Ma'rifat va qat'iyat yo'li
Fyodor Anatolyevich Sukochev nomi bugun jahon matematikasida yuksak hurmat bilan tilga olinadi. Hayot yo'li Toshkentdagi oddiy maktabdan boshlangan. 1962 yilda tug'ilgan Fyodor Sukochev bolaligidan aniq fanlarga qiziqdi. A.P.Chexov nomidagi 103-maktabda tahsil olar ekan, uning matematikaga bo'lgan mehrini ustozlari yanada kuchaytirdi. U maktabni oltin medal bilan tamomladi. Yosh matematik uchun ilk yutuqlardan biri esa 1979 yilda “Kvant” jurnali o'tkazgan Butunittifoq tanlovida g'oliblar safidan o'rin olishi bo'ldi. Bu nafaqat iqtidorning, balki yuksak fikrlash madaniyati va mehnatsevarlikning ham belgisi edi.
O'sha yiliyoq u Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning matematika fakultetiga o'qishga kirdi. Universitet muhiti uning ilmiy dunyoqarashini shakllantirdi. Keyinchalik u o'sha davrni eslar ekan, matematika formulalar to'plami emas, balki olamni anglash tili ekanini aynan shu yillarda tushunib yetganini ta'kidlaydi. Universitetni qizil diplom bilan tamomlagan yosh olim ilmiy va pedagogik faoliyatini O'zbekistonda boshladi. Beruniy nomidagi Politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti), Toshkent temir yo'l muhandislari instituti va ToshDUdagi faoliyati uning mustaqil tadqiqotchi sifatida shakllanishida muhim bosqich bo'ldi.
1994 yildan uning ilmiy yo'li Avstraliya bilan bog'landi. Janubiy Avstraliyadagi Flinders universitetidagi faoliyatidan keyin u Sidneydagi Yangi Janubiy Uels universitetiga taklif etildi. Bu yerda u professor unvoniga sazovor bo'ldi. Keyingi yillarda Avstraliya Tadqiqot Kengashining yirik grantlari, Avstraliya Fanlar akademiyasi a'zoligi uning jahon ilm-fanidagi o'rnini yanada mustahkamladi.
Shunga qaramay, olim o'zining ilm yo'lini O'zbekiston bilan bog'laydi. U har yili yurtimizga kelib, universitetlar va Matematika institutida ma'ruzalar qiladi, yosh tadqiqotchilar bilan muloqot o'tkazadi. Uning fikricha, O'zbekistondagi matematika maktabining eng kuchli tomoni — fundamental bilim va qat'iy fikrlash madaniyatidadir.
Fyodor Sukochev faoliyat yuritayotgan yo'nalish — nokommutativ analiz — zamonaviy matematikaning eng murakkab va eng istiqbolli sohalaridan biri hisoblanadi. Bu yo'nalish kvant mexanikasi, kvant axborot nazariyasi va sun'iy intellekt kabi sohalar bilan chambarchas bog'liq. Olim buni oddiy misol bilan tushuntiradi: kundalik arifmetikada amallarning o'rnini almashtirish natijani o'zgartirmaydi, ammo kvant dunyosida tartib hal qiluvchi ahamiyatga ega. Demak, nokommutativ matematika — bu tartib, munosabat va yashirin qonunlarni anglash ilmi.
Uning qarashlarida matematika faqat olimlar uchun emas, balki butun insoniyat taraqqiyoti uchun xizmat qiluvchi kuch sifatida namoyon bo'lgan. Internet, tibbiy texnologiyalar, sun'iy intellekt, bank tizimlari — bularning barchasi yillar davomida yaratilgan fundamental matematik tadqiqotlarga tayanadi. Shu ma'noda, olim nazariy ilmni kelajak texnologiyalarining poydevori deb hisoblaydi.
Fyodor Sukochev yoshlarga alohida umid bilan qaraydi. Uning fikricha, haqiqiy ilm qiyin savollardan qo'rqmaslikdan boshlanadi. Matematika yodlash emas, tushunish fani. Shuning uchun u talabalarga ko'proq o'qishni, bahs qilishni, savol berishni va xatodan qo'rqmaslikni maslahat beradi. Uningcha, ilm yo'lida sabr, qiziqish va ustozlarga yaqinlik insonni yuksaltiruvchi asosiy omillardir.
Fyodor Sukochevning hayoti — ilm chegara bilmasligining yorqin namunasi. Toshkentda shakllangan bir yosh matematik jahon ilm-fani cho'qqisiga ko'tarildi. Ammo u qaysi mamlakatda yashamasin, o'z ilmiy ilhomining manbai sifatida O'zbekistonni mehr bilan tilga oladi.
Vasila HABIBULLAYEVA.
