Ko'pkari — ko'pning duosi

O'zbekistonga mehmon bo'lib kelgan fransuz jurnalist bilan do'stim Jononbek sababli tanishib qoldim. Mehmon suhbat jarayonida urf-odat va qadriyatlarimizga daxldor xalq o'yinlari haqida so'rab qoldi. Men jurnalist yigitga asrlar davomida davom etib kelayotgan uloq-ko'pkari o'yini haqida gapirib berdim.

“Ming eshitgandan bir ko'rgan yaxshi”, dedim-u, ertasi kuni mehmonni, Qo'shrabot tumanidagi Qirqovul qishlog'idagi Islom Karimov nomidagi maydonga olib bordim. Xorijlik jurnalistni uydagilarim, qavm-qarindoshlarim hamda otlarim bilan tanishtirdim.

Bu jarayonda mehmonda ko'pkari o'yiniga, chavandozlar mahoratiga, otlarga bo'lgan qiziqish yanada ortganiga guvoh bo'ldim.

Ko'pkarida “Dilxiroj”, “Panterra”, “Shiton”, “Messi” laqabli otlarda Erkin akam, Nizom akam va Jalol polvonlar bir necha martadan jalovga (sovringa) tashladilar.

Ko'pkari tugagach, onajonimni ko'rib, duolarini olib ketish uchun mehmonni tug'ilgan uyimga taklif etdim.

Kechasi bilan aka-ukalarim, qo'ni-qo'shnilar faqat ko'pkari haqida gurunglashib, gaplashib chiqdik.

Ertasi kuni Sadaf onamning otalari, 1926 yilda tug'ilgan piru badavlat Saydi bobo O'sarov va 1931 yilda tug'ilgan Ziyoda enamlarni ko'rish va duolarini olib ketish uchun mehmonni ularnikiga boshladim. O'zbek tili va adabiyoti o'qituvchisi bo'lgan, gaplarini hayotiy maqollar bilan bezaydigan, dunyo ko'rgan bama'ni oqsoqol Saydi otam bilan farang jurnalisti birpasda til topishib ketdi. Ularning suhbati qizigandan-qizidi.

Xorijlik jurnalist yigit ko'pkariga azbaroyi qiziqib qolganidan, ko'proq otlar, chavandozlar haqida so'rar, bu so'zning asl ma'nosini, o'yin necha asrlardan beri davom etib kelayotganligini erinmasdan surishtirardi.

Ota-bobolarimiz aytishlaricha, “ko'pkari” so'zining ma'nosi ko'pning duosini olishdir. Aytishlaricha, g'ururli, zabardast, oriyatli yigitlar farzandli bo'lishlari uchun ko'pkarida polvonlarning, yoshi ulug' qatnashchilarning duosini olishga harakat qilishgan. “Chavandozlarning o'zlari atay bakovulga uchrashib: “Menga ko'pning duosini olib bering, Allohim qo'chqordek o'g'il bersa, kelasi yili shu maydonda katta ko'pkari beraman”, deb niyat qilarkan. Shuning uchun elimizda Navro'z bayramlari, sunnat to'ylarida katta-katta uloq-ko'pkarilar berish ota-bobolarimizdan bizga meros bo'lib kelmoqda”, dedi Saydi bobo.

E'tiborli tomoni shundaki, chavandoz bo'lish uchun muntazam sport bilan shug'ullanish, ichish va chekish kabi yomon illatlardan uzoq yurish talab qilinadi. O'zim yoshligimdan otga qiziqaman. Otam O'mir bobo taniqli chavandoz polvon o'tgan. Akam Erkin ham mohir chavandoz.

Shu o'rinda otamning amaki ukasi Ismat polvon haqida to'xtalmasam bo'lmaydi. Rahmatli kamtarin, kamsuqum, tanti va hazilkash inson bo'lgan. Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmanistonlarga borib ko'pkari chopgan. U paytlari maktab o'quvchisi edim, meni juda yaxshi ko'rar, “Javlon, sen zo'r polvon bo'lasan, Xudo xohlasa, o'zim tarbiyalayman”, derdi. Ismat polvonning vafoti nafaqat qavm-qarindoshlar, u kishini yaxshi biladigan polvonu otbozlar uchun ham katta yo'qotish bo'ldi. Xalqimizda ot o'rnini toy bosar, degan maqol bor. Ismat polvonning o'g'illari Nizom va Jalol polvonlar respublikamizda taniqli zabardast polvonlardan bo'lib yetishdilar.

Bolaligimdan ko'pkariga juda qiziqardim, kichikroq gashtak-to'ylarda ot chopib yurardim. 1994 yili maktabni bitirdim. O'sha paytlari ko'pkarilar kamayib, otlarga bo'lgan talab qisqarib ketdi nimagadir. Xullas, Erkin akam bir yoshga to'lgan toyimizni sotib, puliga bir xalta un oldi. O'sha unni eshakka ortib, uyga olib kelganim yodimda.

Ha, un kam topiladigan, qimmat ne'matga aylangan davrlar edi. Tasavvur qiling, bugun bir yashar toy kamida 7-8 million so'mga baholanadi…

Poytaxtga o'qishga keldim, universitetni tugatib, ishlab ham yurdim. Biroq otga bo'lgan mehrim tobora kuchayib borardi. Shukrki, 2007 yillarga kelib, uloq-ko'pkari va otlarga bo'lgan e'tibor yana kuchaydi. Bundan xursand edim. Akam ko'ngil orzularimni sezar ekan, shekilli, kutilmaganda menga “Shiton” laqabli ot olib berdi. Boshim ko'kka yetdi. Asta-sekin ko'pkari chopish hadisini ola boshladim. Keyinchalik bir qancha otlarni tarbiyalab, respublika miqyosida ko'pkarilarda ham qatnashib yurishga muvaffaq bo'ldim.

El ichida yurib, qanchadan-qancha chavandozlaru otbozlardan do'st-birodarlar orttirdik. Ba'zan ular bilan qo'noqlardagi suhbatlarimiz ertalabgacha davom etdi. So'ng, peshin mahal asta-sekin ko'pkari maydoniga chiqib kelaverishimiz menga boshqacha zavq, kuch-quvvat bag'ishlaydi.

Poytaxtda yashasamda, ko'pkari mavsumi boshlanishi bilan har hafta dam olish kunlari Samarqand, Jizzax, Navoiy, Buxoro, qo'yingki, yurtimizning barcha viloyatlariga boraman. Otga bo'lgan mehrimni so'z bilan ifodalab berolmayman… Ishqibozligimni tushunib, qo'llab-quvvatlayotganliklari uchun onam, aka-ukalarimdan minnatdorman.

Ba'zan bolalarimning onasi: “Dadasi, shu ko'pkarini, otlaringizni buncha ko'p yaxshi ko'rasiz-a?” deb qoladi. Shunda: “Sendan ko'p yaxshi ko'rmayman, lekin kam ham yaxshi ko'rmayman”, deb hazillashaman. “Qaydan bilsin ot qadrin, ot minmagan erkaklar” deya aytguvchi taniqli hofizning qo'shig'ini eslataman.

Bizning-ku, qonimizda chavandozlik va polvonlik bordir. Ammo Yevropadan kelgan jurnalist yigitning ko'pkariga bu darajada qiziqib qolishi meni judayam hayratlantirdi. O'mir otam yoshligidan otga judayam qiziqqan. Umuman, urug'imizda ko'pkariga qiziqmagan, ko'pkari chopmagani yo'q. Bu ota-bobolarimizdan bizga o'tib kelayotgan ustoz-shogirdlik an'anasi, urf-odat va qadriyatlarimizdir.

O'ttiz yildan oshibdiki, poytaxtda yashayman. Biroq hali-hamon qishlog'imizning samimiy, bag'ri keng odamlari ko'z oldimdan ketmaydi. Shuning uchun o'g'il-qizlarimni tez-tez qishloqqa, to'y-ma'rakalarga olib borishga, og'ayni-qarindoshlar bilan tanishtirib, urf-odatlarimizni ko'rsatib kelishga harakat qilaman.

Otda shunday baraka borki, buni so'z bilan ta'riflash qiyin. Ota-bobolarimiz har doim hovlida, yakkamixda bitta ot saqlagan. Ot vafodorligi va egasiga sodiqligi bilan ajralib turadi. Oshqozoni yo'qligi, to'g'ri ichakligi sababli ot ertayu kech beda-xashak, bir mahal 4-5 kilogramm arpa yeb turishi shart. Yem yegandan so'ng kamida bir soat o'tgachgina qishloq oralab minib kelinadi. Ot ertalab ham miniladi. Badani qizigandan keyin avvaliga 100-150 metrga yugurtirib, ko'pkariga tayyorlanadi.

Shukrki, bugungi kunda ham ot chopadigan polvonlarimizning ori va g'ururi sarbaland. Yurtimizda uloq-ko'pkariga bo'lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Alohida federatsiya tashkil etilib, ko'pkariga milliy sport o'yini sifatida yo'l ochib berilmoqda. Respublikamizning barcha viloyatlarida, ayniqsa, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida ko'pkariga bo'lgan ishtiyoq tobora ortib bormoqda. Respublika ko'pkari federatsiyasining viloyat ko'pkari federatsiyalari bo'limlari tomonidan tavsiya qilinadigan eng zo'r chabag'onlar, polvonlar qo'shni Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston Respublikalarida o'tkaziladigan musobaqalarga borib, sovrinli o'rinlarni egallab kelmoqdalar. Misol tariqasida aytsak, yaqindagina qo'shni Qozog'iston Respublikasiga Samarqand viloyati ko'pkari federatsiyasi bo'limi tomonidan tavsiya etilgan Berkin polvon o'g'li Sherali polvon borib, yuqori o'rinni egallab keldi.

Darhaqiqat, bugun ko'pkariga qiziqish baland. Buni bizning Qo'shrabot tumani misolida ko'radigan bo'lsak, tumanimizdagi Qirqovul qishlog'ida Islom Karimov nomidagi, Jabutay qishlog'ida Qizil maydon, Quvkalla qishlog'iga ketaverishda Soybo'yi ko'pkari maydonlari tashkil qilindi. Uloq-ko'pkari boshlovchisi, taniqli suxandon Abdulla Alibekov esa mashhur Abdug'ani Baratovning shogirdi. Qo'shrabotda tuman ko'pkari federatsiyasi mas'ullari va oqsoqol polvonlarimiz boshchiligida o'n ming-yigirma minglab ashaddiy muxlislar ishtirokida muntazam ravishda uloq-ko'pkarilar ko'tarinki kayfiyatda o'tkazib kelinmoqda.

Albatta, jo'shqin milliy kuy-qo'shiqlar uloq-ko'pkari o'yiniga o'zgacha ruh, quvonch bag'ishlaydi. Bunga O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Toshpo'lat Matkarimovning “Oq tulpor” qo'shig'i yaxshi misol bo'ladi. Shuningdek, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Hosila Rahimovaning “Bos-bos, qamchi bos!”, “Shuhrat” medali sohibi Boymat Hasanovning “G'irot mingan Go'ro'g'li”, “Tulporim”, taniqli estrada xonandasi Alijon Isoqovning “Jiyron” qo'shiqlari ko'pkari muxlislari va ishqibozlarini to'lqinlantirib kelmoqda.

Respublikamizning barcha hududlarida o'tkazilayotgan yirik ko'pkarilar yoshi ulug' oqsoqollar duosidan keyin davlat madhiyasi bilan boshlanmoqda. Bu, albatta, fuqarolarimizning madaniyati va Vatanimizga sadoqatini oshiradi.

O'zim san'atni yaxshi ko'rganim va san'atkorlar bilan ko'p yillar davomida “O'zbeknavo” estrada birlashmasi”da hamkorlik qilib kelganim uchunmi, chavandoz va ko'pkari polvonlari, ot haqida qo'shiq yaratgan san'atkorlar, shoir va bastakorlarimizga alohida minnatdorchiligimni bildiraman. Bunday qo'shiqlar urf-odat va qadriyatlarimiz naqadar buyukligini, ustoz-shogird an'analarining doimiyligini, xalq og'zaki ijodiyotining ibratli jihatlarini qamrab oladi.

Hamon yodimda, 2015 yillarda “O'zbeknavo” estrada birlashmasi Toshkent viloyati bo'linmasi rahbari bo'lib ishlab yurgan davrlarimda “Navro'z” umumxalq bayrami repetitsiyasiga chaqirilgan Toshpo'lat aka bilan ancha gurunglashdik. Hofizga: “Oq tulpor” qo'shig'i yaralishi haqida gapirib bersangiz, shu qo'shig'ingizning ashaddiy muxlisiman”, dedim. Toshpo'lat aka kamtarlik bilan bir voqeani gapirib berdi.

Bu qo'shiqning menga o'xshagan ashaddiy bir muxlisi Toshpo'lat Matkarimovni to'yiga taklif qilibdi. Afsuski, kuyov bola nogiron ekan. Hofiz to'yni chiroyli qilib, fayz berib o'tkazayotsa, kuyov qayta-qayta “Oq tulpor” qo'shig'ini iltimos qilaveribdi. Vaziyatni anglagan san'atkor: “Bugun Farg'ona tong otguncha sizlarning xizmatingizdaman. Faqat bitta iltimosim bor. Kuyov bola, sizni bugungi baxtli kuningiz bilan chin dildan muborakbod etaman. Faqat biz bugungi xizmatimiz uchun sizdan bir so'm ham xizmat haqi olmaymiz. Sizning otga va hayotingizga bo'lgan ishonchingiz so'nmasin, hali otlarni minib uloq-ko'pkarilar chopib, jamiyatimizning namunali oilasi egasi bo'lasiz”, debdi. Buni qarangki, shunday bo'libdi ham. Mustahkam iroda va shukronalik hislari jo'sh urgan yigit o'g'il-qizlar ko'rib, baxtli oilalardan biri bo'libdi, hofiz bilan aka-uka kirishib, jon jigarlarday bo'lib ketishibdi. Ha, elga ana shunday beminnat xizmat qiladigan san'atkorlarimiz ko'paysin.

Yana bir gap. Norbek ismli jiyanimiz bor. Bir umr rahbarlik lavozimlarida ishlagan, dasturxoni ochiq, davrasi katta, ajoyib inson, uloq-ko'pkarining ashaddiy muxlisi. Bir kuni Norbek jiyan biznikiga mehmonga keldi. Mehmonning oldiga amakim Sobir O'narni (Alloh rahmat qilgan bo'lsin!) chaqirdim. Uchalamiz tong otguncha rosa hangoma qildik. Ketar chog'ida Norbek aka ozgina mazasi bo'lmayotganini aytib qoldi.

Xullas, ko'rikdan o'tkazgan doktor Norbek akaga… ot minib yurishni tavsiya qilibdi. Chunki ot minish, ayniqsa, egar-jabduqsiz minsa, ko'plab kasalliklarni davolarkan. Yalang'och otda yurish erkak kishining sog'ligiga foydali, degan gapni ham shifokorlardan eshitganman. Qishlog'imizda “Ot inson ko'ra olmaydigan narsalarni ko'ra oladi”, degan hikmatli gap tez-tez takrorlanib turadi.

Darhaqiqat, ot — insonning do'sti. Ot — yigitning qanoti. Ayniqsa, turkiy xalqlarda ot xosiyatli jonivor hisoblanadi. Fazilatli kitoblarda bejiz “Farzandlaringizni ot minishga o'rgating”, deyilmagan.

Ha, ot – hikmatli jonivor, mardlik va shijoat timsoli. Shu bois,  go'zal tulporlarni sevaylik, ularni avaylab-asraylik. Zero, ot mehrga mehr bilan javob beradigan aqlli, sadoqatli jonivor.

Javlon SULAYMONOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi

raisi o'rinbosari v.v.b

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − 11 =