Najot eshiklari hali yopilmagan

Avvallari “Suvday serob bo'l” degan niyatni ko'p bor eshitganmiz. “Suvga tupurma, isrof qilma”, degan gaplardan ham xabarimiz bor, ammo vaqt kelib, suv tanqisligi degan hadik paydo bo'lishini o'ylab ham ko'rmaganmiz. Keksalar suvda xotira bor, deyishadi. Bu ilmiy jihatdan isbotlangan. Shunday ekan, bu bebaho ne'mat oldida yuzimizning shuvutligi aniq. Negaki, suvga nisbatan o'ta yomon munosabatimiz o'zimizga ham ayon. Azim daryo deganlari qo'shiqda “oqadi-yu ketadi”, hayotda esa suvning biz isrofgarlar to'g'risidagi xotirasi o'zi bilan birga ketadi.

Yashirishdan foyda yo'q, gapni o'zimizdan boshlasak, biror kishi “Men hozirgacha bir qultum suvni isrof qilmaganman”, deya oladimi? Taassufki, bunday deyishning iloji yo'q.

Evropada o'tkazilgan yirik anjumanlardan birida notiqlar iqlim o'zgarishi, ichimlik suvi muammosi va yer osti boyliklarining beayov qazib olinishi bugungi kunning tashvishli muammosi ekanligini aytib, ma'naviy targ'ibot ishida bu mavzuga e'tibor kamligi, bu esa yangi, yanada og'ir va talafotli muammoni yuzaga chiqarishi mumkinligini ta'kidlashdi. Bu muammo kurrai zaminda tiriklikni saqlab qolish bilan bog'liq. Negaki, bugunning o'zida dunyoda bir milliarddan ortiq kishi toza suv iste'mol qilish imkoniyatiga ega emas. Keyingi o'n besh yil ichida ikkinchi jahon urushidan keyingi jamiki harbiy harakatlarda halok bo'lgan bolalar sonidan ko'proq norasida toza suv muammosi tufayli orttirgan kasalliklar bois nobud bo'libdi. Yer yuzida istiqomat qilayotgan jamiki aholining deyarli yarmi suv iste'mol qilishda bundan ikki ming yil avval yashagan qadimgi Rim aholisi darajasidan ancha orqada ekan.

YuNESKO ma'lumotlariga ko'ra, toza ichimlik suvi bo'yicha dunyo mamlakatlari o'rtasida Finlyandiya birinchi, Kanada va Yangi Zelandiya ikkinchi va uchinchi o'rinlarni egallaydi. Boshqa jihat ham bor: har bir qit'ada ifloslanishlar sababli foydalanish uchun mutlaqo yaroqsiz bo'lib qolgan “o'lik” ko'l va daryolar mavjud. Ganga daryosining Bangladeshdagi so'l tarmog'i, Missisipi daryosidagi ko'rfaz allaqachon o'lib bo'lgan, ularda tozalash tizimlari mavjudligiga qaramay, hech qanday tirik organizm yo'q ekan. Yava orolidagi Sitarum dunyodagi eng iflos daryo hisoblanadi. Har yili okeanlar tubida 260 million tonnadan ziyod plastik buyumlar to'planadi. Odamlar har kuni ikki million tonna chiqindini tabiiy suv havzalariga tashlaydi. Suv tufayli davlatlar o'rtasida mojarolar kelib chiqadi. Kuzatuvlarga ko'ra, yana o'ttiz yildan keyin okeanlar suvining tuzlanishi bir yarim barobarga oshadi va bu holat dengiz ekotuzilmasida qayta tiklanmas yo'qotishlarga olib keladi. Yana ma'lumot: yil davomida har bir kishi 60 tonna suvni oziq-ovqat orqali iste'mol qiladi – bir kilogramm kartoshka yetishtirish uchun 100 litr, bir kilogramm guruch uchun 4000 litr, bir kilogramm mol go'shti uchun 13000 litr suv sarflanadi.

Bu raqamlar o'tgan asrning saksoninchi yillari o'rtalarida ijodkor ziyolilarning matbuotda Orol muammosiga doir dastlabki kuyunchak maqolalarini yodga soladi. Ularda bu noyob bahri ummonning suv sathi muttasil pasayib borayotgani bois, zudlik bilan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi aytilgan edi. Taassufki, mutasaddilar bunga quloq tutmadi. Respublikaning o'sha paytdagi rahbarlari bu kuyunchaklikni davlat ishlariga o'rinsiz aralashish, ortiqcha ayyuhannos solishga yo'ydi. Ekologik falokat oyoqqa turayotgani, qum va tuz to'zoni havoni bulg'ayotgani, olis qit'alargacha yetib borayotgani tuzum ko'zini ochmadi. Kasallik maddalab, yirik mintaqaning vujudini chirmovuqdek qamrab, qon tomirlari-yu nafas yo'llarini to'sa boshlaganidagina ma'lum harakatlar boshlandi. Ammo ko'p narsa boy berib bo'lingandi.

O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bilan Nukusda taniqli adib To'lepbergen Qaipbergenov tavalludining 70 yilligiga bag'ishlangan tadbirlarda ishtirok etganmiz. Rasmiy marosimlar tugagach, bizni yengil katerda Amudaryo bo'ylab sayr qilishga taklif etishdi. Daryoning ba'zi joylarida suv sathi bir metrdan oshmasdi. Katerdan tushib, oyoqyalang suv kechdik. O'ynab, o'ynoqlab, qirg'oqlariga to'sh urib oqadigan daryo tuzalmas dardga chalingan bemorday nomigagina harakat qilar va bu harakatidan o'zi ham qoniqmayotgan edi. Abdulla aka birdan jo'shib ketdi. “Daryoni quritib bo'psizlar, birortang Amudaryo haqida durustroq asar ham yozmading, nahotki nima bo'layotgani, ertaga nima bo'lishini, hammamizni qanday falokat kutayotganini sezmayotgan bo'lsangiz?” – deya mahalliy yozuvchilarga tanbeh berdi.

Dunyoda mavjud jamiki suv manbalarining to'qson yetti foizi iste'mol uchun yaroqsizligidan xabarimiz bor, ammo parvoyimiz palak. Dunyo mamlakatlarida ichimlik suvining bahosi qanchaligini bilsak-da, qancha mehnat hisobiga tozalangan suvni hovliga, yo'laklarga olachalpoq qilib ham emas, ko'llatib sepamiz, qo'lbola favvora yasaymiz.

Bundan ko'p yillar avval yaponiyalik taniqli olim O'zbekistonga kelib, Buyuk ipak yo'li o'tgan shaharlar bo'ylab sayohat qiladi. Sayohati yakunida o'zbek xonadonlaridan birida mehmon bo'ladi. Uy egalari yugurib-elib tansiq taomlar tayyorlashadi, dasturxonga sarxil meva qo'yishadi. Qiz-kelinlar ko'cha, yo'lak va hovlini supurib-sidirib, shlangda sharros-sharros suv sepishadi, gul-rayhonlarning barglarini yuvishadi. Ayni shu payti hovliga xorijlik mehmonlar kirib keladi. Yaponiyalik olim ayollarning bu harakatini ko'rib, avvaliga yerga sepilayotgan suv haqida so'raydi, ichishga yaroqliligini bilib, hayratga tushadi va hamrohlaridan biriga: “Uy sohibi milliarder bo'lsa kerak” deydi…

Bunday misollarni ko'plab keltirish mumkin. Tomorqani sug'organda har bir daraxtning tagida suv ko'llab, qo'shni tomonga paynov chiqmaguncha ko'nglimiz to'lmaydi. Dalaga suv ochsak, egatlarga tarab qo'yib, ertalab xabar olamiz… Televizorda necha ming yillardan beri bir qultum suvga zor cho'lu biyobonlarni, suvsizlikdan lablari qaqrab, yorilib ketgan bolalarni, qurib-qaqshab yotgan o'rmonlarni ko'ramiz, ammo bunga ajablanmaymiz ham. O'rta Yer dengizi atrofidagi ayrim davlatlar ichimlik suvi muammosini hal qilish uchun Shimoliy Muz okeanida suzib yurgan chuchuk suvli bahaybat aysberglarni shatakka olib sudrash, eritib iste'mol qilish rejalarini tuzishayotgan ekan. Qamchiq dovonidan o'tayotganimizda tog'ning naq belida qolib ketgan suv izlariga ko'zimiz tushadi, suv sathi yildan-yilga pastlab borayotganiga, bu jarayon hali-beri orqaga qaytmasligiga guvoh bo'lamiz.

Qadimda suv tanqisligi bois, karvon yo'llarida sardobalar qurilgan. Manbalarda aytilishicha, Movarounnahrda qirqdan ortiq toza suv saqlagich sardobalar bo'lgan. Sardoba qurilishi uchun suv, tuproq va qum alohida toza joydan, ganch Qorovulbozor, Nurotadan olib kelingan. Qumga yantoq, qamish, yulg'un kuli qo'shilgan. Xumdonga tut, o'rikning quruq novdalari yoqilgan. G'ishtlarni bir-biriga yopishtiradigan maxsus qorishmaga qo'y suti, tuya juni qo'shilgan. Natijada inshoot mustahkam bo'lib, suv sizib chiqib ketmagan va, muhimi, ikki yilgacha aynimagan, qish-qirovli kunlarda issiq, yozda esa muzdek turgan. Buning uchun Sardobaning ostiga uch qavat qoramol va tuya terisi, uch qavat kigiz, uning ustiga bir qavat ganch, eng yuqorisiga sifatli g'isht yotqizilgan.

Umuman, bizning suv haqidagi tasavvurimiz yo to'la emas, yo butunlay noto'g'ri. Negaki, suv nafaqat bugungi kun odamlarining, shu bilan birga butun tabiat, jamiki jonzot, yeru osmon, bu yorug' olamga bizdan keyin keladigan avlodlarning ham rizq-nasibasi. Birovning rizqiga xiyonat qilish og'ir gunoh.

Suv haqida kuyunchaklik bilan yozilgan bir maqolani takror-takror o'qiyman: “Alloh taolo bandalarining hojatiga yaraydigan, uning tirikligiga sabab bo'ladigan suvni dengiz, ummonlar shaklida to'plab beradi. Suv bir joyda turib aynib qolmasligi uchun Parvardigorimiz uni tuzlar bilan to'ldirib qo'yadi… Xudovand: “Bo'ldi, men suvni yaratib qo'ydim, endi undan o'zing foydalanib ol”, demadi, balki bulutni ummon tepasiga keltirib, undagi chuchuk suvlarni o'ziga so'rib olib, shamol bilan bandalari ustiga olib kelib, suv qilib yog'dirdi. Alloh taolo ko'rinishidan tog'larga husn bo'lib turgan qoru muzliklarni bizlar uchun o'sha yerda jamlab qo'ydi. Xudovand: “Bo'ldi, ana tog'larga jamlab qo'ydim, endi uni o'zing borib, parchalab, uyga olib kelib, eritib ishlataver” demadi, balki o'zi Quyoshni uning ustiga olib kelib, tagidan eritib, ariqlar, soylar qilib, xonadonlarimizning oldigacha oqizib qo'ydi…”

Olimlarning fikricha, bugun yomg'ir, do'l, jala bo'lib yerga singiyotgan suv – kecha, o'tgan oy yoki o'tgan yili yerdan ko'tarilgan bug' emas, necha million yil avval bug'langan, yerdan ko'tarilgan suv. Demak, bugun shivalab yog'ayotgan yomg'ir tomchilarida o'tmish ajdodlarning xotirasi bor. Shuning uchun ham bu ne'matni isrof qilmaslik kerak. Yozning jazirama kunlari yirik shaharlarda yashayotgan aholi jon boshiga 600-800 litrgacha suv ishlatadi. Afrikaning qurg'oqchil hududlarida buncha suv kichikroq qishloq aholisining bir kunlik iste'mol me'yori.

Tarixga nazar tashlasak, suv hamisha Yaratgan egamning noyob mo''jizasi hisoblanib kelgan. Miroblik kasbi ulug' kasblardan biri bo'lgan. Chanqagan kishining qo'liga bir piyola suv tutish beadoq savob hisoblangan. Bugun yurtimizga xorijiy davlatlardan ilg'or tajriba sifatida kirib kelayotgan tomchilatib sug'orish usuli dastlab o'zimizda qo'llanilgan. Ha-ha, o'zimizda. Taassufki, keyin-keyin suvga doir ko'p qadriyatlar unut bo'lib ketdi.

2050 yilga borib yer yuzi aholisi 9 milliardga yetishi bashorat qilinmoqda. Global iqlim o'zgarishi natijasida tabiatda turli xil xavf-xatar, masalan, qurg'oqchilik yuz berishi mumkin. Hozirgi ilm-fan ko'p narsaga qodir, ammo hech narsa suvning o'rnini bosa olmaydi. Shunga qaramay, ichimlik suvi zaxiralarining kamayishi va ifloslanishi, ekin maydonlarining sho'rlanishi, suv isrofgarchiligi davom etmoqda. Tugab borayotgan suv zaxiralari bor. Suvning ifloslanishi tufayli odamlar oshqozon-ichak, buyrak, jigar, allergik xastaliklarga duchor bo'lmoqda. Zamonaviy sanoatning tez sur'atlar bilan rivojlanishi, ishlab chiqarish va maishiy chiqindilarning ko'payishi, qayta ishlanmasligi, zaharli kimyoviy moddalar ishlatilgan ekin maydonlaridan oqib chiqqan paynov suvlarning zarari to'g'risida ko'p yozilmoqda, ammo erishilayotgan natijalar qoniqarli emas.

Keyingi yillarda tog'larga qor kam tushdi, muzliklarning umumiy maydoni qisqardi, tog' zonalaridagi suv zaxirasini to'plovchi o'rmon va archazorlar kamaymoqda. O'zbekiston Ekologik harakati ma'lumotlari kishiga biroz tasalli beradi: toza ichimlik suvidan oqilona foydalanish borasida tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan, bu boradagi faoliyatni huquqiy jihatdan yo'lga solish maqsadida qonunlar, hukumat qarorlari qabul qilingan. Zarafshon daryosi suvini ekologik sog'lomlashtirish yuzasidan aniq tadbirlar ishlab chiqilgan. Mamlakat hududidagi barcha daryo va kanallar qirg'og'ida suv muhofazasi zonasini tashkil etish va uni amalga oshirish, daryo va kanallarga tashlanayotgan oqova suvlarini nazoratga olish, kanalizatsiya tizimlarini mukammallashtirish, shuningdek, bakteriologik ifloslanishning oldini olish muhim vazifa deb belgilangan. Bu yo'nalishda jiddiy ish boshlangan.

Bir qarashda, tashvishga tushadigan joyi yo'q, hammasi joyida: chora-tadbirlar belgilangan, suvni tejab ishlatish harakatlari mavjud. Ammo shu bilangina muammoni hal qilib bo'lmaydi. Suvni tejaydigan, tozalaydigan moslamalardan foydalanish, yangi suv omborlari qurish, suvga o'ch ekinlarni kamaytirish, suv narxini oshirishdan ham muhim bir vazifa bor – suvga nisbatan munosabatimiz o'zgarishi kerak. Bu o'zgarish sodir bo'lmas ekan, muammo yildan-yilga, mavsumdan-mavsumga murakkablashib, oxir-oqibat dovondagi cho'qqilar poyida bir vaqtlar suv sathi qoldirgan izlar ham yaqin o'tmishga bog'liq afsonaga aylanadi.

Vaqt bor, najot eshiklari hali yopilmagan.

Ahmadjon MELIBOYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

 jurnalist.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 17 =