O'zbekiston — gender tengligi ta'minlangan yurt
Mamalakatimizda so'nggi yillarda olib borilayotgan ochiqlik va demokratik prinsiplarni mustahkamlash siyosati jamoatchiligimizning siyosiy faolligini oshirish imkoniyatlarini yaratdi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarni kuzatadigan bo'lsak, bunday faollik ko'p hollarda nooqilona, tarixda kuzatilmagan va ayni davrdagi insoniyatning ijtimoiy-siyosiy hayot tajribasi va mantig'iga to'g'ri kelmaydigan tarzda namoyon bo'lmoqda.
Masalan, “Siyosiy fikr – Siyosiy fikr” telegram kanalida O'zbekistonda “O'zbekiston Ayollar Partiyasi” (O'zAP)ni tuzish taklifi ilgari surilgan (https://t.me/siyosiy_fikr_uz/2428). Tarixga va zamonaviy demokratik davlatlar amaliyotiga nazar solsangiz, hech bir davlatda ayni ayollarni alohida birlashtirgan, u yoki bu mamlakat siyosiy hayotida muayyan rol o'ynagan partiya shaklidagi tashkilotlar ko'p bo'lmaganligi va hozirda mavjud emasligiga amin bo'lasiz.
Xususan, vikipediya manbalariga qaraganda AQShda qisqa vaqt — 1916-1920 yillarda, Ayollar milliy partiyasi (Natsionalnaya jenskaya partiya (NWP)) faoliyat yuritgan. Ushbu partiyaning asosiy maqsadi ayollarning saylovlarda ishtirok etish huquqi uchun kurashish bo'lgan. Indoneziyada ham muayyan davrda ayollarning erkaklar bilan teng huquqli bo'lishiga erishishni maqsad qilgan Indoneziya ayollar harakati (Gerakan Wanita Indonesia, Gerwani) degan tashkilot faoliyat yuritgan ekan. Bizning mamlakatimizda esa bunday maqsadlarni qo'yishga hojat yo'q — O'zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar va bu norma allaqachon amalda ro'yobga chiqqan.
Yuqorida havola qilingan telegram kanalda “O'zbekiston Ayollar Partiyasi”ning 10 ta asosiy maqsad va vazifalari sanab o'tilib, 11-bandga “…Davomi SIZDAN… Tuzilayotgan “O'zbekiston ayollar partiyasi” — O'zAP yaratilishida Siz ham befarq bo'lmang” degan chaqiriq yozilgan. Maqsadlar qatorida ayollar ishsizligini kamaytirish, ona-bola huquqlarini ta'minlash va ijtimoiy himoyasini qo'llab-quvvatlash; ikki yoshgacha bo'lgan bolalar uchun “Sut puli” berilishini ta'minlash, ona-bola uchun bepul tibbiy ko'rik tizimni yaratish; fohishalikka qarshi kurashish; maishiy zo'rovonlik uchun jazoni kuchaytirish kabi vazifalar belgilanibdi. Fikrimizcha, bunday maqsadlarga mamlakatimizda ayollarni qo'llab-quvvatlash, ular huquqlarini ta'minlash borasida qabul qilingan qonunlarga rioya qilish, Prezident farmon va qarorlarini bajarish va qolaversa, Oila va xotin-qizlar davlat qo'mitasi faoliyati natijasida erishilmoqda-ku!
Mantiqan qaraganda, “partiya tuzish tashabbuskorlari” uni tuzishdan maqsadlarini aniq bayon etishlari lozim. O'APni tuzishni ilgari suruvchilar esa hali o'zlari ham nima maqsadda siyosiy kuch tuzishlarini aniq bilmaydilar ham shekilli… Shuning uchun bunday partiyaning maqsad va vazifalarini belgilash niyatida jamoatchilikka quyidagi mujmal yozilgan jumlalar bilan murojaat qilmoqdalar: “Yangi va mustaqil tuzilayotgan O'ZBEKISTON AYoLLAR PARTIYaSI (O'zAP) uchun barcha taklif va tavsiyalar bo'lsa, bemalol va yoki telegram guruhimizda yozing: barcha taklif va fikrlar yangi tuzilayotgan O'zAP nizomi va dasturini yaratishda inobatga olinadi”.
Qarangki, partiya tuzishdan ularning birinchi maqsadi “Parlamentdagi senator va deputat ayollar soni kamida 44,44 foizni tashkil etishni ta'minlash”. Nimaga 40 foiz, 44 foiz, 45 foiz emas, ayni 44,44 foiz degan savol tug'iladi? Mantiq qani bu yerda?
Qolaversa, O'zbekiston Konstitutsiyasining 58-moddasiga muvofiq davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlaydi. Bu normani hayotda ro'yobga chiqarish uchun O'zbekistonda barcha qonuniy sharoitlar yaratilgan bo'lsa. Jamiyatimizda ayollar – aziz buvilarimiz mo''tabar ona, qadrdon opa-singillar sifatida doimo e'zozlanishi asosiy hayotiy tamoyilimizga aylangan. O'zbekistonning yaqin tarixida – mustaqillik davrida ham, undan oldingi davrda ham ayollarni, xususan, ish haqi bo'yicha kamsitish hech qachon bo'lmagan. Ishni kim – erkakmi yoki ayol bajarishidan qat'i nazar, har doim mehnatga mutanosib maosh to'lanishi tamoyili amal qilgan va amal qilmoqda.
Xotin-qizlarning davlat ishlarida, rahbarlik lavozimlarida erkaklarga nisbatan kamroq bo'lishi ayollarning farzand tug'ish va uni parvarishlashdan iborat bo'lgan tabiiy-ijtimoiy ehtiyoji-vazifasi bilan bog'liq va bu aslo gender notenglikni anglatmaydi. Maishiy hayotda va oilaviy munosabatlarda uchrab turadigan xotin-qizlarga nisbatan kamsitish va zo'ravonliklar jamoatchiligimiz tomonidan qoralanadi, qonun bo'yicha jazolanadi. Bunday hollar, aslida gender tenglikka xavf soladigan darajada ko'p uchramaydi. Binobarin, bunday holatlarni bo'rttirish, umumiy holat sifatida baholash mutlaqo haqiqatga ziddir. Ayrim kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolarning sabab-oqibatlarini noto'g'ri talqin qilib, ko'lamini sun'iy ravishda kengaytirgan holda soxta tushunilgan gender tenglik niqobi ostida umuminsoniy qadriyat — an'anaviy oilaviy munosabatlarning buzilishiga olib keladigan zararli g'oyalardan saqlanishimiz kerak, albatta.
Fikrimizcha, yana shuni aytish o'rinliki, keyingi yillarda mamlakatimizda ayollar haq-huquqlarini yanada yuksaltirish, qo'llab-quvvatlash uchun Prezidentimiz rahbarligida juda katta ijobiy ishlar ro'yobga chiqarildi. Xotin-qizlar masalasi davlat siyosati darajasida bugungi ko'lamda bo'lmagan. Shunday ekan, alohida erkaklar partiyasi bo'lmaganidek, ayollar partiyasi bo'lishi mantiqqa zid fikrdan o'zga narsa emas.
Farhod QURBONBOYEV,
iqtisod fanlari nomzodi