Bizda pul to'lab o'qishga odatlanishmagan

Hozir deyarli majburiy obuna yo'q. Hech kim birorta gazeta yoki jurnalga o'z xohishi bilan obuna bo'lishni istamaydi. Chunki ulardagi axborotlarni ijtimoiy tarmoqlar va veb-saytlar allaqachon tezkor yetkazib bermoqda. Xato ketsa, darrov tahrirlab qo'yishadi. Eng muhimi — tezkorlik. Odamlarga aynan shu kerak.

Barcha ma'lumotlarni sinchiklab o'rganadigan matbuot nashrlari esa hali ham chop etiladigan maqolalarning ishonchliligini tekshirish bilan ovora. E voh, bu tekshiruvlar yakuniga yetguncha xabar eskirib qolmaydimi? Yana birlamchi manbani qidirish, unga aniqlik kiritish kerak. Xabar eskirsa, jumlalardagi zamon shakllarini biroz o'zgartirish mumkin, xolos. O'tgan zamon… Ha-ha, odamlar tarix o'qishni yaxshi ko'rishadi. Tarixni sevishadi, lekin o'zlarini nihoyatda zamonaviy ko'rsatishga urinishadi. Qo'lida gazeta ushlagan kishini esa eskicha qarashlar vakili deb bilishadi.

Salom, yangi avlod vakillari! Milleniallar — ancha konservativ qarashlarga, urf-odatlarga sodiqligi, hatto gazeta va jurnallarga tez-tez ko'z yugurtirib turishi bilan ajralib turadigan qatlam. Xuddi o'zlaridan oldingi bebi-bumerlar va “X” avlodi kabi. Ammo zumerlar haqiqiy do'stlik ramzi va ikki davrni bir-biriga bog'lab turgan ko'prik hisoblanadi. Chunki ular gazetaga ham, internetga ham ijobiy munosabatda: har ikkisidan ham foydalanishni bilishadi. Ular — milleniallar yaratgan internetni ham, ulardan oldin paydo bo'lgan kitobni ham yetarlicha qadrlay oladigan avlod.

“Alfa”lar esa haqiqiy texnologiya odamlaridir. Kuni kelib, ular inson bilan texnologiyani uyg'unlashtirib, misli ko'rilmagan kashfiyotlar qilishar, balki. Lekin hozir asosiy gap kitob va gazetalar haqida ketmoqda. Xo'sh, gazetalarni hech kim o'qimaydi, deymiz. Agar yangilik saytlari va kanallarining barchasi pulli bo'lganida, ularga qancha odam a'zo bo'lardi? Aslida shunday yo'l tutish to'g'ri emasmi?

Xorijdagi “The Guardian”, “The New York Times”, “Bloomberg” va boshqa ko'plab saytlarda e'lon qilingan maqolalarning to'liq matnini o'qish uchun pulli obuna talab etiladi. Bu tajriba o'zimizning ayrim (“Daryo” va sanoqli boshqa) nashrlarda ham uchrab turibdi. Lekin natija qanday? Kutilganidek emas, juda kam. Aslida, odamlarga qancha ko'p bo'lsa, shuncha oz tuyuladi, ammo bu yerda ko'rsatkich chindan ham haminqadar. Bu raqamlar qaysidir blogerga tashlanadigan “donat”lardan o'nlab barobar kam ekani aniq.

Zamon o'zgaradi, odamlar ham o'zgaradi: vaqti kelib pul to'lab o'qish ham odatga aylanar. To'g'ri, biz internet orqali xarid qilish va premium-akkaunt sotib olishni yaxshi o'rgandik, biroq ma'lumot o'qish uchun pul to'lash hali xayolimizga ham kelmaydi. Ehtimol, bunga o'quvchilarni pul to'lab o'qishga majbur etadigan darajada kuchli tahliliy maqolalar yozmayotganimiz sabab bo'layotgandir.

Albatta, hammasi o'z iziga tushib ketar, lekin hozirgi holatimiz meni doim o'ylantiradi: odamlar ko'p narsaning qadriga o'z vaqtida yetishni bilishmaydi. Afsuski, shunday!

Shahzod KENJAYEV,

O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti

xalqaro munosabatlar fakulteti talabasi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × five =