onaga ehtirom, oila munosabatlari, jumladan, ma'raka-marosimlarni ixcham o'tkazishni targ'ib etib kelasiz. Ijozat bersangiz, shu mavzuga to'xtalsak…
— Darhaqiqat, inson har doim ilm olishga va ma'naviy eslatmalarga ehtiyoj sezadi. Chunki ijtimoiy illatlar jamiyatni asta-sekin zaiflashtirib boradi. Ularning oldini olish va bartaraf etish har bir fuqaroning burchi hisoblanadi.
Yurtimizda to'y va marosimlarni o'tkazishda ortiqcha dabdaba, asossiz xarajatlar va isrofgarchilikni kamaytirishga qaratilgan keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2025 yil oktyabr oyida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O'zbekiston musulmonlari idorasi, O'zbekiston mahallalari uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qo'mitasi hamda “Nuroniy” jamg'armasi hamkorligida “Maromiylik” loyihasi imzolandi.
Mazkur loyiha doirasida to'y va marosimlarda ortiqcha xarajatlarni qisqartirish, oilalarni qarzdorlikdan asrash, kamtarinlik va ma'naviy tarbiyani kuchaytirish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda isrofgarchilikning oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar olib borildi. Shu yo'nalishda Diniy idora tomonidan imom-xatiblar ishtirokida mahallalarda, ta'lim muassasalarida suhbatlar va ma'rifiy uchrashuvlar tashkil etildi, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar amalga oshirildi.
Targ'ibot ishlarida asosiy e'tibor to'y va ma'rakalarda mehmonlar sonini me'yorlashtirish, isrofgarchilikka olib keluvchi ortiqcha bezak va xizmatlardan voz kechish masalalariga qaratilmoqda. Zero, “Maromiylik” loyihasi nafaqat iqtisodiy tejamkorlikni, balki ma'naviy yuksalish va milliy qadriyatlarni mustahkamlashni ham maqsad qilgan muhim tashabbus hisoblanadi. Mazkur targ'ibot ishlari faoliyatimizning uzviy va doimiy qismi bo'lib qolmoqda.
— Hozirga kelib muammoga aylangan illatlar aslida yaxshi niyatlar ila boshlangan bo'ladi. Masalan, nikohni to'y orqali ma'lum qilishga kirishib, dinimiz targ'ib qilgan ishni bajaramiz, degan niyatda bo'lamiz. Ammo, aytganingizdek, me'yorni unutamiz. Oqibatda isrof va dabdabaga yo'l qo'yamiz. Shunday emasmi, muftiy hazratlari?
— Ha, to'g'ri aytdingiz, nikohni e'lon qilish islom dinining muhim ko'rsatmalaridan biri hisoblanadi. Nikoh islomda muqaddas tushunchalardan bo'lib, insonning halol yo'l bilan oila qurishi ibodat sanaladi. Hanafiy mazhabining yirik ulamolaridan Ibn Obidin rahmatullohi alayh shunday degan: “Odam alayhissalomdan qiyomatgacha ibodat hisoblanib, jannatda ham davom etadigan ikki amal bor: birinchisi – iymon, ikkinchisi – nikoh”.
To'y qilishdan asosiy maqsad – kim bilan kimning er-xotin bo'lganini jamoatchilikka ma'lum qilishdir. Shuningdek, to'y marosimlari qarindosh-urug'lar, do'st-birodarlar o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, uzoq vaqt ko'rishmagan insonlarni diydor ko'rishtirishga xizmat qiladi. Agar mazkur marosimlar asl maqsaddan chetga chiqmasdan, ortiqcha xarajatlarsiz, me'yorida tashkil etilsa, ko'zlangan natijaga erishiladi, inshoolloh.
Afsuski, keyingi paytlarda to'y va tantanalarni o'tkazishda me'yor buzilib, isrofgarchilik, kimo'zarga kirishish hamda shuhratparastlik holatlari ko'payib bormoqda. Holbuki, oilalarning barqarorligi moddiy farovonlik bilangina ta'minlanmaydi. Aksincha, ma'naviy va ruhiy omillarga yetarlicha e'tibor berilsa, quda-andachilik munosabatlarida dunyoqarash va e'tiqod uyg'un bo'lsa, mazkur muammolar o'z-o'zidan bartaraf etiladi.
Bu borada asrlar davomida musulmonlar uchun ibrat bo'lib kelayotgan Hazrati Ali va Hazrati Fotima roziyallohu anhularning nikoh to'ylari yorqin namuna hisoblanadi. Manbalarda qayd etilishicha, ularning to'y marosimlari juda kamtarona o'tgan. Hazrati Ali roziyallohu anhuning amakisi Hamza roziyallohu anhu tomonidan bir qo'y so'yilib, ixcham ziyofat berilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlari Fotima roziyallohu anho va jiyanlari Hazrati Ali roziyallohu anhuning nikoh to'ylari ana shunday sodda va ibratli tarzda o'tgan. Zero, shariatga muvofiq, barakali to'y sarf-xarajatlari yengil bo'lgan to'ydir. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Eng barakali nikoh – xarajati yengil bo'lganidir”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Alloh taolo Qur'oni karimda isrofdan qaytaradi: “Eb-iching va isrof qilmang. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas” (A'rof surasi, 31-oyat).
Hadisi sharifda bu haqda bunday deyilgan: Amr ibn Shuayb otasidan, u esa bobosidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Englar, sadaqa qilinglar, ichinglar va kiyinglar, isrof va mutakabbirlik bo'lmasa bo'ldi”, dedilar” (Imom Nasoiy rivoyati).
Isrofning katta-kichigi bo'lmaydi. Olimlardan biri kosaga yopishgan taom qoldiqlarini tozalamaslikni isrof, degan edi. O'zingiz bir o'ylab ko'ring: agar kosaga yopishgan, bizning nazarimizda juda ham e'tiborsiz tuyulgan shu ozgina ne'matning o'zi isrof hisoblansa, unda kundalik hayotimizda bee'tiborlik bilan sovurayotgan qanchadan-qancha ne'matlar haqida nima deyish mumkin?
— Bugunga kelib esa, ayrim bo'lajak kelinlar kuyovlardan mahr uchun qimmatbaho avtoulovlar yoki dang'illama uy-joylar talab qilishi, ba'zi kuyovlarning qiz tomonga qo'yayotgan talablarini eshitgan odam hayron qoladi. Mahr o'zi nima? Uning me'yori, uni talab qilish yoki undan voz kechish tartiblari haqida bilib olsak…
— Islom dinida mahr nikoh sababli erning ayolga berishi vojib bo'lgan haq hisoblanadi. Mahr berilayotganda kuyov tomonidan chin qalbdan tuhfa qilinishi talab etiladi va u kelinning shaxsiy mulkiga aylanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan: “Ayollarga mahrlarini xushnudlik bilan bering” (Niso surasi, 4-oyat).
Demak, mahr berish erning zimmasidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Hatto kelin va kuyov o'zaro kelishib, “ikkimiz ham rozimiz, bu hukmga amal qilmay qo'yaveramiz”, desalar ham bo'lmaydi. Agar bilimsizlik yoki boshqa sabablarga ko'ra mahr belgilanmagan holda nikoh o'qitilgan bo'lsa ham, keyin baribir mahr berilishi kerak. Mabodo, er mahr berishdan oldin vafot etsa, uning merosxo'rlari mahrni ado etishlari lozim.
Shariatda mahrning eng kam miqdori nisob miqdorining yigirmadan biriga teng, deb belgilangan. Masalan, o'tgan yilgi nisob miqdori 61 million 200 ming so'm etib belgilangan bo'lsa, shuning yigirmadan biri mahrning eng oz miqdori bo'ladi. Har yil nisob miqdori o'zgarishi bilan mahrning eng kam miqdori ham mos ravishda o'zgaradi.
Mahrning ko'piga chegara qo'yilmagan. Biroq bu holat mahrni haddan ziyod oshirishga chaqiriq sifatida talqin qilinmaydi. Aksincha, islom dini nikohni osonlashtirishga, uni keraksiz va ortiqcha shartlar bilan qiyinlashtirmaslikka targ'ib etadi. Mahrni maqtanish, boshqalar bilan solishtirish yoki uni nikohni kechiktirish vositasiga aylantirish durust emas.
Ayolga beriladigan mahr uni nikohiga olayotgan erning zimmasiga vojib bo'ladi. Ammo erning nomidan uning yaqinlari nikoh aqdida aytilgan mahrni ado qilsalar ham, mahr o'rniga o'tadi.
Ayrim joylarda qizning ota-onasi oladigan “qalin puli” kabi mablag'lar mahr hisoblanmaydi. Shuningdek, umra yoki hajga olib borish ham mahr o'rniga o'tmaydi. Chunki mahr miqdori aniq, mulk ko'rinishida bo'lishi kerak.
Kuyov kelin tomonga yoki kelin kuyov tomonga asossiz talablar qo'yish, ortiqcha sarf-xarajatlar yoki majburiy odatlarni yuklash uyatli ish hisoblanadi. Chunki nikoh savdo yoki musobaqa emas, balki ikki yoshning halol, mas'uliyatli va barakali hayotga qadam qo'yishidir. Ortiqcha talablar turli nizo va kelishmovchiliklarga sabab bo'ladi. Shu bois nikoh masalasida me'yor, ixlos va taqvoni asos qilib olish har bir mo'min-musulmon uchun eng to'g'ri yo'l hisoblanadi.
— Alloh ilmingizni yanada ziyoda qilsin, hazrat. O'quvchilarimizga juda kerakli ma'lumotlarni bayon qilib berdingiz. Endi yana bir masalaga to'xtalib o'tsak: janoza va shu kabi marosimlarda azadorlarni qiynab qo'yadigan holatlar ham tez-tez kuzatiladi. Xususan, hayit kunlari ta'ziya bildirishga borish kuzatiladi. Ayrim joylarda “etti”, “yigirma”, “qirq”, “yil”, payshanbalik, yakshanbalik kabi marosimlar hanuzgacha bor. Ular dinimizda qanchalik asosga ega?
— Janoza va unga bog'liq marosimlar Qur'oni karim, hadisi sharif hamda ishonchli diniy manbalarda keltirilgan tartib-qoidalar asosida ado etilishi lozim. Dalili mavjud bo'lmagan holda azadorlik va shu munosabat bilan bog'liq bo'lgan ma'raka, ta'ziya, rasm-rusumlarni urf-odat yoki majburiyatga aylantirish bid'at hisoblanadi.
Shariatimizda marhumlarning ruhiga savob bag'ishlash maqsadida ehson qilish bor. Bu ehson marosimi “vazima” deb ataladi. Ushbu marosimni muayyan kunda qilish shart emas. Shundan kelib chiqib, vafot etgan insonning voyaga yetgan farzandlaridan biri o'z mulkidan, muayyan sanaga bog'lamasdan, riyokorlik va dabdabasiz, xolis niyat ila ehson qilishi joiz. Bu orqali qilingan solih amallarning savobi marhumga yetib borishi umid qilinadi. Zero, Ahli sunna val jamoa ta'limotiga ko'ra, solih amallar savobini vafot etgan insonlarga bag'ishlash joiz hisoblanadi. Biroq mazhabimizga oid fatvo kitoblariga ko'ra, “uch”, “etti”, “yigirma”, “qirq”, “yil” kabi muayyan kunlarga bog'lab ma'rakalar o'tkazish durust emas. Ushbu masala yuzasidan fatvolar ham chiqarganmiz.
Hayit kunlari esa quvonch, shukr va birodarlik ayyomlari sanaladi. Shu bois bu kunlarda ta'ziya qabul qilish yoki ta'ziya bildirishga borish sunnatga muvofiq emas. Bunday ishlar hayit bayramining ma'no-mazmuniga zid bo'lib, motam kayfiyatini davom ettirishga sabab bo'ladi. Hayit bayrami kunlarini quvonch, shukronalik, duo va ezgu niyatlar bilan o'tkazish maqsadga muvofiqdir.
— Tashakkur, muftiy hazrat! Foydali va mazmunli ilmlardan bahramand etdingiz. Endi xalqimiz va nashrimiz o'quvchilariga o'z duo, tilaklaringizni bildirsangiz, dillarimiz yanada charog'on bo'lar edi.
— Abu Zarr G'iforiy roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Birodaringning yuziga tabassum bilan qarashing sadaqadir, yaxshilikka buyurishing sadaqadir, yomonlikdan qaytarishing sadaqadir, yo'ldan adashgan kishini to'g'ri yo'lga solib qo'yishing sadaqadir, ko'zi ojiz kishiga yordam berishing sadaqadir, yo'l ustida yotgan tosh, tikan yoki suyakni olib tashlashing sadaqadir, chelagingdagi suvdan birodaringning chelagiga quyib berishing sadaqadir” (Imom Termiziy rivoyati).
Men barcha yurtdoshlarimiz va butun dunyo mo'min-musulmonlari ushbu hadis mazmuniga muvofiq hayot kechirishlarini tilayman. Zero, mazkur hadisda zikr qilingan ko'rsatmalarga amal qilinsa, jamiyatda o'zaro mehr-oqibat, hamdo'stlik, hamjihatlik, bag'rikenglik va ezgu fazilatlar mustahkamlanadi.
Alloh taolo ushbu ezgu niyatlarimiz amalga oshishiga muvaffaq etsin.
Suhbatni O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Sharifa SALIMOVA
yozib oldi.
