O'rtanishlar po'rtanasi

Alisher Navoiy tavalludining besh yuz yilligini nishonlash arafasida hukumat qaroriga muvofiq, shoir asarlarini mufassalroq o'rganish va nashr etish uchun 1939 yili Fanlar akademiyasi qoshida “Navoiy qo'mitasi” tuziladi. Qo'mitaga turli viloyatlardan mumtoz adabiyot bilimdonlari jalb etilib, Toshkentga chaqiriladi. Ajabki, ularning aksariyati andijonlik edi: Mahjuriy, Habibiy, Anisiy, Sayfiy va boshqalar… Bu bejiz emas. Andijon elida azaldan adabiy muhit, aruz maktabi rivoj topgan. Navoiy, Bobur ruhiga yaqinlik bir boshqacha. “Navoiy lahjasida so'zlagan Andijonsan”, deganda Abdulla Oripov ham xuddi shu omillarni ko'zda tutgan, albatta.

Elliginchi-oltmishinchi yillarga kelib esa Vosit Sa'dulla, Ulfat, Amonulla Valixonov (Boqir), Hayitboy Azimiy, so'ngroq Olimjon Xoldor, To'lan Nizom, Yolqin (Huriboy Mirzakarimov), Qobil Mirzo, Habibullo Isomiddinov, Suhayliy, Najotiy, Abdug'ulom Abdug'ani o'g'li, Muzaffar Ja'far singari yana bir avlod g'azalxonlar qalam surdilar.

Bugun ham Andijonda bir necha ijodiy to'garak, fayzli adabiy davralar bor. Yana ahamiyatlisi, bu davralarning negizida g'azal — Lutfiy va Navoiydan, Bobur va Fuzuliydan, Muqimiy va Furqatdan, G'afur G'ulom va Erkin Vohidovdan meros, ammo har bir qalbning muhabbati bilan yangilanib kelinayotgan adabiyotimizning bu ko'hna janri balqib turadi. Olimjon Rahimiy, Farid Usmon, Nusrat Abdusalom, Qamchibek Kenja, Munavvara Tillaboyeva, Zamira Ro'ziyeva, Mo'min Sattor, Bahodir Andijoniy, Avaz Abdusalom, Orifjon Meliyev, Ro'zixon Iminova, Tolibjon Yusufjonov, G'olibjon Ulfat o'g'li, Ravshan Mirzo, Ikrom Asliy kabi o'nlab shoiru shoiralar hozirgi davr Andijon g'azalxonlari safini tashkil etadi. Ular bot-bot uchrashib, ijodiy gurunglarda yo bir piyola choy ustida bir-birlariga “hisobot” berishadi — yangi g'azallar o'qilib, tahlil etiladi. Shuning sharofati bilan bugungi taloto'p bozor zamonida ham Andijon adabiy muhitining qo'ri sovimay kelayotibdi, tafti baland.

Bitilayotgan g'azallarni shunchaki “avvalgilarning davomi” deb qabul qilish noo'rin, ularning har birida yangi fikr, yangicha ifoda bor. G'azalga xos ifor, adabiyot uchun birlamchi shart bo'lgan badiiyat, so'z san'ati bor.

Andijon yozuvchilarining sarmunshiysi Xurshida Vahobjon qizi-ku, avval-oxir g'azal shaydosi, barmoq va aruzdagi bitiklaridan tuzilgan bir necha kitobi nashr etilgan. Buni qarangki, Xurshidaxon g'azalni shunchaki yozmaydi, uning nazariyasini ham bir she'rshunos qatori o'rgangan. Ma'lumki, Navoiyning “Mezonul avzon”, Boburning “Mufassal” asarlari aynan aruz vaznlari tadqiqiga bag'ishlangan. Buyuk salaflarning nevara shogirdi bo'lgan bu shoira ham o'zi yozayotgan har bir bayt qaysi vaznda ekanini yaxshi biladi, natijada ularni qoqinib-turtinmay, ravon o'qiysiz. Shoira zamondosh aruzshunos, akademik Abdulla A'zam bilan ustoz-shogirdchilik, boysunlik iste'dodli g'azalnavis, yosh bo'lishiga qaramay aruz bilimdoni bo'lgan shoir Alisher Muqimov bilan doimiy ijodiy hamkorlik munosabatlarida bo'lishga harakat qiladi.

Shoiraning avvalroq “O'zbekiston” nashriyoti chop etgan “Yangi tong” kitobida har g'azal avvalida uning vazni, taqte'si ko'rsatilganligi o'ziga xos yangilikdek e'tiborimni tortgan edi. To'g'ri-da, kitobxon asarni shunchaki o'qimay, uning shakliy jihatlarini daqiqlashtirishga ham o'tadi. Shoira g'azallari she'rshunoslikda “turkiy aruz” deb nomlanadigan ramal va hazaj bahrining turli vaznlarida, bir-ikki o'rinlarda mutaqorib, sari', rajazda bitilgan.

To'plamdagi g'azallarning fazilatlaridan biri, har bir satrda so'z san'atlaridan mahorat bilan foydalanishga harakat qilingani uchun yangi ma'no yarqirab ko'rinadi. Bunga ham qoniqmay, shoira masnaviyda ham dardli, obrazli tasvirlar yarata olgan, masalan, men uchun bu mutlaqo yangi. O'zi, masnaviy deganda biz voqealar (epik) bayonini tasavvur qilar edik, biroq Xurshidaxon lirik masnaviy bitishni yo'lga qo'yibdi! O'nga yaqin shu yo'sindagi masnaviyning har bir bayti o'zicha tugal bir she'r tarzida yozilibdi. Goho esa bu bitiklar butunlay yangi bir janr darajasiga ham yetadi. Bandlanishi bo'yicha masnaviy tarzidagi she'rlarni avval boshida men to'rtliklardir deb xayol qilgan edim, biroq ular aruzda, o'ziga xos vazndagi ijod namunalari bo'lib chiqdi. Qarang, she'riyatimiz naqadar boy, imkoniyatlari esa qanchalar hadsiz-hisobsiz!

“Vatan mehri” to'plami (“Adabiyot” nashriyoti, Toshkent — 2025)dagi aruziy ash'or yetmish g'azal, sakkizta masnaviy va sakkiz muxammasdan iborat. Ochig'i, ko'p ko'rganmiz, ayrim shoirlar ulug' o'tmishdoshlarining mashhur g'azallariga ne bir jur'at ila taxmis bog'lashga urinishadi, ammo aksar hollarda saviya jihatidan o'sha shoirlar darajasiga yaqinlashmog'i mushkul bo'ladi. Negaki, jo'rovozlik qilmoq uchun g'azalning vazni, qofiya-radiflariga payvastalashdan ham avval, shoir o'sha g'azal yaralgan damdagi holatni yurakdan tuyishi, o'sha dard bilan o'rtanishi, nihoyat… o'sha saviyaga ozdir-ko'pdir yaqinlashishi kerak. Shoiramiz buni qanchalik uddalaganini isbotlashni lozim topmaymiz, kitobxonning o'zi o'qish asnosida bunga amin bo'ladi.

Meni adibaning til boyligi, ayniqsa, xursand qildi. U qo'llayotgan arabiy-forsiy negizdagi ayrim so'zlar hali lug'atlarimizda yo'q. Ammo she'riy matn, go'zal ifodalar bag'rida bu kalimalar o'zbek tiliga bahuzur kirib keladi, shu tariqa so'z boyligimiz orta boradi.

Kitobning ikkinchi yarmida “Mehr” va “Samoyinur” deb ataladigan dostonlar berilgan. “Mehr” so'zi-ku, tushunarli, insonga, tabiatga muhabbat, quyoshdek yog'du sochish, ezgulik ulashish. Ammo “Samoyinur” — eng qimmatbaho gavharning nomi. Samoyinur — Abdulla Qodiriy “O'tkan kunlar” romanida Hasanali ota tilidan aytgan, “juda oz kishilarga muyassar bo'ladigan nozik yurak javhari” — oliy muhabbatdir.

Mening nazarimda, “Mehr” ham, “Samoyinur” ham biz o'rgangan ma'nodagi she'riy dostonlar emas, balki bir-birini to'ldiruvchi lirik qissalardir. Har ikkisi ham shoiraning unsiz hayqirig'i. Mehr ham, ishq ham, azob-iztirob ham, o'kinchu quvonch ham, ta'nayu dashnom ham, odobu hayo ham, ehtiroslar po'rtanasi ham mujassam bo'lgan ularda. Shaklan dostonga o'xshamaydi — katta-kichik turli vazndagi she'rlar. Ammo ularni lirik qahramonning nidolari, xitoblari, faqat daftarga to'ka oladigan armonu iztiroblari birlashtirib, yaxlit asarga aylantirgan.

Bu jihatdan, mazkur ikki asar menga Mirtemirning “Surat” nomli mashhur poemasini eslatdi. Unda ham bir shoir qalbning bezovta urishlari, unsiz fig'onlari, behudud armonlari bor. Farqi — Xurshidaxonning bu she'riy qissalarida ayol zoti qalbidagi inja tuyg'ular zuhur etgan, uning dilida dolg'alangan isyonlar ayol hayosi, nazokati va nafosati bilan payvasta o'laroq barq uradi. Bu dostonlarga kiritilgan she'rlar janr nuqtai nazaridan yanada rang-barangdir.

Fikrlarni dalillash uchun men atayin g'azalu muxammaslardan, dostonlardan misol keltirib o'tirmadim. Zero, kitobxon do'stlarimiz uchun ularni topish inkishof etish zavqini beradi. Xurshida Vahobjon qizining “Vatan mehri” kitobi so'z san'atimizda yangi, ohorli bir so'z bo'ladi, deb ishonaman.

Zuhriddin ISOMIDDINOV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi, adabiyotshunos.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + five =