Xitoy kambag'allikni qanday yengdi?
2021 yilda Xitoy butun dunyoga muhim bir yangilikni ma'lum qildi: mamlakatda mutlaq kambag'allikka barham berildi. Bu shunchaki rasmiy bayonot emas, balki qirq yildan ortiq davom etgan islohotlar, yuz minglab davlat xizmatchilarining mashaqqatli mehnati hamda millionlab insonlar taqdirining ijobiy tomonga o'zgarishi natijasi edi. Bir paytlar aholisining katta qismi qashshoqlikda kun kechirgan davlat bu murakkab muammoni qanday hal etdi? Mazkur savol nafaqat iqtisodchilar, balki siyosatshunoslar, sotsiologlar va davlat boshqaruvi mutaxassislarining ham diqqat markazida turibdi.
Xitoy tajribasi bir muhim haqiqatni ko'rsatdi: kambag'allikni faqat pul tarqatish bilangina yengib bo'lmaydi. Agar muhtoj insonga bir martalik moddiy yordam berilsa, u bu mablag'ni tezda sarflab tugatadi. Ammo unga daromad topish imkoniyati yaratilsa, u umrbod o'z aravasini o'zi torta oladi. Shu sababli Xitoy modeli insonni boqishga emas, balki uni faol iqtisodiy hayotga qayta jalb etishga qaratildi.
Mamlakatda kambag'allikka qarshi kurashdagi ilk qadam ehtiyojmandlarni aniqlash va ularni puxta hisobga olish tizimi bo'ldi. Bu yondashuv sirtdan oddiydek tuyulsa-da, amalda eng muhim bosqichdir. Davlat, eng avvalo, kimlar haqiqatan ham muhtoj ekanini tahlil qildi: har bir qishloq, har bir xonadon va hatto har bir fuqaro kesimida ma'lumotlar jamlandi. Ular nega qashshoqlikda yashayapti? Yer maydoni yo'qmi? Yo'lsizlik sababli mahsulotini bozorga yetkazib berolmayaptimi? Surunkali xastalik to'sqinlik qilyaptimi yoki farzandlari ta'lim ololmayaptimi? Faqat shu kabi savollarga javob topilgachgina aniq amaliy choralar belgilandi.
Bu jarayonda Xitoy muhim bir tamoyilga tayandi: barchaga bir xil yordam ulashish emas, har bir oilaning muammosiga mos yechim topish. Shuning uchun ham ushbu siyosat “manzilli kambag'allikni qisqartirish” nomini oldi.
Masalan, qishloq aholisining asosiy muammosi suv taqchilligi bo'lsa, u yerga suv tarmog'i tortildi. Agar chekka hududda transport aloqasi oqsayotgan bo'lsa, avtomobil yo'li qurildi. Ishsizlik hukm surgan joylarda esa yangi korxonalar tashkil etilib, kasb-hunar markazlari faoliyati yo'lga qo'yildi. Ya'ni davlat har bir hudud uchun bir xil qolipdagi ssenariyni emas, balki aynan o'sha hudud dardiga davo bo'ladigan chorani qo'lladi.
Yana bir muhim jihat: kambag'allikka qarshi kurashish faqat markaziy hukumatning vazifasi bo'lib qolmadi. Bu boradagi mas'uliyat boshqaruvning barcha bo'g'inlariga taqsimlandi. Markaz umumiy siyosatni belgiladi, viloyatlar uni moliyalashtirdi, tumanlar ijroni tashkil etdi, quyi bo'g'indagi mahalliy rahbarlar esa bevosita aniq oilalar bilan ishladi. Har bir mas'ul shaxs o'z hududida kambag'allik qisqarishi uchun shaxsan javobgar etib belgilandi. Oqibatda bu sa'y-harakatlar rasmiyatchilik yoki quruq hisobot uchun emas, balki amaliy natija uchun olib borildi.
Xitoy tajribasida infratuzilmaning o'rni ham alohida ahamiyatga ega. Kambag'al qishloqqa yangi yo'l qurish ba'zan minglab odamlarga nafaqa to'lashdan ko'ra ko'proq foyda keltiradi. Chunki yo'l tushgach, fermer o'z mahsulotini shahar bozoriga oson yetkazadi, sayyohlar va investorlar oqimi boshlanadi, yangi ish o'rinlari ochiladi. Demak, bitta yo'l loyihasi butun bir hududning iqtisodiy qiyofasini o'zgartirib yuboradi.
Shu bilan birga, ta'lim va sog'liqni saqlash tizimi ham kambag'allikni bartaraf etishning asosiy omili sifatida qaraldi. Agar farzand puxta ta'lim olsa, kelajakda yuqori maoshli ish topish imkoni kengayadi. Agar fuqaro sog'lom bo'lsa, mehnat qilib o'z ro'zg'orini bekamu ko'st ta'minlay oladi. Shu sababli Xitoy kambag'al hududlarda zamonaviy maktablar, shifoxonalar va malaka oshirish markazlari barpo etishga ulkan sarmoya yo'naltirdi.
Hayotiy misol
Tasavvur qiling: tog'li chekka qishloqda Chjanlar oilasi yashaydi. Ularning boshpanasi xarob, yeri toshloq bo'lgani sababli hosil kam. Tuman markaziga eltuvchi yo'l bo'lmagani uchun yetishtirilgan ozgina kartoshkani ham sota olishmaydi. Shu bois oila yillar davomida qashshoqlik iskanjasida kun kechirib kelgan.
Davlat bu oilani ehtiyojmandlar ro'yxatiga kiritdi. Avvalo qishloqqa ravon avtomobil yo'li tortilib, elektr energiyasi va tezkor internet tarmog'i yetkazildi. Oila boshlig'iga zamonaviy issiqxona barpo etish uchun imtiyozli kredit ajratildi. Uning turmush o'rtog'i mahalliy markazda tikuvchilik sirlarini egalladi. Farzandlari esa davlat ta'lim granti asosida tahsilini davom ettirdi. Oradan bir necha yil o'tib, issiqxona mahsulotlari internet orqali elektron savdoda sotila boshlandi. Natijada oila daromadi bir necha barobar ko'payib, ular davlat ko'magiga muhtoj bo'lmay qoldi.
Ushbu misol Xitoy modelining asl mohiyatini ochib beradi: davlat muhtoj oilaga tayyor pul berib boqmadi, balki ularning halol mehnati bilan barqaror daromad topishi uchun qulay sharoit yaratdi. Natijada xonadon nafaqat kambag'allik iskanjasidan qutuldi, balki ertangi kuniga mustahkam ishonch hosil qildi.
Xulosa qilib aytganda, kambag'allik shunchaki iqtisodiy muammo emas, balki ta'lim, sog'liqni saqlash, transport, infratuzilma va davlat boshqaruvi bilan chambarchas bog'liq bo'lgan keng qamrovli ijtimoiy masaladir. Binobarin, uni faqat bir tomonlama chora-tadbirlar bilan emas, balki kompleks yondashuv orqali muvaffaqiyatli hal etish mumkin.
Xitoy tajribasi butun dunyo uchun katta saboq bo'ldi: kambag'allikni qisqartirishning eng samarali yo'li — aholiga tayyor mablag' tarqatish emas, balki ularning bilim olishi, mehnat qilishi va daromad ko'rishi uchun to'liq imkoniyat yaratib berishdir. Ana shunda inson davlat yordamiga qaram bo'lib qolmaydi va o'z kelajagini o'z qo'llari bilan yaratishga qodir bo'ladi.
Mardonbek HASANOV,
tarix fanlari bo'yicha
falsafa doktori.
