Jonga ishonch yo'q

Muallif haqida:

Sadoqat HAMRAYEVA Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on tumanida tug'ilgan.

Ijodiy namunalari vaqtli matbuot sahifalarida muntazam e'lon qilib boriladi. Xususan, “Sharq yulduzi”, Yoshlik”, “O'zbekistonda ta'lim” singari nashrlarda, Turkiyaning “Güncel Sanat”, Tojikistonning “Elchi”  gazetasida she'rlari e'lon qilingan. She'riy turkumlari turk va ozar tillariga tarjima qilingan.

“Ko'ngil ko'zgusi” nomli ilk kitobi nashr etilgan.

— Kampir, menimcha, bu safar rostdan ketaman. Ba'zan guldurakday gumburlab tursang ham sendan roziman, sen ham mendan rozi bo'l.

— Ey, choli tushmagur, azon ertagini yana boshladi-ku! Ketadigan odam valdirab o'tiradimi, “puf” deydi-yu, o'ladi-qo'yadi, — deya koyindi kampir.

— Eh, qaysarsan-da, kampir. Bir marta “roziman” desang, Azroil bo'g'zingdan olarmidi? — deya g'udrangan Saydullo bobo kampiri uzatgan piyolani oldi. Qo'llari qaltirab, bir qultum suvni bazo'r yutdi. So'ng qo'li pastga tushib, piyolani yerga oz qolganda tashlab yubordi. Gilam ustida aylanib-aylanib to'xtagan piyolani qo'liga olgan kampir:

— Hah, choli qurmag'ur, o'lsa ham shu odatini tashlamaydi. Piyolani otib yubormay, sekingina yerga qo'yishni hech o'rganmadi-da, — deya piyolani xontaxta ustiga qo'ydi. Devordagi soatga qaragandi, bomdodgacha ancha bor ekan. Qayta uxlay olishiga ko'zi yetmay, chiroqni o'chirmadi. O'rniga borib o'tirdi-da, ko'zoynagini burniga qo'ndirdi. Yostig'i yonidagi kitobni olib, to'xtagan joyidan o'qishga tushdi. Shu payt eshik ohista taqilladi. U yoqdan bu yoqqa ag'darilib yotgan Saydullo boboning sergaklanganini ko'rib:

— Qo'rqmang, chol, Azroil eshik taqillatib kelmaydi, — dedi kampir. Keyin ovozini bir parda ko'tarib: — Kelaver, — dedi.

Eshik ohista ochilib, kelini Hanifa kirib keldi. Bemahalda chiroq yoniq turganidan xavotirlanib kelganini aytdi. Jon achchig'ida to'lg'anib yotgan Saydullo bobo qiziday bo'lib qolgan Hanifadan qayta-qayta rozilik so'radi:

— Bizning otovga yaxshi qaranglar. Nabiraginam yo'qligimdan o'ksinmasin, aytganini qilinglar, — deb tayinladi.

Qaynotasining tirishib turgan qoqsuyak qo'lini avaylabgina siqqan Hanifa:

— Tog'ajon, sizdan ming marta roziman. Boringizga ming shukur. Ammo hali shu kenjatoyimizning to'yini ko'rmay “o'laman” demang, — deb yupatdi. So'ng qaynotasining peshonasidagi terni artdi.

Kelini qo'llarini uqalaganiga tinchlandimi yo tong uyqusi yengdimi, Saydullo bobo murg'ak go'dakday pishillab uyquga ketdi. Kelini izn so'rab chiqib ketgach, Yorqinoy momo ko'zoynak ustidan choliga tez-tez qarab qo'ydi.

Cholining yoshi sakson beshga qarab ketyapti. Sakson ikki, sakson uchida ham katta-katta xirmonni bir o'zi saranjomlab qo'yardi. Uch yil oldin mashinani xandaqqa tushirib yuborganidan beri ancha cho'kib qoldi. O'shanda boshi qattiq zarb yegan bo'lsa-da, kasalxonaga yotishni bo'yniga olmagandi. Shundan beri “ana ketdim, mana ketdim”lari ko'payib qoldi.

Bomdodni o'qib bo'lgach, Yorqinoy momo o'tganlarni xotirlab tilovat qildi. Keyin barcha yaqinlariga, shu jumladan, choliga ham omonlik so'rab duo qildi. Quyosh ko'tarila boshlagach, eshikni sassiz ochib, tashqariga chiqdi. Endigina hosilga kirayotgan bodomzorni oraladi. Soyda piyoladay, kosaday bo'lib tugib yotgan tarvuz palaklarini ko'zdan kechirdi.

— Eh, bu chol halitdan “o'laman” deydi. U o'lsa, bu tarvuzlar, bodomlar dodini kimga aytadi? — deya afsus bilan bosh chayqadi. So'ng onasining yelinidan ayrilmayotgan buzoqchaga kuchi yetmayotgan nabirasiga yordamga shoshdi.

— Hali bir buzoqni eplolmaydigan nabirasini tashlab ketishga qaysar cholning ko'zi qanday qiyarkan? — deb g'udrandi. Shu o'y bilan qirdek uyulib yotgan o'tin g'aramini aylanib o'tdi. Kecha o'rmondan terib kelingan o'tinlarni xurjundan bo'shatarkan, kaftdek ko'rinib turgan qishloqqa ko'z yugurtirdi. Hozir qishloqda bekorchi odamning o'zi yo'q: kimdir poda haydayapti, kimdir tushligini xurjunga solib, eshagini o'rmon yo'lida yo'rttirib ketyapti. Mushtdekkina bolalar ham yangi ochiqqan jo'jalarni ko'zlab, panada pisib yotgan mushuklarni quvish bilan ovora.

Yorqinoy momo ko'p hayallamay iziga qaytdi. Uyga kirsa, Saydullo bobo chordana qurib, Hanifa olib kelgan shirchoyni ishtaha bilan ichayotgan ekan.

— Ha, o'lmagur chol, haligina “ketaman” deyayotgan edingiz. Tuppa-tuzuk choy ichib o'tiribsiz-ku! — dedi.

Saydullo bobo endi og'iz juftlagan ham edi, shundoqqina uy oldiga kelib to'xtagan mashina tovushi e'tiborini tortdi. Bo'ynini cho'zib, derazadan qaradi-yu, o'rnidan ildam turdi. Yaktagini egniga ilib, tashqariga otlangandi, kampiri ortidan ergashdi:

— Hoy, choli tushmagur, qayga otlandingiz? Axir ahvolingiz yaxshi emasdi-ku! — deya javradi.

Saydullo bobo mashinaga o'tirayotib:

— To'yga ketyapman, — dedi.

Uni olib ketishga kelgan Bahodir bobo:

— Assalomu alaykum, omonmisiz, checha! Qo'shni qishloqda bir oshnam to'y qilyapti. “Saydullo bobomni olib kelmasangiz, to'yga kiritmayman”, degan. Qo'ying, checha, bizni oshdan qoldirmang, — dedi.

— Voy, choli tushmagur-ey, to'yga borarmish! Qimirlashga ham madorim yo'q, o'laman, deyayotgan edingiz-ku!

— Ko'p kuyinmang, checha, osh bor joyda o'lim ham kutib turarmish, — deb Bahodir bobo qah-qah otib kuldi-da, chaqqonlik bilan rulga o'tirdi. Mashinasini o't oldirarkan: — Chechamizni unday qo'rqitmang-a, Saydullo bobo! Dadilsiz, bobo, hali dadilsiz! Birgalashib nechta to'yning oshini oshaymiz, — deya ko'zini mug'ombirona qisib qo'ydi.

— Bir kun unday, bir kun bunday bo'lib qoldik-da, Bahodirboy…

Chollar yetib borganida to'yxona ancha gavjum edi. Yoshi ulug'larni e'zozlab to'rga — chorpoyaga chiqarishdi. Qush sutidan boshqa hamma narsa bor to'kin dasturxonga sergo'sht osh tortildi. Chollar odatdagidek yaktaklarining yengini shimarib oldilar. Har tarafdan oshga qo'l uzatarkan, yoshlikdagi sho'xliklarini eslashdi. Kimdir bir to'yda o'n-o'n beshta bola xizmatchilarning yo'lini to'sib, ikki lagan oshni olib qochganlari haqidagi hangomani aytgandi, davrada gurra kulgi ko'tarildi.

Bahodir bobo endigina og'ziga solgan bir luqma osh na tomog'idan o'tdi, na tashqariga chiqdi. Ichidan otilib chiqqan kulgiga chap berolmay, nafas yo'liga tiqilib qoldi. Uning hiq-hiq etib qolganini ko'rib, chollar shoshib qolishdi. Bir zumda Bahodir boboning ko'zlari ola-kula bo'lib, yuzi ko'kimtir tusga kirdi. Saydullo bobo darrov o'zini o'nglab oldi-da, yog'li qo'llari bilan uning kuraklari orasiga gursillatib urdi. Qalqib ketgan Bahodir bobo tiqilgan luqmani otib tashladi-yu, “hoh” degancha chuqur nafas oldi. Havoni yutoqib simirarkan:

— O'lib qolishimga bir baxya qoldi-ya, — deb hansiradi.

“Jonga ishonch yo'q”, degan o'yni ko'nglidan o'tkazgan Saydullo bobo esa soqolini tutamlagancha jim bo'lib qoldi.

Sadoqat HAMRAYEVA,

Alisher Navoiy nomidagi

Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti

talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 + seventeen =