Badiiy publitsistikada davr nafasi

2024 yil davomida mamlakatimiz markaziy gazetalarida yoritilgan badiiy publitsistik materiallarga bir nazar

Hayotimizda, jamiyatimizda yuz berayotgan ulkan voqeliklar, ulug'vor bunyodkorlik ishlari respublika gazetalarida hozirjavoblik bilan yoritib borilmoqda. “Ijtimoiy” degan ma'noni anglatuvchi badiiy publitsistika mazmun-mohiyati yurtimizda yuz berayotgan tarixiy voqeliklar bilan yanada boyib borayotgani baayni haqiqatdir. Faqat bu voqeliklarni ko'ra olish va xolis tahlil etish uchun ijodkorning nigohi o'tkir, dunyoqarashi keng, fikri teran, qalami qayralgan bo'lmog'i zarur.

Respublikamiz gazetalarida 2024 yil mobaynida ko'plab sermazmun, mushohadalarga boy badiiy publitsistikalar yoritilgani bu boradagi o'ziga xos yutug'imizdir, deyishga haqlimiz. Mualliflar mundarijasiga e'tibor bersangiz, millatimiz yetakchi ziyolilari bu borada ham qanchalik namuna ko'rsatayotganiga shohid bo'lasiz.

Badiiy asar kabi ijtimoiy hayotda voqelik bo'ladigan publitsistikalar tahlil etilganida “Xalq so'zi”, “Yangi O'zbekiston”, “Jadid”, “Hurriyat”, “Ishonch”, “XXI asr”, “Milliy tiklanish”, “O'zbekiston ovozi”, “Adolat”, “Oila va tabiat”, “Mahalla”, “Nuroniy” va boshqa gazetalarning ijodiy jamoalari qanchalik faol mehnat qilganliklari ham ayon bo'ldi. Ularga yana bir bora samimiy tilaklarimizni izhor etamiz.

Mamlakatimizning yetakchi nashrlaridan biri — “Xalq so'zi” gazetasi 2024 yil 19 iyul sonida O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo'siboy o'g'li tavalludining 200 yilligiga bag'ishlab yozgan “Mardi maydon ellarim bordir” sarlavhali badiasida qahramon obrazi badiiy lavhalarda teran aks ettiriladi. Muallif “So'z bilan, she'r bilan, hazil-mutoyiba, o'tlig' va o'tkir satrlar bilan g'animlarini mot qilib, yer bilan yakson etgan, hamisha maydondan g'olib va muzaffar chiqqan” hazrat Ajiniyozning ibratli hayoti hamda ibratli faoliyatini keng yoritadi.

Shuningdek, gazetaning 26 sentyabr sonida Chustiy tavalludining 120 yilligiga Sirojiddin Sayyidning “Ey tafakkur olamida fikri daryo do'stlar” sarlavhali badiasida Chustiy domla bilan eng yaxshi suhbatdosh va gurungdosh shoirning asarlari — she'rlari, g'azallari ekanligi haqida g'oyat ibratli so'z yuritiladi.

O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali gazetaning 27 avgust sonida yoritilgan “Vasfi yuz ming yil tuganmas” sarlavhali publitsistikasida: “Mustaqillik, istiqlol, ozodlik — buyuk qismat, tole, saodat” haqida so'z yuritar ekan, mustaqillik haqida gapirilsa, ayrim kishilar “O'zbeklar istiqlolga osonlikcha erishdi, qon to'kilmadi, kurash bo'lmadi”, degan iddaosiga munosib javob beradi. “Shu Vatan deb, jon olib, jon bergan chinakam o'g'lonlar-chi, jonfido qizlar-chi? Sirdaryo bilan Amudaryoga sig'may toshgan iztiroblar-chi? Beayb, begunoh berilgan qurbonlar-chi? Sibiru Magadanlarda sargardon bo'lgan aziz umrlar-chi?.. Ular har birimizning yuragimiz tub-tubida qatlanib yotibdi. Barchasini dil-dilimizda xotirga olamiz, aslo unutmaymiz”.

Muallif yurtimiz mustaqillikka erishish yo'lida qanchalik murosasiz kurashlar bo'lganini izohlab beradi. “Bir vaqtlar o'zbek ijodkori o'z ovozi ikki daryo oralig'ida qolib ketganidan o'kinib yozgan bo'lsa, bugun ijod maydoni nainki o'sha daryolar oralig'ida, balki ikki qutbning tubiga qadar kengaygan va o'lkamizda mayin shabboda yanglig' esib turgan ijodiy erkinlik epkinlari adabiyotimiz dovrug'ini yaqin kelajakda, albatta, olamga yoyadi” deya xulosa qilinishi har bir ziyolining dilidagi gapdir.

“Xalq so'zi” gazetasi 2024 yil 11 sentyabr sonida yoritilgan adib va shoir O'tkir Rahmatning “Xalq uchun baxshida yurak”, 27 noyabr sonida “Da'vatkor so'z qudrati” sarlavhali publitsistikalarida bugungi kunning eng dolzarb mavzulari teran tahlil etiladi:

“Har qanday mamlakat — bu faqat muayyan hudud yoki iqtisodiyot emas, balki o'z orzu-umidlariyu xohish-istaklariga ega bo'lgan odamlardan iborat chinakam tirik organizmdir, — deb yozadi muallif “Xalq uchun baxshida yurak” sarlavhali publitsistikasida. — Shu bois davlatni boshqarish uchun oqilona qaror va strategiyalar bilan bir qatorda shu mamlakat xalqining hayotiy ehtiyojlarini chuqur anglash ham talab etiladi”. Bunda muallif avvalo “Odamlarga ishonch kerak”ligi haqida so'z yuritar ekan, “Ko'z o'ngimizdagi o'zgarishlar” haqida teran mushohada yuritadi.

* * *

Respublikamizning yetakchi nashrlaridan yana biri hisoblanmish “Yangi O'zbekiston” gazetasi sahifalarida ham 2024 yil mobaynida ijtimoiy-siyosiy hayotimizni yorqin aks ettiruvchi badiiy publitsistikalarga keng o'rin berilgani e'tiborga molikdir.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Ahmadjon Meliboyev gazetaning 2024 yil 20 fevral sonida yoritilgan “Virtual olam fojialari” sarlavhali publitsistikasida izlanuvchan ijodkor sifatida tilga olina boshlagan Abdulkarim Hasan qalamiga mansub “Virtual olam bolalari” to'plamiga “Virtual olam fojialari” deya boshqa sarlavha qo'ygani haqida yozib, o'quvchi diqqat-e'tiborini o'ziga tortadi. “Uni o'qir ekanman, “Biz — ta'lim-tarbiya, baxtli bolalik haqida tinimsiz bong uradigan yozuvchi, olim, publitsist, ma'rifat targ'ibotchilari, odob-axloq mutaxassislari, tarbiyachilar, ota-onalar oldida naqadar mas'uliyatli, kechiktirib bo'lmaydigan vazifa turganini his qilaman, — deb yozadi muallif. — Bu jarayonga nechog'liq hissa qo'shayotganimiz xususida o'zimdan o'zim hisob so'rayman, ammo javobim qoniqarli chiqmaydi. Negaki, dunyoning bugungi olatasir holati o'zining shafqatsiz “tamoyillari” bilan nainki bolalarni, kattalarni ham tubsiz domiga tortayotgan, bola tarbiyasiga oid necha ming yillik tajriba va an'analar buzilayotgan, mehnat tarbiyasi unutilayotgan bir paytda yosh avlod tarbiyasi ishiga befarq qarash mutlaqo mumkin emas. Tarbiya ishidagi bir kunlik sustkashlik bir yillik muammo keltirib chiqarishi mumkin”.

Gazetaning 29 fevral sonida O'zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyoning “Buyuk o'zbek yo'li” rukni ostidagi “Yashab qolishimiz sharti” sarlavhali publitsistikasida “Milliy davlatchiligimizning 3 ming yillik tarixi va tajribasidagi o'chirib bo'lmaydigan yorqin sahifalardan biri, shubhasiz, kengashib ish tutish an'anasi” ekanligi haqida yuritgan tahliliy fikrlari o'quvchini albatta mushohadaga chorlaydi. “Hurriyat tuyg'usi va davlatchilik bor ekan, vatanparvarlik ruhi va tarbiyasi masalasi, undagi jangovarlik, yurt uchun jondan kechish mavzusi hech qachon o'lmaydi! Negaki, eng zamonaviy qurolni ham inson boshqaradi. Insonni esa irodasi!” deya ta'kidlaydi muallif.

“Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorovning “Adolat sog'inchi va uyg'onish ramzi” sarlavhali badiasi (“Yangi O'zbekiston” gazetasining 2024 yil 17 may sonida) O'zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochilishi munosabati bilan o'ziga xos san'at va madaniyat bayramidagi o'ylar tarzida bayon etiladi. “Inson — fikrat olami, shuningdek, xayolot va xotiralar, shirin sog'inchlar iskanjasida yashaydigan xilqatdir, — deb yozadi muallif. — Shu o'rinda umummillat o'ylari, mushtarak sog'inchlar haqida so'z yuritmoqchimiz. Ulardan biri — adolat sog'inchi bo'lsa, boshqasi — qadim zamin ohanglari bilan qalbimizga, qon-qonimizga singib ketgan vujudiy hissiyot birligi”. Bu isbot talab etilmaydigan fikrlar aslida millionlab san'atsevarlar dilidagi gaplardir. Muallif o'zbek estrada san'atiga asos solib, kuy-qo'shiqlarini akademik mahorat bilan kuylagan Botir Zokirovni “Arbob va jadid edi” deya ta'riflab, “Botir Zokirovni jadid bobolarimiz safiga qo'shish uchun ham haqlimiz. Uning millat kelajagi uchun qayg'urib aytgan mana bu fikrini bir eslaylik: “O'zimiz o'zligimiz ildizini qirqsak, madaniyat va san'atimnzni oyoqosti qilsak, g'ururimizni bema'nilarcha toptasak, iste'dod boshida byurokratlarcha qilich yalang'ochlab tursak, qachon xalq bo'lamiz? Qachon qad rostlaymiz? Qachon?..” deya xulosa chiqaradi.

Tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov gazetaning 9 oktyabr sonida yoritilgan “Axloqsizlik “yangi axloq”mi?” sarlavhali publitsistikasida: “Yaratilgan minglab nazariyalar, kashf etilgan kashfiyotlar, turli ilm maskanlarida o'tkazilgan tajribalar, yoqlangan dissertatsiyalar, ularda bildirilgan fikrlar, taqdim etilgan xulosalar natija berganda va insonlar ularga amal qilganda hozir shaxs tarbiyasi, ma'naviyat, madaniyat to'g'risida bong urib o'tirmas edik” deya muammoning asl ildizini ochib berishga harakat qiladi. Abduxalil Mavrulovning “Uyg'oq fikr” rukni ostida (“Yangi O'zbekiston” gazetasi 28 fevral) yoritilgan “Vatan nima? Vatanparvarlik-chi?!” sarlavhali publitsistikasi ham ana shunday dolzarb mavzuga bag'ishlangan.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Sharifa Salimova bilan “Qabohat saltanatining achchiq tutuni” sarlavhali (“Yangi O'zbekiston” gazetasi, 2024 yil 11 sentyabr) suhbat Turkistonga ma'rifat olib kelishni istagan jadid ayollar matonati haqida. Muallif Muxtasar Tojimamatova suhbatda qayd etganidek, Sharifa Salimovaning “Qabohat saltanati yoxud qor qo'ynida lolalar” deb nomlangan she'riy romanida shoira XX asrning 20-30-yillarida siyosiy zulmlar qurboni bo'lgan bir qancha o'zbek xotin-qizlarining qismatlari va insoniy siymolarini yoritishni o'z oldiga adabiy-badiiy maqsad qilib qo'ygan. Asar uch qism, o'n uch fasldan iborat. Fasllarning har birida siyosiy mustabid zulm qurbonlari — Xayrinisa Majidxonova, Maryam Sultonmurodova, Sobira Xoldorova, Tojixon Shodiyeva singari turk dunyosi osmonining chin yulduzlari bo'lmish o'zbek jadid ayollarining taqdirlari — boshlariga tushgan mislsiz azob, ko'rguliklari yoritilgan…

* * *

So'nggi paytlarda “Jadid” gazetasi ham jamiyatimizda o'ziga xos “hayot ko'zgusi”ga aylanmoqda. Gazeta sahifalarida yoritilayotgan dolzarb va g'oyat muhim mavzular o'quvchilarni ma'nan boyitishga xizmat qiladi. Gazetaning 2024 yil 9 fevral sonida yoritilgan akademik, O'zbekiston fan arbobi Abdulla A'zamning “Navoiy yomon bo'lsa, sen yaxshi bo'l…” sarlavhali badiiy publitsistikasida hazrat Mir Alisher Navoiyning ijodiy merosida muhim o'rin tutuvchi so'zlardan biri — “navo” ekanligi, bu so'zning mumtoz adabiyotda navobaxsh, navogoh, navozanda, navosoz, navosiz, benavo kabi o'ndan ziyod hosilalari muntazam qo'llangani teran tahlil etiladi.

O'zbekiston Qahramoni Ibrohim G'afurovning “Toza ma'rifat suvi” sarlavhali (“Jadid” gazetasi, 2024 yil 21 iyun) badiiy publitsistikasini o'ziga xos adabiy saboq sifatida mutolaa qilish kerak. Unda muallif “Toza ma'rifat suvi” milliy adabiyotimizning mazmun doirasi va yo'nalishini aniq-ravshan belgilaydigan ibora ekanligi haqida so'z yuritib, bu borada atoqli adabiyotshunos olimlar kashf etgan muhim g'oyalarni tahlil etadi.

Akademik Oqil Salimov “Sharafli zamondosh” sarlavhali (“Jadid”” gazetasi, 2024 yil 8 noyabr) publitsistikasida XX asrda O'zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy hayotida ulkan islohotlarni amalga oshirgan atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovning bugungi avlodlar uchun ham ibratli jihatlarini teran tahlil etadi.

Atoqli adib Xayriddin Sulton “Turkiston qayg'usi, Turkiston dardi” sarlavhali (“Jadid” gazetasi, 2024 yil 19 yanvar) publitsistikasida fidoyi olim va pedagog Boybo'ta Do'stqorayev hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida atroflicha so'z yuritadi.

Adabiyotshunos adib Xurshid Do'stmuhammad “Konstitutsiyaning da'vatkor ruhi, shukuhi” sarlavhali (“Jadid” gazetasi, 2024 yil 6 dekabr) publitsistikasida jamiyatda kechayotgan ulkan islohot jarayonlari kishilarning ruhiyatida, tafakkurida, dunyoqarashida favqulodda o'zgarishlar yasashi g'oyatda jiddiy masalalardan hisoblanishi haqida so'z yuritadi. “Bugun biz to'la asos va ishonch bilan aytishimiz mumkinki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz Vatanimizning Bosh huquqiy hujjati sifatida fuqarolar tiynatida shaxslashuv jarayonini boshlab beruvchi, shaxslashuvdek oliy insoniy martabaga — komillikka undovchi, da'vat etuvchi manba vazifasini o'tamoqda”, deb yozadi muallif.

O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali “Tariximizni teran bilaylik” sarlavhali (“Jadid” gazetasi, 2024 yil 9 avgust) publitsistikasida “Mustaqillik”, “o'zbek”, “xalq”, “tarix”, “zafarlar”… nechog'li ko'ngilga ruh berguvchi, qanotlantirguvchi purma'no so'zlar ekanligi haqida iftixor bilan so'z yuritar ekan, millatimiz tarixiga oid qimmatli fikrlarini bayon etadi.

* * *

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni keng yoritib borishda “Ishonch” gazetasining o'rni alohida ekanligini izohlashga hojat yo'q. Gazeta jamoasi har yili eng sara publitsistikalarni to'plab, salmoqli kitob holida nashr etib borayotganini barcha tahririyatlarga namuna sifatida ko'rsatishni istardik. “2024 yil: yettinchi kitob” deb nomlangan salmoqli to'plamning hajmi ikkita kitobga teng! 380 sahifalik ulkan kitob “Akademnashr” nashriyoti tomonidan bu gal 2000 nusxada chop etilgani oddiy hodisa emas. Bu — gazeta muxlislari uchun ham o'ziga xos tuhfadir.

Taniqli siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Uyg'onayotgan arslon” sarlavhali (“Ishonch” gazetasi, 2024 yil 13 avgust) publitsistikasida bundan o'n-o'n besh yil ilgari siyosiy tabiati milliy ayirmachilik, o'zaro adovat va pinhona dushmanlikka moyil bo'lgan Markaziy Osiyo jamiyatlari — ming yillik qo'shnilar o'rtasidagi munosabatlar bugunga kelib, hayron qolarli darajada o'zgarib ketgani tahlil etiladi.

Farmon Toshevning “Xalq maqollari xalqni tarbiyalaydi” sarlavhali (“Ishonch” gazetasi, 2024 yil 5 dekabr) publitsistikasida xalq yaratgan maqollarda xalq, millat ruhi aks etishi, ulardagi nafaqat so'zlar, hatto tinish belgilarini o'zgartirsangiz ham mazmuniga putur yetishi teran tahlil etilgan. “Xalq maqollarini o'qish, anglash orqali biz nafaqat tilimizning nafosatini, balki millatimiz tafakkuri qudratini ham ko'nglimizga, shuurimizga joylaymiz, — deb yozadi muallif. — Shunday paytda ko'nglimdan bir og'riqli savol kechadi: nega biz keyingi paytda o'zbek xalq maqollarini keng targ'ib etmayapmiz?”

Husan Ermatovning “Halol hofiz edi…” sarlavhali (“Ishonch” gazetasi, 2024 yil 30 yanvar) badiasida el suygan san'atkor Ortiq Otajonov suratiga chizgilar mahorat bilan yoritilgan.

Alijon Abdurahmonovning “O'zgarishsiz o'zgarayotgan ta'lim…” sarlavhali (“Ishonch” gazetasi, 2024 yil 12 mart) publitsistikasida bugungi ta'lim muammolari haqida tahliliy fikrlar bayon etilgan bo'lsa, “Ular tik turib jon bermasinlar” sarlavhali (“Ishonch” gazetasi, 2024 yil 23 may) publitsistikasida “Ko'kka tikilgan mag'rur daraxtlar”ning bugungi ayanchli qismati haqida so'z yuritiladi.

* * *

Respublika nashrlari orasida eng erkin fikrli “Hurriyat” gazetasida 2024 yil mobaynida ancha sermazmun, tahliliy, salmoqli publitsistikalar yoritilgani e'tiborga molikdir.

Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti o'qituvchisi Nuriddin Ochilovning “Tushlarimga kiradigan xazinalar” sarlavhali (“Hurriyat” gazetasi, 2024 yil 4 yanvar) publitsistikasida bizga kutubxona-yu kitobga tashnalik muhabbati Abu Ali ibn Sino, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Imom al-Buxoriy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug'bek singari yuzlab buyuk bobokalonlarimizdan merosligi haqida so'z yuritilib, bugungi yoshlarni ham kitobga oshno etish zarurligi haqida muxtasar fikrlar bayon etiladi.

Taniqli shoir Farmon Toshevning “11705-Shaxsiy ish” sarlavhali (“Hurriyat” gazetasi, 2024 yil 16 dekabr) publitsistikasida kelasi yilda tug'ilganining 140 yilligi nishonlanadigan jadid bobomiz Saidrizo Alizoda hayotiga oid yangi ma'lumotlar bayon etiladi. “Asosiy ziyolilar o'zbek tili (o'rta turk shevasi)da chiquvchi “Samarqand” (bu Morozov rus tilida chiqargan “Samarkand” emas) gazetasi tahririyati atrofida birlashdilar, — deb yozadi muallif. — Har gal gazeta yopilgach, yangi nomlar bilan chiqavergan: “Hurriyat”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Kambag'allar o'qi” va hokazo”.

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zosi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Mo'minova ijtimoiy hayotimizda qanday faol bo'lsa, dolzarb mavzularda ijod qilishda ham shunday namuna ko'rsatmoqda. Hassos shoiramizning “Hurriyat” gazetasi 2024 yil 5 sentyabr sonida yoritilgan “O'zbekiston bayrog'i — yuksaklarga munosib”, “Nuroniy” gazetasi 2024 yil 11 dekabr sonida yoritilgan “Uyg'oqlikka chorlovchi qo'shiq” sarlavhali publitsistikalari o'quvchi qalbini ma'nan boyitishga xizmat qiladi.

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist Shuhrat Jabborov “Hurriyat” gazetasi 2024 yil 16 yanvar sonida yoritilgan “Past saviya sabablari” sarlavhali maqolasida bugungi aksariyat yoshlarning saviyalari nega pasayib borayotgani haqida tahliliy fikr yuritadi.

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Muhtarama Ulug'ovaning publitsistikalarini e'tibor bilan mutolaa qilgan o'quvchi o'zi uchun ko'p ibratli saboqlar olishiga ishonamiz. Uning “Uyg'oq qalblar, birlashaylik!” sarlavhali (“Hurriyat” gazetasi, 2024 yil 3 aprel) publitsistikasiga “Bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan hayosizlik, ma'naviy tahdidlarga qarshi chora izlab…” deb qo'yilgan tagsarlavha mazmunidan ham gap nima haqida ekanligini anglash mumkin.

Muhtarama Ulug'ovaning “Aravani quruq olib qochmaylik” sarlavhali (“Hurriyat” gazetasi, 2024 yil 10 iyul) publitsistikasi xulosasida bayon etilgan fikrlar, albatta, o'quvchini mushohadaga chorlaydi: “Xalq tili bilan aytganda, hayotga, odamlarga yaqin bo'laylik, ularning ichida ko'rgan-bilganlarimizga asoslanib so'z aytaylik, “aravani quruq olib qochadigan”lar toifasidan bo'lib, el nazari-e'tiboridan qolmaylik”.

Shuningdek, bugungi yoshlarga Muhtarama Ulug'ovaning mazkur gazeta 13 noyabr sonida yoritilgan “So'z erkinligi madaniyatsizlik bazmi emas!”, 21 fevral sonida “Milliy kontent hayotimiz ko'zgusi bo'lsin!”, “Havo — hammamizning nasibamiz”, 24 yanvar sonida “Ziyoli ziyoga hamisha muhtoj, lekin…”, 31 yanvar sonida “O'zligingni baland tut, elim! Ayrim xorijlik blogerlarning postlarini o'qib…” kabi dolzarb mavzudagi sermazmun publitsistikalarini ham teran nigoh bilan mutolaa qilishlarini tavsiya etgan bo'lardik.

“Ma'naviy ekspertiza” guruhi a'zolari Olim Toshboyev va Sherzod Ochilovning “Atti-batti, o'tta-bo'tta…” yoki yengil-elpi, mazmunan o'ta sayoz, bachkana kuy-qo'shiqlarning salbiy ta'siri xususida” sarlavhali (“Hurriyat” gazetasi, 2024 yil 20 noyabr) publitsistikasida bugun telekanallar va ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan, ko'z va quloqlarimiz allaqachon ko'nikkan qo'shiqlar musulmon ummatni qadriyatlaridan, demakki, o'zligidan yiroqlashtirish siyosatiga xizmat qilayotgani keskin tanqid qilinadi. “Bizning davr — “yumshoq kuch” davri. “Yumshoq kuch”ning xavfi shundaki, millat o'z tilida so'zlashadiganlar qo'li bilan o'zligidan mosuvo etiladi”, deb yozishadi mualliflar.

“Hurriyat” gazetasining 2024 yil 28 fevral sonida yoritilgan O'zFA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi Zavqibek Mahmudovning “Ta'lim tizimidagi muammolar ildizi qaerda?”, 11 mart sonida Hakim Sattoriyning “Yorug' hasrat”, 3 aprel sonida “Ulug' tog' qarshisida”, 20 iyun sonida “Boylik qutqusi”, 7 avgust sonida “Biz ziyolimizmi?”, 15 sentyabr sonida “Tamerlan”… qo'rqinchli emas”, 30 sentyabr sonida “G'orda ajab voqe durur…”, 27 noyabr sonida “Ko'lga qo'l bergan qo'rg'on”, 29 dekabr sonida “Qor qo'shig'i”, 24 yanvar sonida Islom Asilbekovning “Ekologiya “posbon”lari nega jim?”, 22 may sonida Xonbibi Himmat qizining “Odam qo'shganga sovg'a beriladimi?” sarlavhali muammoli maqolalarida ham ana shunday dolzarb mavzular yoritilgani e'tiborga molikdir.

* * *

“Ma‘rifat” gazetasi sahifalarida nomiga yarasha, asosan, ma'rifatga oid maqolalar, salmoqli publitsistikalar yoritilayotgani o'quvchida qiziqish uyg'otadi, albatta. Gazetaning 2024 yil 12 iyun sonida Husan Karvonlining “Boburni yig'latgan qovun Andijondan keltirilganmidi?” sarlavhali publitsistikaning birinchi jumlasiyoq o'quvchini mushohadaga chorlaydi: “O'zbek adabiyoti tarixida ko'p g'alati mashhur hodisalar bor. Misol uchun, hazrat Navoyi taxallusi “Navoiy” emas, asli “Navoyi” ekanligi haqida dastlab Hamid Sulaymon, so'ngra Nusratullo Jumaxo'ja domla ko'p yozgan. Shuningdek, “Amir Temir” qachon “Temur”ga, “Bobir” “Bobur”ga aylangani, asli qaysi to'g'ri ekanligi ham puxta o'rganishga muhtoj, — deb yozadi muallif. — Shunday hodisalardan yana biri Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonda payti go'yo Andijondan (Farg'onadan) keltirilgan qovunni yeb, Vatan sog'inchi ta'sirida yig'lagani haqidagi gap”. Muallif bu kabi chalkash gap-so'zlarni oydinlashtirib olish borasida bir to'xtamga kelish zarurligi haqida tahliliy fikrlarini bayon etar ekan, shunday xulosasini ilgari suradi: “Andijon, Samarqand, Kobul, Hirot, Dehli hududlari, Bobur so'zlari bilan aytganda, “Temurbekning yurti” edi. Xullas, keltirilgan qovun Andijon yo Kobuldan bo'lsin, “Temurbekning yurti”dan edi. Xulosa shulki, asli ajdodi Shahrisabzdan bo'lgan, Andijonda tug'ilgan, Samarqand taxtiga intilgan, Kobulda kuchli davlat tuzgan, Hindistonni fath etgan buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur birgina viloyat bilan bog'lab, “mahalliylashtirish”dan juda yuksak turadigan betakror Shaxsdir”. Bugun aynan mana shu xulosa Bobur shaxsi bilan bog'liq ayrim chalkash fikrlarga barham berishda ham muhim o'rin tutadi.

Jurnalist Husan Karvonlining “Samarqandga ijod maktabi kerak!” sarlavhali (“Ma'rifat” gazetasi, 2024 yil 7 avgust) publitsistikasida ham muhim mavzuga qo'l uradi. Muallif bugun ba'zi yoshlarning “jurnalist desa jarjag' teleboshlovchini, tiriko'rim blogerni tushunadiganlar ko'payib qolgan”i haqida kuyunchaklik bilan yozib, buning yechimlari haqida muxtasar fikrlarini bayon etadi.

* * *

“Oila va tabiat” ijtimoiy-siyosiy gazetasi sahifalarida oila bilan bog'liq mavzular hamda ona tabiatni asrab-avaylashga oid sermazmun publitsistikalar yoritilayotgan e'tiborga molikdir. Gazetaning 2024 yil 21 sentyabr sonida Madina Mashrabxonning “Mamlakat maorifsiz xuddi mo'rt g'ishtdan qurilgan uydek bo'lib qoladi”, 21 sentyabr sonida Erpo'lat Baxtning “Chiqindi mutasaddilari muammo aytilgan gazetani chiqitga uloqtirdimi?”, 31 may sonida Erkin Xolmanovning “Zarafshon milliy tabiat bog'i jiddiy ekologik islohotlarga muhtoj”, 29 mart sonida Fazilat Soibning “Millat kelajagi… va tafakkuri boy berilmasligi kerak”, 12 dekabr sonida Shahruza Sattorovaniing “Ekranlarga termulib sovurilayotgan umr” sarlavhali publitsistikalari mavzulari rang-barangligi bilan o'quvchida iliq taassurot qoldiradi.

* * *

Mamlakatimizda mahalla tizimi takomillashib borayotgan bir davrda “Mahalla” gazetasi o'ziga xos “ko'zgu”ga aylanib bormoqda. O'zbekiston mahallalari uyushmasi raisi, siyosiy fanlar doktori, professor Qahramon Quronboyev “Mahalla tizimi BMT minbarida e'tirof etildi” sarlavhali (“Mahalla” gazetasi, 2024 yil 16 noyabr) publitsistikasida mahalla tizimi asrlar davomida milliy qadriyatlar, insoniy munosabatlar, orzu va maqsadlar asosi bo'lib kelgani haqida so'z yuritar ekan, bugun biz shu muhitda yashab, farzandlarimizni yurtga qo'shish, el koriga kamarbasta qilish niyatida ekanini izohlaydi.

Qahramon Quronboyev “Mahalla yettiligi” faoliyatiga doir tavsiyalar” sarlavhali (“Mahalla” gazetasi, 2024 yil 27 iyun) publitsistikasida mahalla raisligi, bu — odamlar taqdiri va kelajagi, quvonch va tashvishlariga daxldor vazifa ekanligini ta'kidlab, ular oldidagi muhim vazifalar haqida tahliliy fikrlarini bayon etadi.

* * *

Siyosiy partiyalar nashrlari, asosan, o'z partiyalari faoliyatini yoritishga harakat qilmoqda. Ular orasida salmoqli o'ringa ega bo'layotgan “XXI asr” gazetasi sahifalarida bugunning eng dolzarb mavzulari ham keng yoritilayotgani e'tiborga molikdir.

Filologiya fanlari nomzodi Karomat Mullaxo'jayevaning “Boburnoma”da yashayotgan katta ko'ngil iztiroblari” sarlavhali (“XXI asr” gazetasi, 2024 yil 15 fevral) publitsistikasida shoh va shoir Bobur hayoti va ijodi teran tahlil etiladi. “Dunyo kitobxonlari sevib o'qiydigan ingliz, nemis tillaridagi “Bobur — yo'lbars”, “Farg'onalik shahzoda”, “Toj kiygan darvesh” kabi asarlarda ham, o'zbeklar orasida shuhrat topgan “Yulduzli tunlar” romanida ham Bobur haqidagi bu tasavvurlar o'zgarmaydi. Chunki ularning hammasi “Boburnoma”ga tayanib yozilgan. “Boburnoma” esa ulkan va noyob manba, — deb yozadi muallif. — “Boburnoma”ni o'qish — Boburni tanish demak”.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Norqobil Jalilovning “Ziyorat va ziyofat chegarasi qaerda?” sarlavhali (“XXI asr” gazetasi, 2024 yil 1 fevral) publitsistikasida Hajga, Umraga borib kelgan har bir yurtdoshimiz ma'naviyat targ'ibotchisi bo'lishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerakligi haqida so'z yuritiladi. “Afsuski, hamma joyda ham shunday bo'lmayapti, — deb yozadi muallif. — Ziyorat bahona o'zini ko'z-ko'z qilish, manmanlikka berilish kabi bizga yarashmaydigan xunuk holatlar ko'zga tashlanyapti…”

Taniqli jurnalist Ro'zimboy Hasanning “Shashmaqom”dan… “Ko'k jiguli”gacha qo'shiqchilik san'ati sayozlashdimi yoki saviyamiz?” sarlavhali (“XXI asr” gazetasi, 2024 yil 30 may) publitsistikasida bir guruh el suygan san'atkorlarni ibrat qilib ko'rsatgan holda “Hozir-chi? Qo'shiqchi degani yomg'irdan so'ng (faqat yomg'irdan so'ng bo'lsa go'rgaydi) paydo bo'ladigan qo'ziqorindek urchigan zamonamizda musiqasi tog'dan, matni bog'dan keladigan qo'shiqlar quloqlarimizni batang qilmoqda. Eng yomoni, qo'shiqsevar yosh avlod ongini bo'lar-bo'lmas, mantiqsiz, siyqa fikrlar (aslida, aksar qo'shiqlardan fikrni topa olmaysiz) bilan to'ldirishyapti” deya tahliliy fikrlarini bayon etadi.

Jurnalist Abdunabi Abdiyevning “Qantar oqqan kun” sarlavhali (“XXI asr” gazetasi, 2024 yil 22 fevral) badiasi sermazmunligi, tili ravonligi bilan o'quvchi qalbiga naqshlanib qoladi. “Tabiat qiyosi yo'q musavvir, uy ichidagi harorat va tashqaridagi sovuq havo ikki tarafdan oynaga ta'sir qilib, qalin qor bosgan archazor tasviri hosil bo'lgan. Nabiram unga sinchiklab tikilib, bakovul bo'ri, yasovul tulki, qoqimchi qarg'a, chaqimchi chumchuq suvratlarini topib oladi” deb yozadi muallif.

Jurnalist Farrux Jabborovning “Bobolar izidan… Oltoyga” sarlavhali (“XXI asr” gazetasi, 2024 yil 25 iyul) yo'l ocherkini mutolaa qilgan o'quvchi bir guruh o'zbek olimlari, shoir, yozuvchi va jurnalistlaridan iborat ilmiy-ijodiy ekspeditsiyasi O'tror, Chimkent, Taroz, Olmaota, Semey, Barnaul, Gorno-Altaysk, Ust-Kan, Krasnoyarsk, Abakanda shaharlarida ko'rgan-kechirganlariga oshno bo'lib qoladi.

* * *

Siyosiy partiyalar nashrlari orasida yana bir salmoqli o'rniga ega bo'lgan “Adolat” gazetasi sahifalarida ham dolzarb mavzular keng yoritilmoqda.

Gazetaning 2024 yil 7 iyun sonida “Adolat” SDP Markaziy apparati Tashkiliy-partiyaviy, axborot-tahlil va nazorat boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Ilhomjon Abduqayum o'g'lining “Behayo reklamalar: yoxud ekranning egasi yo'qmi?!”, 23 avgust sonida “Bola og'ir yuk ko'tarmasligi kerak!”, 8 noyabr sonida “Kvadrobika: axloqiy inqiroz sari yo'l”, 5 iyul sonida Angren universiteti rektori, yuridik fanlar doktori, professor, “Adolat” SDP faoli Komil Sindorov bilan “Zakovatli farzandlar yurtni jahonga tanitadi” sarlavhali suhbat (Kamol Matyoqubov suhbatlashgan), 26 aprel sonida O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavallud topgan kun munosabat bilan shoirning rafiqasi, Muhammad Yusuf nomidagi fond rahbari, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibasi, shoira Nazira as-Salom bilan “Men bir chinor bo'lsam, o'zing niholim…” sarlavhali suhbat (Saodat Matyoqub qizi suhbatlashgan), 19 iyul sonida filologiya fanlari nomzodi, Turkmanistonning xalqaro “Maxtumquli Firog'iy” medali sovrindori Ergash Ochilovning “Millatini olamga tanitgan shoir”, 19 iyul sonida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Abduqayum Yo'ldoshevning “Ubaydulla Xo'jayev: “Yurtni, elni ozod ko'rmoq orzusi. Erkin yashash orzusi…” sarlavhali publitsistikalari o'quvchini mushohadaga chorlaydi.

* * *

“O'zbekiston ovozi” gazetasi sahifalarida ham 2024 yili qator dolzarb mavzudagi publitsistikalar yoritilgan. Gazetaning 17 dekabr sonida Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi deputati, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist Nazira Matyaqubovaning “Ijtimoiy davlat tamoyili hayotga tatbiq etilmoqda”, 10 iyul sonida “Qo'shni keldi — ko'mak keldi”, 13 mart sonida “Ma'rifat yo'q joyda ezgulik ham bo'lmaydi” sarlavhali publitsistikalarida ham bugunning eng dolzarb mavzulari mahorat bilan yoritilgan.

* * *

“Milliy tiklanish” gazetasida badiiy publitsistikalar bilan bir qatorda tahliliy maqolalarga o'rin beriladi. Gazetaning 2024 yil 2-sonida yoritilgan Toshkent moliya instituti dotsenti Mahfuza Yuldashevaning “Kiber qaroqchilar “ov”ga chiqqanda… yoxud milliy qonunchiligimizda doksingdan himoyalanish kafolatlangan”, 3-sonida Abdug'affor Omonboyevning “Turing, hazrati kitob kelmoqda! Yoxud “Nomer to'yi”, To'ra Sulaymonning bitmayotgan uy-muzeyi va 33 milliardga qayta ta'mirlanayotgan bank haqida o'ylar”, 48-sonida Mahbuba Karimovaning “Nihoyat, Tohir va Zuhraning qabri topildi, Qorabotirniki ham…”, 48-sonida Shohida Eshonboboyevaning “Zahri qotil bu…”, 29 oktyabr sonida Hakim Sattoriyning “Tasodifdan haqiqatga”, 13 noyabr sonida “Qor qo'shig'i” sarlavhali publitsistikalari shular jumlasidandir.

* * *

Jurnalist va shoir G'ayrat Sheraliyev “Toshkent haqiqati” gazetasining 2024 yil 22 iyun sonida yoritilgan “O'tmish va kelajak chorrahasi” sarlavhali publitsistikasida “bu zaminning unumdor tuprog'i, qut-baraka yog'ilgan dala va bog'lari, oltin, kumush, mis, marmar, ko'mir, boringki, Mendeleev davriy jadvaliga kiritilgan barcha tabiiy zaxiralarga boy konlari, eng muhimi, mehnatkash, bag'rikeng, ko'pmillatli xalqi Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo'shib” kelayotgani, bugungi va kelgusi avlodlar ana shu bebaho boylikning qadriga yetishlari zarurligi haqida tahliliy so'z yuritadi.

Felyeton ham badiiy publitsistikaning muhim janrlaridan biri hisoblanadi. So'nggi yillarda gazetalarda ancha-muncha tanqidiy maqolalar yoritilayotgan bo'lsa-da, felyeton janri juda kam ko'rinayotgani taassufli hol edi. “Toshkent haqiqati” gazetasining 2024 yil, 22 may sonida “Chorshanba felyetoni” rukni ostida yoritilgan To'xtamurod Hasanboyevning “Belka” yaqinda ona bo'ladi” sarlavhali felyetoni ana shu “bo'shliq”ni biroz to'ldirgandek taassurot qoldiradi. Mana bu satrlar orqali asosiy nishonga uriladi: “Nahotki Angren shahar hokimligidagilar “Nurchi”dan kolgan “meros”ning kundan-kun nurab borishiga tomoshabin bo'lib turishgan bo'lsa?”

Aytish mumkinki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, odamlar turmushidagi ijobiy o'zgarishlar 2024 yilda chop etilgan gazetalarimizda baholi qudrat keng yoritib borildi. Qator badiiy publitsistikalarda zamondoshlarimiz surati va siyrati, tafakkuridagi evrilishlar yorqin aks ettirilgani ijod ahlining zahmatli mehnatlari samarasidir.

To'lqin EShBEK,

O'zMU Jurnalistika

fakulteti dotsenti,

filologiya fanlari nomzodi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 4 =