Hayotiy haqiqatlarga bir nazar

Bugun dunyoda kechayotgan talato'plar har qanday kishini o'ylantirishi tabiiy. Inson nima uchun yashayapti, zo'ravonlik, buz­g'unchilikdan topilgan foyda qanchalik tatiydi, kimga tatiydi, degan savollarga javob yo'q.

Ayrim mintaqalarda adog'i ko'rinmayotgan mojarolarning yaxshilikka olib kelmasligi shundoq ham ma'lum. Gap nima haqida ketayotganini anglab turibmiz. Demak, eng to'g'ri yo'l ma'rifat yo'li, bag'rikenglik, tinchlik va teng huquqli hamkorlik tamoyillaridir.

Yaratganga shukrki, yurtimiz tinch, xalqimiz xavotirsiz yashamoqda. Aslida ana shuning o'zi katta baxt!

 

Ma'lumotlarga qaraganda mamlakatimizda aholi nufuzi 36 milliondan oshibdi. Olijanoblikda, ma'rifatparvarlikda boshqalardan kam bo'lmagan xalqimiz dunyoi-dunda farovon turmush kechirish, baxtli, saodatli yashash huquqiga ega. Davlatimiz siyosatining mazmun-mohiyatida ana shu ezgu niyat o'z mujassamini topgan.

O'tgan yillar davomida   izchil amalga oshirilgan “Obod mahalla”, “Obod qishloq” das­turlari, mahallabay, xonadonbay ishlash tizimining yo'lga qo'yilgani, turli toifali “daftarlar” tashkil etilib, turmush tarzimizdagi barcha muammolar yuzaga olib chiqilgani bor gap. Hayotga boricha munosabatda bo'lish, muammolar mohiyatini chuqur o'rganish jamoatchilikni ochiqlik sari yetakladi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil siyosatga, hayot haqiqatiga aylandi. Pirovardida inson manfaatiga e'tibor ustuvorlikka erishdi.

Davlat kafilligimizni olgandan keyin hamma narsani qilib berishi kerak-da, degan qarashlar qolipi har bir insonda kechayotgan voqea-hodisalarga daxldorlik hissi uyg'onmagunicha parchalanmasligi mumkin. E'tibor beraylik, matonatli quruvchilar, yo'lsozlar, mahoratli me'morlar tomonidan cho'llar bag'rida uzoqni yaqin qiladigan ravon magis­trallar, hududlarni bog'lovchi ko'priklar, ko'p qavatli binolarda istiqomat qiladigan aholi ehtiyoji uchun zarur bo'lgan kommunal inshootlar barpo etilmoqda. Bugun mamlakatimizning eng chekka hududlaridagi qishloqlar ham chog'roq shaharchani eslatadi. Bu ishlar kim uchun, nima uchun amalga oshirilmoqda, degan savolga javob topsak, yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetamiz. Turmush tarzimizdagi bunday o'zgarishlarni ko'rish, his etishning o'zi ozlik qiladi. Buning uchun uning bunyodkorlaridan minnatdor bo'lishimiz kerak, albatta.

Yaqinda o'zim tug'ilib o'sgan Narpay tumanida bo'ldim. Ochig'i, kech bo'lgani bois har doim yuradigan yo'limni tusmollab topdim. Mirbozor qo'rg'oni chorrahasidan chapga burilganda ko'z o'ngingizda Qoratog' bag'riga singib ketadigan yo'lning ikki tomonida yastanib yotgan charog'on maskan xayolimni o'g'irladi. Yaqin-yaqinda ham tor, o'ydim-chuqur bo'lgan yo'llar ta'mirlanibdi, kengaytirilibdi.

Tumanning umumiy maydoni 441 kvadrat kilometr. Bu hududda transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish imkoniyati mavjud. 37 kilometr uzunlikdagi M-37 xalqaro avtomobil yo'li, 38 kilometrli Toshkent-Buxoro-Xorazm-Qo'ng'irot, undan yaqin xorijiy mamlakatlar bilan bog'laydigan temir yo'lning ushbu hududdan o'tganligi iqtisodiy rivoj­lanishning asosiy omilidir. Shuning­dek, tumanda elektr energiya, tabiiy gaz tarmoqlar shakllangan. Aholisi 214,7 ming kishidan ziyod. Endilikda har bir xonadonga ichimlik suvi keltirilibdi, ko'chalar asfalt­langan.

Yo'l-yo'lakay Oqdaryo, Ishtixon, Kattaqo'rg'on tumanlaridagi o'zgarishlarga e'tibor berib kelayotgandim. Tumanimizdagi bu yorqinlikni, yurtdoshlarim yuz-ko'zidagi mamnuniyatni ko'rib quvondim. Yurtim hashamligi ko'nglimga ko'chdi.

Tumanning “Navqiron Narpay” gazetasi bosh muharriri ustoz jurnalist Toshpo'lat Toshmurodov bilan ana shu o'zgarishlar haqida suhbatlashdik.

— Ko'rganlaringiz haqiqat, tumanda iqtisodiy yuksalish imkoniyatlari katta. Yaqinda hududimizda chiqindi qog'ozlarni qayta ishlab, gipsakarton qog'ozi chiqaradigan korxona ish boshladi, yuzlab yoshlarimiz ishli bo'ldi, hademay qurilishda ishlatiladigan gipsakartonning o'zi ham shu yerda ishlab chiqarilsa ajab emas, — dedi ustoz. — Bularning bari qo'shimcha ish o'rinlari degani-da, hali o'z hayo­tingizdagi o'zgarishlar haqida gapiring, degandingiz. Pensionerman, menga o'xshagan yuzlab, minglab qariyalar ham ishlab, ham pensiya pulini to'liq olyapti, avval shunday emasdi-da, to'g'rimi? Uch-to'rt so'mlik qalam haqi yozsak, pensioner jurnalistlar: “Nega menga qalam haqi yozdinglar, pensiyamdan belgilanganidan ikki barobar qaytarib qoladi”, deb dodlab kelardi. Hozir marhamat, eplasang bir emas, ikki joyda ishla! Turmushimizda moddiy manfaatdorlik o'zgardimi, o'zgardi, buni e'tirof etishimiz kerak.

Ha, Toshpo'lat aka haq. Ajoyib zamonda yashayapmiz. Jamiyatdagi o'zgarishlar faqat moddiy, mulkiy jihatdan emas. Ochiqlik, oshkoralik nuqson va kamchiliklarni ochiq aytishga ham yo'l ochdi. To'g'ri, har qanday o'zgarishga osonlik bilan erishib bo'lmaydi. Kamchilik ham nuqsonlar ham topiladi. Hayot kurashdan iborat. Asosiysi maqsad ezgu, niyatlar xolis bo'lsin.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022 — 2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida”gi Farmonida joylarda inson huquqlarini ta'minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligi, iqtisodiyotni isloh qilish, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda hududlarni jadal rivojlantirishni ta'minlash bo'yicha aniq mezonlar belgilab berilgan.

Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu g'oya asosida har bir fuqaro erkin va farovon yashaydigan Yangi O'zbekistonni barpo etish maqsadi xalqimizning azaliy orzu-intilishlariga hamohang va uyg'un holda keng ko'lamli islohotlar ko'rinishida amalga oshirilmoqda.

Shu yil bahorida Prezidentimiz tomonidan “Yangi Toshkent” loyihasi qurilishiga tamal toshi qo'yilgani ko'pchilikda qiziqish uyg'otdi. Poytaxtimizdagi bunyodkorlik ishlari, ko'hna kentimizning viqoriga viqor qo'shmoqda. Betakror me'moriy yechimga ega yer osti va ustki metro yo'llari, beminnat xizmat ko'rsatayotgan zamonaviy transport vositalarining turfaligi ko'zni quvontiradi. Endi esa   ta'kidlaganimizdek yana bir ulkan – “Yangi Toshkent” loyihasi amalga oshirilmoqda. Mutaxassislarning e'tiroficha, bo'lajak maskan uchun tanlangan hudud dengiz sathidan 500 metr baland bo'lib, shaharga yaqinligi, o'z iqlimi, bahavoligi va ikki daryo o'rtasida joylashgani bilan alohida ahamiyatga ega. Ma'lumotlarga ko'ra, Toshkentning hozirgi hududiy o'rami 43 ming gektardan iborat. Loyihaga ko'ra, “Yangi Toshkent” 20 ming gektarli kenglikda barpo etiladi. Unda bir million aholi yashashi uchun qulay sharoitlar yaratiladi.

Ko'rinib turibdiki, milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qo'ygan Vatanimizning tenglar ichra teng bo'lishi, avvalo, turmush tarzimizda farovonlikka erishish, belgilangan barcha dastur va loyihalarni hamjihatlikda amalga oshirishga bog'liq ekan.

Kishilik taraqqiyotining har bir jabhasida o'zaro manfaatli hamkorlik qilish, obro'-­e'tibor qozonish hayotiy zaruratga aylanmoqda.

E'tibor beraylik, xalqaro munosabatlarda qarama-qarshilik va mojarolarning ortishi barqarorlik va rivojlanishga jiddiy xavf solib turgan hozirgi paytda O'zbekistonning jahon siyosati markazlaridan biriga aylanayotgani diqqatga sazovordir. Bunga Samarqand shahrida ShHTga a'zo mamlakatlar – Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy, O'zbekiston, Qirg'iziston, Qozog'iston, Hindiston, shuningdek, tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlatlar – Belarus, Mo'g'uliston va Eron yetakchilari, faxriy mehmon sifatida Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Armaniston hamda boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilot vakillari faol ishtirok etgan xalqaro miqyosga molik nufuzli anjumanlarning, Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlarining yurtimizda o'tkazilayotgani misoldir.

O'zaro teng va manfaatli hamkorlik deganda, davlatimiz rahbari sa'y-harakati bilan O'rta Osiyo davlatlari xususan, Tojikiston, Qirg'iziston, Turkmaniston, Qozog'is­tonda yashaydigan dini, madaniyati, urf-odatlari bir bo'lgan fuqarolar o'rtasidagi yaqin qon-qarindoshchilik rishtalari qayta bog'langani, ularning o'zaro bordi-keldi qilishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani, 130 dan ziyod millat va elatlarning huzur-halovatini o'ylab amalga oshirilayotgan siyosat   tinch­likparvarlik, insonparvarlik nuqtai-nazaridan ayrim mojaroli davlatlarga ibratdir. O'zbekistonning ichki va tashqi siyosati ana shu ezgu maqsadlar   izchilligida namoyondir.

Mintaqamizda tinchlikni saqlash, qo'shni davlatlar bilan hamkorlik munosabatlarini ochiqlik va o'zaro ishonch asosiga qurish yo'lidagi barcha sa'y-harakatlar, xususan, Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan jahon ahliga O'zbekiston Markaziy Osiyodagi qo'shni mamlakatlar, xususan, Afg'onistonning iqtisodiy tiklanishiga, uning transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga, milliy kadrlarini tayyorlashga katta hissa qo'shayotgani, bundan keyin ham Afg'oniston masalasi global miqyosdagi masalalar markazida bo'lishi va Xalqaro hamjamiyatning sa'y-harakatlari, birinchi navbatda, hududdagi o'tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilishi kerakligi haqida dadil fikr va mulohazalar bildirib kelayotgani Vatanimizning dunyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash siyosati ustuvorligni anglatadi.

Joriy yil may oyida Pekinda bo'lib o'tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” birinchi sammitida tinch va adolatli siyosatga katta e'tibor qaratgan mamlakatlar bilan hamkorlik qilish har qanday munosabatlarga fayz va baraka ato etishi ishtirokchi davlat rahbarlari tomonidan e'tirof etildi.

Haqiqatan ham tinchliksevar davlatlar bilan o'zaro manfaatli aloqalarni yo'lga qo'yish har jihatdan   foydalidir.

Mamlakatimizda   erishilayotgan yutuqlar shulardangina iborat emas. Sanoat, qurilish, madaniyat, san'at, adabiyot, ta'lim, sog'liqni saqlash kabi sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning barchasi xalqimiz man­faatini ko'zlab amalga oshirilayotgani bor gap. Bularning hammasini birgina maqolada hatto sanab o'tishning o'zi oson emas.

O'zbekistonning dunyo miqyosida o'z o'rni va obro'si Prezident Shavkat Mirziyoyevning o'tgan hafta Italiyada rasmiy tashrif bilan bo'lishida yana bir bor namoyon bo'ldi.

O'zbekiston to'qimachilik sanoatida o'ziga xos tajribaga ega mamlakat. Shu bois Yevropada o'z mavqega ega bo'lgan Italiya bilan bu sohani rivojlantirish bo'yicha qo'shma dasturlarni yo'lga qo'yish, yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, to'quv uskunalari va ularning ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish, kompaniyalarning vakolatxonalari va dastgohlarga xizmat ko'rsatish markazlarini ochish, texnologlarni tayyorlash dasturini ishlab chiqish, fan va zamonaviy texnologiyalar borasida hamkorlik o'rnatish har jihatdan mamlakatimiz, xalqimiz uchun manfaatlidir. Milan shahrida bo'lib o'tgan “ITMA 2023”   to'qimachilik mashinasozligi xalqaro ko'rgazmasida davlatimiz rahbarining ishtirok etishi, anjumanda ishtirokchi   kompaniyalar rahbarlari bilan muloqot qilgani, yangi texnologik yechimlarning taqdimotlari bilan tanishganida ham   xalqimiz farovonligni oshirishga qaratilgan ezgu maqsadlar mujassamdir.

So'zimiz avvalida muammoli mintaqalardagi vaziyatlar haqida ikki og'iz to'xtaldik. Axir uysiz-joysiz, oddiygina insoniy halovatdan mahrum bo'lgan odamlar, yetim qolayotgan bolalar…, qarovsiz qariyalar… ular ham qaysidir mamlakatning fuqarolari axir! Ular ham tinch va farovon yashashga haqli emasmi? Albatta, haqlidir. Ammo maqsadning   noxolisligi, buzuq niyatlar kasriga qolganlarning, bu insonlarning ohu zoriga kim quloq solayapti?

Javob va xulosa   o'zingizdan. Eng muhimi, biz tinch va farovon turmushimiz qadriga yetaylik, farzandlar kamoli, hayot lazzatidan bahramand bo'lish baxti xalqimizni hech qachon tark etmasin!

O'ktam MIRZAYoROV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + 15 =