Vaqtlararo sayohat maskani

Vaqt bo'ylab sayohat qilish faqat fantastik roman yoki kinolarda bo'lmaydi. Buning uchun Amerika yoki Yaponiyaning ilmiy markazlariga borish ham shart emas. Xo'sh, unda nima qilish kerak? Eng qulay yo'li — poytaxtimizdagi O'zbekiston tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurishdir. Ikki yillik mukammal ta'mirdan so'ng yana xalqimiz va yurtimiz mehmonlari uchun o'z muhtasham eshiklarini ochgan ushbu ma'rifat maskaniga yo'l oldim.

Ochilish marosimining sanasi tasodifan tanlanmagan. Joriy yil ushbu dargohga “Turkiston xalq muzeyi” nomi bilan asos solinganiga 150 yil to'ldi. 55 yillik binoning muhandislik tizimlari, kommunikatsiya va elektr tarmoqlari, hatto transformatorlarigacha butunlay eskirib qolgani bois, dastlab bir yilga mo'ljallangan ta'mirlash ishlari ikki yilga uzaytirilgan edi.

Moziygohga ilk qadam qo'yishim bilan qarshimda paydo bo'lgan polotno meni hayratda qoldirdi. Beixtiyor xayolimga otashin shoir, baxt va shodlik kuychisi Hamid Olimjonning ushbu satrlari keldi:

Chiroylidir go'yo yosh kelin,

Ikki daryo yuvar kokilin.

Qorli tog'lar turar boshida,

Gul vodiylar yashnar qoshida.

Chor atrofga yoyganda gilam,

Aslo yo'qdir bundayin ko'klam.

Ikki yonimda esa turli davrlarga mansub ustunlar tiklangan. ularning yonidan o'tar ekanman: “Buyuk bobolarimdek tetik, shaxdam va viqor bilan odimlayapmanmi?” — deb o'ylab qoldim.

Muzey zallari bo'ylab yurar ekanman, ekspozitsiyalar meni dinozavrlar davridan boshlab bugungi kunimizgacha bo'lgan uzoq va boy tarix yo'lidan olib o'tdi. Yurtimiz hududi sivilizatsiyaning eng qadimgi o'choqlaridan biri bo'lganini, Yer tarixi davomida shunchalik ko'p saltanatlaru ulkan o'zgarishlarni boshidan kechirganini bir necha soatlik sayohat davomida his qilish odamni hayratga solar ekan. Har bir zalda o'zimni xuddi vaqtlararo sayohatchidek his etdim; go'yo har bir davrga bag'ishlangan xona bir bekat, men esa shu bekatlarni birma-bir bosib o'tayotgan yo'lovchi edim. U yerda ilgari faqat maktab darsliklarida ko'rgan xaritalar, qurol-aslahalar va turli kulolchilik buyumlari namunalarini o'z ko'zim bilan ko'rib, cheksiz zavq oldim. Bunday hissiyotni na fantastik asarlar va na axborot texnologiyalari vizualizatsiyasi bera oladi.

Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda muzey jamg'armasida 350 mingdan ortiq eksponat saqlanmoqda. Ular orasida 70 mingdan ziyod arxeologik topilmalar, 100 mingdan ortiq numizmatika namunalari, qadimiy qo'lyozmalar va etnografik materiallar mavjud. Yangi ekspozitsiyani loyihalashtirish ishlariga Turkiyaning “Avdor” kompaniyasi jalb qilingan bo'lib, natijada zamonaviy vositalar orqali o'zbek davlatchiligining shakllanish tarixi, xalqimizning boy an'analari va madaniyati yanada jonli hamda ta'sirchan tarzda gavdalantirilgan.

Sayohatim davomida meni eng ko'p hayratlantirgan va uzoqroq to'xtalishimga sabab bo'lgan bo'limlardan biri Sohibqiron Amir Temurga bag'ishlangan zal bo'ldi. So'ng meni Mirzo Ulug'bek faoliyatiga bag'ishlangan bo'lim kutib oldi. Bu yerda uning yulduzli osmon tadqiqotlari, Samarqanddagi rasadxonasi va aniq astronomik hisob-kitoblari haqida hikoya qiluvchi eksponatlar qatorida, tashrif buyuruvchilar bevosita o'z qo'llari bilan sinab ko'rishlari mumkin bo'lgan qiziqarli interaktiv qurilma ham o'rnatilgan ekan.

Bu doira shaklidagi, kalendar-hisoblagichga o'xshash asbob bo'lib, unda yillar 2020 dan 2070 gacha, oylar va kunlar aylana shaklida joylashtirilgan. Unda tegishli teshikchalarga ishora qilish orqali istalgan sananing hafta kunini aniqlash mumkin. Ushbu qurilmani tomosha qilar ekanman, bundan besh asr avval — teleskop va kompyuterlar bo'lmagan bir davrda, faqat yuksak aql-zakovat va sabr-toqat bilan osmon jismlarining harakatini bunchalik aniqlikda hisoblab chiqqan donishmand bobomizning zakiyligiga yana bir bor tan berdim.

Ekspozitsiya bo'ylab yurishda davom etib, Ikkinchi jahon urushi davriga bag'ishlangan xonaga kirdim. Bu yerdagi eksponatlar va suratlarni tomosha qilar ekanman, ko'z oldimdan urush haqidagi filmlar, o'q ovozlari va onalarning dod-faryodi o'tgandek bo'ldi. Ushbu xonada turib, tinchlik degan tushunchaning naqadar qimmatga tushganini, bugungi osoyishta hayotimiz ortida qanchadan-qancha insonlarning fojiasi yotganini yana bir bor chuqur his etdim.

Sayohatimning eng so'nggi nuqtasi esa meni butunlay boshqacha bir olamga olib kirdi. To'rt devori va hatto shiftining yarmigacha ekranlar bilan qoplangan xona… Bu yerda o'tmish va kelajak bir nuqtada tutashgandek edi. Atrofimdagi barcha monitorlarda tarix sahifalari va kelajak tasvirlari yonma-yon jonlanardi. Ochig'i, bu bo'lim sayohatning nihoyasi emas, balki yangicha anglashning boshlanishidek tuyildi.

Afsuski, vaqtim cheklangani bois muzeyda uzoq qololmadim. Qachon bizda ham chet elliklarga o'xshab muzeylarni soatlab, shoshmasdan tomosha qilish ko'nikmasi shakllanar ekan-a?

Tashqariga chiqsam, xorijlik sayyohlar o'zbek ekanimni bilib, birga suratga tushishga taklif qilishdi. Ajab emas, keyinchalik xalqaro saytlardagi sayohatnomalar orasida suratlarim chiqib qolsa…

Muzeyni tark etar ekanman, o'tmishni bilish shunchaki qiziqish emas, balki kelajakni qurishning zaruriy shartidir, degan haqiqatni anglab yetdim. O'zbekiston tarixi davlat muzeyi nafaqat o'tmish xazinasi, balki har bir tashrif buyuruvchini o'z davri va mas'uliyati haqida o'ylashga undovchi ko'zgu ham ekan. Tarix — bu faqat kitoblarda o'qiladigan sana va voqealar ro'yxati emas, balki har birimiz har kuni yozib borayotgan va hali yakunlanmagan yagona hikoyadir. Men ham kelajak avlodga munosib meros qoldirish haqidagi xayollar va ezgu niyatlar bilan o'qishim tomon yo'l oldim.

Husniddin MUHAMMAD MUROD,

O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 3-bosqich talabasi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 3 =