Men nima ham derdim…

Ijtimoiy tarmoqlar hayot singari har xil odam va turfa fikrlilarga to'la. Bu yerda istagancha yozish, surat va hayotning ayrim lavhalarini joylash mumkin. Ularga izohlar ham odamlarning ichki dunyosidan kelib turlicha bo'ladi. Masalan, yaqinda o'zbekistonlik oshpaz Bahriddin Chustiy o'zbek milliy taomlarini tayyorlash bo'yicha Londonda o'tayotgan festivalda ishtirok etayotgani, yutuqlari haqida post joyladi. Ayrimlar o'zbeklar faqat ovqat yeyishda birinchi, oshga to'planganchalik to'plana olmaydi, deb fikr bildirdi. Xo'p, bir yurtdoshimiz muvaffaqiyatga erishibdi, keling, birga olqishlaylik. Ovqat tayyorlashda u birinchi bo'lsa, siz o'z sohangizda birinchi bo'ling. Sizni ham olqishlashsin.
Shu singari holatlarda ayrim odamlar juda ko'p salbiy izohlar yozishadi. Hatto o'z sohasining ustalari, olimlari biror masalada fikr bildirsa, savollarga javob bersa, “Odamlar osmonga raketa uchirayotgan bir paytda…” deb o'sha odamlarni kulgi qilishga intiladi. Xo'p, u odam o'z sohasidan tashqarida gapirmadi. O'zing raketa uchir, o'zing yangi muvaffaqiyatlar eshigini och. Xuddi navbatda yana kim biror nima derkan-u, yer bilan bitta qilsam, deb devor panasida turganga o'xshaydi bunday kishilar.
Yaqinda mamlakatimiz aholisi soni 37 millionga chiqqani haqida xushxabar yoyildi. Oilada hamisha farzand tug'ilganiga xursand bo'ladigan, bolajon xalqmiz. Aholi ko'paygani mamlakatimiz uchun bir yorug' xabar sifatida qabul qilindi. Shu xabarlar ortida kimdir “O'zbeklardan biror kishi Nobel mukofoti olganmi?” deb izoh yozdi. Har bir o'zbek dunyoga kelgan farzandini olim, oqil, orif bo'lsin, deb niyat qiladi. Shu yo'lda o'qitadi, bilim beradi. Hatto, men ko'rmaganni bolam ko'rsin, deb turli to'garaklar, sport va san'at maktablariga yetaklaydi. Shu tufayli bugun dunyo arenalarida o'zbeklar sharafiga tez-tez bayrog'imiz ko'tarilib, madhiyamiz yangramoqda. Agar farzandingiz Nobel mukofotini olishini istasangiz, izohlarda qora chaplab o'tirmay biror yo'nalishda chuqur ta'lim beradigan maktab yoki muassasaga yetaklab boring. Buning uchun mamlakatimizda yaratilgan sharoitlar mo'l. Sizning farzandingiz yutug'idan biz ham quvonaylik. Shu kichik yutuqdan boshlab sekin-sekin yuqori cho'qqilarga chiqayotgan yurtdoshlarining shashtini so'ndirish yaxshimikan? Ular o'zlari hayotda shu odamchalik bir yutuqqa erishmagan bo'lishsa-da, jon kuydirib qilgan mehnatlari samarasini ko'rganlarni tanqid ostiga olishadi. Ular katta yutuqlarga erishishni oson deb o'ylaydi. Axir har qanday ulkan yutuq kichik pog'onalarni zabt etish orqali erishiladi.
To'g'ri, ba'zan ayrim odamlar bo'lar-bo'lmas ishlarini ham maqtanib ijtimoiy tarmoqqa joylashadi. Ammo bu boshqa masala. Shunday salbiy izohlar yozib o'tiradigan insonlarning yozganlarini o'qib, sevimli shoirimiz Muhammad Yusufning “Men nima ham derdim?” nomli she'ri xayolimda aylanadi.
Kim kimga sohibi sanjarman deydi,
Sim simga maqtanib – xanjarman deydi,
Qumursqa ham o'zin ajdarman deydi,
Men nima ham derdim?
Bol bergan qo'lingga nayzasin sancha,
Qilgan yaxshiliging bilmagan qancha,
Oqillarin talar qancha tirrancha,
Men nima ham derdim…
Ijtimoiy tarmoqlar hamma uchun minbar. O'z sahifasini va izohlarini qoralayotgan o'zining aslini ko'rsatadi. Shu imkoniyat qo'lingizda ekan, chiroyli gaplar bilan tanqid qiling, yaxshi gaplar ayting. Jim yurib pushaymon qilmadim, gapirganim uchun pushaymonim ko'p, degan ekan oqillardan biri. Shunday ekan, so'zimizda o'zimizni aks ettiraylik.
Hulkaroy XUDOYQULOVA