“Jarayon” davom etaveradi…

— Men hayratdaman. Men dahshatdaman.

— Nimaga?

— Insonning hech qanday aybi bo'lmay turib, hatto gunohini o'zi ham bilmasdan, uning ustidan sud hukmi chiqarilsa-yu, u hech qachon aybi nimaligini bilmasdan, o'zining aybsizligini isbotlash uchun tinimsiz harakat qilsa va oxir-oqibat hech narsani bilmay turib, hayot bilan vidolashsa! Buning ustiga, u zindonband ham etilmagan. Ozodlikda. Ammo bunday hayotdan zindonda yashash yaxshiroq emasmi?

Aslini olib qaraganda, bu hayotda hammamiz o'z gunohlarimiz nimadan iborat ekanligini bilmay yashaymiz. O'zimizni oqlashga urinamiz. Frans Kafkaning “Jarayon” romanida bu holat o'z aksini topgan.

Men bu romanni juda qiynalib o'qidim. Har bir so'zini ba'zida uch marta, ba'zan qayta-qayta takrorlab o'qidim. Sabab asarning tushunarsiz ekanligida emas. Yoki qandaydir mavhumlik ham yo'q. Nazarimda, asar tarjimasi juda og'ir bo'lgan. O'zbek tilining eng tushunarsiz turi bilan o'girilgan, desa ham bo'ladi. To'g'ri, asli Avstriyada tug'ilgan buyuk yozuvchining uslubi juda murakkab. Tushunish, anglash, “hazm qilish” uchun uni ko'p o'qish va uqish kerak. Yozuvchining falsafiy mushohadasi juda keng.

Men bir qancha asarlar tarjimalarini o'qib, odamning sabrini sinaydigan tarjimonlardan iborat ro'yxatni shakllantirganman. Ular soni yana bittaga oshganiga aynan shu asar sabab bo'ldi, deyishim mumkin. Masalan, “surat” o'rniga “suvrat” so'zini o'qiganimda fig'onim falakka chiqar (chunki bu so'z “ko'rinish”, “joziba”; “husn”, “malohat” ma'nolarini anglatib, hech qachon “surat”, “portret” yo “rasm” ma'nosini bermaydi), yoki “o'smoqchilab” so'zini hazm qilolmasdan xunob bo'lardim. Bunday so'zlar ko'p edi, shuning uchun ularni oxiri o'z talqinimda o'qishga urina boshladim va bu borada tarjimondan minnatdor bo'lishim kerak.

Asar qahramoni Yozef K. menga jadidlarimizni eslatdi. Gunohi nimaligini bilmay turib, zamonning loqaydligi va o'z jarayonlarining qanday ketayotganidan bexabar bir holatda qurbon bo'lganliklarini K. taqdiri bilan aynan bir xil hodisa deb hisoblayman. Albatta, bunday voqealarga dunyoning turli burchaklaridan minglab misollar keltirish mumkin. Lekin mening xayolimga kelgani shu bo'ldi.

Kitobning ilk sahifalaridagi so'zboshiga ham e'tirozim bor. So'zboshida asarning barcha tafsilotlari aytilishi shart emas edi. Chunki o'quvchidagi mutolaa zavqiga bu o'z ta'sirini o'tkazmay qolmaydi. Yana bir dunyo imloviy xatolar…

Bu mulohazalardan ushbu asarni o'qiganimda olgan taassurotlarim salbiy ekan, degan fikrga borishingizni ham istamayman. Chunki asar mukammal tarzda yozilgan. Personajlardagi takalluf va mulohazakorlik, o'zini tutish kabi holatlar Yevropadagi jamiyat axloqi haqida kitobxonga ko'p ma'lumot bera oladi. Balki, bir necha yillardan keyin “Jarayon”ni yana bir marotaba o'qib ko'rarman. Chunki ba'zida insonlarning ayrim asarlarga ruhan tayyor emasligi tufayli shoshilinch xulosa chiqarishlarining guvohi bo'lganman va o'zimda ham bu holat ko'p kuzatiladi. Birinchi marta Rumiyni o'qiyotgan inson hech qachon uning fikrlari mohiyatini to'laligicha tushunmaydi. Yoki Tolstoyning “Urush va tinchlik” asarini yosh avlod orasida qirq varaqdan birdaniga o'tib, oxirigacha o'qiganlarni hali-beri uchratmadim.

Kafkaning “Jarayon”i insoniyatning azaliy hayot yo'li manzarasiga ham mos keladi. Odamlar avvaliga hech narsani bilmaydilar, o'qiydilar, izlanadilar, o'z taqdirlari “hukmi”ni yengillatish uchun tinmasdan harakat qiladilar. Xuddi shunday! Muallifning salomatligi haqidagi ma'lumotni bilganligim tufayli asarni uning holatiga tushgandek o'qidim. Qattiq xastalikdan aziyat chekayotgan bemor singari.

Shu orada bir voqeaning guvohi ham bo'ldim. Bir chekka qishloqqa ish yuzasidan borganimda, yoshi taxminan o'n beshlarda bo'lgan bir yigitchaning qo'lida “Jarayon”ni ko'rib qoldim. U bilan asar haqida suhbatlashgim keldi va undan “Hozir qaeriga kelding? K. qanday ahvolda?” deb so'radim. U menga hayratlanib qarab: “Men hali o'qishni boshlaganim yo'q!” deya javob berdi. Unga asar og'irlik qilishini tushuntirgandek bo'ldim. Menimcha, u kitobni nomiga qo'liga olib yurganga o'xshadi. Balki, endi o'qigandir? Lekin qanday xulosa chiqargani menga qorong'i.

Xullas, “Jarayon” o'z nihoyasiga yetdi. Lekin “jarayon” har doim davom etaveradi. Hech kim o'z gunohini bilmaydi, lekin hamma bir xil mahkumlar qatorida. Mahkumlar uchun esa atrofdagi barcha uning “jinoyat ishi”ga daxldordek tuyulaveradi…

Shahzod KENJAYEV,

O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti

xalqaro munosabatlar fakulteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + two =