G'oziantep hayotning mudhish sinovlarida

G'oziantepSo'nggi bir necha kun mobaynida bu shahar nomi dunyo matbuotida ko'p tilga olinmoqda. Bu shahar men uchun ham begona emas, to'g'risi juda sog'inganman ham uni! Nega deysizmi?

Bu shahar Turkiyaning janubi-sharqi qismida joylashgan. Suriyaning Halab shahri bilan chegaradosh. Taqdir taqozosi bilan 15 yildirki mening qizim, kuyovim, uch nafar nabiram shu shaharda yashab kelmoqda. Kuyovim Dalerjon Anqaradagi universitetni tamomlagan. Istanbul yoki Anqarada yaxshi ish topib, yashash oson emas. G'oziantep esa iqtisodiy imkoniyatlari juda boy shahar.

Ilk bor 2011 yil may oyida bu shaharga borgan edim. O'shandan buyon yiliga bir-ikki marta G'oziantepga safar qilaman. Go'zal va jozibali, tarixi juda boy va qadimiy yodgorlik­lari bisyor G'oziantep Turkiya tarixiga g'oziylar shahri sifatida kirgan. 1921 yilda shahar aholisi fransuz mustamlakachilariga qarshi bosh ko'tarib, qahramonlarcha kurashib, dushmanni mag'lub etgan.

Shaharning tumanlaridan biri ushbu urushda o'z vatanini jasorat va matonat bilan himoya qilib shahid bo'lgan o'n to'rt yoshli Komil sharafiga Shehidkamil deb nomlangan. Shahar ahli qahramonlarini hamisha eslashadi. Hatto maktab o'quvchilari bu mavzuda soatlab gapirib berishlari mumkin.

Shaharda yengil sanoat, ayniqsa, gilam ishlab chiqarish juda rivoj­langan. Bugun mamlakatimiz bo'ylab reklama qilinayotgan “UrGaz” (Urgut-Gaziantep), “SAG” (Samarqand-Gaziantep) gilamlari ham bu shahar bilan bog'liqdir. Har yili an'anaviy tarzda o'tkaziladigan xalqaro gilamchilik ko'rgazmasiga dunyoning turli go'shalaridan soha mutaxassislari tashrif buyurishadi.

Bu shahar hunarmandlik va tojirlik an'analari bilan ham mintaqada mashhur. Nomi ko'pchilikka tanish shirinlik baklava (pahlava) ham aynan shu shaharda tayyorlanadi.

G'oziantepning istirohat bog'lari-yu muzeylari har bir mehmonning e'tiborini o'ziga tortadi.

Bo'lgan voqea: 2011 yil, iyun oyi. Tongda G'oziantepning istirohat bog'i sport maydonchasida badantarbiya bilan shug'ullanayotgan edim. Yoshi ulug'roq bir turk oldimga kelib “atesh varmi?” (“gugurt bormi?”) deb so'radi. Chekmasligimni aytdim. U O'zbekistondan kelganimni bilib, Buxoroning so'nggi amiri avlodlari G'oziantepda yashayotgani, ular shahar bozorida Buxoro matolari savdosi bilan shug'ullanayotganini aytdi. Bu gap, albatta, mendek jurnalist uchun juda qiziq edi.

O'sha kuniyoq qizim Malika bilan bozorga borib, Buxoroning so'zanalari-yu kashtalari bilan o'ralgan do'konni topdik. Do'konda Amir Olimxonning nabira qizi Habiba va onasi Qamar xonim (amirzoda Said Hodiyning turmush o'rtog'i) kutib olishdi. Ularga Toshkent noni va Marg'ilon atlasidan tuhfa qildik va suhbatimiz qariyb bir soat davom etdi.

Toshkentga qaytishimdan oldin Habiba menga amakisi Said Mansur Olimiyning Pokistonning Peshovar shahrida dari tilida chop etilgan “Buxoro-gahvorai Turkiston” va “Dushmanoni Buxoro” ( “Buxoro-Turkiston beshigi” va “Buxoro dushmanlari”) kitoblarini hadya etdi. Kitob­lar Buxoro, Said Olimxon tarixi bilan bog'liq ayrim sub'yektiv fikr­-mulohazalardan yiroq bo'lmagan holda, tariximizning (Buxoro amirining Afg'onistondagi hayoti bilan bog'liq) ba'zi sahifalarini yorqin aks ettirgani bilan zalvorli asar hisoblanadi.

Ma'lum bo'lishicha, G'oziantep shahrining G'ozikent mahallasida Buxoro amiri qarindoshlaridan o'ndan ziyod oila yashab kelmoqda ekan. Ular 1980 yil Afg'oniston poytaxti – Kobul shahrini tark etib, Pokis­tonning Peshovar shahriga, keyin Turkiyaning Adana shahriga ko'chishadi. Undan so'ng G'oziantep shahrini doimiy yashash uchun ixtiyor etishadi.

Aytish kerakki, Suriya voqealari sababli G'oziantep xalqaro yo'lning bir bo'lagi sifatida katta ahamiyat kasb etdi. Uning xalqaro aeroporti gumanitar yuklarni Aleppo va Idlib shaharlariga yetkazish bo'yicha yagona yo'l hisoblanadi.

G'oziantep Turkiyaning yana ikki azim shahri Qahramonmarash va Shonliurfa bilan chegaradosh. Bir so'z bilan aytganda go'zal va jozibali G'oziantep shahri tarix chorrahasida ko'pgina muhim tarixiy voqea-hodisalarning guvohi bo'lgan. Uning tamaddunlar so'zlashuvidan hikoya qiladigan jihatlari, o'qilmagan sahifalari juda ko'p.

Ammo ming afsuski, qardosh Turkiyaning boshqa o'ndan ortiq shaharlari qatorida G'oziantepda ham 6 fevral kuni yuz bergan mudhish zilzila bilan bog'liq holatlar xususida so'z yuritishga majburmiz. Bu zilzila birodar turk xalqiga juda qimmatga tushdi, mamlakat tarixida o'ta fojiali sahifa bo'ldi.

Zilzila tufayli minglab odamlar vafot etdi, o'n minglab kishilar jarohat oldi, yuzlab binolar yer bilan yakson bo'ldi. G'oziantepning “tashrif qog'ozi” hisoblangan, shaharning 2500 yillik tarixidan, xalqning dushmanlarga qarshi qahramonlarcha kurashidan hikoya qiluvchi YuNESKO ro'yxatiga kiritilgan qal'a devorlari vayronaga aylandi.

Bugun minglab g'oziantepliklar sovuq ko'chalarda yashashmoqda. Maktablarga katta ziyon yetdi, jumladan, mening nabiralarim o'qiydigan, mehr qo'ygan maktab endi yo'q.

Farzandlarimning xonadoni G'oziantep shahrining Ibrohimli tumanida 5 qavatli binoning 4-qavatida joylashgan edi. Zilziladan 2 kun oldin shaharda birinchi qor yog'ibdi. Aslida   mazkur mintaqada qor yog'ishi noyob tabiiy hodisa, 4 fevral kuni yoqqan qorni aholi xursandchilik bilan kutib olgan. Kuyovim Istanbulda bo'lib o'tgan mebel va gilam xalqaro ko'rgazmasidan so'ng 5 fevral kuni uyiga qaytib kelgan edi.

“Zilziladan oldin ko'chada itlarning bezovta uvillashini eshitdik. Soat 04.17da xonadagi shifoner 1,5 metrga “uchib ketgani” bizni g'aflatdan uyg'otdi, darhol qizlarimni uyg'otdik va nima narsa qo'limizga tushgan bo'lsa, olib ko'chaga otilib chiqdik. Ko'chada minus – 9 daraja sovuq edi. O'zimizni mashina ichiga urdik. Va ketma-ket katta-katta imoratlar ag'darilayotganini ko'rib, vahimaga tushdik. Mashina bilan shahardan chiqib ketish foyda bermadi, chunki yo'llarda yurib bo'lmasdi. Boz ustiga zilzila zanjirli tarzda davom etayotgan edi. Imoratlardan chetroqda mashina ichida qolishga qaror qildik. Bu holat qariyb 3 kecha-kunduz davom etdi. Shahar xo'jaligi, favqulodda xizmat, shifokorlar imoratlar tagida qolib ketgan, yaralangan insonlarni qutqarish bilan band”, – deydi qizim Malika.

“Qizlarim o'tgan kunlarda menimcha 10 yilga “qaridi”, – deydi u yana. – “Hayotga oid tushunchasi ham o'zgardi. Bir dona tuxumning yarmini bir-ikki qultim suv bilan yeb, shuk­ronalar aytganini ko'rib, Alloh dargohidan tavfiq va rahm-shafqat so'radik”.

Albatta, ularning boshidan kechirgan azob-uqubatlarini, yuzlab o'lganlarni ko'rganlarini, tanish do'stlaridan judo bo'lganlarini so'z bilan ifodalab bo'lmaydi. “Tinchlik, xotirjamlik, non, suv naqadar qadr-qimmatli ekanini chuqur anglab oldik”, – deydi nabiram Diloro.

Shu yerda bitta savol beixtiyor dilimizdan o'tadi – bir ne'matning qadriga yetish uchun albatta undan mahrum bo'lish shartmi?! Atrofimizga, uzoq va yaqinimizga nazar solib, shukr desa bo'ladi-ku! Zero, gohida bizning jamiyatimizda ayrimlarning mayda-chuyda muammo, ozgina yetishmovchiliklarga darhol noshukrlik qilgani, hayotdan noligani, o'zi nima istayotganini bilmayotganini ko'rib, shu xulosaga kelasiz-da!

Xudoga shukr, bugun farzandlarim, kuyovim bir do'stining mustahkam ofisida (polda bo'lsa ham) kun kechirishmoqda. Bugun turk eliga dunyoning ko'plab mamlakatlari ko'mak berishga oshiqmoqda. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi birinchilardan bo'lib, ko'mak qo'lini cho'zdi. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 fevral kuniyoq Turkiya Prezidenti Rejeb Toyyip Erdog'an bilan telefon orqali muloqotda bo'lib, turk xalqiga hamdardlik bildirdi, 9 fevral kuni esa, Prezidentimiz birodarlarimizga yana hamdardlik izhor etdi. Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasiga borib, hamdardlik kitobiga tasalli so'zlarini   yozib qoldirdi.

O'zbekistondan yuborilgan 100 nafardan ortiq qutqaruvchi, 70 nafarga yaqin shifokorlar qardoshlarimizga madad bo'lishyapti. Gumanitar yordam yuklari muntazam ravishda jo'natilmoqda. Turk xalqi esa o'zbekistonlik­lardan minnatdor ekanini OAVda va ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirishmoqda.

Shu o'rinda Shayx Sa'diyning qu­yidagi baytlarini ta'kidlab o'tish o'rinli deb o'yladim:

Bani odam a'zoi yakdigarand,

Ki dar ofarinish zi yak gavharand.

Chu uzve ba dard ovarad ro'zgor,

Digar uzvhoro namonad qaror.

(Mazmuni:Odam zoti azaldan bir gavhardan bino bo'lgan, u   yaxlit bir vujud, organizmdir.   Binobarin, agarda hayot uning bir a'zosiga jarohat yetkazsa, boshqa a'zolari ham o'z tinchini yo'qotadi”).

Ha, Turkiya boshiga kelgan bu og'ir kunlar biz – o'zbeklar qalbini ham larzaga soldi. Turk xalqi ko'p sinovlardan muvaffaqiyatli o'tgan, bu xalq muzaffar va hamisha g'olib el. Yana shaharlar barpo etiladi, maktablar, universitetlar qad rostlaydi. Ammo ofat tufayli bu dunyo­dan ketganlarni qaytarib bo'lmas. Na iloj, bandasi ojiz!

Yaratgandan bunday ofatlar bosh­­qa takrorlanmasin, deya iltijo qilamiz.

Shoqahhor SALIMOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + seven =