Noqonuniy olibsotarlar javobgarlikka tortildi
Bozorlar va jamoat joylarida qonun ustuvorligini ta'minlash, fuqarolarning osoyishtaligini buzayotgan hamda noqonuniy daromad orttirishni kasb qilgan kimsalarga nisbatan keskin choralar ko'rish huquq-tartibot idoralari oldidagi muhim vazifalardan biridir. Xususan, Jinoyat ishlari bo'yicha Sirg'ali tumani sudi tomonidan “Iste'molda bo'lgan transport vositalari va ehtiyot qismlari Sergeli bozori” MChJ hududida amaldagi tartib-qoidalarni mensimay, noqonuniy faoliyat yuritgan 66 nafar fuqaroga nisbatan qonuniy choralar ko'rildi.
Ichki ishlar organlari tomonidan o'tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida rasmiylashtirilgan hujjatlarga asosan, tuman sudi tomonidan: 15 nafar fuqaroga — 10 sutkadan; 3 nafar fuqaroga — 7 sutkadan; 12 nafar fuqaroga — 5 sutkadan; 8 nafar fuqaroga — 3 sutkadan ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi. 28 nafar shaxsga esa tegishli tartibda jarima jazosi qo'llanildi.
Ushbu shaxslar bozorda xaridorlar va sotuvchilar o'rtasida noqonuniy vositachilik qilib (xalq tilida “dallollar” yoki “saygaklar”) daromad topishni kasb qilgan. Ular fuqarolarni aldash va noqonuniy xizmatlar ko'rsatish bilan shug'ullanib, o'zlarini tartibga chaqirgan ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarishdan bosh tortgan.
Misol uchun: 1982 yilda Toshkent shahrida tug'ilgan M.U. 2026 yil 15 may kuni bozor hududida noqonuniy oldi-sotdi faoliyatini to'xtatish haqida ogohlantirilishiga qaramay, ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo'ysunmagan. U jamoat joyida baqir-chaqir qilib, xodimlarni haqoratlagan va jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimagan.
Jinoyat ishlari bo'yicha Sirg'ali tumani sudi huquqbuzar M.U.ni O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 183-moddasi va 194-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga MJtKning 34-moddasi tartibida uzil-kesil 10 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.
1989 yilda tug'ilgan fuqaro Sh.B. ham IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo'ysunmay, noqonuniy faoliyatini to'xtatishdan bosh tortgan va jamoat joyida uyatli so'zlar bilan xodimlarni haqorat qilgan. Sud majlisida u o'z aybiga to'liq iqror bo'ldi.
Sud hukmi bilan Sh.B. MJtKning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga MJtKning 34-moddasiga asosan 7 sutka ma'muriy qamoq jazosi berildi.
Qonun oldida hamma barobar. Bozor hududida “tadbirkorlik” niqobi ostida fuqarolarni aldash, firibgarlik qilish va osoyishtalikni buzishga hech kimning haqqi yo'q. Qing'ir ish, zo'ravonlik bilan uzoqni ko'zlaganlar adashadilar. Ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo'ysunmaydigan va jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaydigan kimsalarga esa jazo muqarrardir. Bu kabi profilaktik tadbirlar va sud muhokamalari kelgusida hududda osoyishtalik hamda qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mehribon HASANOVA,
Jinoyat ishlari bo'yicha Sirg'ali tuman sudining
tergov sudyasi.
