Ko'ngli qattiqlik bilan kelmagay mehru sharaf

Suyundik MUSTAFO

Muallif haqida:

Suyundik MUSTAFO (Mustafoyev) 1950 yil Navoiy viloyati Nurota tumanidagi Chashma qishlog'ida tug'ilgan. 1972 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi O'zbekiston milliy pedagogika universiteti)ning o'zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan.

Ish faoliyatini Nurota tumanidagi 10-maktabda boshlagan. Tumandagi “Nurnoma” gazetasi tahririyatida, Navoiy viloyati televideniesida va Toshkent shahridagi “Sano-standart” nashriyotida mehnat qilgan.

Ko'plab she'riy va nasriy kitoblari nashr etilgan.

Ijodkor O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

 

Vatandin yaxshi yor yo'qdir

 

Vatandin yaxshi yor yo'qdir, demush oqil, bu hikmatdir.

Kimiki anglamish haq rost muhabbatdin muhabbatdir.

 

Chaman bog'lar aro tanho bir gulshanki tengsiz ma'vo,

Fido bo'lsa aqli raso muhabbatdin muhabbatdir.

 

Ona diyor bag'ri bo'ston, olamaro gul, guliston,

Havas etsa jumla jahon muhabbatdin muhabbatdir.

 

Oftob guvoh, zamin ogoh, moziyi bor mangu sado,

Har ibtido, har intiho muhabbatdin muhabbatdir.

 

Bunda yashar alpomishlar, olamni qamrab olqishlar,

Bahorga aylangan qishlar muhabbatdin muhabbatdir.

 

Aytsam ado bo'lmas doston, ziyo sochar ilmu irfon,

Nisb dunyoga Sohibqiron muhabbatdin muhabbatdir.

 

Istiqloli nurli dunyo, rahnamosi ulug' daryo,

Bor olamni etmish shaydo muhabbatdin muhabbatdir.

 

Ey Suyundik, yayra, shod bo'l, diyoringdan aylan, o'rgil,

Bu gulshanda har bir bulbul muhabbatdin muhabbatdir.

 

Bo'lmasa

 

Olimu donish bo'lurmi, so'zida hikmat bo'lmasa,

Sohibi davlat bo'lurmi, o'zida himmat bo'lmasa.

 

Savlatu kelbat ila har kim erurmi pahlavon,

Gar kurash maydonida quvvat, matonat bo'lmasa.

 

Har maqomu nag'maning aslida afsun bo'lur,

Oqibat misdir ishi, siru sinoat bo'lmasa.

 

Izhori til birla har kim et emas, tirnoq emas,

Gar ko'nglining qatida taftu harorat bo'lmasa.

 

Bir kelib bir ketguvchi omad misoli seldurur,

Hoydan kelgan huyga ketgay mislida mehnat bo'lmasa.

 

Ko'ngli qattiq kimsadin kutmagil aslo samar,

Ibtido ne, intiho dilda harorat bo'lmasa.

 

Har peshayu har maqomda aytganing bori bekor,

Der Suyundik, javharingda iymon salomat bo'lmasa.

 

Ochilmagay

 

Besababdin besabab baxtu yo'l ochilmagay,

Besababdin besabab qulfi dil ochilmagay.

Qasdu jon aylab talab ozor uchun tish qayrasang,

Bir kuni yetsa pushaymon ko'ngil guli ochilmagay.

 

Ey jigar, har ma'nida go'l bo'lmagin, qul bo'lmagin,

Kelsa omad hansirab, gohi o'ng, gohi so'l bo'lmagin.

Ertada nedir nasib, bugunni o'lchov anglama,

Toshga tegmay gohi bosh aql ko'zi ochilmagay.

 

Kim kelib, kim ketmadi, nom qoldi-yu, jon qolmadi,

Desa bo'lmas ul so'znikim, sultonda armon qolmadi.

Dil ozordan el bezordir, ko'hna haqiqatdir azal,

Qulf tushsa ko'ngilgakim, zangdir yo'li ochilmagay.

 

Har qachon yodingda tut otang uyining tarzini,

Singdir jon qulog'ingga, onaning malham sasini.

Tortsalar o'zni nari, begonadek jigarlaring,

Ta'nayu dashnom sabab, izzat dili ochilmagay.

 

Aytdilar pandu nasihat, qancha donoyu oqil,

Do'st bilan obod uying, muhtaramdir bu naql.

Qilcha bo'lsa kim xatosi filcha ta'rif aylasang,

Holingga hamroz bo'lib, ko'pning qo'li ochilmagay.

 

Ey Suyundik, so'z cho'zmagil, kimsalar dashnom etar,

Mo'ljalga tegsa yetib, kim birlari tosh ham otar.

Ma'qulu xush ko'rganlar, do'stu yoriga eslatar,

Dilga dildosh bo'lmasa, dil daftari ochilmagay.

 

Vaqtinchalik

 

Jismu jon boqiy emasdir, umru xayol vaqtinchalik,

Mubtalo bo'lma safoga, hasbu hol vaqtinchalik.

To'ymagan ko'z to'ymagay, gar tuproq to'ldirmasa,

Uchma mansabu amalga, bardor-bardor vaqtinchalik.

 

Har ma'nida misli tulki ag'yorlardan bo'l nari,

Ko'nglingga tosh otg'uvchi bedodlardan bo'l nari.

Qadringga yetmasdan aslo mehru muruvvat kutmagin,

Aylagil sabru toqatkim yo'g'u bor vaqtinchalik.

 

Donishu hikmat talabsan, zahmatin zimmangga ol,

Rahnamo ustoz talabsan, pandini ko'ksingga sol.

O'qimoq birla uqmoqlik kelmasin aslo malol,

To'rt mucha sobit emas, ham nisor vaqtinchalik.

 

Kimsalar ko'z-ko'z qilurlar mavqeyu ikromini,

Omadu baxt deb bilurlar maishat, oromini.

Soyasida soyalab bir nomdorning nomini,

Soyalar bo'lgay sabil, ilmu amal vaqtinchalik.

 

Ta'ma birla hech qachon dilingni pora aylama,

Oldi-berding fosh bo'lib, yuzingni qora aylama.

Hiylai nayrang bilan o'zingni dono aylama,

Nuqsu nuqson birla topgan amvol vaqtinchalik.

 

Kasbu kor aylab dilingdan bo'lgil azizu muhtaram,

Sohibi tujjor bo'lib, top haloldin bu — karam.

O'g'ri-kazzoblik ila bo'lma bir kun muttaham,

Harom-harishli molu davlat vaqtinchalik.

 

Der Suyundik, ahli donish nafsiga qul bo'lmag'ay,

Sotmagay, sotilmagay, goh o'ngu goh so'l bo'lmag'ay.

Nomusu orli bo'lar, nafsiga hech qul bo'lmag'ay,

Shul erur mangu haqiqat, amal-taqal vaqtinchalik.

 

Yongay

 

Saning vasfingni yod etsam, umid ichra azob yongay,

Visoling vasliga tashna ko'zim ichra qaroq yongay.

 

Tunu kunimda yo'q orom, ichu tashimda yo'q marom,

Boru zorim bayon etsam, ohim ichra firoq yongay.

 

Kimiga dil ochib so'rmay, bilmaganim bilolmaslar,

Alam olti bo'lib nogoh, savol ichra so'roq yongay.

 

Bo'lib-bo'lmas aytur ag'yor, bo'lolmasman anga guftor,

Nadomatdan chekib ozor, qoshlar ichra qaboq yongay.

 

Umid bir yon, sukut bir yon, taqdir ishin bilib bo'lmas,

Turfa xayol, turfa o'yda sohil ichra qirg'oq yongay.

 

Layli birla Majnun holi, derlar oshiqlik timsoli,

Alar kimu men kimdirman, sirlar ichra saboq yongay.

 

Ey, Suyundik, umidsizlik, yodingda tut, shayton ishi,

Haqdin nuri imdot yetsa, ko'ngil ichra chiroq yongay.

 

Borodur

 

Bir-birini quvlashib kunlar o'tib borodur,

Sirlarini sirlashib tunlar o'tib borodur.

 

Tong otaru kun botar ko'zni ochib yumguncha,

Xirgoyisi xirillab umr bitib borodur.

 

Tutqich bermay xayollar, oshib-toshib savollar,

Alik kutgan salomlar dilni sitib borodur.

 

Ko'ngilga gul ekmoqqa xohish boru amal yo'q,

Hayron bo'lib hayrati karvon ketib borodur.

 

Haqligiga talashib yoqa vayron qanchalar,

G'anim bo'lsa xaridor do'stlar sotib borodur.

 

Ey Suyundik, ogoh bo'l, umr behud to'kilmay,

Fursatni boy berganlar yoqa tutib borodur.

 

Bilgil

 

Dilimni bilmasang, bilgil, menga asling latofatdir,

Ajab xulqu xayolingga jamoling chun mukofotdir.

 

Na qildim axtarib ra'no, o'zing tamomi bo'stonsan,

Namozshomgul etar tasdiq, har tong holi xijolatdir.

 

Bo'yingki anbaru mushkdir, huri g'ilmon havas aylar,

Mastu behush etur atri, bamisli bo'yi jannatdir.

 

Shamsu qamar toqi ko'kda, osmonimda oyu kun san,

Ko'nglim ravshanligi shundan, menga oliy inoyatdir.

 

Xayol aylab visolingni ko'zimni xoblar tark etmush,

Bo'lib Bahromning qurdoshi, tunu kunim hikoyatdir.

 

Mashrab holiga tushibman, ikki olamga sig'masman,

Nazora etmasang armon ikki dunyo qiyomatdir.

 

Umidimdir sani vasling, abasdir o'zgasi, ey yor,

Suyundik zoru mushtog'ing, bu baxt unga saodatdir.

 

Paydo

 

Agar holingga mag'rursan, bo'lur xulqda havo paydo,

Kibr erur kori abas, qilur har dam xato paydo.

 

O'zingni osmona chog'lab, o'zgani qadri past bilsang,

Sodir bo'lg'ay malomatlar, bo'lur ortdan balo paydo.

 

Shaytoniy hasad birlan, bo'lma la'natga mubtalo,

Misli Qobil o'z-o'zingdin bo'lg'usi qazo paydo.

 

Qancha ersa zo'ru zaring, tarozida kirdikoring,

Kishi molini yebsanki, qilar bir kun jazo paydo.

 

Etdim demay ko'k toqiga, yer chohidan xabardor bo'l,

Qorun umridan ol ulgi, qilar bir kun nizo paydo.

 

O'zingni avliyo bilma, hikmat koniga yetdim deb,

Bosh ko'tarsa ahli tuproq bo'lar cheksiz g'avg'o paydo.

 

Oyoq ostidayu zamin, ichu tashi ganjina pok,

Ey Suyundik, ushbu ibrat etsin senda sado paydo.

 

Yo'qlamas

 

Bu tiriklik shevasida mushkulni oson yo'qlamas,

Haq so'zing bo'g'zingda bo'lsa, rostingni yolg'on yo'qlamas.

 

Har murodu maqsadingda o'zgaga etma jabr,

Tegsa qarg'ish gar nishonga anda Luqmon yo'qlamas.

 

Mard esang etgil vafo, bo'lma quruq ko'ngil furush,

O'ylama, bir kun kelib ta'nayu dashnom yo'qlamas.

 

Nokasu nodon bilan bo'lsang agar sirdosh, yaqin,

Aqrabo qochgay yiroq, xeshu qadrdon yo'qlamas.

 

Donayu tanho sanab, bo'lma o'zingga mahliyo,

Oqibat yolg'iz qolursan, nomingni inson yo'qlamas.

 

Ko'ngli qattiqlik bilan kelmagay mehru sharaf,

Lutfu ehson yetmasa, nomingni mehmon yo'qlamas.

 

Ey Suyundik, bilmasa qadringni gar do'st tutganing,

Kech agar sulton esa, so'ngida armon yo'qlamas.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − three =