Oqila jurnalist bo'ladi, shekilli…

Katta qizimiz Oqilaxon bu yil 1-sinfga chiqadi. Hozirdanoq lotin va kirill alifbosida bemalol o'qiydi, yozadi. Arifmetik amallarga usta. Fikrlari teran. Ko'p savol beradi. Ba'zan so'rovlariga onasi ikkimiz o'sha zahoti jo'yali javob topolmay qolamiz.

Xullas, davlat maktabida o'qitadigan bo'ldik.

Hujjat tayyorlashga chiqqan kunimiz chorrahaga o'rnatilgan katta pannodagi “Yangi O'zbekiston” degan yozuvni ko'rib, savol berib qolsa deng: “Dada, biz eski O'zbekistonda yashaymizmi yoki yangisidami?”

— Yangisida yashaymiz, qizim, yangisida, — gapni qisqa qilaman.

— Eski O'zbekiston qaysi tomonda o'zi? — savol berishda davom etadi u.

Qanday tushuntirishni bilmay, gapni boshqa mavzuga buraman.

Poliklinikadan ma'lumotnoma olish chog'ida biroz navbat kutishga to'g'ri keldi. Lang ochiq eshiklardan birining ichki qismiga yopishtirilgan, islom dinida shifokorning qanday maqomlarga ega ekanligi eslatilgan yozuvlar qizimning e'tiborini tortibdi. Eslatmaning yakunida “Shifokorni behurmat qilgan odam payg'ambar (s.a.v.)ni behurmat qilgan bilan barobar ekan” degan jumlalar bor edi.

— Dada, noto'g'ri yozishmaganmi bular? Shifokor payg'ambar emas-ku, — deya yozuvni o'qiy turib savol berdi u.

To'satdan berilgan bu kabi savollarga darhol javob qaytarishga o'ylanib qoladi odam. Nima deyishni bilmay:

— Buni qaysi kitobdan olib yozganini uni yopishtirgan doktordan so'rab ko'rish kerak, — deb javob berdim…

Poliklinikada ishimiz bitib, hovliga chiqsak, “Tez yordam” mashinasi kelib qoldi. Undan tushgan shifokorlar boshini ushlagancha buvisining yetovida binodan tashqariga chiqib kelayotgan, ko'rinishidan 8-9 yashar qiz tomon yugurishdi. Boshi yorilgan, shekilli, boyoqishning.

Bu vaziyatni kuzatib turgan Oqilaxon yana meni savolga tutdi:

— Dada, hamma doktorlar shu yerda bo'lsa, nimaga “Tez yordam” chaqirishadi?

Bu savolga siz nima deb javob bergan bo'lardingiz?

Bu qizimiz jurnalist bo'ladi, shekilli…

Nurillo NO''MONOV.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × four =