Ildizim – uchko'prikda

Bir yaqinim: “Insondagi ilk taassurot butun umr o'zgarmay qoladi”, degan edi. Yillar davomida men bu fikrning naqadar haqiqat ekanligini tushunib yetdim. Bilasizmi, hayotimda, ayniqsa, ikki inson juda chuqur iz qoldirgan. Biri – ustoz sifatida nazm gulshani ichra sayr ettirgan, biri esa meni ustoz deya e'tirof etgan. Yanada muhimi, ular Uchko'prik farzandlaridir.

Farg'ona tonglari boshqacha bo'ladi. Bu yerda quyosh ham tog'lar ortidan asta bosh ko'tarib, avval bog'larga, keyin dalalarga, so'ng insonlar qalbiga nur sochadi. Uchko'prikning serhosil tuprog'i, ariqlar bo'yidagi tollar, bahorda gulga burkangan bog'lar va mehnatkash odamlari inson taqdiriga o'z muhrini bosadi. Ana shunday muborak zaminda kamol topgan iqtidorli farzandlardan ikkisi – Farida Afro'z va Shuhrat Orifdir.

Inson qaerga bormasin, qancha yuksakliklarga ko'tarilmasin, uning qalbida bolalikning bir manzili yashaydi. Bu manzil uning ildizi, uning ruhiy quvvati, uning eng pok xotiralaridir. Farida Afro'z uchun ham, Shuhrat Orif uchun ham ana shu manzil – Uchko'prik.

Ko'hna tuproqning hidi, ona allasi, qishloq oqshomlaridagi suhbatlar, mehnat bilan o'tgan kunlar, elning dardi va quvonchi ular qalbiga so'z urug'ini sochdi. Keyin bu urug'lar she'rga, maqolaga, qalblarni uyg'otuvchi satrlarga aylandi.

Farida Afro'z she'riyatini o'qigan inson uning satrlari ortida bir ayol qalbining nafosatini, bir ona yuragining mehrini va bir vatandoshning yurtga muhabbatini ko'radi. Uning misralari goh bahor shamolidek mayin, goh tog' soyidek shiddatli. Shoira so'zni bezak sifatida emas, qalbning ovozi sifatida qabul qildi. Shuning uchun ham uning har bir she'rida samimiyat nafas oladi.

Go'yoki u she'r yozmaydi, balki qalbida yig'ilgan nurlarni qog'ozga ko'chiradi. Bu nurlarning ilk manbai esa bolaligi kechgan Uchko'prik osmoni, onasi aytgan ertaklar, qishloqning sodda va mehribon odamlari edi.

Shuhrat Orif ijodida esa hayotning o'zi bor bo'y-basti ila gavdalanadi. Uning qalami inson taqdiriga befarq emas. U el dardini o'z dardidek his etadi. Shuning uchun uning she'rlari ham, publitsistik chiqishlari ham hayot haqiqati bilan sug'orilgan. U so'zning mas'uliyatini yaxshi anglaydigan ijodkorlardan. Uning uchun qalam – nafaqat ijod quroli, balki xalq oldidagi vijdon omonatidir.

Shuhrat Orifning har bir asarida Vatanga muhabbat, xalqqa sadoqat va insonga ehtirom tuyg'usi sezilib turadi. Uning satrlari o'quvchini o'ylashga, mushohada qilishga undaydi. Zero, haqiqiy ijodkorning vazifasi nafaqat yozish, balki inson qalbida nur uyg'otishdir.

Farida Afro'z va Shuhrat Orifning ijod yo'llari turlicha bo'lishi mumkin, ammo ularni birlashtirib turgan muqaddas payvastalik bor. Bu – tug'ilgan yurtga muhabbat rishtasidir.

Uchko'prik ular uchun oddiy geografik hudud emas. U – xotiralar beshigi. Ilhom bulog'i. Qalb qo'rg'oni. Ular qaysi shaharda yashamasin, qaysi minbarda so'zlamasin, qalbining bir bo'lagi hamon Uchko'prik ko'chalarida kezib yuradi. Chunki insonning ildizi qaerda bo'lsa, uning ruhi ham o'sha yerdan oziq oladi, degan gap bejiz aytilmagan.

Bugun nafaqat uchko'prikliklar, balki butun yurtimiz ahli bu ikki ijodkor bilan faxrlanishadi. Ular esa o'z navbatida tug'ilib o'sgan yurt nomini yuksaltirib kelmoqda. Birining she'rlaridan mehr va nafosat jilvalansa, ikkinchisining so'zlarida hayot haqiqati va fuqarolik jasorati namoyon.

Vaqt o'tadi, avlodlar almashadi. Ammo haqiqiy so'z sohiblari qoldirgan ma'naviy meros yashayveradi. Farida Afro'z va Shuhrat Orif ham ana shunday ijodkorlar safidadir. Ularning asarlarini mutolaa qilgan har bir kitobxon satrlar orasida Uchko'prikning musaffo havosini, Farg'onaning fayzli tonglarini va mehnatkash insonlarining samimiy tabassumini  his etadi.

Zero, buyuk daraxtning shoxlari osmonga talpinsa ham, uning kuchi ildizida bo'ladi. Shu bois ularning ijodida ham Vatan hidi, xalq mehri va tug'ilgan zaminning barhayot nafasi yashaydi.

O'ktamxon AKBAROVA,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − 4 =