Maktabga hokim keldi…

Yaqinda chekka qishloqdagi maktabda direktor bo'lib ishlaydigan tanishim bir voqeani so'zlab berdi:

– Bahor oyining o'rtalari edi. Odatdagidek xonamda o'tirgandim. Bir payt o'qituvchilardan biri salom-alikni ham unutib, hovliqqancha:

– Direktor bobo, tez bo'ling, maktabga hokim keldi! – deb qolsa bo'ladimi!

– Yo'g'-e, hokim bizning maktabda nima qiladi? – deya ishonqiramay tashqariga chiqdim. Boyagi o'qituvchi meni Gulnoza degan muallima ingliz tilidan dars o'tayotgan sinfga boshlab bordi.

Ohista eshikni ochdim.

Chindan ham tumanimiz hokimi ingliz tilida o'quvchilar bilan savol-javob qilar, so'ngra rus va o'zbek tillarida ham savollar berardi.

Xayriyatki, o'quvchilarimiz bizni uyaltirib qo'yishmadi, bilganlaricha javob berishdi. Hokim muallimaga rahmat aytib, yo'lakka chiqdi va menga qarab:

– Siz maktab direktorimisiz? – deb so'radi.

– Ha, – deya tasdiqladim.

– Qani, bo'lmasa, maktabingiz kutubxonasini ham bir ko'raylik-chi, – dedi hokim kulimsirab.

Maktab hovlisining burchagida joylashgan kutubxona ko'z oldimga kelib: “Ishqilib, bu yil pensiyaga chiqishga hozirlik ko'rayotgan Zulayho yanga ishda bo'lsin-da”, – deya ichimda Xudoga yolvorib yo'l boshladim.

Baxtimga, kutubxona eshigi ochiq ekan.

Ichkariga kirdik. Kutubxonachi Zulayho yanga ko'zoynagini taqib, ish daftariga nimanidir yozib o'tirardi.

Hokim mudira bilan tanishgach, kitoblar taxlab qo'yilgan javonlarni ko'zdan kechirdi va badiiy adabiyotlar turgan bo'limga kelgach:

– Kitoblar juda kam-ku, direktor? – deya savol berdi.

– Maktabimizning o'zi kichkina, bor-yo'g'i 500 ta o'quvchimiz bor, kitoblarimiz ham shunga yarasha. Lekin darsliklar yetarli, yetmaganini qo'shni maktablardan olib turibmiz, – dedim.

– Men darsliklarni emas, badiiy adabiyotlarni so'rayapman.

– Ta'lim bo'limidan har yili to'rt-beshta kitob yuborib turishadi, – deya kutubxonachi Zulayho yanga mening o'rnimga iymanibgina javob berdi.

– Mana, o'zingiz oxirgi marta qaysi yozuvchining kitobini o'qidingiz? – deya hokim bova yana menga yuzlandi.

Birdan xayolimga bir uchrashuvda adib Temirpo'lat Tillayev dastxat yozib taqdim etgan “O'lim o'pqoni” kitobini o'qib chiqqanim keldi va shuni aytdim.

– Xo'sh, asar sizga yoqdimi?

– Juda yoqdi. Bu kitobga adibning beshta qissasi jamlangan bo'lib, bekorga “Akademnashr” uch marta chop etmagan ekan. Ayniqsa, “Voris”i zo'r yozilgan, odamning yuragini o'rtab yuboradi…

– Men o'qimagan ekanman. Bo'lmasa, o'sha kitobni uyingizdan keltira olasizmi?

– To'qqizinchi sinfda o'g'lim o'qiydi, hozir jo'nataman, – deya tashqariga chiqdim. O'g'limni uyga jo'natgach, yana kutubxona tomon qaytdim.

Hokim bova maktabimiz o'qituvchilarining qanday kitoblar o'qishi bilan qiziqib, kutubxonachi bilan suhbatlashishda davom etdi.

Kutubxonachi Zulayho yanga mehmonni tumandan kelgan oddiy vakil bo'lsa kerak, deb o'ylagan chog'i, rostini aytdi-qo'ydi:

– Uch-to'rttasini aytmasak, qolganlari hatto kutubxonaning qaerdaligini ham bilishmaydi. Ularga gap-gashtak, gurung bo'lsa bo'ldi. Ana, ishonmasangiz, direktorning o'zi aytsin, – deya menga ishora qildi.

Qizarib-bo'zarib ketdim. Hokim esa avvaliga menga ajablanib qaradi, so'ng birdan qah-qah otib kulib yubordi va Zulayho yangaga qarab:

– Xuddi mening Xadicha opamga o'xshar ekansiz, – dedi-da, qaysidir shoirning: “Boshiga qilichni keltirsang hatto, yolg'on so'zlamaydi o'zbek ayoli”, degan she'ridan parcha o'qib yubordi.

She'r bahona o'rtadagi o'ng'aysizlik unutildi.

Hokim bova shoshib turgan ekan chog'i, Zulayho yanga bilan xayrlashib, tashqariga chiqdi.

Biz u kishining qora tusli mashinasi yoniga kelganimizda, o'g'lim aytilgan kitobni keltirdi.

Hokim bova ham mashinasining orqa eshigini ochib, to'rt dona kitob oldi va menga uzatar ekan:

– Bular juda kamyob kitoblar, avval o'zingiz o'qing, so'ng maktabingiz kutubxonasiga topshiring. Yana bir gap: tag'in anovi kutubxonachi opani rost gapirgani uchun urishib yurmang, – dedi-da, xayrlashib jo'nab ketdi.

Men yelkamdan tog' ag'darilgandek bo'lib xonamga kirdim va hokim bergan kitoblarni ko'zdan kechirdim. Birinchisi ulug' rus yozuvchisi Fyodor Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar”, ikkinchisi mashhur qirg'iz adibi Chingiz Aytmatovning “Tog'lar qulayotgan zamon”, uchinchisi kolumbiyalik buyuk so'z sehrgari, Nobel mukofoti sohibi Gabriel Markesning “Yuz yil tanholikda” va o'zimizning atoqli adibimiz Murod Muhammad Do'stning “Lolazor” romanlari ekan. Kitoblarni varaqlar ekanman, ba'zi sahifalariga qalamda turli belgilar qo'yilganini ko'rib, mazkur kitoblarni o'qigan hokim bovaning, garchi kasb-kori muhandis-texnolog bo'lsa-da, adabiyotdan ham yaxshigina xabardor ekaniga amin bo'ldim.

Voqeaning qizig'i esa keyin bo'ldi. Maktabga hokim kelgani haqidagi xabar bir zumda butun qishloqqa tarqalib, oradan yarim soat o'tar-o'tmas, mahallamiz raisi boshchiligidagi besh-olti faol huzurimga kirib kelishdi. Avvallari yilda bir marta bo'ladigan ota-onalar yig'ilishiga ham kelishni o'zlariga ep ko'rmaydigan kishilarning to'satdan maktabimizga kelishi negadir meni unchalik ajablantirmadi. Mahalla raisi yonimdagi o'rindiqqa o'tirar-o'tirmas, darrov muddaoga o'tdi:

– Hokim bova meni so'radimi?

– Sizni so'ramay bo'ladimi, rais, – dedim ozgina yolg'on aralashtirib.

– Nima deb so'radi?

– “Maktabga kelib turadimi?” dedi. “Har oyda ikki-uch bora kelib, hatto Navro'z saylida a'lochi o'quvchilarga yonidan mukofot ham berib turadi”, dedim.

Rais ishonqiramay menga qaradi.

– Ana, ishonmasangiz, kutubxonachi opadan so'rang.

Rais joyidan dik etib turgancha meni quchoqlab oldi:

– Aylanay og'amdan!

– Aytmoqchi, hokim bovaga uyingizdan bir nima keltirtirib beribsiz, shu gap rostmi? – deya savol berdi yaqindagina mahallamizga yoshlar yetakchisi etib tayinlangan Salim chavandozning o'g'li Turdibek.

– Hokim bova kitob o'qishni yaxshi ko'rarkan, bir kitobni aytgandim, qiziqib qoldi, berib yubordim. Sizlarning ham kitobga munosabatingiz haqida surishtirdi. Barchangizni “faol kitobxon” deb maqtadim. Bilasizlarmi, yana bitta muhim yangilik bor, – dedim ularga qarab.

– Qanday yangilik?

– Hokim bova Zulayho yangaga: “Ikki oydan so'ng shaxsan o'zim televizorchilar bilan kelib, sizni nafaqaga kuzatib qo'yaman. Ungacha kutubxonani ta'mirlatib, kitoblar va kitobxonlar sonini ko'paytiring”, – deya topshiriq berib ketdi.

So'zlarim yaxshigina ta'sir qildi chog'i, “Bo'lmasa, bizlar idoraga borib bir maslahatlashib olaylik”, – deya chaqirilmagan mehmonlar ohista chiqib ketishdi.

Tushdan so'ng men ham pedkengash chaqirdim. Ungacha kutubxonachi Zulayho yanga bilan gapni bir joyga qo'yib oldik.

– Boplabsiz! Salom bersang, alik olishni ham o'zlariga ep ko'rmay qolishgandi o'ziyam. Shu bahona kutubxonamiz ham epaqaga kelib qolsa, ajab emas, – dedi yangamiz miyig'ida jilmayib.

Kamina esa “Temirni qizig'ida bos” degan naqlga amal qilib, majlisni muallimlarni biroz qistovga olishdan boshladim:

– Agar mana shu kutubxonachi Zulayho yanga har birimiz uchun alohida daftarcha ochib, “falon kuni kitob oldi va yana falon kuni topshirdi” deb qayd etib bormasa, ertaga moliyachilar kelib, maoshlaringizga qo'shilgan mukofot va ustama pullarni undirib olish harakatini boshlashi ham mumkin, – dedim bamaylixotir.

Mening gapimdan so'ng uzoq yillardan buyon tarix fanidan dars berayotgan Ulash domla qo'l ko'tarib so'z so'radi:

– Og'aynilar, direktor to'g'ri aytyapti. Ayting, qachongacha g'aflat uyqusida yotamiz? Axir biz qishloqning oldi kishilari bo'lishimiz lozim emasmi? Bir paytlar qishloqda neki muammo yoki tushunmovchilik bo'lsa, darrov o'qituvchidan maslahat so'rashardi. Hozir-chi? Hozir unday emas. Nega? Chunki biz o'zimizning ziyoli ekanimizni unutib qo'yganmiz. Bo'sh vaqtimizni telefon kavlash va yengil-elpi seriallarni ko'rishga sarflab, gazeta-jurnal, kitob o'qimay qo'ydik. Mana, men ertadan boshlab pochtaga borib, ikki-uchta gazeta-jurnalga obuna bo'lishga qaror qildim!

Ulash muallimning bu qarorini ko'pchilik ma'qulladi. Eng muhimi, muallimlar uyidagi kitoblardan himmatiga qarab maktab kutubxonasiga olib kelishga ahd qilishdi.

Aytgancha, anovi mahalla idorasidagilar ham qarab turishmadi: kitob javonlari va stol-stullardan yordam qilishdi.

Yana bir gap.

Ba'zan mahallamiz faollarini yo'lda yoki to'y-ma'rakalarda uchratib qolsam, o'shanda ozgina yolg'on gapirganimni eslab, ich-ichimdan xijolat chekaman. Lekin yana o'z-o'zimga: “Axir neki qilgan bo'lsam, kelajagimiz egalari bo'lgan maktabimiz o'quvchilari uchun qildim-ku”, deya o'zimni oqlayman, hatto qilgan ishimdan ozgina g'ururlanib ham qo'yaman.

Xullas, tumanimiz rahbarining maktabimizga kutilmagan tashrifi bizni loqaydlik uyqusidan uyg'onishga, zamon bilan hamnafas yashashga, shuningdek, ilmsevar va kitobxon bo'lishimizga sezilarli darajada turtki bo'ldi, desam, aslo mubolag'a bo'lmaydi.

Ha, aytgancha, sizning maktabingizga ham hokim bovalaringiz ahyon-ahyonda bo'lsa-da kelib turadimi?

O'rolboy QOBIL.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − seven =