“Bizning bor-yo'g'imiz —ijodimiz”

Samarqanddagi dilkash davralarda aytilgan so'z shunday bo'ldi

 

O'tgan hafta Samarqandda O'zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A'zam, O'zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulov ishtirokida ijodiy uchrashuvlar o'tkazildi.

Samarqandga katta ijodkorlar, taniqli adiblar muntazam kelishadi va tez-tez adabiy-badiiy kechalar, mushoira va ijodiy uchrashuvlar tashkil etiladi. Bu ushbu tabarruk zaminning azaldan madaniyat, ma'rifat maskani ekani, ko'plab olimu fozillar, ijodkorlarga beshik bo'lgani hamda yuksak ilmiy va ijodiy muhiti, adabiyotga, so'zga mehr-muhabbat sifatida shakllangan an'analari bilan bog'lanadi.

Birgina keyingi o'ttiz-qirq kun ichida Samarqandda Abu Abdullo Rudakiy   va Abulqosim Firdavsiy haykallari o'rnatilib, adabiy kechalar tashkil etildi, qoraqalpoq adabiyoti kunlari o'tkazildi, “Samarqandnoma” dostoni va yana o'nga yaqin kitob taqdimotlari uyushtirildi.

Bugungi o'zbek adabiyoti, jurnalistikasining darg'alari bilan bo'ladigan bu galgi uchrashuvlarga ham qiziqish katta edi, “qachon, qaerda bo'lar ekan?”, deb so'rovchilar ko'p edi.

Sharof Rashidov nomi bilan ataladigan Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan dastlabki uchrashuvda mahalliy ijodkorlar, universitet professor-o'qituvchilari va talabalari bilan birga viloyatning turli hududlaridan kelgan adabiyot ixlosmandlari qatnashdi.

Uchrashuvda Samarqand ijodiy muhiti va bu yerda kamol topgan ijodkorlar, ularning mamlakatimiz adabiy jarayonidagi o'rni va ta'siri, bugun yetishib kelayotgan iqtidorlar ijodi haqida so'z yuritildi. Aholining, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik mada­niyatini oshirish yuzasidan fikrlar bildirildi.

– Elimizning eng katta boyligi – adabiyotimiz, bizning bor-yo'g'imiz esa ijodimiz. Shu orqali xalqimizga xizmat qilamiz, kitobxonlar qalbiga ezgu g'oyalarni singdirishga intilamiz – dedi yozuvchi Erkin A'zam. – Adabiyotning qudrati ham shunda. To'g'ri, bugun zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlandi, keng ommalashdi. Axborot olish va tarqatish imkoniyatlari ko'paydi. Ammo hech qanday texnika, texnologiya yordamida insonning tafakkurini boyitib, dunyo­qarashini kengaytirib bo'lmaydi. Bu jarayon faqat fikrlash orqali, o'qish, uqish orqali amalga oshadi. Buni esa adabiyot bajaradi. Kitob u qog'oz holida bo'ladimi, elektron shakldami ijod mahsuli, fikr­lar, qarashlarning qaymog'i. Badiiy asar bilan odamlarni tarbiyalash, to'g'ri yo'lga boshlash, hech bo'lmaganda yon-atrofidagi voqea-hodisalardan xulosa qilib, o'z yo'lini topishga undash mumkin. Adabiy jarayon shunisi bilan xarakterli, shunisi bilan muhim.

– Samarqand zamini tarixiy ulug'vorligi va buyuk allomalarga beshik bo'lgani bilan ijodkorlarga o'zgacha ilhom bag'ishlaydi, – dedi shoir Usmon Azim. – Har gal bu yerga kelganimda ko'nglimda yangi asarlar uchun g'oyalar tug'iladi. Keyingi yillarda viloyat yoshlari orasida adabiyot olamiga ildam qadamlar bilan kirib borayotgan yigit-qizlarning ko'pligini ko'rib, ularning ijodini kuzatib, quvonaman. Ularning she'rlaridagi tashbehlar, orginal topilmalar kishini o'ylantiradi, hayratga soladi. Shuning uchun bu yerda ijodiy uchrashuvlar, mushoiralar o'tkazish hamma vaqt zavq beradi.

Uchrashuvda Urgutda tug'ilib o'sgan va poytaxtda turli mas'ul vazifalarda ishlagan taniqli yozuvchi Mamatqul Hazratqulovning ijodi, keyingi yillarda chop etilgan kitoblari haqida ham so'z yuritildi.

– Biz uchovlon Samarqandga adabiyot, ijod haqida suhbatlashish uchun kelganmiz. Buni bizni Samar­qandga taklif qilgan Mamatqul aka yo'l davomida ham qayta-qayta ta'kidlab keldi, – dedi Erkin A'zam. – Lekin men suhbatlarimizda shu zaminning farzandi, ko'p yillar mas'uliyatli vazifalarda ishlagan va ayni chog'da mamlakatimiz madaniyati va san'atini targ'ib qiluvchi “Guliston” jurnaliga rahbarlik qilayotgan Mamatqul Hazratqulov haqida ham gapirishimiz kerak deb hisoblayman. Chunki safdoshimiz bu yil 75 yoshga to'ldi. Men Mamatqul aka bilan turli idoralarda birga ishlaganman, ijod olamiga birga qadam tashlaganmiz, bir-birimizning yozganlarimizning ilk o'quvchilari bo'lganmiz. Bu insondagi yuksak bilim, so'zga e'tibor, mas'uliyatlilik va kamtarlik fazilatlari hamma vaqt meni hayratga solgan va o'z navbatida havas qilganman. Mamatqul aka shunday insonki, o'ziga topshirilgan vazifani bajarmaguncha halovat nimaligini bilmaydi, har bir ishni chin dildan, vijdonan qiladi. Shu sababli mamlakat ijtimoiy hayotida o'z o'rni bor. Mas'ul vazifalarda ishlagan paytlarida ham ijod qilgan bo'lsa-da ularni to'plab kitob holida chop etishdan vaqtini qizg'andi. Mana endi bugun o'sha asarlarni birma-bir kitob qilyapti, yaxshi-yaxshi asarlar yozyapti, tarjima qilyapti. Birgina shu yilning o'zida to'rtta kitobi chop etilmoqda.

Mamatqul Hazratqulov do'stlarining tabrik va e'tibori uchun minnatdorlik bildirib, mazkur uchrashuvlarning tashkil etilishi tarixiga to'xtaldi.

– O'tgan yil may oyida Urgut tumani hokimligi taklifi bilan bir guruh ijodkorlar, olimlar tumandagi mahallalar va ta'lim muassasalarida uchrashuvlar o'tkazgandik, – dedi M.Hazratqulov. – Ana shu safarimiz chog'ida Jomboy tumani hokimligi ham bir madaniy-ma'rifiy tadbiriga taklif qildi. Bordik, jomboylik ijodkorlar, yoshlar bilan uchrashdik, suhbatlashdik. Uchrashuv chog'ida tuman ijodkorlarining “Umid” adabiy to'garagi a'zolari meni ushbu guruhning navbatdagi mashg'ulotlarida qatnashishga taklif qilishdi. Rozi bo'ldim va shu yilning mart oyida Samarqandga kelganimda Jomboyga borib “umid”chilarning galdagi uchrashuvida ishtirok etdim. Shu uchrashuv chog'ida yosh ijodkorlar mendan do'stlarimiz – Erkin A'zam va Usmon Azim bilan ijodiy uchrashuv tashkil etishda yordam so'rashdi. Men ularni Jomboyga olib kelishga va'da berdim. Keyin bu taklifni ularga aytganimda rozilik bildirishdi. Ammo bu va'dani bajargunimcha olti oy vaqt o'tdi. Chunki bu vaqt orasida Samarqand juda katta xalqaro tadbirga tayyorgarlik ko'rdi, viloyatda katta qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Butun mamlakatning, dunyoning nigohi Samarqandda bo'ldi. Shukur, ShHTning Samarqand sammiti yuksak saviyada o'tdi. Mana, nasib qilgan ekan, va'dani bajarishga imkon tug'ildi. Lekin Samarqand viloyati hokimligi, O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari viloyat bo'limlari faqat Jomboyda emas, Samarqand shahrida ham adabiy kechalar tashkil etish taklifini bildirdi.

Uchrashuvda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari X.Bobomurodova, F.Toshev, adabiyotshunos olim H.Umurov elimiz ardog'idagi ijodkorlar asarlari, ularning ijodi haqida fikrlarini bildirdi.

Bunday uchrashuvlarda, tabiiyki, yoshlarning savollari ko'p bo'ladi. Bu gal ham talabalar, yosh o'qituvchilar ijodkorlarning yoshligi, ustozlari, o'qigan kitoblari, eng birinchi asarlari, bugungi yosh shoir va yozuvchilar haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

— Hech kim onadan shoir yoki yozuvchi bo'lib tug'ilmaydi, — dedi M.Hazratqulov. — To'g'ri, tug'ma iste'dod bo'lishi, boshqalardan ajralib turadigan iqtidor bo'y ko'rsatib turishi mumkin, lekin iste'dod asosan, o'qish, izlanish, mehnat orqali yuzaga chiqadi. Balki ayrim kasb yoki sohada birovning yordami, daldasi bilan biror natijaga erishish mumkindir, ammo ijodda o'zingiz harakat qilmasangiz, o'zingiz intilmasangiz, har bir fikrni, so'zni yurakdan yozmasangiz adabiyotda o'rningizni topishingiz mushkul. Bugun imkoniyati bo'lgan har bir odam kitob chiqaryaptiku, deyishingiz tabiiy. Ha, kitob chiqaryapti, biroq bu kitoblarni kim o'qiyapti, bunday “asar”larning umri qancha? Gap kitob chop etishda, davralarda chiroyli gapirishda emas, odamlarning ko'ngliga kirib boradigan, ularga saboq beradigan, ta'sir qiladigan umrboqiy asarlar yozishda, xalqning yuragidan joy oladigan ijodkor bo'lishda.

Jomboy tumanida yaqinda foydalanishga topshirilgan kinoteatrda o'tkazilgan uchrashuv, “Umid” to'garagi a'zolari bilan suhbat ham ustoz ijodkorlarning o'ziga xos mahorat sabog'iga aylandi. Tadbir davomida jomboylik iste'dodli yoshlar ulardan o'zlarini qiziqtirgan ko'plab savollariga javob oldi.

Samarqand viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o'rgatish milliy markazida esa o'qituvchilar bilan uchrashuvda pedagogning kitobga mehrini oshirish, aholi o'rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishda ustozlarning roli katta ekanligi alohida qayd etildi. Muallimning ijodkor tayyorlashdagi mahorati haqida alohida so'z yuritildi. Mazkur uchrashuvda viloyat hokimi E.Turdimov ham ishtirok etdi va ijodkorlarning fikrlarini qo'llab-quvvatladi.

— Muallim mahalladagi ziyolilarning ziyolisi hisoblanadi. Odamlar uning yurish-turishidan, suhbatidan ibrat oladi, — dedi E.Turdimov. — Muallim deganda, ayniqsa, keksa avlod, qo'lida doimo kitob ushlab yurgan kishini tasavvur qilgan. Bugungi muallim o'z nomiga, maktablarda yaratilayotgan sharoitga, ko'rsatilayotgan ijtimoiy himoyaga munosib bo'lish barobarida globallashuv jarayoni talablarini ham his qilishi zarur. Shogirdlariga bilim berishda fidoyilik qilayotgan va ibrat bo'layotgan muallimlarga havas qilaman.

Poytaxtdan kelgan mehmonlar uchrashuv va ijodiy kechalar bilan cheklanmay, “Buyuk ipak yo'li” xalqaro turistik markazi, Imom Buxoriy majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar. Muqaddas qadamjolar ziyorat qilindi. Muhimi, ularning har bir muloqoti ishtirokchilar uchun chinakam dars, saboq bo'ldi.

G'olib HASANOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − 9 =