Mashina tilni “tushunadi”, lekin o'zbek tilini tushunarmikan?

Kechasi soat o'n bir. Talaba qiz kompyuter ekraniga tikilib, sun'iy intellekt dasturidan diplom ishi yuzasidan o'zbek tilida qisqacha xulosa yozib berishni so'radi. Bir necha soniyadan keyin ekranda chiqqan matnni o'qib, afsus bilan boshini chayqadi. Gaplar to'g'ri tuzilgandek ko'rinsa ham, ularda nimadir yetishmasdi. Ba'zan so'z tartibi g'alati edi, ba'zan bir gap ichida ikki til aralashib ketgan, ba'zan esa umuman ma'nosiz iboralar chiqib qolgan edi. Shunda u o'sha so'rovni ingliz tilida yuborib ko'rdi. Javob bir zumda, xatosiz, ravon chiqdi. Nega shunaqa? Nega bir dastur ingliz tilida mohir yozuvchiga o'xshab gapiradi-yu, ona tilimizda duduqlanadi?

Bu savol faqat bitta talabaga shaxsiy noqulaylik tug'dirayotganligi haqida emas. Bu butun bir millatning raqamli kelajagiga tegishli muammo. Bugun sun'iy intellekt ta'lim, tibbiyot, davlat xizmatlari va biznesning deyarli barcha sohasiga kirib bormoqda. Agar bu texnologiyalar o'zbek tilini yaxshi tushunmasa, o'zbek xalqi bu inqilobdan chetda qolib ketishi mumkin.

Mutaxassislar bu muammoni aniq raqamlar bilan isbotlagan. 2025 yilda o'tkazilgan keng qamrovli tadqiqotda dunyodagi yetakchi ochiq modellar, jumladan, “Llama”, “Gemma” va “Qwen” o'zbek tilidagi matnlar bilan sinab ko'rilgan. Natija ko'pchilikni hayratga soladi. Modellarning aksariyati izchil va mantiqiy matn yarata olmagan, ba'zilari bir jumlada uch xil tilni aralashtirib yuborgan. Faqat “Kimi-K2-Instruct” modeli nisbatan yaxshi natija ko'rsatgan. Lekin uning tarjima sifati ham “BLEU” bo'yicha 0,54 bo'lib, professional tarjimon darajasidan hali ancha past.

Bu tasodif emas. Muammoning ildizi sun'iy intellekt tilni qanday o'qishida yashiringan. Har bir til modeli matnni token deb ataladigan mayda bo'laklarga bo'lib ishlaydi. Ingliz tilida bitta so'z, odatda, bitta tokenga to'g'ri keladi. Lekin o'zbek tili kabi qo'shimchalarga boy tillarda ahvol boshqacha. Masalan, “uyimizdagilardan” degan bitta so'zning o'zi olti-etti bo'lakka bo'linib ketishi mumkin, chunki dastur qo'shimchalar zanjirini tanimaydi. Xalqaro tadqiqotlarga ko'ra, turkiy tillarda bu ko'rsatkich, ya'ni fertillik darajasi ingliz tilidagiga qaraganda ikki baravargacha yuqori. Bunda bir xil fikrni aytish uchun model ikki baravar ko'p kuch sarflashi kerak bo'ladi.

Ko'pchilik buni faqat dasturchilarning ishi deb o'ylashi mumkin. Aslida esa, bu milliy manfaat masalasi. Birinchidan, iqtisodiy adolat buzilmoqda. Ko'p sun'iy intellekt xizmatlari token soniga qarab pul oladi. Demak, bir xil savolni ingliz tilida bergan odam kamroq to'laydi, o'zbek tilida bergan odam esa faqat tilining o'ziga xosligi tufayli ko'p pul sarflashi mumkin. Ikkinchidan, sifat muammosi bor. Model matnni noto'g'ri bo'laklarga bo'lsa, ma'noni ham chala tushunadi. Natijada talaba ilmiy ishida, shifokor tibbiy hujjatida, amaldor rasmiy xatida sifatsiz yordamchiga duch keladi. Uchinchidan (bu balki eng chuqur muammodir), til texnologiyalari rivojlanmasa, tilning o'zi raqamli olamdan chetda qolib ketishi mumkin. Yoshlar ma'lumotni qaysi tilda tez va qulay topsa, o'sha tilga ko'proq moyil bo'ladi. Agar o'zbek tilida sifatli raqamli muloqot imkoni bo'lmasa, ba'zi odamlar beixtiyor boshqa tillarga o'tib ketishi ehtimoldan xoli emas.

So'nggi paytlarda ba'zi tadqiqotchilar aynan o'zbek tili uchun moslangan kichik modellar yaratishga muvaffaq bo'lishyapti. Qizig'i shundaki, atigi to'rt milliard parametrli, lekin maxsus o'zbekcha tokenizatorga ega bir model sinovlarda yuzlab milliard parametrli ulkan xalqaro modellar bilan bemalol bellasha olgan. Bu esa yechim kattaroq model yaratishda emas, tilni chuqur tushunadigan va unga moslangan aqlli yondashuvda ekanini ko'rsatadi.

Bu muammoning yechimi biron tashkilot yoki faqat dasturchilar zimmasidagi ish emas, balki umummilliy vazifa. Davlat darajasida o'zbek tili uchun katta hajmli, sifatli va hamma foydalana oladigan matn to'plamlarini yaratish kerak. Universitetlar va ilmiy tadqiqot institutlari tilshunoslikni sun'iy intellekt mutaxassisligi bilan birlashtirib, tilga mos tokenizatorlar va modellar ustida ishlashi lozim. Yosh dasturchilar va tadqiqotchilar esa xalqaro tajribadan o'rganib, o'z loyihalarini ona tiliga xizmat qiladigan kichik, ammo puxta yechimlar sifatida rivojlantirishi mumkin.

O'sha kechasi kompyuter qarshisida o'tirgan talaba qiz buni bilmasdi, ehtimol. Lekin uning ekranida chiqqan noaniq, uzuq-yuluq javob aslida katta bir savolning kichik aksi edi. Sun'iy intellekt asriga qarab kelayotgan bir paytda o'zbek tili bu asrga o'z ovozi bilan kira oladimi yoki faqat tarjima qilinadigan, hech qachon to'liq tushunilmaydigan til bo'lib qoladimi? Javob bugun jamiyatimizning bu masalaga qanchalik jiddiy qarashiga bog'liq. Bu masalada talaba qiz kabi bugungi millionlab yoshlar Raqamli texnologiyalar vazirligidan munosib javob olishni istasa kerak.

Zulfizar KARIMOVA,

O'zbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × three =