“Mahorat maktabi”dan boshlangan ijod

Bugungi jurnalistika axborot olamining globallashuvi bois, o'quv-ta'lim jarayonini nazariy ma'ruza va amaliy mashg'ulotlar uyg'unligida olib borishni taqozo etmoqda. Bo'lajak kasbdoshlarimiz eng avvalo qalam tebratishga, fikrni lo'nda va aniq ifodalashga, yangiliklarni qisqa satrlarda aks ettirishga o'rganishlari kerak. Bunga birdaniga erishib bo'lmaydi. O'quv jarayonida qo'shimcha ravishda tahririyatlar faoliyati hamda taniqli jurnalistlar mahoratini o'rganish, matbuotda e'lon qilinayotgan maqolalarni sinchiklab o'qish, tahlil qilish tufayli qo'llari biroz kelishib qolgan talabalarga alohida e'tibor berish, ularni rag'batlantirish zarur degan fikrdaman.

Shu ma'noda bundan rosa yigirma yil avval “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi qoshida jamoatchilik asosida “Mahorat maktabi” tashkil etib, iste'dodli talabalar bilan mashg'ulotlar o'tkazishni boshlagan edik. Bugun bu maktab “Jahon adabiyoti” jurnali tahririyatida o'z faoliyatini davom ettirmoqda. Shu yillar ichida maktabda 300 dan ortiq yoshlar tahsil olishdi. Ulardan 4 nafari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasiga, 3 nafari Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga munosib ko'rildi, 12 nafari Yoshlar ittifoqi tanlovlarida g'olib bo'lishdi. Bugun ularning ko'plari respublika, viloyat, tuman gazetalarida, vazirlik va idoralarning axborot xizmatlarida mehnat qilishmoqda. Uch nafar sobiq talabamiz falsafa bo'yicha fan doktori ilmiy unvoniga sazovor bo'lishdi.

Maktabga qabul qilinayotgan talabalarning ijodiy ishlari “Ishonch”, “Ma'rifat”, “Milliy tiklanish”, “O'zbekiston ovozi”, “Hurriyat”, “Toshkent haqiqati”, “Chirchiq tongi”, “Adabiyot gulshani”, “Mash'al” gazetalarida e'lon qilinadi. Eng yaxshi maqolalardan iborat uchta to'plam chop etilgan.

Yosh qalamkashlarni hamisha qo'llab kelayotgan sevimli gazetamiz “Hurriyat”ning ushbu sahifasi “Mahorat maktabi”ning bugungi tinglovchilari ijodiga bag'ishlangan.

Ahmadjon MELIBOYEV,

O'zMU dotsenti, “Mahorat maktabi”

rahbari.

Ko'z ilg'amas kuch

Yaxshi eslayman… Maktabda o'qiyotganimda bizga saboq beradigan o'qituvchilarga havas qilib, boshqa sinflarga kirib, dars jarayonlarini kuzatishni yaxshi ko'rardim. O'rganganlarimni kimlargadir yetkazish, menga quloq tutganlarga soatlab tushuntirib berish istagi qalbimda juda kuchli edi. Bu tuyg'ular ona tili va adabiyot fanidan dars beradigan ustozimga bo'lgan havasim sababli paydo bo'lgani aniq. Ammo o'sha paytlarda bu havasim menda o'qituvchilik qobiliyatini paydo qilishini, payti kelib, men ham sinfga o'qituvchi bo'lib kirib kelishimni, menga umid ko'zi bilan qarab turgan bolakaylarga ozmi-ko'pmi bilim berishimni, ularga nimalarnidir o'rgatishimni va bu ishimdan beadoq mamnun bo'lishimni u qadar tasavvur qila olmaganman.

Oradan vaqt o'tdi. Hali-hamon o'sha hayajonli yoz fasli yodimda: 11-sinfni bitirib, oliy ta'lim muassasasiga hujjat topshirishga tayyorgarlik ko'rmoqdaman. Dadam pedagogika yo'nalishini tanlashimni, o'qituvchilik juda sharafli kasb ekanini aytib, menga maslahat berganlarida, men jahl bilan o'qituvchilik men uchun emasligini, bu kasbni yoqtirmasligimni aytganimni bugun eslab kulib qo'yaman. Chunki taqdir meni talabaligimdayoq dadam aytgan kasb bilan ro'para qildi.

Jurnalistika fakultetida o'qiyman, ustozlarim menda bu kasbga chuqur qiziqish uyg'otishdi. Shu fakultetda o'qiyotganimdan xursandman. Yozgan maqolalarim gazetalarda bosilib turibdi. Jurnalist bo'lish oson emasligini, ko'p o'qishim, malaka oshirishim zarurligini tushunib, harakat qilmoqdaman, qo'lim ancha kelib qoldi. Ammo… o'qituvchilikka bo'lgan qiziqishim so'ngani yo'q. Aksincha, men bu ikki kasb ko'p jihatdan bir-biriga yaqin, bir-birini to'ldiruvchi, biri ikkinchisiga ilhom beruvchi ekanligini tushunib yetmoqdaman. Darsdan bo'sh paytlarim… maktabga chopaman. Sho'x-shodon, to'polonchi, qiziquvchan, ishonuvchan bolalarni ko'rib, ustozlarimdan biri aytganidek, ular orasida avvalo… o'zimni ko'raman.

Ha, o'zimni ko'raman. Kuni kecha men ham xuddi shunday bola edim. G'am-tashvish nimaligini bilmasdim, o'qituvchilarim kelajakda kim bo'lishimni so'rashsa, boshqa bolalar qatori biyron javob berardim. Bugun o'zim ko'p ham orzu qilmagan, ammo har qanday jamiyatning ardoqli, sevimli kasbi bo'lgan o'qituvchilik ostonasida turibman.

Sinfga kirar ekanman, bolalarga alohida mehr bilan qarayman. Har birining ko'zida olam-olam orzu-umid, kelajakka ishonch. Yolg'on, hasad yoki adolatsizlik kabi tushunchalar hali shakllanib ulgurmagan, hammalari beg'ubor, samimiy, bir-birlariga mehribon. Ulg'ayishganida ular orasidan yaxshi insonlar bilan birga, boshqacha tabiatlilari ham chiqar, ammo bugun hammalari bilimga chanqoq, ustozlarning har bir so'ziga ishonch bilan qarashadi, shu ishonch o'qituvchi zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklaydi.

Bolalar ustozni barcha narsani biluvchi deb qabul qiladi. Shuning uchun har bir aytilgan so'z, berilgan va'da katta ahamiyatga ega. Bir haqiqatni angladim: bolalarga berilgan va'da hech qachon unutilmaydi. Agar ustoz unutsa ham, bola uni eslab qoladi. Shu sababli har bir qaror va har bir so'z o'ylab aytilishi kerak.

Bolalar kattalardan ko'ra ko'proq mehribon, rahmdil va nozik qalblidir. Ularga ko'ngil bog'ladingizmi, endi uzilishingiz qiyin. O'qituvchilik men avvallari o'ylaganimdek, oddiy kasb emas ekan. Bu kasb qalb amri bilan ishlashni, har bir bolani aziz farzandingizdek ko'rishni, ularga mehr bilan tarbiya berishni va shu jarayonda o'zingizni qayta tarbiyalashni talab etar ekan. Men uchun yanada muhimi — bolalar bilan o'tayotgan vaqtimning har lahzasi meni… jurnalistika sari yo'llaydi. Har kuni qalamga olsa bo'ladigan ko'p-ko'p mavzu topaman, ularni qog'ozga tushiraman. Shoir aytganidek, bu dunyoni bola ko'zi va qalbi bilan ko'rishdan ham lazzatli narsa yo'q ekan.

Yulduz NURMANOVA.

Bola qalbi bilan ko'ring dunyoni…

Bugungi umumdunyoviy globallashuv jarayonida masofalar qisqardi, axborot chegaralari shaffoflashdi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyoning turli burchaklarida yashovchi insonlar bilan muloqot qilish, ularning fikrlari, qadriyatlari bilan tanishish kundalik hayotimizga singib ketdi. Men ham bunday imkoniyatdan foydalanib, suhbatlar orqali turli millat vakillari bilan fikr almashaman.

Bir kuni xitoylik do'stim menga kutilmagan savol berdi: “Bu hayotda seni yashashga, orzularingga erishishga undovchi narsa nima?”

Bu savol bir qarashda juda oddiy tuyuldi. Ammo uning zamirida har bir kishi anglab yetishi zarur bo'lgan teran ma'no bor. Men darhol javob bera olmadim. O'yladim. Ichimda o'zimga o'zim berishim kerak bo'lgan savollar paydo bo'ldi, his-tuyg'ularim uyg'ondi. O'zim bilan o'zim yuzma-yuz qolgandek bo'ldim.

Chindan ham, bu hayotda shunchaki yashashim, kun kechirishim uchun emas, nimalargadir erishishim, kimlargadir yordamim tegishi uchun menda qanday kuch bor, nimalarga tayanaman? Yaqinlarimgami? Ularning mehri, qo'llab-quvvatlashi, yonimda borligi, zarur yo'l-yo'riq ko'rsatib turishlari, albatta, menga kuch beradi. Bordi-yu, shu kuch bilangina yashay boshlasam, unda men o'zim uchun emas, ular uchun yashashimga to'g'ri keladi-ku! Balki, mening ko'zlagan maqsadlarim, hali amalga oshmagan ko'pdan-ko'p orzularim, ulgurmagan ishlarim bordir? Balki, meni aynan shu tugallanmaganlik hissi ushlab turgandir?

Shu o'ylar girdobiga tushib, bir haqiqat asta-sekin yuzaga chiqdi: insonni hayotga bog'lab turadigan narsa har doim ham ko'zga aniq tashlanmaydi. So'z bilan ifodalash ham qiyin. Bu ko'zga ko'rinmas kuch yurakda, inson qalbida, uning imon-e'tiqodida zohir bo'ladi. Inson muammolar ko'chasiga kirib qolganida, ikki yo'ldan birini tanlashga qiynalayotganida ana o'sha ko'rinmas kuch harakatga keladi. Shunday ekan, bu kuchni hali aytilmagan so'zlardan, hali yozilmagan hikoyalardan, hali his qilinmagan tuyg'ulardan qidirish kerak. U o'zini oshkor qilib yashamaydi, nimalarga qodirligini ko'z-ko'z qilmaydi. Bu kuch ertangi kunga bo'lgan sokin umidda, kutilmagan baxt lahzalariga ishonchda va yanada muhimi — inson qalbining tubida turib: “Sen hali borsan, tugamagansan, yashashga haqqing bor, bunga burchlisan”, deb ovoz beradi. Shu bois men o'zimni ushlab turgan sababni aniq bir so'z bilan ifodalay olmasam-da, uning mavjudligini inkor etmayman. U meni quyosh ertaga ham chiqishiga va bu jarayon bir umr davom etishiga ishontiradi.

Farangiz TAShBULOVA.

Hammasi yaxshi bo'ladi

(Hajviya)

Bilasizmi? Yo'q, bilmaysiz. Orzularim juda ko'p. Men mashhur odam bo'laman. Ko'rasiz, bitta ishoramga qarab turadi hamma. Eng so'nggi rusumdagi chet el mashinalari menga xizmat qiladi. Egnimda eng qimmat brenddagi kiyimlar. Shaxsiy biznesim bo'ladi. Avtosalon ochaman, yo'q, bu biznes modadan qoldi — shaxsiy aeroportim bo'ladi. Avtosalondan ko'ra xususiy aeroportda soqqa qilish osonroq. Keyin… shaxsiy bankim bo'ladi. Eh, tasavvur qilyapsizmi?..

Voy, nima taraqladi? Qo'rqib ketdim-a! Onajon, eshikni sekinroq taqillatsangiz bo'lmaydimi? Yuragim yorilay dedi-ya! Mana, uyg'ondim, turyapman. Peshin bo'lsa nima? Uxlasam uxlabman-da. Uf, yana shu gapmi? Ish bo'lsa ishlayman-da. To'g'ri, diplomim chang bosib yotibdi. Ko'nglimdagidek ish chiqmasa, ayb mendamas-ku. Kecha aytgan joyingizga bordim, shunaqa ham ishxona bo'ladimi? Nima emish, haftada olti kun ertalab soat to'qqizdan kechki oltigacha o'tirarmishman. “Ishxonada buncha vaqt o'tirishim qiyin, maoshi yaxshimi, o'ttiz-qirq million so'm bormi?” desam, hammalari menga zooparkdagi maymunga qaraganday qarashdi. Shartta orqamga qaytdim.

Nima, maktabgami? Bordim o'sha maqtagan maktabingizga. Ichkariga kirishim bilan bolalarning shovqinidan ko'nglim ozdi, bu ham mayli, bir-ikkitasi yugurib ketayotib, meni turtib yubordi. “Shu shumtakalarga dars beramanmi? Yelkamning chuquri ko'rsin bu joyni”, dedim-da, orqamga qaytdim. Oyijon, meni tergayvermang, juda charchaganman, ko'cha issiq. Internetda ko'rdim: keyingi hafta anomal issiq bo'larkan. Shu jaziramada ko'chaga chiqib bo'ladimi?

Kuz kelsin, kunlar salqinlasin, biror joydan ish chiqib qolar. keyin ishlasam ham bo'ladi. Ishla, ishla, deysizlar. Nima, och qolyapmizmi? O'zi nimjon bo'lsam, ko'p yursam, boshim og'rib, ko'zim tinadi. Og'ir narsa ko'tarsam, belim og'riydi. Tunov kuni poliklinikaga borib, dardimni aytgan edim, shifokor bir soat nasihat qildi. Men soppa-sog', ammo o'taketgan dangasa emishman. “Mehnat qiling, hech bo'lmasa, hovlidagi gullarni parvarishlang”, deydi. Tanasi boshqa dard bilmas, deb shunga aytadilar-da.

Qo'limni siltab, chiqib ketdim. Yoz o'tsin, kuz-qish o'tib, bahor kelsin, kunlar sal isisin, biror joydan ish topilib qolar. Ammo shunday deyman-u, kun isib ketsa, yana behalovat bo'laman. Shu issiqda ishlab bo'ladimi? Issiq sal pastlasa, keyin ish qidirarman.

Onajon, hali hammasi zo'r bo'ladi. Birga sayohatga chiqamiz, dunyo kezamiz. Nima? Yana o'sha qarzmi? Beraman, qochib ketganim yo'q-ku. Bir devor qo'shnim bo'lsa, beraman-da bir kuni, ona. Tunov kuni gazetada bir e'lon ko'rib qoldim. Moylikkina ishga nomzod qidirishayotgan ekan. Imtihon qilishar ekan. Mayli, tayyorlanaman. Vaqt kerak. Hech vaqtim bo'lmayapti-da. Qo'shnim uyini ta'mirlayapti, kecha-yu kunduz shovqin. Shovqinda dars qilib bo'ladimi? Ta'mir tugasin, albatta tayyorlanaman.

Uff, boshim aylanib ketdi. Charchadim. Yotib uxlamasam bo'lmaydi. Onajon, xonamga kirganingizda eshikni sekin taqillating, iltimos, hali hammasi zo'r bo'ladi. Qo'shnilarning ko'zini o'ynatib, sizni Maldiv orollariga olib boraman. Xurrr…

Chamanoy AShIRALIYEVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + 17 =