Salbiy piar mashhurlikning oson yo'limi?

Bugun internet hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Birgina telefon orqali yangiliklarni o'qiymiz, do'stlarimiz bilan muloqot qilamiz, musiqa tinglaymiz va turli videolarni tomosha qilamiz. Ayniqsa, “Instagram”, “TikTok”, “Facebook”, “YouTube” hamda “Telegram”ning turli guruh va kanallarida har kuni millionlab videolar, turfa kontentlar paydo bo'lmoqda. Shu o'rinda bir savolni o'zimizga jiddiyroq beradigan vaqt keldi: biz aslida nimani va nima uchun tomosha qilyapmiz?

So'nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda odamlarni hayratga solish, jirkantirish yoki g'azablantirish orqali e'tibor qozonishga urinayotgan kontentlar ko'payib borayotganini ko'rish mumkin. Shulardan biri — ovqatlanish jarayonini kameraga olib, uni ataylab, tomoshabinga noqulay va xunuk tarzda namoyish etishdir.

Aslida, kamera qarshisida ovqatlanish yangi hodisa emas. Dunyoda bunday kontentning “mukbang” deb ataladigan turi bor. Unda inson kamera oldida taomlanadi va auditoriya bilan muloqot qiladi. Bu janr Janubiy Koreyada paydo bo'lib, keyinchalik dunyoning boshqa mamlakatlariga ham tarqalgan.

Biroq ayrim kontent yaratuvchilar oddiy ovqatlanishni emas, balki aynan shok effektini beruvchi holatlarni namoyish etishga intilishmoqda. Mo'l-ko'l ovqat yeyish, taomni haddan tashqari katta miqdorda ko'rsatish, odamda noxush his uyg'otadigan ovoz va harakatlarni ataylab bo'rttirish — bularning barchasi ko'proq ko'rishlar soni va izoh yig'ish vositasiga aylanmoqda. Natijada odamlar videoni yoqtirgani uchun emas, aksincha, undan norozi bo'lgani va jirkangani uchun ham tomosha qilishadi.

Endi bir mulohaza qilaylik. Milliy an'analarimizda ovqatlanishning o'ziga xos odobi va madaniyati bor. Ota-onalarimiz yoshligimizdan taomlanish odobini, ovqatga hurmat bilan munosabatda bo'lishni o'rgatishgan. Masalan, osh — palovni kaftga kam-kamdan olib, madaniyat bilan tanovul qilish uqtirilgan. Keyinchalik qoshiqda ovqatlanishga o'rgandik. Ammo bugun-chi? Ayrim kimsalar bu jarayonni boshqacha ko'rsatib, ovqatni qo'lida mijig'lab, juda xunuk manzarada taomlanayotganini videoga olmoqda. Uni boshqalarga ko'rsatib, shu orqali ko'rishlar sonini oshirishga urinayotganlar tobora ko'paymoqda. Ularni ko'rib, har qanday odamning ko'ngli aynishi tabiiy. Bu kabi videolarni turli yoshdagi yigitlar, hatto ayol va qizlar suratga olayotgani juda achinarlidir. Arzon piar uchun video olib, o'zini sharmanda qilayotgan bunday insonlarga nima deyish mumkin? Ushbu videolar ostiga, asosan, negativ izohlar, nafratga to'la so'zlar yoziladi. Ammo ko'rishlar soni kamayish o'rniga, yomg'irdan keyingi qo'ziqorindek tobora ko'payib bormoqda.

Bu kabi videolarni nafaqat yurtimizdagi tomoshabinlar, balki chet ellik foydalanuvchilar ham kuzatadi. Bu holat ularning milliy taomlarimiz — osh, manti va boshqa lazzatli taomlarimizga bo'lgan munosabatini o'zgartirmaydimi? Taom-ku mayli, o'sha ovqatni bunday tarzda iste'mol qilayotgan insonlarga va xalqimizga nisbatan qanday fikr uyg'onadi? Milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga urinayotgan bir paytimizda, ba'zilarning bunday xatti-harakatlari bilan qadriyatlarimiz obro'siga putur yetkazayotgani achinarlidir. “Internetga chiqaman, piar video olib mashhur bo'laman, “Instagram” va “YouTube”da obunachilarim sonini oshirib, yuqori daromad topaman” degan kaltabinlik bilan video olish, faqat o'z manfaatini o'ylash aslo to'g'ri emas.

Biz bugun noto'g'ri ovqatlanish, jirkanch ko'rinishdagi taomlanish va buning oqibatidagi uyatli holatlar haqida so'z yuritdik. Aslida, bu kabi salbiy yondashuv boshqa mavzularda ham ko'payayotganini ta'kidlash kerak. Masalan, kiyinish odobiga rioya qilmaslik, turli xunuk qiliqlar ko'rsatish orqali urf-odatlarimizni masxara qilayotgan kimsalar ijtimoiy tarmoqlarda kun sayin ko'paymoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko'rishlar sonining ko'pligi insonning ijodkor, ibratli yoki jamiyat uchun foydali ekanini anglatmaydi. Millionlab ko'rishlar ba'zan shunchaki millionlab insonlarning qiziquvchanligi mahsulidir. Shuning uchun bugun internet foydalanuvchisi sifatida har birimiz mas'uliyatni his qilishimiz kerak. Har bir videoni tomosha qilishdan oldin “Bu menga nima beradi?” deb savol beraylik. Yoqmagan yoki bema'ni kontentni ulashishdan avval esa “Men uni tanqid qilyapmanmi yoki beixtiyor reklama qilyapmanmi?” deb o'zimizni so'roqqa tutaylik. Ekran qarshisidagi tanlovimizga befarq bo'lmaylik.

Fotima MANSUROVA.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 12 =