Adolat eşigi sari yöl
Inson sudga şunçaki ariza topşiriş uçun bormaydi. Sud ostonasiga qadam qöyayotgan har bir fuqaroning öz dardi, öz haqiqati va öz umidi bor. Kimdir yillar davomida mehnat qilib topgan haqini undirişni istaydi, kimdir uy-joyini asrab qoliş uçun kuraşadi, yana kimdir farzandining manfaatini himoya qiliş uçun yoki davlat organining qaroridan norozi bölib, adolat izlaydi.
Şu maʼnoda, suddagi har bir iş jildi ortida oddiy raqam yoki statistika emas, balki inson taqdiri turadi. Unda insonning huquqi, qadr-qimmati va adolatga bölgan işonçi mujassam.
Odil sudlovning haqiqiy mezoni esa faqat qonunlarda inson huquqlari qançalik mustahkam belgilab qöyilgani bilangina ölçanmaydi. Eng muhim masala — inson haq-huquqlari buzilgan paytda uni qançalik tez, samarali va adolatli tiklaş mumkinligidadir.
Özbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 14 avgustdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Odil sudlov — 2030”: Yangi Özbekistonda inson huquqlarini işonçli himoya qiluvçi xalqçil va adolatli sud tizimini barpo etiş strategiyasi” sud-huquq sohasidagi islohotlarni yangi bosqiçga olib çiqişga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Unda inson qadrini uluğlaş, huquq va erkinliklarni işonçli himoya qiliş, odil sudlovni fuqaroga yanada yaqinlaştiriş ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Strategiya “xalqçil sud”, “adolat qörğoni”, “kafolatlangan adolat”, “adolat posbonlari”, “raqamli odil sudlov” va “xalqaro eʼtirof” kabi olti asosiy ustunga tayanadi.
Biroq bu tuşunçalarning barçasini yagona ğoya birlaştirib turadi: fuqaro sud tizimiga moslaşmasligi kerak, aksinça, sud inson huquqlarini himoya qiliş uçun uning ehtiyojlariga moslaşişi lozim.
Bu ğoya, avvalo, sudlarni insonga hududiy jihatdan yaqinlaştirişda namoyon böladi.
Çekka hududda yaşaydigan fuqaroni tasavvur qilaylik. U oilaviy yoki mulkiy nizo böyiça sudga murojaat qilmoqçi. Buning uçun boşqa hududda joylaşgan tumanlararo sudga borişi, yölga vaqt va mablağ sarflaşi, ehtimol, bir neça marta qatnaşiga töğri keladi.
Albatta, keyingi yillarda elektron murojaat qiliş, sud majlislarida masofadan iştirok etiş va boşqa raqamli imkoniyatlar fuqarolar uçun katta qulaylik yaratdi. Ammo sudning inson yaşaydigan hududga yaqin bölişi ham odil sudlovdan samarali foydalanişning muhim şartlaridan biri bölib qolmoqda.
Şu bois Prezident farmonida 2027-2030 yillarda barça hududlarda fuqarolik işlari böyiça tuman va şahar sudlarini bosqiçma-bosqiç taşkil etiş nazarda tutilgan. Bunda aholi soni, sudlarga kelib tuşayotgan işlar hajmi, sudyalarning iş yuklamasi hamda hududlarning öziga xos xususiyatlari hisobga olinişi belgilangan.
Bu şunçaki yangi sudlar taşkil etilişi degani emas, balki, avvalo, adolatga olib boradigan yölning qisqarişi demakdir.
Zero, sudga yetib boriş qançalik oson va qulay bölsa, buzilgan huquqni öz vaqtida tiklaş imkoniyati ham şunçalik ortadi.
Yana bir muhim yangilik fuqarolarning sudlovga tegişlilik masalasida ortiqça ovora bölişlarining oldini olişga qaratilgan.
Har bir inson yurist emas. Fuqaro öz muammosini yaxşi biladi, lekin uning qaysi sud vakolatiga tegişli ekanini har doim ham aniq ajrata olmasligi mumkin.
Amaliyotda ayrim hollarda ariza tegişli bölmagan sudga berilsa, u qaytariladi. Bu esa fuqarodan tegişli sudni qayta aniqlaşni, hujjatlarni yangidan tayyorlaşni va yana murojaat qilişni talab etadi.
Protsessual nuqtai nazardan bu oddiy tartibdek körinişi mumkin. Lekin fuqaro uçun bu — yöqotilgan vaqt, ortiqça xarajat va eng muhimi, huquqini tiklaş jarayonining çözilişiga olib keladi.
Farmonda esa fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy sud işlarida arizani “iş mazkur sudning sudloviga tegişli emas” degan asos bilan qaytariş amaliyotidan voz keçib, uni sudning özi tegişli sudga ötkazişi nazarda tutilgan. Şuningdek, murojaatdagi juzʼiy formal kamçiliklarni sudning faol kömagi bilan bartaraf etiş mexanizmlarini joriy qiliş közda tutilmoqda.
Bu yondaşuvning maʼnosi juda oddiy: fuqaro sudlar örtasida sarson bölmasligi kerak, zarur holatda uning hujjati harakatlanişi lozim.
Agar uşbu tartib qonunçilikda töliq mustahkamlanib, amaliyotda samarali işlasa, protsessual formalizm emas, insonning buzilgan huquqini tiklaş birinçi öringa çiqadi.
Inson huquqlarining eng nozik jihatlaridan biri esa şaxsiy erkinlik bilan boğliq.
Inson erkinligini çeklaş — davlat tomonidan qöllaniladigan eng jiddiy çoralardan biri. Şu sababli bu masalada sud nazoratining samaradorligi alohida ahamiyat kasb etadi.
2027 yil 1 iyuldan boşlab “asosli gumon” — “Prima Facie” xalqaro standartini joriy qiliş nazarda tutilgan.
Unga köra, tergov sudyasi protsessual majburlov çoralarini qöllaşga sanksiya berişda faqat taqdim qilingan hujjatlarni rasman körib çiqiş bilan çeklanib qolmaydi. Şaxsni uşlab turiş qonuniy va asoslimi, uni gumon qiliş yoki unga ayblov qöyiş uçun yetarli dalillar mavjudmi — ana şu savollarga ham javob izlanadi. Zarur hollarda qöşimça hujjatlar talab qilinişi mumkin.
Bu sud nazoratiga mazmunan yangiça yondaşuvdir.
Endi savol faqat “qonun talablari rasman bajarilganmi?” degan mezon bilan çeklanmaydi. “Inson erkinligini çeklaş uçun haqiqatan ham yetarli huquqiy asos bormi?” degan savol ham markaziy öringa çiqadi.
Şaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini bevosita çeklaydigan tezkor-qidiruv tadbirlariga sanksiya beriş tartibining sud tomonidan belgilanişi rejalaştirilayotgani ham bu boradagi sud nazoratini yanada kuçaytiradi.
Demak, inson huquqlarini sud orqali himoya qiliş iş sudga kelib tuşganidan keyingina emas, balki uning huquq va erkinliklari çeklanişi mumkin bölgan dastlabki bosqiçlardanoq boşlanişi nazarda tutilmoqda.
Odil sudlovning faqat qonuniy bölişi kifoya emas. U barqaror, tuşunarli va oldindan başorat qiliş mumkin bölgan huquqiy amaliyotga ham tayanişi kerak.
Çunki mazmunan öxşaş ikki nizo böyiça keskin farq qiluvçi yondaşuvlar şakllansa, fuqaroda tabiiy savol tuğiladi: qaysi amaliyot töğri?
Şu nuqtai nazardan, 2027 yil 1 avgustdan Oliy sud Rayosati qarorlarini oçiq eʼlon qilib boruvçi “Pretsedentlar” reyestrini joriy etiş belgilangani muhim yangilikdir.
Bu reyestr sudyalar uçun yagona sud amaliyotini şakllantiriş vositasi bölişi bilan birga, advokatlar, tadbirkorlar va fuqarolar uçun ham muhim huquqiy manbaga aylanadi.
Inson sudga murojaat qilişidan oldin muayyan huquqiy masala böyiça qanday yondaşuv şakllanganini köriş imkoniga ega böladi. Bu esa huquqiy aniqlik va işonçni mustahkamlaydi.
Çunki adolat tasodifiy yoki kutilmagan natija emas. U tuşunarli, asoslangan va bir xil huquqiy mezonlarga tayangan mantiqiy yeçim bölişi kerak.
Fuqaroning sud tizimi haqidagi taassuroti hamişa ham sud qaroridan boşlanmaydi. U sud binosining eşigidan boşlanadi.
Inson sudga keldi. Qaysi xonaga boradi? Kimga murojaat qiladi? Ariza qanday yoziladi? Elektron xizmatdan qanday foydalanadi?
Oddiydek körinadigan bu savollar fuqaro uçun juda muhim.
Şu bois 2030 yilga qadar sud binolarining kiriş qismida “yagona darça” tamoyili asosida xizmat körsatiş ofislarini taşkil qiliş belgilangan. Ularda fuqaroga bir joyning özida zarur axborot beriş, protsessual murojaatlar yuzasidan taşkiliy kömak körsatiş, hujjatlarni qabul qiliş va raqamli xizmatlardan foydalanişga yordam beriş nazarda tutilgan.
Bu — şunçaki taşkiliy yangilik emas, balki sud madaniyatining özgarişidir.
Maʼlumotingiz uçun, 2028 yil 1 yanvardan “iqtisodiy işlarni proaktiv boşqariş” — “Proactive Case Management” standartini joriy etiş rejalaştirilgan. U sudyaga işdagi juzʼiy formal kamçiliklarni bartaraf etiş yuzasidan faol çoralar köriş imkonini beradi.
Bu, ayniqsa, tadbirkorlar uçun muhim. Çunki biznesda vaqtning özi iqtisodiy qiymatga ega. Bir kunlik keçikiş ham şartnoma, hisob-kitob yoki işlab çiqariş jarayoniga moliyaviy taʼsir körsatişi mumkin.
Şuning uçun iqtisodiy nizoda protsessual formalliklar girdobida qolib ketiş emas, nizoning mohiyatiga tezroq yetib boriş ustuvor bölişi kerak.
Yangi standart amalda samarali işlasa, “Qaysi formal xatoga yöl qöyildi?” degan savoldan köra, “Nizoni qanday qonuniy va adolatli hal qiliş mumkin?” degan yondaşuv birinçi öringa çiqadi.
Sudyaning vaqti ham adolat sifatiga bevosita taʼsir qiladi.
Sudya taşkiliy, maʼmuriy va xöjalik işlariga qançalik köp vaqt sarflasa, murakkab işlarni çuqur örganişga şunçalik kam imkoniyat qoladi.
Şu jihatdan, 2028 yildan sud maʼmurçiligi — “Court Administration” institutini joriy etiş rejasi ham muhim ahamiyatga ega.
Unga köra, taşkiliy, moddiy-texnik, moliyaviy, axborot-tahliliy va boşqa maʼmuriy vazifalar maxsus sud maʼmuriyati tomonidan bajarilişi közda tutilmoqda.
Natijada sudya özining asosiy vazifasiga — işni puxta örganiş, dalillarni xolis baholaş va qonuniy, asosli hamda adolatli qaror qabul qilişga köproq vaqt ajratadi.
Sudyaga maʼmuriy işlardan tejalgan har bir soat, aslida, insonning işini yanada sinçiklab örganiş uçun yaratilgan qöşimça imkoniyat desak xato bölmaydi.
Qaçonki, suddan çiqqan inson esa qölida faqat sud hujjati emas, adolat qaror topganiga bölgan işonç bilan çiqsin.
Zero, odil sudlovning eng katta natijasi iş jildining yopilişi emas.
Eng katta natija — insonning buzilgan huquqi tiklanişidir.
Murod RÖZMETOV,
Xorazm viloyat sudi sudyasi.
