Unutilgan şoira: Mukarrama Otin kim edi?
Arxivda Saodat Şamsiyevaning şaxsiy fondi ustida işlayotgan vaqtim (R-2854-fond, 1-röyxat, 59-yiğmajild) kutilmaganda bir şoira ayol nomiga duç keldim. Bu nomni ilgari na darsliklarda, na ilmiy adabiyotlarda uçratgan edim. Qiziqib, qölyozma materiallarni varaqlay boşladim. Manba oddiy ruçkada, kirill grafikasida yozilgan bölib, unda Mukarrama otin haqida qisqa, ammo muhim maʼlumotlar keltirilgan edi. Şu qölyozmalar orqali men ilgari deyarli heç qayerda tilga olinmagan bir ayol ijodkor hayoti va ijodi bilan tanişdim.
Xalq orasida özbek ayollari ijtimoiy hayotga faqat Sovet davrida kirib kelgan, degan qaraş tez-tez uçraydi. Biroq tarixiy manbalar bu tasavvurni töliq tasdiqlamaydi. Aksinça, arxiv sahifalarida bu fikrni rad etuvçi unutilgan ovozlar ham mavjud. Mukarrama otin ana şunday şoiralardan biri ekan.
Mukarrama otin 1903 yilda Toşkentda, Hasanxon domla oilasida tuğilgan. Onasi Mastura otin ham qizlarni öqitgan. Oiladagi muhit tufayli u yoşligidan ilmga oşno böladi. Maşrab va Navoiy asarlarini mutolaa qilib ulğayadi.
13 yoşida şeʼr yozişni boşlaydi. Uning 1916 yilda yozilgan “Munça ham” şeʼrida öşa davr özbek ayolining içki dardi, erksizlik hissi va umidlari yaqqol aks etadi:
Biz faqir beçora qizlar
Xor erurmiz munça ham,
Boş egib, qullik qilib,
Noçordurmiz şunça ham.
Bu qaro zulmat uyida
Körmayin oftob yuzin,
Sarğayib ruxsorimiz,
Abgordurmiz munça ham.
Dildagi orzu, havas,
Ramzini oşkor etmayin.
Körsalar kimga ravo,
Biz rozidurmiz munça ham.
Na uçun dunyoga keldik,
Bölmasa erk-ixtiyor.
Tört devor içra yuragi,
Qon erurmiz munça ham.
Qalbimizni mehru muhabbat
Etmayin izhor köp pinhon,
Tun erurmiz şunça ham.
Öt tuşib kuygan zamonimiz,
Bizga yor bölmasa,
Qiz asir, “maxluq” degan,
Badnom erurmiz munça ham.
Mukarrama otin oddiy ijodkor emas edi: u öz davrining oğriqlarini yuragidan ötkaza olgan, ilmga taşna özbek qizi edi. Şeʼrlari ham ança baland, yuksak darajada yozilganidan şuni aytiş mumkin böladiki, u juda iqtidorli şoira bölgan.
1918 yillardan boşlab jamiyatda katta özgarişlar yuz beradi. Ziyolilar xotin-qizlar savodxonligini oşirişga intiladi. Şu bilan birga, yangi siyosiy tizim ayollarni jamiyat hayotiga jalb etişga kirişadi. Bu jarayon ayollar ijodida ham aks eta boşlaydi.
1926 yilda yoş şoiralar ijodi “Erk kuylari” nomi bilan alohida töplam holida naşr etiladi. Bu haqda Saodat Şamsiyeva öz xotiralarida şunday yozadi: “1926 yil bölsa kerak, Oybek yoş qalamkaş qizlar şeʼrlarini töplab, kiçik töplam qilib çop ettirdi…” (Özbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, R-2854, 1-röyxat, 17-yiğmajild, 2-varaq).
Bu töplam ayollar ijodining yangi bosqiçga çiqqanini körsatadi. Biroq unda ham Mukarrama otin nomi uçramaydi. Bu esa uning ijodi keng adabiy maydonga çiqmay, köproq yopiq muhitda qolib ketganini anglatadi.
Mukarramani erta turmuşga uzatdilar. U maktabdan köngil uzolmay köp yiğladi. Hayot uni boşqa yölga boşladi: turmuş taşvişlari, farzand quvonçi va dardi bilan yuzma-yuz qildi. Ammo u içki dunyosidagi eng muhim narsani yöqotmadi.
Mahbuba Rahim qizi va Saodat Şamsiyevaning yozişiça, şoira hayotning oğir sinovlariga duç kelgan. U olti öğil va uç qizni dunyoga keltirgan, ammo ularning 7 nafaridan erta ayrilgan. Oxir-oqibat, ikki farzandi bilan qolib, butun umrini ularning tarbiyasiga bağişlagan.
Mukarrama otin uçun kitob şunçaki maşğulot emas edi. U — oğir damlarda suyanç, yöqotişlar qarşisida taskin, hayotning sinovlariga bardoş berişga kuç beradigan yagona tayançi edi.
Şoiraning quyidagi satrlari uning içki dunyosini yaqqol ifodalaydi:
Varoğida sokin may tutar,
Meni labbolab, jonim kitob.
Ajabo, kular raqiblarim,
Meni qölda rahbarim kitob.
Menga bu ozodlik koridir,
Meni dilga sayqalim kitob.
Bu mukarrami dili xastaga,
Meni dori-darmonim kitob.
Ha, şunday, barça sinovlarga qaramay, Mukarrama otin qölidan kitobni qöymadi. U uçun kitob şunçaki bilim emas edi. U — najot edi, sabr edi, yaşaşga kuç beradigan tayanç edi.
Demak, özbek ayolining ovozi bölmagan emas. U bor edi: faqat köpinça eşitilmay qolgan. Mukarrama otin ana şunday unutilgan ovozlardan biridir.
Nasiba NARZULLAYEVA,
Mirzo Uluğbek nomidagi Özbekiston Milliy universitetining
“Özbekiston tarixi” ixtisosligi tayanç doktoranti.
