Amerikada biznes uchun qancha pul berishadi?

Bu yerda yurganimda bir savolga javob izladim: oddiy amerikalik biznes ochmoqchi bo'lsa, bankdan qancha mablag' va necha foiz evaziga kredit olishi mumkin? Olingan javob meni biroz o'ylantirib qo'ydi, keling, xulosalarimni siz bilan ham bo'lishay.

AQShda “SBA” (“Small Business Administration”) — Kichik biznes ma'muriyati deb nomlangan davlat idorasi bor. Qizig'i shundaki, mazkur agentlik tadbirkorlarga bevosita pul ajratmaydi. Mablag'ni tijorat banki beradi, davlat esa bankka: “Agar qarzdor to'lay olmasa, qarzning 75-85 foizini men qoplayman”, — deya kafillik beradi. Ya'ni davlat tadbirkorning ortida ishonchli kafil sifatida turadi, bank esa shu kafolat borligi bois kreditni ancha past foiz va uzoqroq muddatga taqdim etadi.

Endi raqamlarga to'xtalsak. Asosiy dastur “7 (a)” deb ataladi: u orqali 5 million dollargacha kredit olish mumkin. Yillik foiz stavkasi hozir 10-13 foiz atrofida; muddati aylanma mablag'lar uchun 10 yil, bino-inshootlar xaridi uchun esa 25 yilgacha etib belgilangan. Bino yoki yirik uskunalar sotib olish niyatida bo'lganlar uchun “504” nomli yana bir dastur mavjud: mablag'ning 10 foizini tadbirkorning o'zi qo'yadi, qolgan qismi 25 yilga yillik 7-8 foiz stavka bilan moliyalashtiriladi. Faoliyatini endi boshlayotganlar uchun 50 ming dollargacha bo'lgan, yillik 8-13 foizlik mikrokreditlar ham bor. Joriy yilning iyulidan boshlab har ikki dasturni birlashtirgan holda 10 million dollargacha mablag' olishga ham ruxsat berildi.

Bizda esa Markaziy bankning sentyabr oyidagi ma'lumotlariga ko'ra, biznes kreditlarining o'rtacha stavkasi 22-23 foizni, mikroqarzlar 28 foizni, ayrim banklarda esa 40 foizni tashkil etmoqda. Albatta, dollar va so'm shartlarini to'g'ridan-to'g'ri solishtirib bo'lmaydi — inflyatsiya darajasi ham mutlaqo boshqacha. Biroq meni foizlar nisbatidan ham ko'ra muhimroq bir jihat o'ylantirdi.

AQShda davlat tadbirkorga naqd pul ulashmaydi, mablag' aynan kimga ajratilishini ham tanlamaydi: u faqat moliyaviy xatarning muayyan qismini o'z zimmasiga oladi, xolos. Kredit kimga berilishini bankning o'zi mustaqil hal qiladi, chunki xatarning qolgan 15-25 foizi baribir bank mas'uliyatida qoladi. Bizda esa manzara buning aksi: davlat imtiyozli kreditlar uchun markazlashgan mablag' ajratadi, keyin bu pulni kim olishini tuzilgan “ro'yxat” belgilaydi; ro'yxatlarni, aslida, kimlar tuzishi esa sir emas. Oqibatda pul ajratiladi-yu, lekin haqiqiy muhtoj tadbirkorgacha yetib bormaydi.

Shuni ham ochiq aytish kerak: bu yerda ham kredit olish oson emas. Tadbirkorning kredit tarixi toza bo'lishi, puxta biznes-reja taqdim etilishi talab qilinadi; shuningdek, kompaniya ulushining 20 foizidan ortig'iga egalik qiluvchi har bir muassis shaxsiy mol-mulki bilan kafil sifatida qatnashadi. Asosiy farq shundaki, bu yerda tanish-bilish emas, aniq hisob-kitob va hujjat talab etiladi.

Yurtimizda ham tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash jamg'armalari faoliyat yurityapti, salmoqli mablag'lar yo'naltirilmoqda. Agar biz ham tayyor pul tarqatish o'rniga davlat kafilligi tizimini puxta yo'lga qo'yganimizda, ehtimol, banklar ham mijozlar bilan butunlay boshqacha tilda gaplasha boshlarmidi…

Bektosh XATAMOV.

Manba: Platforma.uz

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − eleven =