Fidoyilik

yoxud “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi,

senator Abdulla XURSANOV faoliyati  haqida so'z

Bu voqeaga ham ikki yil bo'libdi. O'shanda ijodkor do'stimiz bilan tasodifan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tashkil topganining 75 yilligi munosabati bilan o'tkazilayotgan tantana kuniga borib qolgandik. Ish rejasi naqadar tig'iz bo'lishiga qaramay, kombinat rahbari bizni qabul qilishga vaqt ajratgan edi. Tantana munosabati bilan bir guruh ishchi-xizmatchilarni taqdirlash marosimi hecham yodimdan chiqmaydi. Unda kombinatning asosan eng oddiy kasb egalari: farroshlar, qorovullar, bog'bonlar, sartaroshlar va boshqa ishchilar taqdirlangan edi. Nomlari e'lon qilinganda davraga chiqqanlarning har biriga Abdulla Xursanov alohida iliq so'zlar bilan qimmatbaho sovg'alar topshirgandi. Mukofot olganlarning quvonchdan porlagan yuzlari haliyam yodimda. O'shanda Abdulla Xursanovning oddiy odamlarga judayam mehribon ekaniga guvoh bo'lgandik.

O'tgan hafta yana Olmaliqqa yo'limiz tushdi. Qulog'imizga chalingan yaxshi xabarlardan biri shu bo'ldiki, nafaqat ushbu shahardagi, balki mamlakatimizdagi eng obro'li, salohiyatli  korxonalardan biri hisoblangan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining rahbari Abdulla aka shu kunlarda qutlug' yoshni qarshi olayotgan ekan. Shu bois tinib-tinchimas va izlanuvchan rahbarni yaqindan bilgan insonlar bilan suhbatlashishni joiz deb bildik. Negaki, Abdulla Xursanov rahbarlik qilayotgan keyingi sakkiz yil Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yangi tarixi yaratilgan davr bo'ldi desak xato bo'lmasa kerak. Albatta, bu yuksalish pillapoyalari muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi, ko'magi hamda g'oyalari asosida ro'yobga chiqarilmoqda. Ana shunday ulkan ishlarni amalga oshirishda korxona yetakchisining zahmati, mehnati va fidoyiligini ham e'tirof etmak joiz. Zero, kombinatda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari, yangi fabrika va ishlab chiqarish quvvatlarining qurilishi mamlakat sanoati taraqqiyotida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yana bir quvonchli tomoni shuki, kombinat bilan Olmaliq shahrining rivoji bir-biriga hamohang tus olgan.

…Olmaliq shahri ko'zimga juda fayzli ko'rinadi. Yangi bog'lar, xiyobonlar, yashil hududlar va gulzorlar shahar ko'rkiga ko'rk qo'shgan. Yirik sanoat ob'yektlari atrofida qurilish materiallari ishlab chiqarish, metall konstruksiyalar tayyorlash, xizmat ko'rsatish va logistika sohalarida o'nlab yangi korxonalar tashkil etilibdi. Keyingi yillarda shaharda yangi ta'lim muassasalari, bolalar bog'chalari, tibbiyot inshootlari qurilib, foydalanishga topshirilibdi. Bu xayrli ishlar natijasida minglab yangi ish o'rinlari yaratilib, aholi bandligi yanada oshdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoj topib, savdo va xizmat ko'rsatish sohalari kengaymoqda. Biz guvoh bo'lib turgan ulkan o'zgarishlar shiddati, albatta, kombinat rahbari Abdulla Xursanovning ham fidoyi va vatanparvar mutaxassis sifatida Yangi O'zbekistonimiz iqtisodiy taraqqiyoti yo'lidagi jonkuyarligiga bog'liq ekaniga amin bo'lasiz.

“Inson qadri ustuvor” deya balandparvoz shiorlarni aytib yurganlar qancha, ammo amalda bu tamoyilni sidqidildan ulug'lab, shu maqsadda shijoat ko'rsatish oson emas. Qahramonimiz ana shunday ulug' e'tiqod bilan yashayotgan, salkam qirq ming kishilik jamoa ahlini hayotdan rozi qilishni, ularning qalbidagi ezgu orzu-umidlarini ro'yobga chiqarishni o'zi uchun ulkan sharaf va mas'uliyat deb biladigan rahbarlar sirasiga kiradi.

Zamon zayli shiddat bilan o'zgarib borayotir. Odamlarning tinmay ortib borayotgan talab va ehtiyojlarini muntazam qondirib borish hamda korxonani zamon talablariga mos ravishda rivojlantirish rahbar zimmasidagi mas'uliyatli vazifadir.

Ma'lumki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mamlakatimiz iqtisodiy qudratining muhim tayanchlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda kombinat nafaqat qimmatbaho metallarni qazib olish va qayta ishlash sohasida, balki zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida ham yetakchi korxonalardan biridir. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek, O'zbekistonning boy tabiiy resurslarini o'zlashtirish iqtisodiyotimizni rivojlantirishda katta imkoniyatlar yaratadi.

— Biz tabiiy boyliklarni o'zlashtirish uchun yirik investitsiyalarni jalb etish masalasiga ustuvor ahamiyat bermoqdamiz, — deydi Abdulla Xursanov.

Hikmatli kalomlarda aytilganidek: “Yer qo'ynidagi barcha xazinalar yuzaga chiqadi. Ummatlarimni dunyo boyligi bosgay”.

Ha, bugun shunday ne'matlarga boy zamon keldi!

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyati kun sayin rivojlanib borayotgani bois dunyo hamjamiyati e'tiboriga tushmoqda. Qarang, 2026 yilning birinchi yarmida kombinatda shunday quvonchli voqealar sodir bo'ldi:

– Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi.

– Mudofaa vazirligi Toifalangan ob'yektlarni qo'riqlash qo'shinlari qo'mondonligining Olmaliq shahrida joylashgan harbiy qismida, OKMK homiyligida zamonaviy infratuzilmaga ega yangi o'quv binosi foydalanishga topshirildi.

– Afg'oniston Tog'-kon sanoati va neft vazirligining texnik delegatsiyasi hamda “Elsewedy Electric Group” kompaniyasi vakillari OKMKda bo'lishdi.

– OKMKga Birlashgan Arab Amirliklarining “2PointZero” kompaniyasi vakillari tashrif buyurdi.

– Rossiya Federatsiyasining O'zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Aleksey Yerxov hamda Rossiya Federatsiyasining O'zbekistondagi Savdo vakolatxonasi vakillaridan iborat delegatsiya OKMKga tashrif buyurdi.

– “Qalmoqqir” kon boshqarmasida raqamlashtirishning ikkinchi bosqichi start oldi.

– Chexiyaning nufuzli kompaniyalari vakillari OKMKga tashrif buyurdi.

– OKMKga Amerika Qo'shma Shtatlarining O'zbekistondagi elchixonasi mas'ul xodimlari va “World Learning” tashkiloti mutaxassislari tashrif buyurdi.

– Xalqaro “Sustainable Fitch” agentligi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining barqaror rivojlanish reytingini (Entity Rating) “3” darajasida tasdiqladi va kompaniyaning umumiy baholanish mezonini (entity score) 56 balldan 59 ballga oshirdi.

– Angren shahridagi Mirzo Ulug'bek mahallasida joylashgan, OKMK homiyligida zamonaviy qiyofaga keltirilgan “Yangi Angren” madaniyat va sport majmuasi ochildi.

– Belarus Respublikasining O'zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov boshchiligidagi delegatsiya kombinat faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

– “Ochiqlik indeksi – 2025”da OKMK faoliyati yuqori baholandi.

– OKMKga Vengriyaning O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yojef Roja boshchiligidagi delegatsiya a'zolari tashrif buyurdi.

– Joriy yilning 10 may holatiga ko'ra, 3-mis boyitish fabrikasida 2 million tonna ma'dan qayta ishlanib, 30 ming tonnadan ortiq mis konsentrati olindi.

– Xitoyning “Nerin Engineering” kompaniyasi va Eksport-import banki vakillari OKMKda bo'lishdi.

– “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning kredit reytingi bo'yicha hisobotiga ko'ra, kombinatning kredit reytingi “Barqaror” prognozi bilan “VV” darajasida tasdiqlandi.

– Xitoy Xalq Respublikasi va Italiyaning nufuzli universitetlari vakillari, xususan, dunyoga mashhur Piza universiteti hamda Chendu texnologiya universiteti, Geologiya fanlari universiteti ekspertlaridan iborat nufuzli delegatsiya tashrif buyurdi.

– Xitoy tog'-kon sanoatining eng yirik va nufuzli kompaniyalaridan hisoblangan “China Nonferrous Metal Industry’s Foreign Engineering and Construction Co., Ltd.” (NFC) vakillari tashrif buyurishdi.

– Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ hamda Xitoy Xalq Respublikasining “China Nonferrous Metal Industry’s Foreign Engineering and Construction Co., Ltd.” (NFC) kompaniyasi o'rtasida o'zaro hamkorlik to'g'risida bitim imzolandi.

– Toshkent xalqaro investitsiya forumida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Polshaning nufuzli “APS Energia” kompaniyasi bilan hamkorlikda “APS Energia-AMMC” qo'shma korxonasini tashkil etish bo'yicha ta'sis hujjatlari rasman imzolandi.

– Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ hamda Misr Arab Respublikasining energetika va infratuzilma sohasidagi yirik korxonasi — “Elsewedy Electric” kompaniyasi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

– V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Olmaliq KMK” AJ hamda Daniya Eksport-investitsiya fondi (EIFO) o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

– Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga Niderlandiya Qirolligining O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Niko Sxermers boshchiligidagi yirik ishbilarmon doiralari vakillari tashrif buyurdi.

– Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida poytaxtimizda Amerika Qo'shma Shtatlarining yetakchi ilmiy-tadqiqot oliygohlaridan biri — Yuta universiteti (“University of Utah”) bilan o'zaro hamkorlik to'g'risida uch tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi.

…Jurnalist sifatida kuzatganlarimga asoslanib, havas bilan shuni ayta olamanki, Abdulla Xursanovning oddiy insonlar bilan muloqotga ochiqligi, keksa nuroniylarga hurmati, xotin-qizlar va yoshlarga g'amxo'rligi, zoriqqan oilalar holidan xabar olishi, ijtimoiy loyihalarga xayrixohligi va xayriya tadbirlaridagi faol ishtiroki, saxiy qalbligi ehtiromga arzigulik fazilatlardir.

O'tgan yillar davomida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati jonkuyarlari haqida ko'plab ocherk va maqolalar yozganman. Yaxshilik va insonparvarlik ruhi bilan faoliyat olib borishga odatlangan boshqaruv raisining ezgu ishlari, xayrli tashabbuslari, turmush sharoiti nochor oilalarga, og'ir kasallik bilan kurashayotgan dardmandlarga moddiy yordamlari va boshqa insoniylik fazilatlari xususida yozmoqchi bo'lsam, har gal u kishi kamtarinlik qilib, izn bermaydi. Haqiqiy rahbarlik faqat ishlab chiqarish ko'rsatkichlari yoki iqtisodiy natijalar bilan emas, balki insonlarga bo'lgan munosabat, ularning dardiga malham bo'lish, muammolarini hal qilishga bajonidil intilish bilan ham baholanadi. Anglashimcha, uning nazdida qilingan yaxshiliklarni matbuotda yozish minnatga aylanib qoladi. Bu ehtimol to'g'ridir, ammo yana bir jihati ham bor: bir insonning saxovati namuna bo'lib, boshqalar undan ibrat va ilhom olsa, qanday yaxshi!

— Har bir xodimning ma'naviyati yuksak, tarbiya-e'tiqodi mustahkam, Vatanga sadoqati kuchli bo'lsa, uning mehnatga munosabati, mas'uliyati va ish samaradorligi yuqori bo'ladi, — degan edi suhbatlarning birida Abdulla Xursanov. — Shu boisdan kombinatimizda ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot ishlarini samarali tashkil etish, madaniy tadbirlar ta'sirchanligini oshirish, ma'naviy muhit sofligini ta'minlash va kitobxonlikni rivojlantirish masalalariga doimiy e'tibor qaratamiz. Mehnat jamoalarida yozuvchilar, shoirlar, olimlar, madaniyat va san'at namoyandalari bilan uchrashuvlar, kitob taqdimotlari, tarbiyaviy ahamiyatga ega bo'lgan filmlar namoyishlari, teatr va san'at ahli bilan ijodiy muloqotlar muntazam tashkil etib kelinmoqda. Albatta, iqtisodiy taraqqiyot va ma'naviy yuksalish bir-birini to'ldiruvchi vositalardir.

— Taqdir yo'llarida insonni sinaydigan damlar ko'p. Lekin ana shu sinovlardan boshini baland ko'tarib o'ta olganlargina tarixda iz qoldiradi, — dedi uning ustozlaridan biri — Navoiy kon-metallurgiya kombinati Investitsiyalar departamenti boshlig'i Ne'mat aka Ro'ziyev. — Bugun mamlakatimiz sanoati taraqqiyoti haqida so'z ketganda, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov nomi beixtiyor tilga olinadi. U O'zbekiston qurilish sanoati hamda kon-metallurgiyasi tarixida o'ziga xos o'ringa ega.

Bundan qirq yil avval Toshkent arxitektura va qurilish institutida “Temir-beton” kafedrasi mudiri sifatida yosh mutaxassislarga dars berib yurgan paytlarimda Abdulla Xursanovni taniganman. U bilan ko'p hamkorlik qildik. OKMK bosh direktori bo'lganida u bilan birgalikda ishlash nasib etdi. O'sha davrda Surxondaryoda joylashgan “Xondiza” fabrikasi quriladigan joy tanlanishi, zarur texnika va vositalarning o'rnatilishi, umuman, muhtasham zavodning bunyod etilishi va hukumat ruxsatining olinishida ko'plab tajribali soha egalari yonida Abdullajondek yosh va serg'ayrat mutaxassislarning hissasi katta bo'lgan.

Taqdir taqozosi bilan men Abdulla Xursanov bilan birga 2012-2017 yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida Investitsiyalar departamenti boshlig'i vazifasida ishlab, bir qancha yirik loyihalar amalga oshirilishida bosh-qosh bo'ldik. Shukrki, Abdullajon bilan birgalikda qanday ishga qo'l urgan bo'lmaylik, ularning har biri muvaffaqiyatli yakunlanib, ming-minglab insonlarning ish bilan ta'minlanishiga va mamlakat iqtisodiyoti rivojiga hissa qo'sha oldik.

Bir so'z bilan aytganda, u o'z taqdiri misolida, bir inson irodasiga tayangan holda butun jamiyatga tatigulik mo''jiza yarata olishini isbot eta oldi. Oltin misoli toblangan bu umr — sinovlar bilan pishgan, tajriba bilan charxlangan, iroda bilan mustahkamlangandir. Kon va metallurgiyadek og'ir sohada yillar davomida mehnat qilish, minglab mutaxassislar ishonchini qozonish, ulkan sanoat loyihalariga bosh-qosh bo'lish — bu har kimga ham nasib etavermaydi.

— Abdulla Xursanov bilan 1987 yili Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi Beltepa mahallasida qurilish jarayonida tanishganman, — dedi boshqaruv raisining qurilish bo'yicha maslahatchisi Qilich Ismoilov. — Shundan beri ishda hamkor, hayotda sodiq do'stmiz. Tog'-kon sanoatida juda kuchli mutaxassis. Sabr-toqatli, o'z ustida tinimsiz ishlaydigan, mas'uliyatni zimmasiga olishdan qochmaydigan inson. Ilmni qadrlaydigan, katta loyihalarga qo'l urishdan cho'chimaydigan olim. Do'stining musibatini o'ziniki deb biladigan, qo'l ostidagilarga xuddi jigarlaridek qayg'uradigan inson. “Yo'q” degan narsani bilmaydi. Ko'p safarlarga birga borganmiz, ajoyib hamroh.

Yaxshi insonlar bahonasida boshqa yaxshi insonlar bilan uchrashar ekansan. Bu ham Yaratganning inoyati. Ana shunday hurmat-e'tiborli kishilardan biri, taniqli tadbirkor — “O'zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Bahodir Abdullayev bilan uchrashib, Abdulla Xursanov haqida so'radik.

— Abdulla Xursanov noyob iqtidor egasi, — dedi Bahodir Abdullayev. — Uning vatanparvarligi, vazifasiga jonfidoligi kishini hayratga soladi. Yangilikka intiluvchan rahbar. Qaerda ishlamasin, o'zidan munosib iz qoldiradi. Bor-yo'g'i bir yilgina “O'zmetkombinat”ga rahbar bo'lib ishlaganida ham kombinatda katta o'zgarishlar qildi. Ferroqotishmalar ishlab chiqarish sexi qurilishini olib bordi. Kombinatda tikuv fabrikasi barpo etib, ikki yuzdan ortiq ish o'rni tashkil etdi. Xalq iste'moli mollari ishlab chiqarish sexiga kam ta'minlangan oilalar vakillaridan sakson nafarini ishga qabul qildi. Uning davrida kombinat hududini ko'kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga alohida e'tibor berilganini hozirgacha ko'pchilik eslaydi. Va yana eng muhimi, u o'zini Vatan taqdiriga daxldor deb biladigan oliyjanob inson.

Bugun jo'shqin faoliyati chegara bilmas Abdulla Xursanov haqida bir shingil hikoya qildik, xolos. Uning Oliy Majlis Senati a'zosi sifatidagi faoliyati ham alohida bir mavzu.

Ustozimiz, taniqli adib Xurshid Do'stmuhammad oltmish yoshni keksalikning bahoriga qiyoslagan edi. Shunday. Tilagimiz, misoli oltin kabi toblanib ulg'aygan qahramonimiz hozirgidan-da g'ayratliroq, hozirgidan-da shiddat bilan mamlakat taraqqiyotiga o'zining munosib hissasini qo'shaversin! Uzoq manzillarni ko'zlab olib borayotgan mas'uliyatli va sharafli faoliyatida unga hamisha zafarlar yor bo'lsin!

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + 19 =