“Har nafasing holidin ogoh bo'l…”

Muborak bir hadis mohiyati haqida ko'p fikrlayman. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom sahobalarga bunday degan ekanlar: “Kimningki bugungi kuni kechagisi bilan barobar bo'lsa, u mag'bundir (ya'ni u mag'lub bo'libdi, yengilibdi). Buguni kechagisidan kam bo'lgan odam mal'undir (ya'ni la'natga uchrabdi). Qay bir kishining bugungi kuni kechagisidan ziyoda bo'lsa, u marhumdir”, ya'ni Allohning rahmatiga sazovor bo'libdi. Biz “marhum” so'zini, odatda, vafot etgan kishilarga nisbatan qo'llaymiz. Aslida, Yaratganning rahmatiga loyiq tiriklarni ham shunday sifatlash mumkin.

Sahobalar ushbu hadis mazmuni haqida o'zaro bahslashdilar: xo'sh, bugungi kunni kechagidan, ertangisini bugungidan ziyoda etmoq uchun nima qilmoq kerak? Ba'zilari har kuni muttasil ravishda nafl namozini o'qish, kechagidan ko'ra ikki rakaatdan ko'paytirib borishni maslahat berdilar. Fikrlasalar, buning nihoyasi yo'q, qolaversa, bandaning toqati ham cheklangan. Boshqalari muntazam nafl ro'za tutmoq taklifini berdilar. O'ylab ko'rsalar, buning bilan ham muddaoga erishmoq mahol. Shunda yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuriga borib, bu hadisning hikmatini so'radilar. Savollariga shunday javob olishdi:

— Ilm oling, kecha o'zingiz bilmagan kichik bir haqiqatni o'rgansangiz ham buguningiz kechagi kundan afzal bo'ladi.

Bu hadis inson kecha yoki bugun erishilgan natija bilan to'xtab qolmasligi kerakligi, mudom harakatda bo'lmog'i zarurligi haqidadir. Muttasil olg'a intilmoq, vaqtni g'animat bilmoq kerakligi to'g'risidadir. Zero, muntazam ravishda ilm o'rgangan odam kamolotga erishmog'iga shubha yo'qligi kabi komil insonlardan iborat jamiyat ham, shubhasiz, taraqqiy etadi.

Ushbu hikmatga bir umr og'ishmay amal qilganlari bois mutafakkir ajdodlarimiz qomusiy ilm egasi bo'lgan, ilmu irfonda yuksak rutbalarga erishgan. Shukrlar bo'lsinki, bunday insonlar bizning zamonimizda ham bor. Samarqand davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori, nainki mamlakatimizda, xalqaro miqyosda e'tirof etilgan tilshunos olim va tarjimon ustoz Ibodulla Mirzayev ana shunday olimlardandir.

U har doim yangi ilmiy g'oyalar bilan yashaydi. Yangi ilmiy asarlar yozadi, badiiy va ilmiy tarjimalar qiladi. Hazrat Navoiyning:

Har nafasing holidin ogoh bo'l,

Balki anga hush ila hamroh bo'l —

degan o'gitlarini hayotiy a'moliga aylantirgan. Nazarimda, domla biror nafasda g'aflatga imkon bermaydi. Yangi ilmiy g'oyalardan ruhlanib, umrining har bir soniyasini ezgu amallarga safarbar etishga intiladi va bunga erishib kelayotir. Birgina misol. Ustoz olim bundan olti-etti yil muqaddam menga telefon qilib:

— Nurboyjon, Samarqandda “Alisher Navoiy” xalqaro ilmiy jurnalini ta'sis etmoqchimiz. Tashabbusni rektorimiz Rustam Xolmurodov domla ham qo'llab-quvvatlayaptilar. Men bosh muharrirman. Siz bosh muharrir o'rinbosari sifatida bizga yordam bersangiz. Navoiy bobomizning beqiyos adabiy-ilmiy merosini siz bilan biz targ'ib etmasak, kim targ'ib etadi? — deb zimmamizga vazifa yukladilar. Kamina bu ezgu taklifni jonu dil ila qabul qildim. Jurnalning konsepsiyasi, ruknlari, tahrir hay'ati, maqolalarga qo'yiladigan talablar, dizayni va boshqa tashkiliy masalalar ustida ish boshladik. Tahrir hay'atiga respublikamiz va xorijlik yetuk olimlar jalb etildi. Natijada shu nomdagi xalqaro jurnal ta'sis etilib, OAK e'tirof etishiga erishildi.

Yoshi yetmishdan oshgan oqsoqol bir olimning ana shunday xayrli tashabbuslar bilan yashashi — ulug' fazilat. Holbuki, kimlar bilandir mansab, obro', izzat talashib, aziz umrini behuda yumushlarga sarflab kelayotganlar qancha!

Ibodulla Mirzayev domlaning ilmiy faoliyati hozirgi Sankt-Peterburg davlat universiteti bilan chambarchas bog'liq. Olim 1974 yilda mazkur universitetning kunduzgi bo'lim aspiranturasini yakunlab, 1975 yili ushbu oliy o'quv yurtida “Fransuzcha realiyalarning o'zbek tiliga tarjimasi muammolari” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Realiyalarning muayyan millat hayoti va turmush tarziga oid tarixiy ahamiyatga molik moddiy va ma'naviy tushuncha hamda hodisalarni ifoda etuvchi, boshqa tillarda muqobili bo'lmagan leksik birliklar ekani nazarda tutilsa, uning nazariy asoslarini ishlab chiqish, G'arb tilidagi realiyalarni o'z ona tilida ifoda etish qonuniyatlarini o'rganish katta ilmiy salohiyat talab qilishi ayon bo'ladi. Ibodulla Mirzayev mazkur tadqiqoti misolida ana shunday salohiyatga ega ekanini isbotladi.

Fan nomzodi ilmiy darajasini olgandan keyin ham olim Sankt-Peterburg davlat universitetidagi ustozlari va hamkasblari bilan muntazam aloqada bo'lib turdi. “She'riy matnning lingvopoetik tahlili muammolari” mavzusida tadqiqot olib bordi. Doktorlik dissertatsiyasini 1992 yili O'zbekiston Fanlar akademiyasi Tilshunoslik institutida himoya qildi.

Olimning monografiyalari tilshunoslikning ungacha kam e'tibor qaratilgan muhim ilmiy muammolari tadqiq etilgani bilan alohida ajralib turadi. “Realiyalar va badiiy tarjima masalalari”, “Ohangdosh so'zlar semantikasi shakllanishining leksik va morfologik vositalari”, “Alisher Navoiy hayoti va ijodining Rossiyada o'rganilishi” (rus, ukrain va ingliz tillarida), “Til va adabiyot ta'limida tahlil nazariyasi va amaliyoti” (hammualliflikda) kabi monografiyalari tilshunoslik takomiliga qo'shilgan muhim hissa sifatida qimmatlidir.

Ibodulla Mirzayev eng dolzarb mavzulardagi boshqa tillarda yaratilgan monografiyalarni o'zbek tiliga faol tarjima qilib, bu orqali rus, fransuz, ingliz tilida yaratilgan tadqiqotlardagi ilmiy yangiliklarni o'zbek tilshunoslari va adabiyotshunoslariga yetkazib kelayotgan olimlardan. Jumladan, R.Yakobsonning “Poetika masalalari”, Ye.E.Bertelsning “Sufizm va tasavvuf adabiyoti”, “Navoiy va Attor”, “Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoni”, “Iskandar haqida doston va uning Sharqdagi asosiy versiyalari”, “Abu-l-Hasan Xaraqoniy”, “Jomiy” va “Navoiy” singari poetika, tasavvuf va adabiyot nazariyasining boshqa masalalariga doir ilmiy haqiqatlarni aks ettirgan asarlari hamda tarjimalari ushbu fikrni tasdiqlaydi.

Professor Ibodulla Mirzayev jami 19 ta monografiya, 8 ta darslik, 12 ta o'quv va uslubiy qo'llanma (tarjimalari bilan), 10 dan ortiq dastur, 600 dan ziyod ilmiy maqola chop ettirgan. Olim jahon grammatik ta'limida birinchi bo'lib ontologik tahlil metodiga asoslangan mutlaqo yangi 30 bosma taboq hajmidagi “O'zbek tilining nazariy grammatikasi” kitobi muallifidir.

Olimning olimligi faqat ilmiy tadqiqotlari bilangina belgilanmaydi. Haqiqiy olim nazariy g'oyalarini, soha rivojiga xizmat qiladigan ilmiy yangiliklarni ta'lim jarayoniga muvaffaqiyat bilan tatbiq etadi. Buning eng asosiy yo'li yangi avlod darsliklarini yaratishdir. Ibodulla ustoz bu borada ham salmoqli yutuqlarni qo'lga kiritib kelmoqda. Olim yaratgan “O'zbek tili” elektron darsligi, rus guruhlari uchun “O'zbek tili”, “Fransuz tili nazariy grammatikasi”, “Tahliliy o'qish”, “Filologik tahlil asoslari” kabi darsliklar tilshunoslik ilmining eng so'nggi yutuqlarini aks ettirgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Rus, fransuz tillaridagi zamon talablari darajasida yozilgan eng qimmatli darsliklarni o'zbek tiliga tarjima qilish orqali ta'lim tizimiga yangi nazariy fikrlarni, o'qitishning innovatsion metodlarini tatbiq etayotgani olimning faoliyati serqirra ekani isbotidir. V.G.Gakning “Fransuz tili nazariy grammatikasi”, “Fransuz va rus tillarining qiyosiy tipologiyasi” kabi darsliklar tarjimasi buning yorqin isboti.

Olimning zamonamiz ilm ahlidan farq qiluvchi eng muhim yutuqlaridan biri tilshunoslik va adabiyotshunoslik sohalarini tutashtiruvchi lingvopoetikaga asos solganidir, deyish mumkin. Lingvopoetika negizida milliy filologiya jabhasida yangicha “Tahliliy o'qish” metodi muallifi ham professor Ibodulla Mirzayevdir. Shu yo'nalishdagi “Tahliliy o'qish” innovatsion darsligi fan va ta'lim integratsiyasiga xizmat qilishi jihatidan, ayniqsa, muhimdir. Ayni kezda respublikamizning bir qancha oliy o'quv yurtlari, xususan, Samarqand va Termiz davlat universitetlarida, SamDUning Kattaqo'rg'on filiali, Termiz va Denov davlat pedagogika institutlarida olim asoslagan ushbu metod asosida o'quv mashg'ulotlari olib borilmoqda.

Ibodulla domla ilmiy tadqiqotlar olib borish barobarida ijodiy faoliyat bilan muttasil shug'ullanib kelayotgan kamdan-kam ziyolilardan. Olimning ilmiy ishlari qanchalik yuqori saviyada bo'lsa, ijodiy asarlari — badiiy tarjimalari ham undan qolishmaydigan darajada mukammal ekani meni hayratga soladi. Rus adabiyotining Aleksandr Pushkin, Mixail Lermontov, Nikolay Nekrasov, Aleksandr Blok va Sergey Yesenin kabi darg'alari asarlaridan, Anna Axmatova, Vladimir Vыsoskiy, Andrey Voznesenskiy va Marina Svetayeva she'rlarigacha, fransuz adabiyoti namoyandalari Sharl Bodler, Giyom Apolliner, Gi de Mopassan va Andre Dotel asarlaridan Alber Kamyu va Pol Vialar bitiklarigacha, ulardan amerika adibi Edgar Allan Po nasriy asarlarigacha tarjima qilgani olimning ijod zahmatidan halovat topishi natijasidir.

Bunchalik katta ko'lam va keng miqyosdagi ilmiy asarlarni yozish, darslik va qo'llanmalar yaratish, monografiya va o'quv adabiyotlarini tarjima qilish o'z-o'zidan amalga oshib qolmasligi ayon. Bu ishlar yuksak ilmiy-ijodiy tafakkurni, ulkan zahmat va mashaqqatni, tunni tongga ulab mehnat qilishni taqozo etadi.

Olim va ijodkor, birinchi navbatda, ilmiy va ijodiy asarlari bilan e'tibor topadi, e'tirof qozonadi. Lekin ilm odamining yana bir muhim vazifasi ham bor. Haqiqiy olimning munosib izdoshlari ham bo'lmog'i zarur. Ilmiy g'oyalarini yuqori saviyada davom ettirayotgan yetuk shogirdlar tayyorlayotgani Ibodulla Mirzayev domlaning bu borada ham ko'pchilikka o'rnak ekani dalilidir. Shu paytgacha 13 nafar fan doktori (DSc), 2 nafar fan nomzodi, 30 dan ziyod falsafa doktori (PhD) va 50 dan ortiq magistr ilmiy darajasiga ega shogirdlar yetishtirgani ushbu fikrni tasdiqlaydi.

Ibodulla Mirzayev ilmiy tadqiqotchilik, ta'lim berish va ijodiy ishlar bilan muntazam shug'ullanish barobarida yuqori darajadagi tashkilotchilik salohiyatiga ham ega. U OAK e'tirofidagi “Til, ta'lim, tarjima” hamda “Alisher Navoiy” xalqaro ilmiy jurnallarini ta'sis etgan va bugungi kungacha ushbu jurnallar bosh muharriri sifatida faoliyat olib borayotgan fidoyilardandir.

Vaqtni qadrlagan, umrning har bir soniyasini ilmu irfon va ijodga, millatning kelajagi hisoblangan yoshlar ta'limi va tarbiyasiga safarbar etgan olim xalqning nazarini topishi ayon. Jamiyatda munosib hurmat va ehtirom qozonishi aniq. Mamlakatimizda va xalqaro miqyosda e'tirof etilgan va hurmatga sazovor bo'lgan olim, filologiya fanlari doktori, professor Ibodulla Mirzayev shu kunlarda qutlug' 80 yoshni ana shu hayotiy mezonga amal qilgan holda qarshilayapti. Olim uchun ayni kamolot pallasi sanalgan ushbu tabarruk sanaga havas qilsa arzigulik ilmiy-ijodiy xirmon hamda yetuk shogirdlar qurshovida yetib kelgani ham uning vaqtni qadrlab, qadr topgani natijasidir.

Nurboy JABBOROV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat

o'zbek tili va adabiyoti universiteti

o'quv ishlari bo'yicha prorektori,

filologiya fanlari doktori,

professor.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + one =