O'g'rilikni “kasb”ga aylantirgan qallob

Inson bolasi yaxshi tarbiya olib, halol rizq-ro'z bilan yashasa, hurmat-e'tiborga sazovor bo'ladi. Elu xalqning duosini olsa, aslo kam bo'lmaydi. Ana shunday halol, vijdonli insonlar yurtimizda juda-juda ko'p. Ammo ming afsuski, bu hayotda kam bo'lsa ham umrini egrilik yo'liga sovuradigan kimsalar ham uchrab turadi.

Shu ulug' va saodatli kunlarda  ko'ngilni xira qiladigan mavzu haqida, nopok kimsalar haqida to'xtalging kelmaydi. Lekin nachora, buni hayot deydilar. Hayot davom etar ekanki, oq va qora ranglar bo'lgani kabi, jinoyat qilishdan tap tortmaydigan qallob kimsalardan ehtiyot bo'lishimiz lozimligi uchun ham quyidagi voqea to'g'risida so'z yuritdik.

Albatta, halol mehnat bilan topilgan mol-mulkka tajovuz qilish azaldan eng qoralangan illatlardan biri hisoblanadi. Xalqimiz bunday kimsalarni “g'irt o'g'ri” deb atab, ularni ayovsiz qoralagan. Afsuski, bunday illatga mubtalo bo'lganlar orasida tegishli jazodan saboq chiqarmasdan, yana jinoyat yo'lini tanlaydiganlar ham uchraydi.

Quyidagi voqea ana shunday shaxs — tibbiyot muassasalarida mehnat qilayotgan shifokorlarning pulini o'margan qo'li egri kimsa haqida. U o'z jinoyatlari bilan bir necha tibbiyot muassasalarida ishlayotgan xodimlarga katta moddiy zarar yetkazgan.

1983 yilda Sirdaryo viloyatida tug'ilgan Umar Boboyev (ism-shariflar o'zgartirilgan) yoshligidanoq qing'irlik yo'lini tanladi. Xalqimizda “Qon bilan kirgan jon bilan chiqadi”, degan gap bor. Uning hayoti ham shu naqlning tasdig'idek go'yo.

Umar ilk bor 24 yoshida qamaldi. Poytaxtda sodir etgan o'g'riligi uchun jinoyat ishlari bo'yicha Chilonzor tumani sudi hukmiga ko'ra 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Biroq jazo unga saboq bo'lmadi. Ozodlikka chiqqanidan so'ng yana o'g'rilikka qo'l urdi. Oqibatda u turli jinoyatlari uchun olti marta ozodlikdan mahrum etildi va “xavfli retsidivist” tamg'asini oldi.

2025 yil 23 dekabr kuni jinoyat ishlari bo'yicha Olmazor tumani sudida Umar Boboyevga nisbatan yana bir jinoyat ishi ko'rib chiqildi. Bu gal uning jinoyatlaridan jabr ko'rganlar tibbiyot xodimlari edi.

Jabrlanuvchilardan biri Sh.V. sudda quyidagicha ko'rsatma berdi:

— Toshkent davlat tibbiyot universitetida ishlayman. O'g'rilik yuz bergan kuni ertalab soat sakkizlarda ishga keldim. Kiyimlarimni almashtirib, kun davomida o'z ishlarim bilan band bo'ldim. Hamkasbim bilan tushlik qilib qaytganimizdan so'ng, u xonasida pullari yo'qolganini payqab qoldi. Men ham xonamga kirib, kiyimlarim va sumkamni tekshirganimda, 8,5 million so'm pulim yo'qolgani ma'lum bo'ldi.

Shundan so'ng  bu haqda ichki ishlar organlariga murojaat qildik…

Qizig'i, poytaxtdagi tibbiyot muassasalarida sodir bo'layotgan bu kabi o'g'riliklar oradan uch kun o'tib yana takrorlandi. Bu safar manzil — Yashnobod tumanida joylashgan Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tadqiqot instituti edi. Bu yerda ham ikki nafar shifokor pullaridan ayrildi.

Ushbu muassasada ishlovchi shifokor R.M.ning aytishicha, shimi cho'ntagidagi 600 ming so'm, ko'k rangli sumkasida bo'lgan 10 million so'm va 750 AQSh dollari yo'qolgan. U bu mablag'ni qizining kontrakt pulini to'lash uchun o'zi bilan olib kelgan edi. Yana bir shifokor A.B.ning ham 650 AQSh dollari va 1,5 million so'm puli o'g'irlangan. Kuzatuv kameralariga tushib qolgan kadrlardan ma'lum bo'lishicha, o'g'rilik shifokorlar kiyimlarini almashtirib, bemorlarni ko'rikdan o'tkazish uchun palatalarga kirib ketgan vaqtda sodir etilgan.

Umar Boboyev o'g'riliklarni asosan tibbiyot muassasalarida amalga oshirgan. Goh u, goh bu shifoxona “ov” manzili sifatida tanlangan.

Navbatdagi jinoyat o'tgan yilning 10 iyul kuni Yunusobod tumanida joylashgan 1-sonli shahar bolalar klinik shifoxonasida sodir etildi. Bu gal ikki nafar shifokor — A.A. va J.M. nishonga olingandi.

O'shanda kiyim javonidan shifokor A.A.ga tegishli 800 ming so'm pul bilan birga J.M.ning avtomashinasi pulti ham o'g'irlangandi.

Shifokorlar avtoturargohga chiqqanlarida, har qalay, mashina joyida turar, pult esa skameyka ustiga tashlab ketilgan edi. Ular darhol avtomobil salonini ko'zdan kechirishdi: bardachokdagi narsalar sochilib yotar, ichidan J.M.ning 850 AQSh dollari va 3,5 million so'm puli yo'qolgan edi.

Xalqimiz “Buzoqning yugurgani somonxonagacha” deydi. Izquvarlarning tezkor harakatlari natijasida tibbiyot muassasalarida o'g'rilik sodir etib yurgan shaxs qo'lga olindi.

Sud majlisida sudlanuvchi o'z aybiga to'liq iqror bo'lib, o'g'rilik sodir etganini tan oldi, ammo jinoyatlarni aniq qachon sodir etgani va qancha mablag'ni o'g'irlaganini eslay olmasligini aytdi.

Sudlanuvchining qilmishi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi, shuningdek, 25-modda bilan, ya'ni xavfli retsidivist tomonidan takroran o'zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish hamda o'g'rilik jinoyatiga suiqasd qilish sifatida malakalandi.

Jabrlanuvchilardan ikki kishiga yetkazilgan moddiy zarar qaytarilgan bo'lsa-da, to'rt nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar qoplanmadi.

Sud ishning barcha holatlarini inobatga olib, Umar Boboyevni Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq uzil-kesil 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. U jazoni maxsus tartibli koloniyada o'taydi.

Qilmish-qidirmish. Bukrini go'r to'g'rilaydi, deganlaridek, nahotki o'g'rilikdek qora illat, jinoyat yo'lidan qaytmagan bu kimsa bu qilig'ini tashlay olmasa? O'g'rilik bilan qachongacha hayot kechiradi? Baribir, bu og'ir gunoh javobsiz, jazosiz qolmaydi. Shuning uchun ham oltinchi bor panjara ortiga ravona bo'ldi. Eng yomoni, bu dunyodagi jazolarni-ku o'tar, ammo kun kelib umri poyoniga yetgach, bu odam bolasi chin dunyoda, oxiratda qilmishiga qanday javob berarkin?

Abror SAIDOV,

Jinoyat ishlari bo'yicha

Olmazor tumani sudi raisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + nineteen =