Shuhrat Egamberdiyev: Yulduzlar va sayyoralar inson taqdiriga ta'sir ko'rsatmaydi

Yurtimizdan ko'plab ulug' zotlar yetishib chiqqanini hamisha faxr bilan gapiramiz. Zero, ko'plab alloma bobolarimiz qoldirgan ilm chashmalaridan butun dunyo ahli bahramand bo'lib kelishi sir emas. Qolaversa, hech bir inson yo'qki, keng osmon, son-sanoqsiz yulduzlaru, oyu quyoshga boqib bu ajib sir-sinoatga mahliyo bo'lmagan bo'lsa, xayolan cheksiz fazoga uchib yulduzlarni quchmagan bo'lsa?!
Shunday. Chindan ham astranomiya – tengsiz sir-sinoatlarga javob izlovchi fan.
O'tmish zamonlardan beri bugunga qadar ilmu nujumlar sirini o'rganib keladi odamzot. Shu boisdan o'tgan asrda oyga parvoz qilgan odam bolasi XXI asrda Mars sayyorasini “zabt” etishni ko'zlayotgani bejiz emas.
“Yerdan bo'lak joyda ham hayot bormi?” Bu savol esa odamzotni qadim-qadim zamonlardan buyon asir qilib keladi.
Xullas, quyidagi suhbat mavzusi yuqoridagi kabi masalalar xususida bo'ldi.
Suhbatdoshimiz — jahon ilmiy astronomik jamoatchiligi o'rtasida o'z o'rniga ega olim, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, O'zbekiston Respublikasi fan arbobi, Astronomiya instituti rahbari Shuhrat EGAMBERDIYEV. U Xalqaro Astronomiya jamiyati hamda Yevropa-Osiyo astronomik jamiyati a'zosi. 2015 yilda Fransiya Respublikasining “Akademik palma” ordeni bilan mukofotlangan.
— Hurmatli ustoz, suhbatimizni bugungi kunda o'zbek astronomiyasidagi eng muhim yangiliklar, ularning bugungi dunyo fani maydonidagi ahamiyatlilik darajasi to'g'risidagi fikrlaringiz bilan boshlasak.
— Avvalo, Astronomiya institutimiz haqida: hozirda ko'plab xalqaro dasturlarda ishtirok etmoqda. Institutning barcha astronomik kuzatishlari Maydanak observatoriyasida olib boriladi. Qashqadaryo viloyati Yakkabog' va Qamashi tumanlari chegarasi (Maydanak tog'ining g'arbiy cho'qqisi)da joylashgan Maydanak observatoriyasi o'zining osmon jismlarini kuzatish sharoitlari (ilmiy tilda “astroiqlim”) bo'yicha jahondagi nufuzli observatoriyalardan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, bu observatoriya juda qulay geografik hududda joylashgan. Masalan, biz Maydanakda biror-bir osmon jismini kuzatayotganimizda, Yerning qarama-qarshi tomonida Amerika qit'asida kunduz kuni bo'ladi, Xitoyda tong otishi boshlangan, Yevropada esa hali kech kirmagan bo'ladi. Shuning uchun bu rasadxona eng qulay hisoblanadi.
So'nggi yillarda olimlarimiz tomonidan bir nechta olamshumul kashfiyotlar amalga oshirildi. Bular orasida “Samarqand” va “Maydanak” kichik sayyora asteroidlarining ochilishi, “Katta ayiq” yulduz turkumida o'ta yangi yulduz chaqnashining kashf etilishi, Koinotda gamma nurlarda chaqnagan va kosmik apparatlarda qayd etilgan yuzlab jarayonlarning Maydanakdan turib aniq kuzatilishi, Toshkent va Kitob observatoriyalarida olingan osmonning fototasvirlarini raqamlashtirish natijasida 13,5 million yulduzdan iborat katalogning e'lon qilinishini alohida ta'kidlab o'tish mumkin.
Yana bitta misol. 2015 yilda astronomiya sohasida olamshumul voqealardan biri sodir bo'ldi. U ham bo'lsa, ikkita qora o'raning qo'shilishidan hosil bo'lgan gravitatsion to'lqinlar LIGO detektori yordamida qayd etilganidir. Bu hodisa 1915 yil Albert Eynshteyn tomonidan bashorat etilgan edi. Oradan 100 yil o'tgach, gravitatsion to'lqinlar mavjudligi kashf etildi. Bu to'lqinlar endigina ochilganiga qaramasdan, juda katta ahamiyat kasb etmoqda. 2017 yilda gravitatsion to'lqinlar qayd etilgani uchun LIGO olimlari Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. Shundan keyin astronomiyada yangi yo'nalish — “gravitatsion to'lqinlar astronomiyasi” paydo bo'lgan edi. Qora o'ra va neytron yulduz kabi juftliklarning o'zaro qo'shilishida gravitatsion to'lqinlar bilan birga boshchali to'lqin uzunliklari: optik (ko'rinma), gamma, ultrabinafsha va hokazo diapazonlarda ham nurlar chiqadi. Shuning uchun jahonda qora o'ra va neytron yulduzlarning o'zaro qo'shilishini monitoring qilib boruvchi bir nechta tarmoqlar tuzilgan va bu tarmoqlar uzluksiz monitoringlar qilib boradi. Ushbu tarmoqlardan biri “Grandma” xalqaro tarmog'idir. Bu tarmoq gravitatsion to'lqinlarning optik qo'shimchalari, gamma chaqnashlar, o'ta yangi yulduz portlashi kabi astrofizik jarayonlarni teleskoplar yordamida uzluksiz kuzatib borish uchun Yer sharidagi 30 dan ortiq, jumladan, O'zbekistondagi teleskoplarni o'z ichiga oladi. Bundan maqsad shuki, gravitatsion to'lqin qayd etilgandan keyin o'sha osmon sohasiga teleskoplarni yo'naltirib darhol kuzatishdir. Bu esa gravitatsion to'lqin manbalarini turli diapazonlarda kuzatish orqali ularda sodir bo'ladigan hodisalarning fizikasini tushunishda ahamiyati katta.
Juda qulay geografik joylashuvi va Astronomiya institutining ushbu vazifani bajara oladigan mutaxassislarga ega bo'lganligi uchun Maydanak observatoriyasi “Grandma” loyihasiga qo'shilgan. Bu biz uchun katta ahamiyat kasb etadi. Ishonamizki, ushbu loyihalar dorasida, albatta, gravitatsion to'lqin manbaining optik qo'shimchalarini kuzatishga muvaffaq bo'lamiz. Bunda Maydanakning hamda u orqali bu eng ilg'or sohada ish olib borayotgan davlat sifatida O'zbekistonning shon-shuhrati ortadi.
— Ochig'ini aytganda, yurtimiz astronomiyasining nechog'liq ilg'or ekanini hozir Siz aytgan ma'lumotlardan so'nggina bir oz anglab yetdim. Menga bir yangi dunyo ochilgandek bo'ldi. Osmon otli keng bu ma'vo hammani birdek o'ziga qaratadi. Astronom-olim sifatida nima deb o'ylaysiz, insoniyat uchun Yerdan bo'lak joyda ham yashash imkoni bormi?
— Insoniyat koinot sirlarini chuqurroq anglab borar ekan, u o'z-o'ziga doimo “Biz koinotda yolg'izmizmi?” — degan savolni bergan. Lekin bu savolga hali-hanuz javob topilgani yo'q. Quyosh sistemasi sayyoralarini o'rganish insoniyatni tinchlantiruvchi natijalarni bermadi: Marsda oqsil-nuklein hayotning izlari topilmadi, Venera va Merkuriy yuzasi esa hayot mavjud bo'lishi uchun juda ham issiqlik qiladi. Yupiter kabi gigant sayyoralarda, ularning kimyoviy tarkibiga ko'ra, hayot bo'lishi mumkin emas. Ushbu sayyoralarning yo'ldoshlarida harorat juda ham past. Shuning uchun biz Quyosh sistemasida yakka-yagonamiz, deyishimiz mumkin.
Lekin shuni ta'kidlash lozimki, astronomlar Quyoshning koinotda noyob yulduz emasligi, unga o'xshash yulduzlarning son-sanoqsiz ekanligini allaqachonlar aniqlashgan. Shunday ekan, bu yulduzlar atrofida ham Yerga o'xshash sayyoralar harakatlanib, ularda ongli hayotning rivojlanishi uchun Yerdagidek shart-sharoit bo'lishi mumkin. Boshqa yulduzlar atrofida harakatlanuvchi bunday sayyoralarga ekzosayyoralar (ekzo, lotincha “tashqari”) deyiladi. Ya'ni oddiy til bilan aytganda, ekzosayyora — bu Quyosh tizimidan tashqaridagi sayyora degani.
Birinchi ekzosayyora 1995 yilda ochildi. Kashfiyot Jeneva observatoriyasining astronomlari Mishel Mayor va Didye Kvelos tomonidan amalga oshirildi hamda bu kashfiyot uchun ular 2019 yilda Nobel mukofoti bilan taqdirlanishdi.
Hozirda bunday sayyoralar takomillashtirilgan usullar yordamida topilyapti. NASA axborotiga ko'ra, 2024 yil dekabr oyiga kelib 5 788 ta ekzosayyora mavjudligi tasdiqlandi. Hozirda ekzosayyoralar safiga qo'shilish uchun nomzodlar soni ancha ko'p, taxminan 15000 tani tashkil etadi.
Olimlarning hisob-kitoblariga ko'ra, Somon yo'li galaktikasidagi ekzosayyoralarning umumiy soni kamida 100 milliard ekani taxmin qilinmoqda, ulardan 5 dan 20 milliardgachasi Yerga o'xshash bo'lishi mumkin. Shuningdek, Quyoshga o'xshash yulduzlarning taxminan 34 foizi yashash zonasida Yerga o'xshash sayyoralarga ega. Galaktikamizda yashash mumkin bo'lgan ekzosayyoralarning umumiy soni 300 millionga yaqin bo'lishi mumkin.
Shunday ekan, insoniyatning boshqa yulduzlar atrofidagi sayyoralarda yashash ehtimoli bor. Lekin shuni ta'kidlashimiz lozimki, bizga eng yaqin yulduz 4,24 yorug'lik yili (1 yorug'lik yili — sekundiga 300 000 km tezlikda harakatlanayotgan yorug'likning bir yilda bosib o'tadigan yo'li) masofasida joylashgan. Demak, hozirgi texnika taraqqiyoti yordamida ekzosayyoralarga parvoz qilishning hech ham iloji yo'q!
Lekin insoniyat hozircha “zaxiraviy” yashash joyini ancha yaqinroqdan izlamoqda. Amerikalik milliarder, “SpaceX” kosmik korporatsiyasining asoschisi Ilon Mask shu sohada ancha faol. U Marsga inson parvozini amalga oshirmoqchi. Bu yo'lda ko'plab muammo va qiyinchiliklar mavjud, ammo maqsadlar nihoyatda jozibali. Kim ham Marsga qadam qo'ygan birinchi inson bo'lishni xohlamaydi, deysiz!
Kelajakda Marsda koloniyalar barpo etiladi. Koloniyaning dastlabki a'zolari sayyora qutbidagi muzlarni eritib, sayyora sirtida dengiz va daryolarni, atmosferasida esa Yerdagi gazlarni xosil qilish uchun Sayyorani qizdirish bilan shug'ullanadilar. Ushbu elementlar hozircha Marsning qutb qalpoqlarida muz holatida saqlanmoqda. Mana shu ishlarni amalga oshirish uchun taxminan 200 yil kerak. O'shanda ehtimol Marsda, ekologik toza hududda bemalol yashash mumkin bo'lar?
— Bugun turli sohada ilmiy ishlar, juda ko'p doktorlik dissertatsiyalari yoqlanmoqda. Ba'zilari haqida “mohiyatida yangilik yo'q”, “ko'chirilgan” deyish mumkin. Sizningsa buni bartaraf qilish uchun nima qilish kerak?
— Birovlarning asarlaridan ko'chirmalarni va g'oyalarni o'ziniki qilib berish uzoq zamonlardan beri ma'lum va bu odat “plagiat” deb ataladi. Lekin bu odat oldinlari yomon illat deb qaralmagan. Hatto buyuk dramaturg Vilyam Shekspir ham ba'zi hollarda birovlarning she'rlari va pyesalarini, hatto to'liq qismlarini o'ziniki qilib bergan. Bu ham kamlik qilgandek, u asarning muallifiga “ko'chada yurgan qizni men oliy tabaqa darajasiga ko'tardim” deb, o'z qilmishini oqlashga ham uringan ekan.
O'zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin buyuk bobokalonlarimizning tavallud ayyomlarini keng nishonlash imkoni tug'ildi. 1994 yili Mirzo Ulug'bekning 600 yilligi nishonlandi. O'shanda bu ulug' sanaga bag'ishlangan anjumanlar mamlakatimizning deyarli barcha ta'lim muassasalarida va oliy o'quv yurtlarida bo'lib o'tgan. Poytaxtimizdagi nufuzli universitetlarning birida tashkil etilgan juda katta anjumanda olti yuzga yaqin ma'ruzalar qilingan. Men o'shanda xalqaro anjumanni tayyorlash ishlariga mas'ul edim. Yaxshiroq ma'ruzalarni tanlash maqsadida o'sha anjumanning tezislari bilan sinchiklab tanishib chiqqanman. Olti yuzta ma'ruzadan birorta “pichoqqa ilinadigani” topilmagani meni taajjubga solgan. Barcha ma'ruzalar uchta asosiy manbadan ko'chirib olingan edi. Bular: Qori Niyoziyning “Astronomicheskaya shkola Ulugbeka” (M. — L.: Izd. AN SSSR, 1950), V.V.Bartoldning “Ulugbek i yego vremya” (Petrograd, 1918 y.) va Astronomiya institutining direktori V.P.Shcheglovning Yan Geveliy “Yulduzlar atlasi”ning Mirzo Ulug'bekka bag'ishlangan so'z boshisi (“FAN” nashriyoti, Toshkent, 1974 y.) edi. Bunday qilmishni balki oqlash mumkindir. Muhim tadbir arafasida olimlardan Mirzo Ulug'bek hayoti va ilmiy faoliyatiga bag'ishlangan ma'ruzalar tayyorlash talab qilingan, muhlat juda oz edi. Bu jarayon, mana, salkam o'ttiz yildan beri davom etib kelmoqda. Lekin Mirzo Ulug'bek merosini o'rganishga bag'ishlangan sanoqli maqolalargina chop etildi. Birov kimningdir maqolasidan yoki dissertatsiyasidan ko'chirsa, bundan kimga foyda, kimga zarar? Aslida, bunday qilmishi bilan nopok “olimlar” jamiyatga juda katta zarar keltirishadi. Birinchidan, doktorlik darajasi olimga ilmiy-tekshirish muassasasining direktori, oliy o'quv yurti prorektori, rektori kabi lavozimlarni egallashga yo'l ochadi. Bundan tashqari va muhimrog'i, ilmiy daraja beruvchi kengash a'zoligi va hatto kengash raisi lavozimini egallashga imkon beradi. O'zi nopok yo'l bilan ilmiy darajaga ega bo'lgan kimsa mo'may pul evaziga o'ziga o'xshagan soxta olimlarga ilmiy daraja olishga imkon beradi. Shu alpozda ilmiy muassasalarda noloyiq rahbarlar “ulushi” oshib boraveradi. Bu, albatta, mamlakatimiz ilm-faniga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Eng muhimi, bunday holatdan ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari va oliy o'quv yurti professor-o'qituvchilari jim yursa-da, baribir xabardor bo'lishadi. Achinarlisi va xavfliligi — bundan yosh tadqiqotchilar va hatto talabalar ham xabardor bo'lishidadir. Ularning tarbiyasiga ta'siri o'ta salbiy bo'ladi.
Xo'sh, unda nima qilishimiz kerak? Eng avvalo, dissertatsiyalar bajarilayotgan ilmiy muassasalar ishlarning sifatini oshirishga jiddiy yondashishlari kerak. Buning birdan-bir yo'li — bu dissertatsiyalarning asosiy mazmuni nufuzli chet el jurnallarida chop etilishini talab etishdir. Nufuzli xorijiy jurnallar oliy hakamlik vazifasini bajarishi mumkin. Chunki ular o'z nufuzini saqlash uchun qattiq tirishadi.
— So'nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda “u yoki bu osmon jismi bilan to'qnashuv kutilmoqda” degan vahimali gaplar tarqalib turibdi. Gazetxonlarimizga bu boradagi fikrlaringizni so'zlab bersangiz.
— Bunday mish-mishlardan vahimaga tushishga katta asos yo'q, chunki osmon jismlari bilan to'qnashish ehtimoli juda kam. Lekin mutasaddi tashkilotlar bunday hodisaning oldini olish ustida tinimsiz ish olib borishmoqda.
Eng avvalo, kosmik to'qnashuvning yaqinda ro'y bergan misoliga to'xtab o'tsak. Ko'pchilikning yodida bo'lsa kerak, 2013 yilning fevralida Rossiyaning Chelyabinsk hududiga katta bolid kelib tushgan, portlash to'lqini ko'plab binolarga va odamlarga zarar yetkazib, Rossiya iqtisodiyotiga deyarli 1 mlrd rubl miqdorida zarar yetkazgan edi. O'sha vaqtda butun dunyo astronomlarining e'tibori Chelyabinsk meteoritidan bir kun keyin — Yerdan atigi 27 ming kilometr masofadan o'tishi kutilayotgan boshqa bir asteroidga qaratilgan edi. Shu sababli ham o'sha vaqtda Chelyabinsk meteoriti teleskoplar nigohidan chetda qolgan. Umuman olganda, hozirgi kunda Yerga yaqin orbitalarda 37 mingta asteroid harakatlanadi va Yerga yaqinlashuvchi asteroidlar guruhini tashkil etadi. Ular orasida 2,5 mingtachasi BMT tomonidan Yer bilan to'qnashish ehtimoli katta va shuning uchun sivilizatsiyaga xavf tug'diruvchi asteroidlar sifatida tasniflanadilar.
To'qnashuv sodir bo'lganda asteroidlarning ta'siri regional talafotdan toki global falokatgacha olib kelishi mumkinligi tufayli ularni monitoring qilish va to'qnashuvga qarshi choralarni ko'rish dolzarb ahamiyatga ega. Shu sababli ham dunyo bo'ylab bir qancha mamlakatlarda maxsus tadqiqot guruhlari tashkil etilgan.
Bu jabhadagi faoliyatda Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligining Hayabusa missiyalari (JAXA Hayabusa-1, Hayabusa-2) ham alohida e'tirofga sazovor. Bu missiyalar Yerga yaqin asteroidlarga kosmik missiyalar uchirish va asteroidlardan namuna olib kelish kabi murakkab ilmiy texnologik loyihalar hisoblanadi. Bu missiyalarning Yerdagi teleskoplar orqali optik kuzatish bilan bog'liq tadqiqotlarida O'ZR FA Astronomiya institutining ilmiy jamoasi “Maydanak baland-tog' observatoriyasi” teleskoplari yordamida qatnashgan bo'lib, jamoaning kosmik missiya ishidagi faoliyati Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi tomonidan alohida e'tirof etilgan. Quyosh tizimida kashf etilgan asteroidlardan biriga yaponiyalik astronom hamkorlar tomonidan “Maydanak” nomining berilishi ham bu e'tirofning alohida tasdig'i bo'lsa, ajab emas. Demakki, biz g'ururlansak bo'ladigan juda katta ish amalga oshirilgan.
Hozirgi kunda Yerga xavf soluvchi asteroidlar ichida eng mashhuri bu 99942 tartib raqamli “Apophis” nomli asteroiddir. Ushbu asteroidning diametri 340 metr atrofida bo'lib, bu o'lchamdagi jism Xudo ko'rsatmasin, kosmik tezlikda Yerga urilsa, jiddiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin. Jumladan, to'qnashuvning kinetik energiyasi 1717 megatonna bo'lib, bu Ikkinchi jahon urushi so'ngida Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlarida portlatilgan atom bombalaridan yuz minglab marta kuchli demakdir. To'qnashuv Yer yuzasida deyarli 6 kilometr diametrli krater hosil qilishi mumkin va portlash to'lqini 300 kilometr masofadagi deyarli barcha narsani yakson qiladi. Xayriyat, so'nggi tadqiqotlarda uning orbitasi chuqurroq o'rganilib, asteroidning 2029 va 2036 yillardagi Yerga yaqinlashish vaqtidagi to'qnashish ehtimoli ilk kashf qilingan vaqtidagi baholashlardan ancha kamroq ekanligi aniqlandi. Hozirda “Apophis”ning 2068 yildagi yaqinlashuvida to'qnashuv ehtimoli 7,7 millionga bir deb baholanmoqda. Holbuki, ilk hisob-kitoblarda bu ko'rsatkich 2036 yilgi yaqinlashish uchun 4 mingga bir deb baholangan edi. Kutilayotgan eng yaqin sana bu 2029 yilning 13 apreli bo'lib, shu vaqtda asteroid Yerdan 31 ming kilometr masofadan o'tadi. Bu masofa kosmik o'lchamlar nuqtai nazaridan qaralsa, juda yaqin masofa sanaladi. Sababi, bu o'lcham Yerdan 36 ming kilometr masofada harakatlanuvchi geostatsionar sun'iy yo'ldoshlar orbitasidan ham yaqin masofadir.
Yerdagi global hayotga xavf soluvchi asteroidlarning Yer bilan to'qnashishi oldini olish va xavfli obyektlarning orbitasini o'z yo'nalishidan boshqa tomonga burib yuborish zamonaviy kosmonavtikaning dolzarb muammolaridandir. Xavfli asteroidlar orbitasini o'zgartirish yoki ularni portlatib sochib yuborish bilan bog'liq bir qator takliflar ishlab chiqilgan bo'lsa-da, aslida, bu texnologik jihatdan juda murakkab masala bo'lib, bu yo'nalishdagi tadqiqotlar endi-endi yo'lga qo'yilmoqda. Shunday tadqiqotlardan biri bu asteroidga zarba berish orqali uning orbitasini o'zgartirish hisoblanadi. Sayyoraviy mudofaa maqsadlarida asteroidga zarba berish tajribasi ilk marta 2022 yilning sentyabr oyida amalga oshirildi. Bunda “NASA”ning “DART” nomli kosmik kemasi “Didimos” nomli asteroidning “Dimorfos” deb nomlangan yo'ldoshi bilan to'qnashtirildi. Bu tajribadan maqsad, zarba berish usuli orqali asteroid orbitasining o'zgarishini aniqlash va kelajakda bunday tajribani boshqa asteroidlar xavfini bartaraf etishda qo'llash edi.
To'qnashuvdan oldin Dimorfosning Didimos atrofidagi aylanish davri 11 soat 55 daqiqaga teng edi. 2022 yil 26 sentyabrda “DART” kosmik kemasi Dimorfos bilan to'qnashtirildi. To'qnashuv natijasida uning orbital davri 33 daqiqaga qisqardi va bu sayyoraviy mudofaa maqsadlarida asteroidlarga zarba berish usulining samaradorligini isbotladi. To'qnashuv natijalarini qayd etish va o'zgarishlarni aniqlash uchun butun dunyodagi observatoriyalar birlashgan holda katta kuzatuv kompaniyasini tashkil qildilar. Kuzatuv kompaniyasida O'zR FA Astronomiya institutining ilmiy jamoasi Maydanak observatoriyasi teleskoplari bilan ishtirok etdi va o'zining salmoqli hissasini qo'shdi. Ilk tajriba muvaffaqiyatli yakunlandi va kelajakdagi shunga o'xshash ko'plab tajribalar uchun zamin yaratildi.
— Ko'pchilikni qiziqtirgan yana bir savol: So'nggi vaqtlarda internetda “Bugun magnit bo'roni yuz berdi. Ehtiyot bo'linglar” degan e'lonlar uchrab turadi. Nega endi bu jarayon aynan hozir sodir bo'lyapti? Oldinlari ham magnit bo'ronlari bo'lganmi?
— Ma'lumki, Quyosh Yerdagi hayotni va butun borliqni nafaqat yorug'lik va energiya bilan ta'minlaydi, balki yuqori energiyali radiatsiya va zaryadlangan zarrachalar oqimini yuborib, ma'lum ma'noda Yerga salbiy ta'sir ham ko'rsatadi. Lekin ona sayyoramiz bizni bunday oqimlardan himoyalovchi atmosfera va magnit maydoniga ega. Ya'ni, oddiy qilib aytganda, Yaratganning himoyasidamiz.
Quyoshda yuqori energiyali radiatsiya va zaryadlangan zarrachalar doimiy ravishda emas, Quyosh dog'larida ro'y beradigan chaqnashlar paytida paydo bo'ladi. Dog'lar soni esa 11 yillik davr bilan o'zgarib turadi. Dog'larning ko'p kuzatiladigan davrini Quyosh faolligining “maksimum”i, dog'lar soni kam yoki yo'q bo'lgan davri faollikning “minimum”i, deb ataladi. Quyosh faolligining navbatdagi 11 sikli 2019 yil oxirida boshlangan, va u 2024-2025 yillarda maksimumga erishadi. Quyosh faol bo'lgan davrlarda unda ko'plab chaqnashlar sodir bo'ladi. Chaqnashlar paytida Quyoshdan Yer tomon otilgan zarrachalar Yerni o'rab turgan magnitosferaga urilganda, u jarayon tezlashadi va bu hodisa magnit bo'roni deb ataladi. Shifokorlarning ta'kidlashicha, magnit bo'ronlari ayrim meteosezgir odamlarning salomatligiga salbiy ta'sir etishi mumkin. Hozirgi vaqtda bu holatlar tibbiyotchilar va biofizik olimlar tomonidan tadqiq qilinmoqda.
Lekin katta vahimaga asos yo'q. Ijtimoiy tarmoqlar orqali “falon kuni magnit bo'roni bo'lishi kutilyapti” degan ma'lumot kelganda bir oz ehtiyot bo'lish kerak. Uzoq vaqt davomida boshyalang ochiq havoda yurmaslik, arzimagan narsalarga asabiylashmaslik, o'zini ortiqcha urintirmaslik (toqqa chiqish, og'ir jismoniy mashg'ulotlardan tiyilish) kabi maslahatlarga amal qilinsa, kifoya. Ammo odamlar keyingi vaqtda har qanday bosh og'rig'iga “magnit bo'roni”ni aybdor qilishyapti. Bu borada bilib-bilmay xulosa qilmaslik kerak.
— Munajjimlar bashorati, burjlar, yulduzlarga qarab taqdirni aytish to'g'risidagi qadimiy va hozirgi qarashlarga fikringiz.
— Qadimda paydo bo'lgan ilmi nujum, ya'ni astrologiya sayyoralar va yulduzlarning harakatini kuzatish orqali o'tmishni, bugungi kun va kelajakni bashorat qilish bilan shug'ullanadi. Ilmi nujumning hozirgi vaqtda ham keng ommalashganiga sabab kishilarning ruhiyati, tabiiy fanlardan yetarlicha bilimga ega emasliklari va dunyoqarashlar bilan bog'liq. Har qanday pala-partish, to'qib yozilgan, eski manbalardagi bir-ikki so'zga tayanib ulab ketilgan “munajjim bashorati”dan ko'ra, yaxshi niyat va ishonchga tayangan ma'quldir.
Tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, astronomiya va astrologiya bir vaqtda paydo bo'lgan, faqat antik davrda osmon jismlarini kuzatishning astrologik tomonlari ustun bo'lgan. Quyosh va yorug' yulduzlarning chiqish va botish vaqtlarini aniq hisoblash qishloq xo'jaligi ishlarida va diniy marosimlarni bajarishda katta ahamiyatga ega bo'lgan. Bundan tashqari, kometalarning paydo bo'lishi, yangi va o'ta yangi yulduzlarning chaqnashlari ilohiylashtirilib, ular odamlarning qilgan gunohlari uchun yuborilgan jazo, deb tushunishgan.
Astronomiya tarixiga qarasak, Tixo Brage va Kepler singari buyuk astronomlar ham astrologiya bilan shug'ullanganligiga guvoh bo'lamiz. Bu o'sha vaqtlarda hukmron doiralarning tazyiqi bilan bog'liq bo'lsa kerak. Faqat 1666 yilga kelib, Fransiya qiroli Lyudovik XIV vaziri Kolber tomonidan, Fransiya fanlar akademiyasi xulosasiga asoslanib, astronomlarning astrologiya bilan shug'ullanishini taqiqladi.
Umuman olganda, shuni aytish joizki, astrologiya fan emas, bu g'ayriilmiy, fol ochish kabi odamlarni to'g'ri fikrlashdan chalg'ituvchi, o'ziga emas, boshqalarga ishonishga eltuvchi va oqibatda ichki quvvatni zaiflashtiruvchi amaldir. Astrologiya osmon yoritkichlarining inson taqdiri, tarixiy yoki tabiat hodisalariga ta'siri haqida ko'p va xo'p so'z aytsa-da, buni asoslovchi hech qanday fizik qonunlar va aniq isbotlar mavjud emas. To'g'ri, Oy va Quyosh Yerga gravitatsion ta'sir qiladi. Masalan, Oy dengiz va okeanlar suvlarining ko'tarilishlari va pasayishlarini keltirib chiqaradi, Quyoshdagi portlash jarayonlari esa radioaloqani buzadi, qutb yog'dularini paydo qiladi. Lekin yulduzlar va sayyoralar inson taqdiriga hech qanday sezilarli ta'sir ko'rsatmaydi.
— Qiziqarli va ajoyib ma'lumotlar bilan tanishayotganimizdan mamnunmiz. Endi yana bitta yakuniy savolimiz bor edi. Bugungi kunda va kelajakda astronomlarimiz oldida turgan masalalarni hal etish uchun yosh iqtidorli kadrlarni tayyorlash kerak. Bugun yoshlarning astronomiyaga qiziqishi qanday darajada?
— Ha, albatta, yoshlar orasida astronomiya faniga qiziqish katta. Buning asosiy sababi buyuk bobokalonlarimizning ko'pchiligi, bular orasida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug'beklarning fanga qo'shgan eng salmoqli hissasi aynan astronomiya sohasida bo'lgan. Bu fakt halqimizga g'urur baxsh etadi. Yoshlarimiz ham bundan yaxshi xabardor. 2019 yili Prezidentimiz tashabbusi bilan O'zbekistonda Mirzo Ulug'bek nomidagi maktab-internat tashkil etildi. Ushbu maktab-internatda o'quvchilarni astronomiya, fizika, matematika va informatika fanlariga o'qitishga alohida e'tibor qaratilgan. Maktabdagi zamonaviy teleskop yordamida o'quvchilarga Quyosh dog'lari, Yupiter va uning yo'ldoshlari, Saturn va uning halqalari, Oy va uning kraterlari kabi osmon jismlari namoyish etiladi. Bunday amaliy tadqiqotlarga bolalar juda qiziqadi. Mana, ikki yildan beri o'zbekistonlik o'quvchilar ham astronomiya fanidan xalqaro olimpiadalarga qatnashishni boshlashdi. Yoshlarimiz 2023 yilda 1 ta kumush, 3 ta bronza, 2024 yilda esa 4 ta kumush, 2 ta bronza medalini qo'lga kiritishdi.
Suhbatimizning yakunida shuni ta'kidlab o'tmoqchimizki, muhtaram Prezidentimizning Uchinchi Renessansni barpo etishga qaratilgan buyuk da'vatini amalga oshirish uchun zamonaviy ilm-fan va texnika yutuqlaridan xabardor, chet tillarini mukammal egallagan, bilimli yoshlarni tarbiyalab, voyaga yetkazishimiz kerak. Yanada muhim shart shuki, yangi kashfiyotlar qilish uchun ularga zaruriy ishlash sharoitlari, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan laboratoriyalar tashkil qilib berishimiz kerak. Bundan tashqari, Maydanak va Jizzaxdagi Suffa observatoriyalarida fanning eng ilg'or sohalarida tadqiqotlar olib borish imkonini yaratishimiz kerak. Ana shundagina mamlakatimizda Mirzo Ulug'bekning ilm-fan sohasidagi yutuqlarini davom ettiradigan iqtidorli yoshlar yetishib chiqadi.
Suhbatdosh: Gulnora ShERMATOVA.