Demokratiya yo'li va uning tayanch nuqtasi xususida

Bu ko'hna gardi dun yaralibdiki, boshidan ne-ne sinovlarni, kurashlarni o'tkazmadi deysiz. Bu yo'lda qanchadan-qancha islohotlar, yangilanishlar, ulkan g'alabalaru yo'qotishlar, topishlarga ro'baro' bo'lmadi. Ana shu yo'lda zamonlar, davrlar osha insoniyat barkamollikka, yuksaklikka, farovonlikka intilib yashadi. Demokratiya, erkinlik, hurlik – asosiy mezon, maqsad bo'ldi. Lekin hayotda maqsad bo'lak, maslak bo'lak.

Jahonda urushlar, to's-to'palonlar tugamayotgan yurtlar qancha. Begunoh millionlab odamlarning ko'z yoshlari, ohu fig'onlari qachon batamom bartaraf bo'lar ekan? Qachon maqsadlar amallarga mushtarak bo'larkan?

Bu og'riqli savollarga javob berishning o'zi bo'lmaydi. Chunki yakdillik, oliy maqsad o'zgaruvchandir. Shunday bo'lsa-da, insoniyat demokratiya bayrog'ini ko'tarishdan charchamaydi.

Xo'sh, shunday ekan, bugun aksariyat davlatlar og'ishmay ildamlayotgan “Demokratiya yo'li”ni qay ahvolda   deb atasak to'g'riroq bo'ladi? Nima bo'lganda ham mamlakatlarning o'z siyosiy yo'nalisharini, ayni harakatlarini umumiy tarzda “Demokratlashtiruv” deb atasak ehtimol xato bo'lmas. Shunday ekan, har bir elning milliy umumqoidalari, yo'nalish­lari azaliy qoidalar qobig'iga sig'ib keta olarmikan? Keling, yaxshisi asosiy muddao, yechim, tajribani o'z mamlakatimiz timsolida mushohada qilishga harakat qilib ko'raylik. To'g'rirog'i, davlatni yuksaltirish, xalq farovonligini oshirish yo'lida olib borilayotgan keyingi harakatlar asnosida har birimizning hayotimizga ta'sir etayotgan, bizni o'zgartirayotgan, o'zgartirishga majbur qilayotgan muhim omillar xususida o'ylab ko'raylik.

Mustaqillikdan keyingi davrni, aniqrog'i so'nggi olti yilni demokratik jarayonlarning yorqin ko'rinishi deyishimiz mumkin. Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan Yangi O'zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek oliy maqsadda yanada yorqinroq, aniqroq namoyon bo'ladi. Zero, bu mashaqqatli, lekin ezgu harakat har birimizga endi kechagidek yashab bo'lmasligini, bugungi zamon talablariga javob bera olish mas'uliyatini, kerak bo'lsa, majburiyatini yuklamoqda. Shu boisdan Prezident hayotga tat­biq etayotgan, to'g'rirog'i, kashf etgan yangi umumravnaq timsoli – Yangi O'zbekiston orzusini bemalol ona Vatanimiz mustaqilligining ertangi kuni, yorug' kelajagiga qo'yilayotgan mayoq deb aytish mumkin. Zero, bu umumezgu ta'limot o'zining ob'yektivligi, xalqchilligi va shu bilan birga shunchaki “orzu yo xomxayol” emasligini namoyon etayotgani, buni O'zbekiston timsolida butunjahon ommasiga yaqqol ko'rsatib berayotgani bir jihat bo'lsa, hatto o'z yurtimizdagilar ham bu tarixiy hodisotni birdek ang­lab, tushunib yetayapti deb ayta olamizmi?

Albatta, juda ko'p mamlakatlarda prezidentlik boshqaruvining joriy etilishi huquqiy demokratik davlatlarga xos xususiyatdir. Aksariyat rivojlangan, sivilizatsiyaning yuqori cho'qqisiga erishgan mamlakatlarni xalq saylagan fuqarolar – prezidentlar boshqaradi. O'sha rahbar butun faoliyati, har bosgan qadami orqali uyg'unligi bilan olamaro davlatni davlat, o'z millatini millat sifatida tanilishida, eng katta kuch bo'lib xizmat qiladi. U o'sha o'zi rahnamolik qilgan va qilayotgan xalqqa, davlatga hammabop sharoitlarni yaratib berish uchun bel bog'laydi. Bir so'z bilan aytganda, demokratiya xalqining erkinligi, qonunlar ustuvorligi va albatta farovon hayotni ta'minlash uchun o'zini javobgar bilib kurashadi. Ayni kunlarda biz qurayotgan, shakllantirayotgan demokratik jamiyatdan maqsad ham shu: shaxslarning barcha faoliyatini himoya qiluvchi kuch – insonlarning o'zlari xohlaganday yashashi, ishlashi, umumiy faoliyati uchun sharoit yaratib beruvchi maydon.

Shubhasiz, har bir xalqning o'z tamoyili har bir davlatning o'z qonunlari, o'sha elning mentaliteti, hayot tarzi, urf-odatlari yig'indisidan kelib chiqadi. Ammo xalqni umumezgulikka boshlash, o'zlari erishayotgan demokra­tiyaning ko'lami, me'yorini olishda butun borliq, butun olam ne'matlari rivojiga qulay sharoit yaratib unga yaxshilik olib keladigan, 18 ming olam rivojida, ravnaqida foydali o'lchov va qonunlar bilan ish olib borishi faqatgina Prezidentning o'ziga bog'liqmi?

Qonunlarga itoat qiluvchi xalq-chi? Ularning o'rni qanday bo'ladi? Afsuski, so'zi bosh­­qa, amali boshqa odamlar bor ekan, jamiyatda depsinishlar davom etaveradi.

Xo'sh, nima qilmoq kerak?

Prezident va uning xalqi, davlatining siyo­sati dunyo mamlakatlari o'rtasida odillik pallasida tarozi bosishiga qarab obro'-e'tibor topadi. Buning uchun esa o'sha rahbar tanlagan yo'l, konsepsiya o'ta izchil ishlangan, mukammal ilmiy tadqiqotlar asosida ezguparvarligi isbotlangan ta'limotga asoslangan hayot yo'liga ega bo'lishi kerak.

Ayni paytda ming yillar davomida to'planib kelayotgan ilmlar, katta tajriba, qoidalar davlat rahbarlari, prezidentlar olib borgan turli siyosatlardan qay birisini das­turilamal qilib olish o'rinli?

Asli chinakam demokratiya — nima u? Uning asl belgilari nimalarda ko'rinadi? U insonlar uchun faqatgina farovon hayot maydonimi yoki u ham odamlarga burch va vazifa, mas'uliyat yuklaydimi?

Aksariyat iqtisodi, tinchligi barqaror davlatlardagi hukm surayotgan demokratiya umum­etika, estetika va madaniyat qonun-qoidalarini mensimay qo'ydi. Yalong'och shayton yang'liq ko'ngil ko'chasiga kirib nafs girdobida qolib ketdi. Hozirgi davrga kelib demokratiyaning o'zagiga, tomiriga yaxshilik va ezgulik me'yorlari bilan yo'g'rilgan, “qon” quymay turib uni odillikka, halollikka yurgizish mumkin bo'lmay qoldi. Buni qanday amalga oshirish yo'lini esa Sh.Mirziyoyev davlatni boshqarish ta'limotidagi erishgan yutuqlari bilan boyitmoqda. Sharqona demokratiya ta'limoti hayotiyligi, jo'nligi, haqqoniyligi unda hamma insoniylik f'yel atvorida, me'yorida, yurishida o'z-o'ziga e'tiborliligi, o'zini o'zi yaxshilik qobig'ida saqlab harakat qilishi, butun olam ezgu hayo­tida yashashda, ishlashda – barcha borliq bilan muloqotda ezgulik qonunlariga bo'ysunishi asos qilib olingan. Buni demokratiyani chegaralash emas, etika-estetika me'yorlari bilan sayqallash, umumezgulik chashmasida to'yintirish, jilolash deb tushunish kerak. Demokratiya falsafasidan asl shunday xulosa kelib chiqadi: yaxshilik qilish ham oson, ham savob. Yomonlik qilish ham qiyin emas, lekin — gunoh. Bu yo'lda har bir kishi bir-biriga ham shogird, ham ustoz. Buning uchun esa har inson umumezgulik yo'lida, avvalo, o'z-o'ziga yaxshilik qilish – qalbini, o'y-xayolini barcha yomon, salbiy illatlardan tozalashi shart. Demak, chinakam demokratiya — o'ziga ham, o'zgalarga ham yaxshilik, ezgulik tilash, yaxshilikni, ezgulikni qo'llab quvvatlashdadir.

Albatta, demokratik jarayonlar haqiqiy mavjud holati bo'yicha odil xulosa chiqarish, tabiat va borliqqa zarari tegmaydigan holatda jamiyatni bosqichma-bosqich rivojini ta'minlashni talab etadi.

Har bir yaratilgan yangi falsafa hayotga asta-sekin, miqdor va sifat o'zgarishlari bilan rivojlanish ob'yekti bo'lib qurilaveradi va o'sha ta'limot elga singigach tabiiy sharoit yetilib ulkan o'zgarish ro'y beradi. Ya'ni, demok­ratiya deb nomlangan bu yangi buyuk tamoyilni Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyev 37 milliondan ortiq xalqi bilan birgalikda amalga oshirmoqda. Uzoq tarixda yorqin mash'al kabi dunyo tamadduniga beqiyos ma'naviy sarchashma nurlarini taratgan, Ikkinchi Renessans mayog'ini yoqqan yurtimiz boshidan ne-ne sinovlarni, bosqinlarni kechirmadi. Vatan yolqinlari bo'lgan jadid bobolarimiz yo'q qilindi. Shu bois qoloq, iqtisodiy-siyosiy jihatdan og'ir sharoitdagi davlatga aylanib qolgan mamlakatni qisqa davrda rivojlanayotgan mamlakatlar safiga qo'shib qo'ydi.

Shu o'rinda asosli savol tug'iladi. Xo'p shahar va posyolkalarda ishlab chiqarish rivojlanayotgan bo'lsa, bugun chekka qishloq va ovullarga qanday ahamiyat berilmoqda? Axir u joylarda ham insonlar istiqomat qilishadi-ku! Xuddi shu o'rinda O'zbekistondagi yalpi rivojlanishga etiborni alohida jalb etmoq kerak.

Bugun har bir qishloq, mahalla ahlidan “holing nima” deb so'raydigan vaqt keldi. Bundan 6-7 yil avvalgi hayotni, daromadu buromadni taqqoslab, solishtirgan odam javobni o'zi darrov bilib olishi mushkul emas.

Dunyoda yagona – xalqni boshqarishning eng demokratik usullaridan biri – mahalla ins­tituti faoliyati har jihatdan mukammal ishlab chiqilib, sifatli yo'lga qo'yilgan. Azaldan mahallalar xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari, an'analarini o'zida mujassam etgan maskan bo'lib kelgan. Bugungi kunga kelib ushbu tuzilma davlatimiz tomonidan berilayotgan alohida e'tibor, yaratilayotgan huquqiy maqomi orqali butunlay yangicha mazmun kasb etmoqda. Fuqarolarni ish bilan ta'minlash, ularni moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlash, joylarda yangi korxonalar, ijtimoiy ob'yektlarni barpo etish, ijtimoiy himoya yagona reestrlarining (“Ayollar daftari”, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” v.h.) tashkil etilishi natijasida uning obro'-e'tibori yuksalishi barobarida zimmasiga yuklanayotgan mas'uliyat ham ortib bormoqda. Xotin-qizlarni oliy o'quv yurtlariga imtiyozli sharoitlarda qabul qilish ham mahalla tav­siyasi orqali amalga oshirilmoqda.

Umuman, bizdagidek mahalla degan tushuncha, tuzilma dunyoning yana qay yurtida bor? Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o'z so'zlarining birida “Sizlarda demokratiya, xalq fik­riga tayanish, ochiqlik, erkin saylov masalasi qaerda deganlar — avvalo, bizdagi mahallalarni kelib ko'rsin” deganda ming chandon haqdirlar. Negaki, bizda hamma erkinlik asli mahallalarimizdan boshlanadi.

Mamlakatda yalpi rivojlanish har bir yangilik va yaxshiliklar, yengilliklar, innovatsiya yurtning barcha hududlariga bir maromda yetib borib, qo'llanilmoqda.

Yurtimizda taraqqiyot strategiyasi belgilanib, unda inson hayoti rivojining hamma bo'g'inlari megarivoj va geo­rivojga aslo salbiy ta'sir qilmaydigan holatda ishlab chiqilgan va u asosda rivoj­lanish dadil davom etmoqda. Muhimi, mamlakat taraqqiyotining barcha yo'nalishlariga progmatik yondashiladi.

Prezidentimiz demokratiya yo'li bilan xalqimizga rahnamolik qilib megaolam qonuniyatlaridan chiqmay yashash, ishlash faoliyatining tarzini tajriba qildi va ularni ezgulik, tinch-totuv turmush, rivojlanishning keng va farovon yo'liga olib chiqmoqda.

Endi demokratiyaga ham o'lmas qonun, deb qarab uni ezgulik sifatlari bilan shakllantirib, uni baholab umumiy dasturini yaratib, uni shakllantirish, sog'lomlashtirish, takomillashtirish, vaqti keldi. Shundagina o'zimiz – dunyo xalqlari, tabiat, barcha moddiun – 18 ming olam million yillar davomida yaratgan ne'matlarini, aqidalarini saqlab qolib, uni rivojlantirishda davom etish — ulug' yo'l. Bir so'z bilan ayt­ganda, ezgulikka, hamjihatlikka, dunyo­­da barqaror tinchlik va totuvlikka, baraka-xayr egasi demokratiyaga, yanayam to'g'rirog'i haqiqiy demokratiyaga erishamiz. Qaysiki bir davlat umumezgulik yo'lida xatoga yo'l qo'yayotgan bo'lsa, buni kompyuter va zamonaviy texnologiyalar – ommaviy axborot vositalari, yerning sun'iy yo'ldoshlari orqali zumda bilib olib, yer sharining qaysi burchida bo'lmasin uni tuzatish, tinch yo'l bilan barcha davlatlar uni to'g'rilashi, odilona xulosa chiqarib ezgu yo'lga boshlashi mumkin. Zero, asosiy maqsad dunyo bo'ylab yagona tinch­lik, totuvlik va birdamlikka erishish bo'lmog'i kerak.

Ulug' faylasuf bobomiz Abu Nasr Forobiy o'zining “Fozil odamlar shahri” asrida yurtni boshqarish, davlat va el farovonligiga erishishning zakiy yo'llarini keltiradi. Gap ana shunday boqiy ta'limotni asos bilishda. Nazarimda Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan erkin va ochiq jamiyat hammamizni “fozil odamlar shahri” odamlariga aylantiradi.

Shuhrat Muso,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 2 =