Mediasavodxon yoshlar taraqqiyot kafolatimi?

Bugungi kunda insoniyat hayotining deyarli barcha sohalari raqamlashtirilmoqda. O'tgan asrlar bilan taqqoslaydigan bo'lsak, ijtimoiy hayot, shaharlar hududining kengayishi, madaniyat, tibbiyot, fan va ta'lim, axborot texnologiyalari kabi bir qancha sohalarda sezilarli rivojlanish kuzatildi.

Internet, sun'iy intellekt, ijtimoiy tarmoqlar va turli axborot platformalari kundalik turmushimizning ajralmas qismiga aylandi. Ayniqsa, yoshlar zamonaviy texnologiyalarning eng faol foydalanuvchilari hisoblanadi. Tarqatilayotgan kontent va xabarlarga tez munosabat bildiradigan, ularni keng muhokama qiladigan eng faol auditoriya ham aynan 18-35 yoshdagilardir.

Biroq bu davr o'zining keng imkoniyatlari bilan bir qatorda, salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqarmoqda. Global tarmoqlanish va sun'iy intellekt rivoji tafakkurning qisman sustlashuviga hamda turmush tarzida ijtimoiy munosabatlarning tubdan o'zgarishiga sabab bo'lmoqda. Shu bois raqamli davrda yosh avlodning axborot madaniyatini shakllantirish eng dolzarb vazifalardan biri sifatida namoyon bo'lmoqda. Zero, soxta axborotlar (feyk), kiberfiribgarlik, zararli g'oyalar, internetga qaramlik va shaxsiy ma'lumotlarning oshkor bo'lishi kabi xavflar yoshlarning ma'naviy hamda intellektual rivojiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin.

Buning oldini olish uchun esa axborot madaniyatini yuksaltirishimiz zarur. Axborot madaniyati deganda, insonning axborotni izlash, saralash, tahlil qilish, undan oqilona foydalanish va uni mas'uliyat bilan tarqatish ko'nikmalari tushuniladi. Bunday madaniyatga ega bo'lgan shaxs har qanday ma'lumotning ishonchliligini tekshiradi, yolg'on xabarlar va manipulyativ kontent ta'siriga berilmaydi.

Eslatib o'tish joizki, yolg'on ma'lumot tarqatish, davlat sirini oshkor etish, omma orasida o'zaro kelishmovchilik keltirib chiqaruvchi xabarlarni yoyish qonunan man etiladi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-6-moddasiga muvofiq, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro'sizlantirilishiga olib keladigan yolg'on axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog'ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilgan bo'lsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Axborot sohasidagi globallashuv qanchalik yuqori cho'qqiga chiqqanini bugungi kunda millionlab yoshlarning har bir kuni internetdan foydalanishda o'tayotganidan ham anglash mumkin. Shunday chigal va murakkab sharoitda biz uchun eng muhim vazifalardan biri — yosh avlodning ongi hamda qalbini yot g'oyalardan, mafkuraviy tahdidlardan asrab-avaylashdir. Buning uchun kitobxonlikni targ'ib qilish, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni ko'paytirish hamda foydali raqamli kontent yaratishni qo'llab-quvvatlash axborot madaniyatining rivojlanishiga xizmat qiladi. Oila va jamiyat hamkorligi esa bu boradagi ishlarning samaradorligini yanada oshiradi.

Shu jihatdan, axborot madaniyatini rivojlantirish jarayonini izchil davom ettirish, uni ta'lim tizimi, oilaviy tarbiya va keng jamoatchilik ishtirokidagi kompleks yondashuv asosida takomillashtirish bugungi kunning eng mas'uliyatli vazifalaridan biridir.

 

Sayyora UMAROVA,

O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + 11 =