Olim va tarjimonning mehnati va zahmati
Qo'limizda “Zahiriddin Muhammad Boburning “Hikmatlar” (Toshkent, “Adabiyot”, 2022) kitobi bor. Kitobning yuzida “Hikmatlar” so'zining o'zbekcha va olmoncha ifodasi berilgan.
Kitob taniqli olim Vahob Rahmonovning “Fikrchan she'riyat va hikmatomuz nasr” nomli o'n bir betlik o'zbek va nemis tillarida yozilgan maqolasi bilan boshlanadi. Bu nashrdan Zahiriddin Muhammad Boburning o'zbek va nemis tillaridagi 280 ta hikmatli so'zlari o'rin olgan.
Bu kitobga baho beradigan odam: “Ha, Bobur hikmatlarini Mirzaali Akbarov nemischaga tarjima qilgan. Vahob Rahmonov bu haqda maqola yozib beribdi-da”, deb o'ylaydi. Chunki kitob boshida Bobur rasmi va orqasida tarjimon surati berilgan.
Avvalo, shuncha hikmatlarni nemis tiliga sidqidildan o'girgan Mirzaali Akbarovga rahmat deymiz. O'zbek kishisi shahanshoh Bobur so'zini nemis tiliga qotirib, yaxshi o'girgani qanday yaxshi! Yana qarangki, farg'onalik shahanshoh Boburni farg'onalik ziyoli Mirzaali Akbarovning nemis tilida talqin qilgani undan-da ajoyib! Ayniqsa, olmoncha matniga potsdamlik nemis olimi Iris Berntning muharrirligi nur ustiga nur bo'lgan. Tarjimonlik mas'uliyati juda o'rniga qo'yilgani shundan ham yaqqol namoyondir.
Men nemis tilini bilmaganim sababli mazkur kitobdan o'rin olgan o'zbek tilidagi matnlarni o'qib huzurlandim. Negaki, ushbu mo''jaz kitobdagi Bobur ijodiga tegishli barcha gaplar va baytlarni zukko olim Vahob Rahmonov tanlagan. U Zahiriddin Muhammad Bobur “Kulliyot”ining olti jildini satrma-satr, so'zma-so'z o'qib, Bobur hikmatlarini saralab-tergilab yozib chiqqan, so'ngra eski o'zbek va fors tilidagi bu nasriy va she'riy jumla va misralarni hozirgi o'zbek adabiy tiliga tabdil etgan. Boshqacha aytganda, Boburning hikmatlarini zamonaviy tilimizda qayta talqin qilib chiqqan. Vahob Rahmonov oltita 500 betlik kitobni, ya'ni 3000 sahifa matnni sinchiklab o'qib, go'yo dengizga sho'ng'ib 280 ta gavharni topib chiqqan…
Qolaversa, bu hikmat gavharlarini zargarona mehnat evaziga har biriga ishlov berib, ularni hozirgi tilimizga moslashtirib tayyorlagan.
Lekin negadir “S” belgisida, ya'ni muallif yoziladigan joyda M.Akbarov deb yozib qo'yilgan, xolos. Go'yo Vahob Rahmonov kitobda mehmonday.
Biz ana shu manzaradan kelib chiqib, ushbu kitobning dunyo yuzini ko'rishida Vahob Rahmonovning ham zahmatli, olimona mehnati borligini o'rganishga harakat qildik. Va bu mehnatni matnni olmon tiliga o'girgan tarjimon faoliyati zahmati yoniga qo'yib ko'rmoqchi bo'ldik. Xo'sh, kuzataylik-chi, Vahob Rahmonov nima ish qilgan-u, Mirzaali Akbarov ne mashaqqatlarni chekkan ekan?
Fikrimiz quruq bo'lmasligi uchun kitobdagi bitiklardan bir-ikki misol keltiramiz. Masalan, Zahiriddin Muhammad Boburning quyidagi:
G'aflat uyqusidan uyg'on gar tilar bo'lsang murod,
Kim yetar maqsadga har kim bo'lsa u uyg'oqroq.
(“Hikmatlar”, 43-bet)
Yoki:
Garchi zohirda to'g'ridekdur nafs,
Jisming uyida o'g'ridekdur nafs.
(“Hikmatlar”, 43-bet)
baytlarida boburshunos olim Boburning hozirgi yoshlar bemalol tushuna oladigan gap va baytlarini aslicha qoldirishni ma'qul topgan. Chunki bunda Bobur ovozi va uslubi saqlanadi.
Olim Bobur asliyatini saqlagan holda bir yoki ikkitagina eskirgan — arxaik so'zlarni hozirgi so'zlar bilan almashtiradi, xolos:
Davlatga yetib, mehnat elini unutma,
Besh kunlik umringda o'zingni katta tutma.
(“Hikmatlar” 43-bet)
Bu bayt Bobur “Devon”ida quyidagicha edi:
Davlatqa yetib, mehnat elin unutma!
Bu besh kun uchun o'zungni asru tutma.
(Devon, 339-bet)
Boburshunos olim Vahob Rahmonov Bobur baytiga chindan-da zargarona ishlov berganini ko'ramiz: baytga “umr” to'ldiruvchisini qo'shgan, maqsadni aniqlashtirish va kuchaytirish uchun “asru” so'zini “katta” so'zi bilan ifodalagan. Anglaymizki, olim bunda xuddi sharhlovchiday matnga olimona va o'rinli daxl etgan.
Kitobdagi 75-hikmat asliyat “Boburnoma”da qanday edi? Bu kitobda-chi:
Kimki keldi jahonga fano bo'lg'usidur,
Doimo boru bo'lur: Xudo bo'lg'usidur.
(“Hikmatlar” 42-bet)
Ana endi ushbu baytni “Boburnoma”dan ko'chiramiz:
Har ki omad ba jahon ahli fano xohad bud,
On ki poyandavu boqist, Xudo xohad bud.
(Kulliyot, 6-jild, 93-bet)
Ko'ramizki, tarjimon Vahob Rahmonov mazkur baytdagi forsiy misralarni o'zbekchalashtirishda matnga Bobur davri turkiy til shirasini ham berish payida bo'lib, “bo'lg'usidur” so'zini kiritgan.
Yana bir misol:
Vahob Rahmonov tubandagi:
Ba nomi nako' gar bimiram ravost,
Maro nom boyad, ki tan margrost,
(Kulliyot, 6-jild, 94-bet)
forsiy baytni quyidagicha shoirona tarjima qiladi:
Yaxshi nom qoldirib o'lsam bo'ladi,
Menga nom kerakli, tanam o'ladi.
(“Hikmatlar”, 42-bet)
Harbiy vaziyatda yov izquvarlari Bobur uxlab yotgan “Osoyish” kemasiga tunda pisib chiqayotganlarida shahanshoh tansoqchilari ularga qarshi tashlanishadi. Muqarrar o'limdan najot topgan Bobur bir forsiy hikmatli baytni eslaydi:
Agar tig'i olam bijunbad zi joy,
Naburrad rage to naxohad Xudoy.
(Kulliyot, 6-jild, 184-bet)
Ushbu bayt Vahob Rahmonov tomonidan shoirona o'zbekchalashtiriladi:
Agar olam tig'i qo'zg'alsa joydan,
Bir tomir kesolmas iznsiz Xudoydan.
(“Hikmatlar”, 40-bet)
Bobur she'riyati o'ynoqi ohangi, so'zlarining ommabopligi bilan ajralib turadi. Ammo yuksak axloqiy va falsafiy fikrlar ifodasida mumtoz shoir Bobur kitobxonga qiyin tuyuladigan u yoki bu so'zni ham (masalan, maosiy) qo'llab yuboradi:
Oludai yuz tuman maosiy bo'lmoq,
Yuz ranju tuman azob xosi bo'lmoq.
Ko'p yaxshi ekin ahli xiradning qoshida
Kim, og'ritibon atoni osiy bo'lmoq.
Bu ruboiyda “oluda”, “ranj” va “xirad” forsiy so'zlari ham o'zbek kitobxoni uchun tushunilishi mushkul bo'lgan tushunchalardir.
Tabdilchi olim Vahob Rahmonov otaday muqaddas zot hurmatini saqlashga chaqirilgan Boburning ushbu hikmatomuz ruboiysini osongina tushuniladigan qilib nasrda tarjima qilib beradi: “Yuz minglab gunohga bulg'anmoq, yuz azobu mashaqqatga mubtalo bo'lmoq — aql taqozosicha: otani ranjitib osiy bo'lishdan yaxshiroqdir”.
Vahob Rahmonov xizmatlarini qayd etar ekanmiz, nega ushbu kitobda uning to'plovchi, nashrga tayyorlovchi va tabdilchi deya ko'rsatilmaganiga, to'g'risi, ajablandik. Bu tasodifmi yoki?..
Bugun biz “Bobur. Hikmatlar” kitobidan 280 ta boburona hikmatlarni miriqib o'qiganimizda, mohir tarjimon Mirzaali Akbarov mehnatlari bilan birga, to'plovchi, tabdilchi va tarjimon Vahob Rahmonov zahmatlarini ham inobatga olsak, adolatdan bo'ladi. Zero, ma'rifat fidoyilarining bunday bebaho xizmatlari uchun tasanno deyishga burchlimiz.
Ushbu kitob nashri bilan bog'liq bo'lgan yana bir xayrli ish shundan iboratki, Bobur “Hikmatlar”ining nemis tiliga tarjima qilish jarayonini nisbatan osonlashtirish va nemis tilidagi tarjimalarning shu tilda gaplashuvchi kitobxonlar qo'liga tezroq yetib borishini tezlashtirish maqsadida Vahob Rahmonov shaxsan tarjimon Mirzaali Akbarovni moddiy qo'llab-quvvatlab, o'z hisobidan ikki million so'm hadya qilibdilar. Demoqchimizki, boburshunos olim Vahob Rahmonovning ilm-ma'rifat yo'lidagi bunday saxovatpeshalik fazilati har jihatdan ibratlidir.
Mazkur maqola yozilib bo'lganda Bobur nomli Xalqaro jamoat fondidan yana bir xushxabar keldi: Bu kitob Farg'onadagi “Alpha Brand” nashriyotida fond homiyligida qayta bosilibdi va Vahob Rahmonovning mualliflik huquqi haqiqati ham tiklanibdi: mazkur kitobga “tarjimon M.Akbarov; to'plovchi va tabdilchi V.Rahmonov” deya ko'rsatilgan.
Yangi nashr qutlug' bo'lsin!
Imomqul NURINOV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.
