Ma'naviyatga ochilgan eshiklar

Olmaliq konmetallurgiya kombinatiaksiyadorlik jamiyatida bo'lib o'tganochiq eshiklar kunidan lavhalar

Avval ham e'tirof etganmiz. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”da kitob,  gazeta va jurnallar mutolaasiga, lo'nda qilib aytganda, ma'naviyatga nihoyatda katta e'tibor qaratiladi. Kombinatda o'tgan hafta markaziy, hududiy va mahalliy bosma ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etilgani ham shundan dalolat. Kombinat rahbariyati tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari va ishchi xodimlar o'rtasida ijodiy uchrashuvlar o'tkazildi.

Kombinatda ushbu ma'naviy-ma'rifiy tadbirni o'tkazishga katta e'tibor bilan hozirlik ko'rilgani biz, jurnalistlarni quvontirdi. Uchrashuvga kelgan jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar kombinat Madaniyat saroyida kutib olindi. Mehmonlar uchun ajratilgan kichik avtobusda  ishchi-xodimlar huzuriga yo'l oldik.

Albatta, bu uchrashuvlar bosma ommaviy axborot vositalariga obuna mavsumi paytida tashkil etilayotgani gazeta va jurnal nashrlarini ishchi-xodimlar o'rtasida targ'ib qilish uchun ham katta imkoniyat. Ma'lumotlarga ko'ra, Olmaliq shahrida bir yuz ellik mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, shundan o'ttiz olti mingdan ortig'i kombinatda ishlaydi. Ma'naviyatga yuksak e'tiborli jamoada o'tgan yili o'ttiz besh turdagi gazeta-jurnallarga obuna bo'lingan. Demak, shahar aholisining katta qismi ma'naviyat ulashish vositasi bo'lgan nashrlarni o'qish imkoniyatiga ega.

…Kombinatga qarashli Markaziy ta'mirlash mexanika zavodidamiz. Zavod majlislar zalida boshlangan uchrashuvni kombinat televideniesining tajribali jurnalisti Oysara Dadayeva olib bordi. U ishchi xodimlar huzuridagi uchrashuvga kelgan ijodkorlarni tanishtirishdan boshlar ekan, ayniqsa, bosma nashrlar qalbni uyg'otishda, fikrlashni o'rgatishda muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta'kidladi.

Uchrashuvda “Adolat” gazetasi muxbiri, taniqli jurnalist Kamol Matyoqubovga so'z berildi. U O'zbekiston qazilma boyliklarga, ko'plab noyob metallar zaxirasiga ega  yurt ekanini, bu borada “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”ning nufuzi va nufusi juda baland ekanligini alohida ta'kidladi. U avval ham xalqaro ­miqyosdagi dovruqli korxonadagi muloqotlarda muntazam qatnashib borishi, o'zaro muloqotlar doimo qiziqarli bo'lishi haqida hamda buyuk ajdodlarimiz to'g'risida ham qiziqarli ma'lumotlarni hikoya qildi.

“Yoshlik” jurnali mas'ul muharriri, yozuvchi Xolmuhammad Karimiy kombinat ishchi-xizmatchilari ma'rifatga chanqoq ekani, kitob o'qish haqida, yaxshi asarlar o'quvchisini ma'rifatli qilishi to'g'risida so'z yuritdi.

“Adabiyot” gazetasi bosh muharriri Baxtiyor Karimni qaysi anjumanda uchratmaylik, qo'lida gazetasi bo'ladi. Bugun ham u uchrashuvga bir dasta “Adabiyot” gazetasini olib kelgan ekan,  yig'ilganlarga tarqatdi. Ushbu gazeta yaqin tariximiz sahifalarini yoritishga alohida e'tibor berayotgani haqida yig'ilganlarga aytib o'tdi.

Shundan so'ng “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri o'rinbosari, “Oltin qalam” xalqaro tanlovi sovrindori, taniqli jurnalist Dilmurod Qirg'izboyevga so'z berildi. U faoliyat ko'rsatayotgan gazeta jamoasi kombinat bilan yaqindan ijodiy hamkorlikni yo'lga qo'ygani va bu ikki tomonga ham samarali bo'layotgani,  kelgusida ham bunday aloqalarni mustahkamlash zarurligi yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirar ekan, gazetada “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” haqida “Tuprog'i zar ma'danim manim”, “Oltin zanglamas”, “Konchilar shuhrati”, “Jasorat va shijoat —hayot mazmuni” kabi esse, publitsistik maqolalar e'lon qilinganini alohida qayd etdi.

— Tashqi go'zallik yuzdagi fayzda bo'lsa,  qalbdagi go'zallik ma'naviyatda. Kimki gazetaga oshno bo'lsa, uning qalbi go'zallashib boradi, — dedi u yig'ilganlarga qarab. — Baxtinglar bor ekan,  Kombinat aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, Oliy Majlis Senati a'zosi Abdulla Xursanov ma'naviyatni qadrlaydigan rahbar. Bugun kombinatda ochilgan eshiklar nafaqat ijodkorlarga, balki ma'naviyatga ham ochilgandek.

“Jadid” gazetasi muxbiri Otabek Rahim ishtirokchilarga “Kitob, gazeta o'qish nima beradi?” degan savol tashladi. Ammo “o'qimaslik hech narsa bermasligi”ni o'zi aytib qo'ya qoldi. U yozgan she'rlaridan o'qidi.

…Kombinatning Markaziy analitik laboratoriyasi boshlig'i, xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi deputati Mixail Chadin bizni ochiq chehra bilan kutib oldi. Laboratoriyada bir kunda ikki mingdan ortiq analiz tahlili olinar ekan. Laboratoriya faoliyati bilan yaqindan tanishib, eng sifatli mis ham, eng qimmatbaho oltin ham kombinatda olinar ekan, degan fikrga keldik.

…“Ochiq eshiklar kuni” doirasidagi ijodiy muloqotlar kombinatga qarashli rux zavodida, “Olmaliqmetallurgqurilish”, “Ixtisoslashtirilgan ta'mirlash ishlari boshqarmasi” va boshqa korxonalarda ham o'tkazildi.

Qiziqarli muloqotlarda “Olmaliq hayoti” gazetasi bosh muharriri Dilfuza Ro'ziyeva, “Za svetnыe metallы” gazetasi bosh muharriri Lyudmila Filippovichlar ham yig'ilganlarga o'z nashrlari xususida batafsil ma'lumot berishdi.

“Almalыkskiy rabochiy” gazetasi bosh muharriri Nigora Nazimova uchrashuv davomida o'ziga xos tanlov e'lon qildi. Gazetasi bo'yicha qiziqarli savollar berdi. G'oliblar sovg'a olishdi. Nashr haqidagi mulohazalar tinglandi.

— “Ochiq eshiklar kuni”ga tashrif buyurganlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman, ijod ahli bilan maroqli uchrashuvlar o'tmoqda, — dedi  “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash bo'yicha maslahatchisi Kamola Umaraliyeva. — Ma'naviyat uchun sarflangan mablag', albatta, o'z samarasini beradi. O'zimiz, farzandlarimiz, yaqinlarimizni ziyoli qilib tarbiyalash uchun albatta gazeta-jurnallarni o'qishimiz kerak.

Darhaqiqat, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ mamlakatimiz iqtisodiyotiga ulkan ulush qo'shayotgan yirik korxonalardan biri. Shu bilan birga, yuqorida ta'kidlaganimizdek, bu yerda ma'naviyat, ma'rifat, ilm va ziyo ham eng asosiy o'rinda. Zero, ma'naviyat yuksak bo'lgan, qadri yuqori bo'lgan joydagina baraka bo'ladi!

Muhammad KENJA,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + 9 =