Ilm, ta'lim va bunyodkorlikka bag'ishlangan umr

yoki Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori, O'zbekiston Respublikasi fan arbobi, professor G'afurjon Isroilovich MuHamedov surati va siyrati

Inson hayotida shunday uchrashuvlar bo'ladiki, ular vaqt o'tishi bilan oddiy xotira emas, taqdirning bir qismiga aylanadi. Ayrim insonlar aytgan so'z, bildirgan ishonch va ko'rsatgan ibrat yillar davomida insonning yo'lini belgilab turadi.

Men uchun professor G'afurjon Muhamedov ana shunday qadrli ustozlardan.

Ustoz haqida yozish oson. Ayniqsa, sen uning yonida mehnat qilgan, qarorlarining qanday tug'ilganini, murakkab vaziyatlardagi bosiqligini, yosh olimning yutug'idan chin dildan sevinganini ko'rgan bo'lsang.

G'afurjon Isroilovich uchun universitet hech qachon binolar yig'indisi bo'lmagan. Universitet – talaba taqdiri, yosh olimning orzusi, o'qituvchining mehnati va jamoaning kelajak oldidagi mas'uliyatidir.

Shuning uchun 1 oktyabr – O'qituvchi va murabbiylar kuni arafasida ustoz haqida so'z yuritar ekanman, u kishining lavozim va yuksak unvonlaridan ko'ra, Chirchiqda yaratgan ilmiy-pedagogik muhiti haqida so'z aytishni joiz deb bildim.

2017 yilda Chirchiqda yangi pedagogika oliy ta'lim muassasasi tashkil etildi. Yangi dargoh oldiga malakali pedagog kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish, maktablar bilan hamkorlikni kuchaytirish kabi katta vazifalar qo'yildi.

Ammo yangi universitetni barpo etish qaror yoki hujjat bilan tugamaydi. Uning jamoasi, ilmiy muhiti, an'analari va eng muhimi, o'z ruhi shakllanishi kerak. Ustoz ana shu mas'uliyatni o'z zimmasiga oldi. O'sha yillarni eslasam, hali ko'p narsa endi shakllanayotgan, ammo jamoada katta maqsad bor edi. Ustoz bizga tayyor universitetni bermadi. U bizga oliy ta'lim dargohining bunyod etilishidagi katta mas'uliyatini ham berdi.

Tayyor tizimda ishlash mumkin. Yangi tizim yaratish uchun esa bilimdan tashqari iroda, sabr va odamlarni bir maqsad atrofida birlashtira olish qobiliyati kerak.

G'afurjon Isroilovich ko'p takrorlaydigan savollardan biri shunday edi:

“Biz boshqalardan nimamiz bilan farq qilamiz?”

Anglashimizcha, bu yangi tashkil etilgan institut uchun oddiy savol emas, strategik vazifa edi. Chunki yangi oliy ta'lim muassasasi mavjud universitetlarni takrorlab qolmasdan, o'z ilmiy yo'nalishi va o'z g'oyasiga ega bo'lishi kerak edi.

Ana shu izlanishlar natijasida “Pedagogik ta'lim innovatsion klasteri” g'oyasi shakllandi. Uning mohiyati universitet, maktab, ilmiy tadqiqot va amaliyotni bir tizimda bog'lashdan iborat bo'ldi.

Klaster g'oyasi kabinetda o'ylab topilgan chiroyli atama emas edi. U maktab bilan universitet o'rtasidagi masofani qisqartirish ehtiyojidan tug'ildi.

Universitetda g'oya bor, ammo u maktabga yetib bormasa, ilmning ta'siri to'liq namoyon bo'lmaydi. Maktabda esa har kuni pedagogik muammolar paydo bo'ladi. Ularga ilmiy yechim kerak.

Ustoz ana shu ikki muhitni yaqinlashtirishga intildi.

“Maktab-laboratoriya” — nazariya va amaliyot uchrashgan maydon.

Pedagogik ta'lim innovatsion klasterining muhim amaliy ko'rinishlaridan biri “Maktab-laboratoriya” maydonchalari bo'ldi.

Bu oddiy hamkorlik emas edi. Maktab tadqiqot maydoniga, universitet esa unga ilmiy va metodik yordam beruvchi hamkorga aylandi.

Biz uchun bu qog'ozdagi konsepsiya emasdi. Uning ortida maktabga borgan olimlar, o'qituvchilar bilan muloqotlar, talabalar amaliyoti, tajriba-sinovlar va ko'plab muhokamalar bor edi.

Ustoz har qanday yangi g'oyaga o'ta jiddiy yondashardi:

“Natijasi nima bo'ladi?”

Bu o'y, fikr hammani tartibga solardi. Chunki ustozning huzuriga faqat yaxshi niyat bilan kirib bo'lmasdi. Dalil, natija va yechim kerak edi.

Menimcha, olimlik bilan rahbarlik G'afurjon Muhamedov shaxsiyatida aynan shu nuqtada birlashgan.

2017 yildan 2026 yilgacha bo'lgan davr bugungi Chirchiq davlat pedagogika universiteti uchun butun bir tarixdir.

2017 yilda institut sifatida faoliyat boshlagan dargoh 2022 yilda universitet maqomini oldi. Bu shunchaki nom o'zgarishi emas, balki yillar davomida qilingan mehnat, shakllangan jamoa va orttirilgan ishonchning natijasi edi.

Chunki institutni tashkil etish mumkin. Ammo universitetni shakllantirish uchun muhit, ilm, an'ana va jamoaviy ishonch kerak.

Ba'zan o'sha yillarni eslab, bugungi universitetga qarayman. O'sha orzular bilan bugungi manzara orasida qancha mehnat borligini bu jarayon ichida bo'lgan odamgina to'liq his qiladi. Universitetni bunyod etish, qurish, aslida, ma'rifatli kelajakka qadam tashlashdir.

G'afurjon Isroilovich haqida faqat rahbar sifatida gapirish kamlik qiladi. U, avvalo, olim. Shuning uchun u yosh o'qituvchining bugungi lavozimiga emas, ertaga kim bo'lishi mumkinligiga qaraydi.

“Ilmiy ish qilyapsizmi?”, “Mavzuingiz nima?”, “Qachon himoya qilasiz?”

Bu savollarni universitetda ko'pchilik eshitgan. Ustoz sendan o'zing kutgandan ko'ra ko'proq natija kutayotganini his qilasan. Keyin tushunasan: haqiqiy ustozning vazifasi senga qulaylik yaratish emas, seni o'sishga undash. Sen o'zingda ko'rmagan imkoniyatni u ko'radi. Sen shubhalangan paytingda u kishi senga vazifa beradi. Vazifa bilan birga, ishonch ham. Shogird uchun ustozning ishonchi ba'zan har qanday mukofotdan qimmat.

Ustozni uzoqdan tanigan odam juda-juda talabchan rahbar sifatida ko'rishi mumkin. Biz esa bu talabchanlikning ortida katta mehr borligini hamisha his qilganmiz. Bu mehr balandparvoz so'zlarda emas, ishonchda namoyon bo'ladi: yosh o'qituvchiga katta vazifa topshirishda, birinchi maqolasini so'rashda, shogirdning himoyasidan sevinishda. “Sizdan katta natija kutyapman”, degan bir gaplarining o'zi ba'zan insonga katta rag'bat beradi. Haqiqiy ustoz odamni kamchiligi bilan emas, imkoniyati bilan ko'radi.

Katta natijalar haqida gapirganda bir insonni markazga qo'yib, jamoaning mehnatini unutib qo'yish to'g'ri emas. G'afurjon Isroilovich ham universitet yutuqlarini hech qachon bir kishining natijasi deb bilmagan.

Chunki universitet — jamoaviy asar. Unda professor ham bor, yosh assistent ham, talabalar ham, laborant ham, texnik xodim ham. Rahbarning vazifasi ana shu turli mehnatlarni bir maqsad atrofida birlashtira olishdir. Chirchiq davlat pedagogika universitetida biz birgalikda o'sdik, o'rgandik, xulosa chiqarmoqdamiz. Maqsad bitta: yangi tashkil etilgan dargohni munosib oliy ta'lim maskaniga aylantirish.

2026 yildan turib 2017 yilga qarasam…

Bugun o'tgan 9 yilning naqadar tez o'tganiga hayron qolaman.

O'shanda institut endigina tashkil etilgan edi. Bugun esa uning o'z nomi, ilmiy yo'nalishlari, an'analari va bitiruvchilari bor. Bu natija bir kunda paydo bo'lmadi. Uning ortida tonggi yig'ilishlar ham bor, kechki muhokamalar ham. Tanqid ham bor, natija uchun aytilgan samimiy rahmat ham.

Ustozdan o'rgangan eng muhim saboqlarimdan biri shu: katta natija bir martalik katta harakat bilan emas, har kuni qilingan tizimli mehnat bilan yaratiladi.

“Ustoz oldidagi qarz” degan iborani ko'p ishlatamiz. Lekin bu qarzni sovg'a, tabrik yoki chiroyli so'z bilan uzib bo'lmaydi. Ustoz oldidagi eng katta qarz — uning senga bergan ishonchini oqlash. U o'rgatgan mehnat madaniyatini boshqalarga yetkazish. U senda uyg'otgan ilmga havasni keyingi avlodga berish.

G'afurjon domlaning eng katta yutug'i haqida so'rashsa, kimdir universitetni, kimdir pedagogik ta'lim innovatsion klasterini, kimdir ilmiy ishlarini aytishi mumkin. Albatta, bu e'tiroflar yuz gapdan to'g'ri.  Men esa shogird sifatida yana bir narsani aytgan bo'lardim:

Ustozning eng ulug' fazilatlaridan biri — inson qadrini e'zozlashlaridir. Bu e'zoz ilmga kirib kelgan yosh olim, o'z kuchiga ishona boshlagan o'qituvchi, birinchi maqolasini yozgan tadqiqotchi, maktabda bolalarga dars berayotgan bitiruvchi — ularga qaratiladi doimo.

Ha, ularning har birida ustozning himmati, mehri, e'tibori mujassam.

O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan muhtaram ustozimiz — kimyo fanlari doktori, professor G'afurjon Muhamedovga mustahkam sog'liq, xotirjamlik, ilmiy va ijodiy kuch-quvvat tilaymiz. Hamisha bor bo'ling, umringiz uzoq bo'lsin, ulug' ustoz!

Samaridin QORAYEV,

pedagogika fanlari doktori,

professor.

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − one =