Orif Shoir

Atoqli shoirimiz Abdulla Oripovning “Ellikka ham lallayib kirdik” degan satrlarini o'qib, vujudimiz titrab ketgandi. Sevimli shoirimiz o'sha yoshida milliy adabiyotimiz yulduzlaridan biriga aylangan, millionlab muxlislari qalbini zabt etgan bo'lsa-da, hali niyatlari katta ekanligiga ishora qilgan bo'lsa, ajabmas. Shunga yarasha Toshkentdagi muhtasham san'at saroylaridan birida uning 50 yillik yubileyi tantanali ravishda o'tkazilgan va bu tadbir mamlakatimizda adabiyot bayramiga aylanib ketgan edi.

Ardoqli adibimiz O'tkir Hoshimovning ham 50 yillik yubileyi xuddi shunday nishonlanganini hamon entikib eslaymiz.

Keyinchalik yozuvchi-shoirlarning “50 yillik yubileyi”ni nishonlash negadir urfdan chiqib qoldi… Buni ba'zilar: “50 – navqiron yosh, uni keng nishonlashga hojat yo'q”, deb izohlashdi. Hatto 60 yoshga kirgan ijodkorlarni ham hech kim olqishlamay qo'ydi, bu hodisa adabiyot bayramiga aylanmay qoldi. Mamlakatimizda o'rtacha umr ko'rish ancha uzaygani bois chindan ham 50, hatto 60 yoshlar ancha navqiron bo'lib ko'rinmoqda.

— Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning adabiyotga, ijod ahliga bo'lgan e'tibori bizga ham ulkan mas'uliyat yuklaydi, — dedi Ishtixon tumani hokimi Fazliddin Ro'ziyev. — Tumanimizda tashkil etilgan “Ishtixon ijod maktabi”da shu zamindan yetishib chiqqan har bir yozuvchi-shoir ijodi va faoliyatiga alohida e'tibor bilan qaralmoqda. Abdulla Turdiyev, Zayniddin Bahriddinov, Baxtiyor Rabbim, O'tkir Saidov, Olqor Damin kabi rahmatli shoirlarning ijodiy merosini bugungi havaskor yoshlarimiz qiziqish bilan o'rganayotgan bo'lsa, O'zbekiston xalq shoiri Xosiyat Bobomurodova, taniqli shoirlar Yo'ldosh Eshbek, Oynisa Bobonova, Mavluda Ro'ziyeva, Shahriddin Umirov, Muqaddam Hayitova, To'lqin Eshbek, opa-uka Muhabbat va Orif To'xtash, Isomiddin Jo'ra, Nuriddin Yahyo, Mahmud Abdulhamid kabi taniqli shoirlar tez-tez maktablarimizda ijodiy uchrashuvlar o'tkazib, yosh qalamkashlarga mahorat maktablaridan saboq bermoqdalar. Tumanimizdagi 24-maktabning 5-sinfida ta'lim-tarbiya olib yurgan kezlaridayoq she'rlari turli gazeta-jurnallarda yoritila boshlagan Orif To'xtashga O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bolalar gazetasi orqali oq yo'l tilagan edi. “Bolakay shoir” sarlavhasi ostida yoritilgan o'sha satrlar bo'lg'usi shoirga ma'naviy qanot baxsh etdi. Yillar davomida Orif To'xtash O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi bo'ldi, ayni paytda u Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Bolalar va o'smirlar adabiyoti Kengashi raisi vazifasini bajarayotganidan hammamiz faxrlanamiz. Faol mehnatlariga yarasha “Shuhrat” medali sohibi bo'lgan shoirni ardoqlamay bo'ladimi! Uning “G'unchalar tabassumi”, “Quyosh yo'li”, “Ko'ngilga tashrif”, “Vatan atri”, “Ajabtovur arznomalar”, “Baxtiyor bolalik”, “Ko'zmunchoq”, “Shalola” deb nomlangan she'riy to'plamlari allaqachon kitob javonlaridan joy olgan. Bugun iste'dodli shoirning navbatdagi “Sen bilan birga” she'riy to'plami taqdimoti ham yosh ijodkorlar uchun adabiy saboq bo'ladi, degan umiddamiz.

“Ishtixon ijod maktabi”da yangi kitob taqdimoti bilan bir qatorda shoirning ellik yilligi ham o'ziga xos adabiyot bayramiga aylanib ketdi.

Samimiy tuyg'ular ijodkori bo'lgan Orif To'xtash she'rlarini maktab o'quvchilari yoddan aytib berishlari barchaga zavq baxsh etdi.

Kitob taqdimoti so'ngida shoirning o'zi o'qib bergan quyidagi satrlar muxlislari qalbiga naqshlanib qolgan bo'lsa, ajabmas:

Qishloqda tug'ildim,

                                   Qishloqda o'sdim,

Qishloqda tanidim oq-u qorani.

Qishloq edi mening eng yaqin do'stim,

Ochiq qilib ketar bo'ldim orani.

— Yaxshi qol, azizim, xayr-xo'sh endi, –

Shunday xitob qildim ketarim oldi.

Bilmadim, u meni qanday tushundi? –

Uzoq o'yga botib, kuzatib qoldi.

Izimdan ergashdi ancha yo'lgacha,

Bir so'z aytmoqchiday bo'ldi-yu, lekin –

Qaradi, qarorim qat'iy, o'zgacha,

Xo'rsinib, ortiga qaytdi u sekin.

Olisdan ko'zida yoshlar ko'rindi,

Bu ham bir ayriliq saboqlari-da!

Kentman, deb kerilgan toshlar ko'rindi,

Orzumning olis bir adoqlarida.

So'nggi bor qaradim ortimga nogoh,

Yo'llar o'z holicha – yo'lday turardi.

…Ikki qir yon bag'ri joylashgan qishloq –

Duoga ochilgan qo'lday turardi!

To'lqin EShBEK,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

a'zosi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + nine =