Hokim va yoshlar uchrashuvi

So'nggi yillarda viloyat va tuman hokimlarining turli soha vakillari yoshlar bilan bevosita muloqot uyushtirishi an'ana tusini olmoqda.

Biroq aksariyat uchrashuvlar muayyan ssenariylar asosida, belgilangan tartibda o'tkazilayotgani ham sir emas. Aytaylik, kimning nimani e'tirof etishi, kimning qanday taklif bildirishi, kimning nimani so'rashi oldindan kelishib olinganday taassurot qoldiradi. Bu holat esa ko'pgina rahbarlarga ham ma'qul kelayotgandek. Zero, bunday tadbirlar ortiqcha gap-so'zsiz o'tadi. Shunday bo'lgach, ortiqcha muammo va tashvishga ham o'rin qolmaydi.

Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyevning 2023 yil so'ngida uyushtirilgan yoshlar bilan uchrashuvi esa samimiy muloqot ruhida o'tib, qizg'in bahs-munozaralarga boy bo'ldi. Yil sarhisobiga bag'ishlangan anjuman avvalida viloyat hokimi tadbir rejalarini boshqa o'zanga burib yubordi. E'tiborlisi, A.Mahmudaliyev xalq xo'jaligining turli sohalarida mehnat qilayotgan, sportda muvaffaqiyat qozonayotgan, san'atning turli yo'nalishlarida ijod qiladigan yoshlarning ism-shariflarini aytib, har biriga alohida murojaat qildi. Ularni qiynayotgan muammolar va ularni bartaraf etish borasida qanday takliflar bera olishi bilan qiziqdi.

— Bugungi yoshlar barcha sohalarda, xususan, tadbirkorlik, ilm-fan, hunarmandchilikda o'zlarining salmoqli o'rniga ega, – deya ta'kid­ladi viloyat hokimi. Ular o'z sohalari rivojiga hissa qo'shish bilan bir qatorda viloyat iqtisodiyotini harakatga keltiruvchi kuchga aylanmoqda. Yangi yildan yoshlar bilan har oyda ikki marotaba uchrashuvlar tashkil etiladi. Bu uchrashuvlarda ularning takliflari ting­lanib, mavjud muammolariga yechim topiladi.

Tadbir qatnashchilaridan biri bolaligidan rassomchilik bilan shug'ullanuvchi Karomat Umarova yaqinda tashkil etilgan Inklyuziv auksionda rasmlar kompozitsiyasi bilan qatnashgani, asarlari 3 500 000 so'mga sotilganini aytib o'tdi. Respublika miqyosida o'tkazilgan tanlovda ishtirok etib, 1-o'rinni olganini ham qayd etdi.

Viloyat hokimi Karomat singari metin irodasi, tog'dek bardoshi bilan shunday san'at asarlarini yaratib kelayotgan iste'dodli yoshlarning ijod namunalarini xalqaro tanlovlarga jo'natish choralarini ko'rish borasida mutasaddilarga ko'rsatma va topshiriqlar berdi.

Eng muhimi, tadbir davomida hech kimning taklif va mulohazalari bee'tibor qolmadi. Yaqinda IELTS sertifikati olgan yoshlar o'z fikrlarini ingliz tilida bildirishdi. Bunga javoban viloyat hokimi ham barchani hayratda qoldirib, xorijiy tilda javob qaytardi. Bu esa navqiron avlod vakillarining chet tillarini o'rganishga bo'lgan qiziqishini orttirishi shubhasiz.

Shundan so'ng o'tgan yili ilm-fan, madaniyat, ta'lim, san'at, sportda yuksak marralarga erishgan yoshlar qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi. Yoshlar bilan doimiy, tizimli hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ygan  tashkilotlarga pul mukofotlari topshirildi. Xususan, inklyuziv auksion ishtirokchisi Karomat Umarova hamda yosh dasturchi Miraziz Narziqulov viloyat hokimining maxsus sovg'asi bilan taqdirlandi.

“Yoshlar markazi”da tashkil etilgan ko'rgazmali chiqishlar va navqiron avlod vakillari tayyorlagan amaliy san'at namunalari ham yig'ilganlarda iliq taassurot qoldirdi.

Bahrom BOYMURODOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 2 =