Tuman gazetasi nega yopildi?

Ijtimoiy tarmoqlarda deyarli har kuni juda “qiziq”, ajabtovur xabarlar tarqalib turadi. Ana shunday xabarlardan biri yaqinda Andijon viloyatining Xonobod shahri hokimi o'z otasi muharrir bo'lgan “Xonobod sadosi” gazetasi faoliyatini tugatish to'g'risida qaror qabul qilganiga ko'zim tushdi. Ajabo, bugun mahalliy nashrlarning boshiga ne savdolar tushmoqda. Axir qaysi tuman, shahar yoki viloyat bo'lmasin, nahotki ana shu hududning ko'zgusi hisoblangan matbuotni saqlab qolish, buning uchun esa ularni yopish, tugatish emas, qo'llab-quvvatlash, ko'mak qo'lini cho'zish qiyin bo'lib qoldi?!

Ana shu xabarni o'qib, anchadan buyon ko'ngildagi quyidagi mulohazalarni bayon etishga to'g'ri keldi.

Hech kim o'zi o'tirgan butoqni kesmaydi.  Mabodo shunday hol ro'y bersa, buni qanday baholaysiz? Aksariyat qalam tutganlar tuman gazetalari bilan bog'liq xotiralarni ichki xo'rsinish bilan eslaydi. Bu holni “Hurriyat”da berilayotgan maqola-xotiralardan ham bilsa bo'ladi. Tuman, viloyat gazetalari respublika uchun malakali xodimlar tayyorlab beradigan go'yoki ustaxona bo'lgan. Umuman, tuman yoki viloyatda tom  ma'nodagi savodli (rasman e'tirof etganda, katta majlislar bayonini yozadigan) kishilar ham shu dargohda kamol topgan. Bugun vaziyatlar boshqacha tus oldi, balki bu ham taraqqiyot talablaridir. Ammo nima bo'lganda ham hayotda isbotlangan qadriyatlarni birdaniga xorlamaslik joiz. Har bir yo'qotishning to'lovi bo'ladi axir. Quyidagi mulohazalar shu munosabat bilan qog'ozga tushdi. O'qib, fikr bildirasizlar, degan umiddaman.

Har qanday ilgarilanma harakat (u revolyutsion bo'ladimi yoki evolyutsionmi) tez-tez ortiga boqib, o'z-o'zini taftish qilib turishi qonuniy holat. Busiz izchil taraqqiyot ta'minlanmaydi. Mamlakatimizda kechayotgan jarayonlarga  shu  masshtabdan qaraganimizda jamiyatda ijtimoiy fikrni shakllantirishning asosiy minbari bo'lgan matbuot ham rivojlanish  bosqichlarida o'zini o'zi taftish qilib boradi.

Shuni tan olish lozimki, matbuot bizning milliy madaniyatimizda nisbatan “yosh” soha hisoblanadi. Mabodo, necha ming yillar oldin hadisshunoslik, geodeziya yoki mineralogiya singari fanlarning asosiga tamal toshi  bizning tuprog'imizda qo'yilganini inobatga olsak, jurnalistikaning (xususan, gazeta, jurnallarning) paydo bo'lishi  unchalik qadimiy ildizlarga ega emasligi ayon bo'lib qoladi.  Bu holning “o'ziga xos va mos” sabablari borki, hozir gap bu haqda emas. Umuman, tan olib aytadigan bo'lsak, bizning sharoitimizda dastlabki tarqatma bosma nashrlar paydo bo'lgandan beri bu  madaniyat turi tugal shakllanishga ulgurmay, turli siyosiy vazifalarni bajarishga giriftor bo'ldi va, aytish mumkinki, hali suyagi qotib ulgurmagan vujud turli  o'zgarishlarga duchor bo'lib, qorishiq, ya'ni mavhum  bir qiyofa kasb etdi: u tashviqot-targ'ibot usulimi yoki hamdu sano janrimi?!  Shunday qilib, yillar o'tsa-da, o'zi ichdan pishib yetilgan, o'zgarmas tamoyillar va oltin qoidalarga ega bo'lishi lozim bo'lgan soha tinimsiz yangilanish­lar jarayonini boshdan kechirib kelmoqda. Oqibatda, matbuot (radio yoki TV. emas!) jamiyatda o'z o'rnini  tayin eta olmadi va hatto u “O'zi, bizga shu soha kerakmi?” singari mujmal taassurot uyg'otdi ham. Mutaraqqiy mamlakatlar tajribasi esa shuni ko'rsatmoqdaki, borliqni tafakkur  boshqarayotgan dunyoda qanday qilib fikr minbarisiz, jamiyatning lokomotivi bo'lgan ijtimoiy fikr fabrikasisiz kun ko'rish mumkin? Bugungi taraqqiyot darajasidagi barcha  xulosalar mamlakatga kuchli, eng zamonaviy darajadagi matbuot kerakligini  tasdiqlab turibdi.

Ana shu mulohazalar ko'lamida bugungi milliy matbuotimizning ahvoli va mavqeini tasavvur qilish imkoni  tug'iladi. Nega bunday hol ro'y berdi? Agar sabablar haqida gapiriladigan bo'lsa, bu holni milliy matbuotimizning “dumbulligi” bilan izohlash lozim bo'ladi. Yuqorida eslatilganidek, tinimsiz siyosiy islohotlarga giriftor qilingan, buyurtmalar iskanjasidan chiqib keta olmagan  o'zbek matbuoti hali ham o'zini kashf etish borasida izlanayapti. Ko'z oldingizga keltiring: dastlabki gazeta-jurnallar paydo bo'lganda ular ko'proq ma'rifatni targ'ib qildi. Keyinchalik siyosiy hayotga aralashib, odamlarni o'z tarixini o'rganish, qadr-qimmatini anglashga chaqirdi. Pirovardida hokimiyatga intilishga undadi. Birdaniga oktyabr to'ntarishi va totalitar mafkura oyboltadek yorib kirdi va hammasi aralash-quralash bo'lib ketdi. Milliy matbuot o'z qiyofasini topa olishga ulgurmadi. Bu hol mustaqillikkacha davom etdi. Istiqlol yillarida esa, ochig'i, matbuotning o'z qiyofasini kashf etish borasidagi sa'y-harakatlar izchil davom etmadi va ko'zga ko'rinarli natijaga erishilmadi. Holbuki, u bir paytlar norasmiy holda “to'rtinchi hokimiyat” maqomiga ega bo'lgandi. Bugun vatandoshlarimiz bu “hokimiyat”ni barcha puchmoqlardan izlayapti, biroq topish oson bo'lmayapti.

Bu holga tushishning  bosh sabablaridan biri, mening nazarimda, kasbga sadoqatning yetishmagani, kasbiy tayyorgarlikning zaifligi bilan belgilanadi. Bu hol esa xodimlar tayyorlash tizimining milliy-tarixiy zamindan uzilib qolgani, dunyoqarashni sox­­ta aqidalar ruhida shakllantirilgani bilan izohlanadi. Sho'ro zamonida jurnalistga komfirqaning yugurdagi, nari borsa maddohi sifatida qaralardi. Ana shunday sun'iy andazaalar asosida tayyorlangan xodimlar amaliy faoliyatga tayyor emas edi. Jurnalis­tikada “Hamma narsa haqida yozish mumkin” degan kasbiy qoi­­da amal qiladi. Mabodo, qalamkash hammaning e'tiboridagi voqea haqida eplab yoza olmasa, uning  yozganlari e'tirozga sabab bo'lsa, hatto ish sudgacha borsa, bunda kimni ayb­lash lozim? (Omadi gap shuki, sudlashish jurnalis­tik faoliyatda oddiy hol hisoblanadi, biroq tarafkashlik orqasidan paydo bo'lgan g'alva tufayli sudlashish bilan haqiqatni himoya qilib sudlashish o'rtasida katta farq bor). Yoki o'rtada sobit turishi, faqat adolat tantanasi uchun ishlashi lozim bo'lgan kasb egasi buyurtma bilan bir tomonning manfaatini himoya qilib tursa, kasbning obro'i qoladimi? Bunday hollarning sabablari ko'p bo'lishi mumkin, lekin asosiysi kasbiy e'tiqodning sustligi emasmi? Demak, jurnalistning maslagi ham sohaning rivojida muhim o'rin tutar ekan.

Sabablardan yana biri esa sho'ro tuzumining qiyofasi edi. Xohlaysanmi, yo'qmi, totalitar mafkura tarafida turishing lozim edi. O'shanda “to'rtinchi hokimiyat” deyilganda, xalq bilan davlat o'rtasidagi ko'prik emas, balki  jazolovchi kuch, yana bir zo'ravon mahkama  tushunilgan. Shu sababli gazetalarda “…ko'zingizni oching, siz tarafga felyetonchi ketdi” tarzidagi shapkalar berilgan, fel'yetonchi esa qog'oz va qalam bilan birga “to'pponcha” osib yurgandek edi. Shunday qilib, matbuot qo'rquv mashinasiga ham aylangan edi. Dunyo taj­ribasi esa bunday hollarni qoralar, bunday matbuotni  tan olmasdi.

 

Hozir dunyo siyosiy iqlimi tubdan o'zgardi, zo'ravonlikni, kuch ishlatishni targ'ib qilish nufuzli qonunlar bilan taqiqlandi. Jumladan, mus­taqil O'zbekiston diyorimiz eng erkparvar, adolatparvar siyosat tarafdori.  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yangilanish sari olib borilayotgan siyosatdan xalqimizning  umidi katta. Shunday sharoitda milliy matbuotimiz ham yangilanishlar ilhomchisi va targ'ibotchisi bo'lishi ayni davr talabi. Milliy TV. dagi jasorat, dadillik hammada rag'bat uyg'otmoqda. Bu ma'rakada esa matbuotning o'rni va vazifasi bo'lakcha. Masalan, TV.da voqelikning tashqi, fotografik manzarasi aks etsa va xulosalar ham birlamchi dalillar ko'magida chiqarilsa, matbuot yutuq va kamchiliklarning ildizlari, yuzaga chiqargan teran omillar haqida mushohada yuritish imkonini beradi. TV.— da bir xil manzaraning turli hududlarda kechish va sodir bo'lish jarayonini birdaniga qamrab olish imkoni bo'lmaydi. Matbuot esa dalillarni taqqqoslab, ularni tahlilga “torta” oladi. Yutuqni ommalashtirish, kamchilikni bartaraf etish uchun esa ularning sabablarini topish lozim bo'ladi. Bu yumush matbuot xulosalari orqali amalga oshiriladi. Nafsilamrini aytganda, chelakdagi sutning yuza qismi haqida TV yoki blogerlar istalgancha bong urishi mumkin, ammo sutning sifati va boshqa ma'lumotlar matbuotdagina yoritiladigan imkoniyatdir. Xabar (axborot, nima?) o'z yo'liga, mohiyat (nega, nima uchun?) o'z yo'liga. Birida tezkorlik, ikkinchisida tahlil asosiy belgi hisoblanadi.

Bugungi kunda sohaning yetilgan muammolaridan biri jurnalistning kasb mahorati, e'tiqodidan tashqari malakali jurnalistning o'zini tayyorlash bo'lib turibdi. To'g'ri, bu bo'shliqni biror axborotni eplab yozadigan ma'lumotli odamlar hisobidan to'ldirish mumkin, ammo, professional kasb odamini yetishtirish oson masala emas. Ko'plar yozishni bilgan odam tahririyatlarda ishlab keta oladi, deb o'ylaydi. Mayli, “ishlab keta oladi”, biroq ishkal shundaki, u havaskorlik darajasidan ko'tarilishi qiyin kechadi. Mabodo ish shunday bo'lganda edi, universitetlarda maxsus fakultet tashkil qilinmagan bo'lardi. (Umuman, bu soha xodimlarini tayyorlash bo'yicha dunyoda turli yondashuvlar mavjud). Shundanmi, ishtiyoqi baland kishilar jon-jahdi bilan jurnalist bo'lishga intiladi, jurfakda o'qiyotganlarning aksariyati esa, afsuski, bitirgach, shu  sohada ishlamasligini, ya'ni ishlay olmasligini aniq biladi. Masalan, bizning kursimizda ellikdan ziyod odam diplom olib ketdi. Sohada ishlaganlar esa barmoq bilan sanarli bo'ldi. Bu holning aniq ta'rifi shunday edi: ko'plar jurfakda o'qish juda oson, deb o'ylashardi (rost-da, oshpaz yoki quruvchi ham maqola yozib yuribdi-ku). Bu masalaning  chalg'ituvchi tomoni. Kimki tahririyatga ishga borib, birinchi topshiriq bilan “material tayyorlash”ga kirishsa, gap nimadaligini o'shanda biladi. “O'qish oson” bo'lgach, boshqa fakultetlarga “sig'may” qolgan, biroq o'qishi shart bo'lgan (sababi ma'lum) “imtiyozli”lar jurfakka oqib kelaverardi. Unga qishloq xo'jaligi, tibbiyot, hatto huquqshunoslik institutlaridan bolalar “perevod” qilinardi. Shu bilan tahsilning obro'si ham, sifati  ham tushib ketardi. Malakali, pishiq-puxta xodimlarning tayyorlanmaganligi ham milliy jurnalistikaning oqsab qolishiga sabab bo'ldi. Ochig'i, o'tgan yillarda jahon standartlari darajasida faoliyat ko'rsatgan hamkasbimni eslay olmayman. Topilishi mumkin, gap millat, xalq manfaatlari haqida ketmoqda. Shunday qilib, publitsistika proza, ayniqsa, poe­ziyaning soyasida qolib ketdi. Holbuki, pub­litsistikada hamma janrlar mavjud, bugun u hozirgi kunda ham dunyo mafkura bozorida eng yetakchi mavqega ega bo'lib  turibdi.

Malakali xodimlar tayyorlashning ikkinchi qanoti – hududiy matbuot. Oddiy holat – daryoning to'lib oqishi buloqlar suvining mo'lligidandir. Oldin buloq quriydi, so'ngra ilojsiz qolgan daryo taqirga aylanadi. Avvalo, hududiy matbuot – tuman yoki viloyatlarda  gazeta-jurnal nashr etishning ma'naviy tomonlariga e'tibor qarataylik. Tuman yoki viloyat markazlarida gazeta-jurnal tahririyatlarining bo'lishi, aniqki, bir madaniy, ijodiy markaz mavjudligidan darak beradi. Bu joy qalbida ijod ishqi bo'lgan bo'lajak qalamkashlar, san'atkorlar, umuman, ziyolilarning sevimli maskaniga aylanadi. Baland parvozlar ana shu dargohdan boshlanadi. Tuman gazetalarida hammamizning tomog'imiz ko'tarilgan, desak xato bo'lmas. Boz ustiga, mustaqillik tufayli hududiy matbuotning yumushi yana ham ko'paydi. Axir o'sha joydagi tarixiy mas­kanlar, qadriyatlar, taniqli kishilar haqida o'sha joyning odamlari ko'proq biladi va “qotirib” yoza oladi. Bu mavzulardagi chiqishlar yurtimizning endi yozilajak to'la tarixiga chizgilar bo'lib qo'shilishi bor gap. Mamlakatimizda san'atga, sportga juda katta e'tibor berilayapti. Yoshlarimizning muvaffaqiyatlari haqida ham hududiy matbuotda batafsil hikoya qilish mumkin. Qolaversa, tuman va viloyat gazetalari kelajak uchun shu joylarning chinakam solnomasini bitib boradi.

Gazeta-jurnallarda tafakkurning jami qirralari yuzasidan bahs yuritiladi. Har kuni gazeta varaqlab yoki jurnal sahifalarini taxtlab yurgan odamga uning “changi” o'z-­o'zidan yuqib qolaveradi.   Shuning uchun redaksiyalarning tuprog'ini changitib yurganlar ham madaniy saviya jihatidan o'z tengdoshlaridan yuqoriroq bo'lishi bor gap. Kasblar orasida esa jurnalistga har qanday soha odami bilan teng gaplasha oladigan, yuqori madaniyatli shaxs sifatida qarashadi. Bir davlat arbobining (Napoleon) “Har qanday jurnalist vazir bo'lishi mumkin, biroq har qanday vazir jurnalist bo'la olmaydi” degan gapi bot-bot tak­rorlanib turishi ham behuda emas. Bu mezonlar,  aslida, jurnalistga qo'yilgan talablar. Ana shunday qadriyatlarni mujassamlashtirgan ma'naviy boylik mustaqillik g'oyalaridan to'yinib, yangicha ko'rku kamol kasb etishga haqli. Negaki, kuchli davlatni kuchli mafkuraviy qurolsiz tasavvur qilib bo'lmaydi.

Xonadonlarga gazeta-jurnallarning kirib borishi o'sha manzillarga ma'rifatning, ziyo­ning kirib borishidir (albatta, bu mahsulotlar  nur olib kiradigan darajada nurli bo'lishi lozim). Erta tongda birinchi mashg'ulotini bosma nashrlarni varaqlashdan bosh­lagan xonadon ahli diliga bir munavvarlik yuqqanga o'xshaydi. Mutolaa bilan boshlangan kun boshqa xayrli amallarga yo'l ochadi. Xossatan, oilada kitobxonlik muhiti qaror topadi. Gazetadan shapaloqdek qiziqarli narsani mutolaa qilgan uy bekasida qalin kitobni ham o'qib chiqish hafsalasi paydo bo'ladi.  Umuman, ma'naviyat bilan bog'liq barcha yumushlar bir-biri ila ichki mantiq orqali bog'langan.

Xalqda “Bo'zchi belboqqa yolchimaydi” degan gap yuradi. Ko'plarning muammosini yechishga safarbar qilingan matbuotning o'zi ham muammolar girdobida qolib ketgan.  Oddiy masala – xodimlar mehnatiga haq to'lashni olib ko'raylik. Kecha ish boshlagan ham, deylik, 20 yil ishlab qo'ygan xodim ham bir xil maosh olaveradi. Bu borada mehnat staji, malaka singari omillarga e'tibor berilmagan. Bu xususiy masala.  Umumiy tarzda esa matbuot, umuman, jurnalistikaning umuminsoniyat mezonlari darajasida e'tirof etilgan tamoyillari bor. Olaylik, tibbiyot yoki temir yo'llarning har bir mamlakatga mos qiyofasi bo'lishi mumkinmi? Axir matbuot ham ko'pincha mamlakat taraqqiyotida shu sohalardandek zarur ekani e'tirof etilgan.  “Matbuot o'zi mansub bo'lgan jamiyatning  mahsulidir” singari aqidalarga qo'shilib bo'lmaydi. Braziliya yoki Indoneziyaning o'ziga xos meditsinasi bo'lmaydi-ku. Garchi meditsina va jurnalistika bosh­qa-boshqa soha bo'lsa-da, ularning zamirida insonga xizmat qilish tamoyili mujassam. Qolaversa, jamiyat uchun meditsinaning o'rni qanchalik muhim bo'lsa, jurnalistikaning zarurati ham undan kam emas. Ilg'or mamlakatlar tajribasi bu nisbatni yuz yillar oldin tasdiqlagan.

Mabodo, umuman olganda, qaysi davlatda bo'lsa-da,  matbuot umuminsoniy mezonlardan chekinib, o'z qobig'ida o'ralashib qolgan ekan, bunga sohani emas, o'sha soha odamlarini ayb­lash lozim bo'ladi. Bizda tarixiy tajribalar asosida rivojlanayotgan, qonuniy asoslari mustahkam milliy matbuot mavjud. Davr talablari esa endi eski qoliplar doirasida ishlab bo'lmasligini ko'rsatayapti.

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × three =