To'xtagan vaqt tasviri
yoxud o'z otasining qotiliga aylangan qiz iztiroblari
“Har qanday ayolning fojiasida erkak aybdor…”
Iqbol MIRZO
Bir ayol adashar, yiqilar yoki qismat jariga yuztuban qular ekan, ma'lum qadar uni muhofaza qila olmagan erlar, yelka tutmagan akalar yoki bergan onalik mehriga jabru jafo qaytargan o'g'illar aybdordir. Ushbu maqola umrining gul faslida peshonasiga “padarkush” tamg'asi urilib, o'n bir yilu yetti oylik jazo muddatini o'tagan qizning mash'um qismati, bir mazluma go'zalning achchiq og'riqlari haqida ekan, yuqoridagi fikrga yana bir karra iqror bo'lamiz.
Ozoda 30 yoshda (uning tavqi la'nat zanjirlaridan ozod bo'lishini chin yurakdan istab, shartli ravishda shunday atadim — M.R.) — asli G'ijduvonning Go'zalon mahallasidan. El qatori onaizoriga uy ishlarida madadkor bo'lib, mehnat bilan katta bo'lgan oddiygina qishloq qizi edi. Shuningdek, kapalakdek nozik jussasi bilan singlisi va ukasining suyanchi edi u.
Qiz oliy dargohlarda o'qishni, oppoq xalat kiyib, shifokor bo'lishni orzu qilardi. Shu niyat bilan G'ijduvondagi tibbiyot kollejida tahsil oldi, hamshira diplomini qo'lga kiritdi ham. Biroq kutilmaganda taqdir charxpalagi teskari aylanib ketdi…
Oilada sharoit ham, muhit ham og'ir edi. Ota ichkilikka mukkasidan ketgan, fermer xo'jaligida ishlagan haqi zormanda arog'iga yetmasdi. Ona esa bola-baqrasi bilan tomorqa qilib, tuproq yorib chiqqan ul-bul bilan kun kechirardi, ammo er degani shunga ham qo'ymay, xotindan pul talab qilib, har ikki kunning birida janjal chiqarardi.
Eng yomoni, ichkilik me'yoridan oshsa, ota uyda kimnidir tutib olib, kaltaklash odati bor edi. Qizining “o'qiyman” deyayotgani navbatdagi urushlarga yangi xamirturush bo'ldi. Ehhe, otasi qancha urmadi uni shu gapi uchun!
Baxtga qarshi, oilada mojarolar avj olgan kunlarning birida, ota tomondan yaqin qarindosh Ozodani so'rab sovchilikka keldi. Ammo qiz shifokor bo'lish istagida qattiq turdi; tegmayman, deyolmasa-da, o'qitishsa tegaman, degan istagini aytdi. O'rtaga bobo tushdi: “Ular Ozoda xizmatimizni qilsin, deb kelin qilishmoqchi, o'qish haqida gap bo'lmasin. Men aytdim, tegadi”, dedi kesib.
Har doim uydagilarining talablariga mung'ayibgina bosh eggan qizning o'qish, ilm olish, kasb egasi bo'lishga muhabbati kuchlilik qildi. To shifokor bo'lmaguncha erga tegmasligini aytib, yana kaltakning tagida qoldi.
— Otam nanajonimni (Buxoro shevasida — ona) ko'p kaltaklardi, biz undan qo'rqar edik, — dedi Ozoda chuqur mung bilan. — Nanam har yili pilla boqardi. Otam mehnatdan charchab uxlayotgan nanamni ko'z o'ngimizda tepkilab, sudrab urardi. Bir gal uning oyoqlariga rosa tepgan. Uyqusirab, nima bo'layotganini tushunolmaganman avvaliga. Nanam yomon chinqirgandilar o'shanda. Bir oyog'i singan ekan, ancha vaqt qo'ltiqtayoqda yurdi. Lekin uch bolaning otasi shu, deb hech kimga bildirmadi. Negadir har doim “yaxshi bo'lib ketar”, deb o'ylardi bechora. Men “nega ajrashmaysiz?” derdim. “Dadang ham, men ham bir qishloqdan bo'lsak, ajrashganim bilan baribir ko'zdan uzoq bo'lolmasak… To'y bor, aza bor. Qolaversa, jigarlarimga yomonligi tegmasin, deyman. Sizlar voyaga yetsanglar, esi kirib, ichkilikni tashlab ketar”, derdilar.
Darvoqe, o'sha paytda ham Ozodaning onasi ikki quti pilla olgan edi. Ota gapga kirmayotgan qizini jazolash maqsadida pillaxonadagi ikki telejka chiqadigan pillashoxni hovli chetiga tashib, taxlab qo'yishni buyuradi. Ozoda bor kuchi bilan harakat qilib, o'tin tashiydi, joyini tozalaydi, ammo ishni tugata olmaydi. Ish qanday ketayotganidan xabar olgani kelgan ota qizini tut shoxi bilan ayovsiz savalaydi. Bunga ham qanoat qilmay, bo'g'zidan bo'g'adi: “Yo shu bolaga turmushga chiqasan, yo shu bugun mening qo'limda o'lasan”, deb dag'dag'a qiladi. Ona bu paytda dalaga ketgan, uyda Ozodani ota kaltagidan qutqazadigan odam yo'q edi. Baqir-chaqirni eshitib, yetib kelgan bobo esa zolim tarafida edi.
— Meni juda yomon kaltakladi… Nafratlandim… — deya esladi Ozoda. — Shu odam otam ekanligidan afsus qildim. Men o'sha onda otam bo'lmasligini xohladim… Meni urayotganida bobom otamga: “Ur, og'zidan qoni kelguncha ur, o'qiyman degan og'zini yirtib tashla, tayoqdan to'ysa, erga tegishga ko'nadi”, deb gijgijladi. Momataloq bo'lib ketdi hamma joyim. Bilmayman… Qanday qildim men shu ishni… Uyda hamma uxlaganida otamga… pichoq qadadim… O'rnidan turmagach, o'ldirib qo'yganimni bildim, onam va ukamni uyqudan uyg'otib, nima sodir bo'lganini aytdim. Nanam… Bechora nanam… “Nimalar qilib qo'yding, bolam?.. Axir o'lmay qolganida o'zingni o'ldirib qo'ygan bo'lardi-ku u!” deb dodladilar. Shunda ham meni o'yladilar. Juda qo'rqib ketgandim, oyoq-qo'limni ushlab ham to'xtatib bo'lmasdi, qaltirardim. Faqat miyamda bir o'y to'xtab qolgandi: “Endi nima qilamiz?..”
Ozoda onasining ko'zlariga termildi. Ona esa vahshat ichida qotib qolgan, o'zi ham na tirik, na o'lik bir holda edi. Qiz otasini so'rab kelganlarga: “Uyda yo'q, qaerga ketganini bilmaymiz”, deb aytamiz, dedi. Lekin murdani nimadir qilish kerak edi. Oxiri “to kallamiz ishlab, bir nima o'ylab topgunimizcha bekiq tursin”, deb, jasadni tandirga yashirishadi.
— Otam kichkinagina odam edi, — ayol yerdan ko'z uzmay gapida davom etdi. — To'g'risi, uning jasadini sudrab, tandirga solganimiznigina eslayman. Keyin uni kim, qanday yoqib yuborganini bilmayman. Otamdan shunchalar ko'p azob ko'rgan edikki… Balki, o'zim o't qo'ygandirman… Rost aytyapman, hech narsani eslay olmayman… Biz juda qiynalgan edik. Chidab bo'lmay qolgandi. Otam biror joyda yolchitib ishlamasdi ham. Daladan yer olardik, nanam bilan borib ishlab kelardik, pilla boqardik. Otam shunchalik ko'p ichardiki, ko'chalarda dumalab qolib ketardi. Izlab topib, aravalarga solib olib kelardik. Men dugonalarimdan, sinfdoshlarimdan juda uyalardim…
Fojiadan keyin otasini kim so'rab kelsa, “kecha chiqib ketuvdi, hali kelmadi”, deb turishdi. Ammo qizni ko'rgan odam nimadir bo'lganini sezishi tabiiy edi. Chunki Ozodaning momataloq bo'lmagan joyi yo'q edi, yoz oylari bo'lgani uchun yengil kiyimda, oyoq-qo'llaridagi tut shoxining uzun-uzun izlarini yashirib ham bo'lmasdi.
Ertasi kuni bobosi va buvisi tomonidan chaqirilgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari Ozodaga qo'shib, onasi va ukasini ham olib ketishadi. Tergov alohida-alohida xonada o'tadi. Narigi xonada so'roq berayotgan onasini chirqiratib urayotganlarini eshitgach, qiz chidab turolmadi, hamma gapni aytdi. Ozodaning nozik jussasiga qarab, qotillikda onadan gumonlanishgan va iqror qildirish uchun ayolni urgan edilar. Qiz bu jinoyat ishi shundog'am kun ko'rmagan onasining bo'yniga qolib ketishidan dahshatga tushdi.
Tergov uzoqqa bormadi. Sud ham juda tez o'tdi. Ozoda Jinoyat kodeksining bir necha bandlariga asosan qasddan odam o'ldirish va jinoyatni yashirishda ayblanib, o'n besh yilga ozodlikdan mahrum qilindi…
Dastlabki to'rt-besh oy “SIZO”da saqlanib, so'ng qattiq tartibdagi jazoni ijro etish muassasasiga “etap” qilindi. U yerda uch yilu sakkiz oy o'tirgach, yaxshi xulqi va amnistiya qarori bilan jazo muddatining bir qismi qisqartirildi va Samarqand viloyatidagi manzil-koloniyaga ko'chirildi.
— Turmadagi tikuv sexida, keyinroq mahkumalar uchun non pishirish sexida ishladim, — dedi Ozoda. — Bir yarim ming nafar mahbus uchun har kuni olti qop undan buxanka-non pishirardik. Mahbus bo'lsak ham, maosh berishardi. Men non pishirib olgan oyligimni onamga jo'natib turdim.
Butunlay boshqacha muhitni ko'rdim. U yerda hamma narsaning, ayniqsa, havoning qadriga yetasiz. Men qamoqxonada hayot maktabini o'tadim. Ozod yurar ekanmiz, paypog'imiz teshilsa, otvoraveramiz. U yoqda esa mahbuslar yirtilgan paypoqlardan ham nimadir tikishadi. Oddiy suvqog'ozdan zontik, kapyushonli shinel tikardik. Temir bokal, qoshiq va kosalarimizni ko'tarib yurish uchun sellofandan sumka yasardik. Ozodlikda hayotning qadriga yetmaymiz, hashamatga qiziqaveramiz. U yerda esa hech narsasiz ham hayot davom etaverarkan. Har kuni ishga qatnasam ham, qaysi yo'ldan boryapman, qaerda burilaman, qaerda to'xtayman — bilmasdim. G'o'r edim, hammadan, hamma narsadan qo'rqardim. Kolonna orasida o'ngga ham, chapga ham qaramasdan buyruqqa bo'ysunib yuraverardim. Zombiga o'xshab qolgandim. Olti oygacha bir ahvolda yurdim. Shu orada mahbus ham odam sanalishini angladim. Ochiqda kimning qanaqaligini bilish qiyin, lekin qamoqxonada bir kunda yuzingiz ochilar ekan. O'zingiz qanaqa bo'lsangiz, shunga yarasha muomala ko'rasiz. Bir sudya ayol bilan ham bitta kamerada bo'ldim. U o'sha yerdagi mahkumalarning ba'zilariga o'zi hukm o'qiganini aytgan. Men qonun oldida hamma barobar ekanini shu ayol timsolida ko'rdim.
Ozoda hayoti haqida gapirar ekan, uning ko'zlarida yosh tinmasdi. Bugungiday zulmga qarshi umummilliy kurash o'sha paytda ham bo'lganida, u bunday ishga qo'l urmasmidi?.. 19 yoshli navnihol qiz zo'ravonlik qurboni bo'lar ekan, onaning oqlovchi olishga na moddiy imkoniyati, na huquqiy bilimi bor edi. Buning ustiga, ma'rifatli emaski, u yoqqa yugurib, bu yoqqa yugurib, aybsiz aybdorni muqarrar jazodan qutqara olsa. Bugungiday “himoya order”lari bo'lganida-chi? Zo'ravonlikka qarshi kurash hozirgiday davlat siyosati darajasiga chiqqanida edi, Ozodaning gul umri qamoqxona panjaralari ichida o'tmagan bo'larmidi?.. Balki, zo'ravonlik kasaliga chalingan ota ham o'zini to'g'rilagan bo'larmidi, tirik qolarmidi…
Ozoda odobli, tarbiyali qiz edi, faqat uning toqatidan tashqari kelgan zulm quyushqondan chiqardi. Joniga yetgan ozorlar, og'riqlar, azoblar uning qo'lini qonga botirdi. Qanday?.. Qanday shu ish sodir bo'ldi?.. Bilmaydi… Bilmaydi… O'ta kuchli ruhiy zo'riqish oqibatida shu ko'yga tushgandi. Axir otasini o'ldirmoqchi emasdi, o'qimoqchi, oliy ma'lumotli bo'lmoqchi edi, xolos.
Asl aynimaydi, deydilar. U qariyb o'n ikki yil ozodlik hidini hidlamadi, mahkum o'laroq ishladi, nima vazifa berilsa, sidqidildan bajardi. Aslo tezroq chiqish uchun emas, mehnatkashligi, oilasiga, jabrdiyda onasiga qayg'urgani uchun ishdan bo'yin tovlamadi. Baxtiga tuzum o'zgardi, Konstitutsiyaga o'zgartirishlar kiritildi.
Ozoda 2024 yilning 13 iyulida qamoqxona ichki tartib-qoidalariga to'liq rioya etgani, mehnat va tarbiyaviy ishlarga bo'lgan ijobiy munosabati uchun muddatidan oldin ozodlikka chiqarildi.
Uyiga qaytar ekan, yaqin kunlarda ukasining to'yi bo'lishini eshitib, noqulay ahvolga tushdi. Atrof-javonibda eski daftar yana ochilishi va bu ukasining izzatiga ta'sir qilishini istamadi. Qo'shni viloyatda insoniyligi bilan nom qozongan tadbirkor-novvoy Shahnoza Karimovani izlab topdi. Boshidan o'tganlarini bir-bir so'zladi, ishlamoqchiligini, o'zining yukini o'zi ko'tarmoqchiligini aytdi. Shahnoza unga yordam qildi, avval ko'nglidan, keyin uyidan joy berdi. O'zi ta'sis etgan “Baraka non Navoiy” MChJga ishga oldi. Ayol Ozoda o'zini noqulay his qilgani uchun ijara uy topib, ijara pulini ham to'lab berdi. Ammo bu uzoqqa cho'zilmadi.
Qamoqdaligida nazoratchi bo'lib ishlagan yigit Ozodani izlab keldi. Ko'p yillik ro'zg'ori farzandsizlik tufayli barbod bo'lganini aytdi. Yillar davomida Ozodani kuzatganini, unga ko'ngil qo'yganini so'zladi. Agar rozi bo'lsa, uning xonadoniga sovchi yuborib, turmush qurish taklifini bildirdi. Ozoda avvaliga ko'nmadi: “Men qamalib chiqqan ayol bo'lsam, o'z otamni o'ldirib qamalgan bo'lsam yana, qarindosh-urug'ingiz malomat qilishar”, dedi. Lekin qamoqxona nozirining qarori qat'iyligini ko'rib, taklifga ko'ndi.
Hozir u Samarqandda. Umr yo'ldoshi bilan baxtli hayot kechiryapti. Xudo berib, o'g'illi ham bo'lishdi, bolaga Orzubek deb ism qo'yishgan.
Ha, Ozodaning taqdirini jinoyati uchun berilgan jazodan ko'ra, insoniy muhabbat va mehr o'zgartirdi. Unga yordam uchun qo'l uzatgan ezgu qalbli insonlar “ikkinchi hayot” imkoniyatini hadya etdi. Bir qaraganda hammasi yaxshiday, ammo…
Men Ozodaning chehrasida to'xtab qolgan vaqt tasvirini ko'rdim. U o'sha o'n to'qqiz yoshida qolib ketgan. Nihoyatda ma'suma va bu ma'sumiyat qamoqxona degan befayz joyda ham zarracha gard yuqtirmaganidan, rosti, hayratda edim. Faqat yuragining tub-tubida abadiy mung va tuganmas pushaymon bor. Ozoda bilan suhbatimiz juda chuqur hazinlik bilan yakun topdi. Ayol yerga ko'zini tikkan ko'yi to'satdan o'krab yubordi: “Har kuni bir armon bilan uyg'onaman, opajon. O'shanda otam o'lib qolmaganda edi… Baribir, mayli, yomon bo'lsa-da, otam yonimizda bo'lsaydi…”
Muhayyo RUSTAMOVA.
