Qorovultepaning mo''jaz muzeyi
Bag'dod tumanidagi Qorovultepa qishlog'i tuman markazidan o'n uch chaqirim olisda joylashgan bo'lib, bu yerda 6 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Fayziyob ko'chalar, aholi xonadonlarida boshlangan bunyodkorlik va obodonchilik ishlariga havasingiz keladi. Yo'llar ravon, tunda ham kunduzgidek charog'on. Zamonaviy xizmat ko'rsatish hamda ishlab chiqarish shoxobchalari qishloqda sanoat tarmoqlari rivojlanib, aholi farovonligi ortib borayotganidan darak berib turibdi. Har kuni bir yangilik, ezgu tashabbuslar quloch yozmoqda.
Qorovultepaning boshqa qishloqlardan yana bir farqli jihati bor. Mehnat faxriysi G'anijon Abdullayevning sa'y-harakati bilan bu yerda mo''jaz muzey tashkil etilgan. Muzeydan o'rin olgan osori-atiqalarning aksariyati ana shu qishloq odamlarining o'tmishdagi hayot tarzidan so'zlaydi. Bu yerda Katta Farg'ona kanali qurilishida ishlatilgan ketmon, ayollar liboslari, uy-ro'zg'or buyumlari, mehnat va hunarmandchilik qurollari jamlangan. Qishloq muzeyidagi har bir eksponat va suratning esa o'ziga xos tarixi bor. Bularni ko'rgan yoshlar ota-bobolarining og'ir o'tmishini bugungi farovon turmush hamda yaratilgan qulayliklar bilan qiyoslashi, zarur xulosalar chiqarishida bu maskan o'ziga xos maktab, tarbiya o'chog'i bo'lib xizmat qiladi.
Olis qishloq odamlari bilan suhbatlashib shuni angladikki, bir necha asrlik tarixga ega bu qadimiy manzilgoh kishilarida tashabbuskorlik, mehnatsevarlik, yerni va elni sevish, el koriga kamarbasta bo'lish kabi ezgu fazilatlarni mujassam etgan. Eng muhimi, chekka qishloq kun sayin shahar tusini olmoqda; odamlar qalbida hayotdan rozilik, zamon bilan hamnafas odimlash, farovonlik va obodlikka hissa qo'shish tuyg'ulari jo'sh urmoqda.
Sherzod QORABOYEV.
