Engib bo'lmas to'siq yo'q

O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yillik to'yi mamlakatimiz solnomasida shunchaki oddiy bayram emas, balki bosib o'tilgan tarixiy zafarlarni sarhisob qilish, bugungi yutuqlarni xolis baholash hamda kelajakdagi ustuvor maqsadlarni belgilab olishga xizmat qiluvchi muhim siyosiy-ijtimoiy voqelikdir. Istiqlol ortda qolgan tariximizga berilgan baho bo'lmay, balki kelajak avlodlar oldidagi ulkan mas'uliyatimizdir.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O'zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqi aynan mana shunday yuksak mazmun-mohiyat bilan sug'orilgan. Prezidentimiz o'z ma'ruzasida faqatgina erishilgan yutuqlarni sanab o'tish bilan cheklanmasdan, yurtimiz taraqqiyotining navbatdagi bosqichi uchun aniq va tizimli vazifalarni ko'rsatib berdi. Mustaqillik — milliy o'zlik va yaratuvchanlik timsoli ekanligi mazkur nutqning bosh g'oyasi sifatida gavdalandi. Bu esa har birimizdan istiqlolning qadrini teran anglashni va uni kelajak vorislariga bus-butun yetkazishni talab etadi.

Yurtimiz suvereniteti 1991 yilda xalqimizning qat'iy irodasi bilan qo'lga kiritilgan bo'lsa-da, uning ma'naviy poydevori ming yillik davlatchilik tariximizga borib taqaladi. Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug'bek va Alisher Navoiy singari ulug' allomalarimizning jahon ilm-faniga qo'shgan hissasi, Sohibqiron Amir Temur bobomizning davlat boshqaruvidagi boy tajribasi, Vatan ozodligi yo'lida jon fido qilgan Jaloliddin Manguberdi va Najmiddin Kubro hazratlarining jasorati, shuningdek, jadid bobolarimizning ma'rifatparvarlik kurashi bugungi ozod O'zbekistonning mustahkam ma'naviy asosidir. Istiqlol sharofati bilan xalqimiz o'zligini tanidi, ona tilimiz, milliy qadriyatlarimiz, muqaddas dinimiz va boy merosimiz qayta tiklandi. Shu nuqtai nazardan, mustaqillik shunchaki siyosiy maqom emas, balki milliy qadriyatlar qad ko'targan va inson manfaatlari ulug'langan yangi davrdir.

Davlatimizdagi islohotlarning bosh mezoni sifatida “Inson qadri uchun!” degan ezgu g'oya ilgari surildi va u davlat siyosatining markaziga qo'yildi. Ortga bir nazar tashlasak, yaqin o'tmishda fuqarolar hayotiga soya solib kelgan majburiy mehnat, bolalar mehnati, valyuta ayirboshlashdagi cheklovlar hamda propiska tizimi kabi ko'plab og'riqli muammolar butunlay bartaraf etilganiga guvoh bo'lamiz.

Iqtisodiyot tarmoqlarida ham tub burilishlar yuz berdi. Xususan, yurtimizga kiritilayotgan yillik xorijiy investitsiyalar hajmi 2-3 milliard dollardan 40-50 milliard dollargacha oshgani, yalpi ichki mahsulotni 160 milliard dollarlik marraga yetkazish vazifasi muddatidan avval uddalanishi kutilayotgani nutqda alohida qayd etildi. Bu ko'rsatkichlar bir haqiqatni tasdiqlaydi: islohotlarning bosh natijasi quruq raqamlarda emas, balki har bir insonning kundalik hayoti sifatida namoyon bo'lishi kerak.

Yurtboshimiz kelgusi o'n yillikni mamlakatimizning “milliy yuksalish davri” sifatida belgilab, bu yo'lda yettita muhim milliy dasturni e'lon qildi:

  1. Bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirish. Kelajak taraqqiyotining asosiy omili bilim va yuqori malaka hisoblanadi. Buning uchun maktabgacha ta'lim qamrovini kengaytirish, maktablarni xalqaro baholash tizimlariga integratsiya qilish, texnikumlarda jahon standartlarini qo'llash va yoshlarni daromadi yuqori kasblarga o'rgatish lozim. Shuningdek, kamida 10 ta milliy universitetning dunyodagi “TOP-1000”talik ro'yxatga kirishi maqsad qilingan. Zero, zamonaviy dunyoda raqobat tabiiy boyliklar emas, balki intellekt va innovatsiyalar o'rtasida kechmoqda.
  2. Xalqimizning sog'lom bo'lishi va uzoq umr ko'rishini ta'minlash. Bu dastur aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Tibbiyotga ajratiladigan mablag'larni ko'paytirish, kasalliklarni vaqtida aniqlash (profilaktika), tibbiy sug'urtani barcha xonadonlarga yetkazish va yetakchi xorijiy klinikalarni jalb etish vazifalari belgilandi. Bu tizim sohada “kasallikni davolash”dan “uning oldini olish” tamoyiliga o'tishni ta'minlaydi.
  3. Iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o'tkazish. Yangi davrda O'zbekiston iqtisodiyoti yuqori texnologiya va yuksak mehnat unumdorligi modeliga asoslanadi. Kelgusi o'n yilda 450 milliard dollar xorijiy sarmoya jalb etish, 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish va sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o'rni yaratish rejalashtirilgan. Startaplar, venchur, sun'iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali mamlakatimiz xomashyo yetkazib beruvchidan yuqori qiymat yaratuvchi innovatsion davlatga aylanishi kerak.
  4. Suv va tabiatga munosabatni tubdan o'zgartirish. Global iqlim o'zgarishi davrida ekologik barqarorlik va suvni tejash eng dolzarb masaladir. Besh yil ichida ekin maydonlarini suv tejovchi texnologiyalar bilan 100 foiz qamrab olish, “Yashil makon” harakatini kengaytirib, shahar va tuman markazlaridagi yashillik darajasini 30 foizga yetkazish choralari ko'riladi. Bu vazifalar ekologik inqiroz kuchayayotgan Markaziy Osiyo mintaqasi uchun strategik ahamiyatga egadir.
  5. Sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta'minlashni umumiy qadriyatga aylantirish. Bu yo'nalish sudlar mustaqilligini ta'minlash va qonuniylikni kuchaytirishga qaratilgan. Huquqiy tarbiyani maktab davridan boshlash, tadbirkorlar va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosiga qarshi kurashish tizimi kuchaytiriladi. Yashirin iqtisodiyot hamda xotin-qizlar va bolalar huquqlari buzilishiga qarshi murosasiz kurash olib boriladi. Qonun ustuvor bo'lgan yurtdagina inson huquqi va iqtisodiy barqarorlik ta'minlanadi.
  6. Mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish. Jamiyat hayotida mahallaning roli tubdan oshiriladi. Bundan buyon mahalla aholisining ehtiyojlari tuman byudjeti, investitsiya va infratuzilma loyihalarini shakllantirishda bosh mezon bo'ladi. Bu esa boshqaruv tizimining “yuqoridan pastga” emas, balki xalqning real talablariga asoslangan holda ishlashini ta'minlaydi.
  7. O'zbekistonning tinchlik va do'stlik diyori, bag'rikeng o'lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirish. Ushbu dastur mamlakatimizning xalqaro maydondagi tinchlikparvarlik nufuzini oshirishga xizmat qiladi. Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elatlar ahil-inoq yashab kelmoqda. O'zbekiston o'zining ochiq va pragmatik tashqi siyosatini, Markaziy Osiyodagi yaxshi qo'shnichilik va iqtisodiy diplomatiya aloqalarini izchil davom ettirmoqda.

Prezident nutqining bosh xulosasi shundan iboratki, bugun Yangi O'zbekiston davlat asoslarini mustahkamlash bosqichidan milliy yuksalish va dunyo miqyosidagi raqobat davriga qadam qo'ymoqda. Oldimizda shunchaki yangilanishlarni davom ettirish emas, balki ularni sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko'tarish vazifasi turibdi.

Mustaqillikni asrash — uni har kuni halol mehnat va bunyodkorlik bilan qayta barpo etish demakdir. 35 yillik tariximiz mashaqqatli mehnat va ulkan yutuqlar davri bo'ldi, biroq yangi bosqich bizdan yanada yuksak mas'uliyat talab qiladi. Yurtboshimiz ta'kidlaganlaridek, xalq va davlat bir tanu bir jon bo'lib harakat qilsa, yengib bo'lmaydigan to'siqning o'zi yo'q.

Xususan, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Xorazm viloyati bo'limining yuzdan ziyod a'zolari milliy yuksalish yo'lidagi umumxalq harakatining eng oldingi saflarida turishni o'zlarining muqaddas burchi deb biladilar. Biz mustaqilligimizni ko'z qorachig'idek asrab, uni har kuni, har soniyada birgalikda bunyod etamiz.

Dilbar BEKChANOVA,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi

Xorazm viloyati bo'limi raisi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − 6 =