Gazetalar albatta kerak!

Faqat jasorat va xolislik faoliyatga bosh mezon bo'lsa…

 

Prezidentimizning shu yil Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo'llagan tabrigida shunday so'zlar bor: “Biz mamlakatimizda so'z va matbuot erkinligini, axborot olish va uni tarqatish huquqini ta'minlash masalasini inson qadrini ulug'lash demokratik jamiyat va xalqparvar davlat qurishga qaratilgan taraqqiyot strategiyamizning muhim va ajralmas qismi deb bilamiz”. Ushbu jumlalarning o'zi jurnalist ahliga, matbuot sohasiga berilayotgan yuksak baho va katta ishonchdan dalolatdir.

Bilasiz: yurtimizda ommaviy axborot vositalariga oid bir qancha qonunlar mavjud. Ular yildan-yilga takomillashtirib borilmoqda. Misol uchun, bosh qomusimiz — O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining butun bir bobi ommaviy axborot vositalariga bag'ishlangan. Qolaversa, jurnalist huquqlari, xususan, jurnalistning shaxs daxlsizligi huquqi, sir saqlash huquqi, axborot olish huquqi va imkonlari, shuningdek, uning kasb majburiyatlari va mas'uliyati, erkin faoliyatining kafolatlari borasida bir qancha huquqiy asoslar mavjud.

Bugungi kunda butun dunyo ahli, jumladan, yurtdoshlarimiz ham yaxshi tushunib yetishdiki, ayni paytda senzuraga yo'l qo'yilmaydi, OAV faoliyatiga to'sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka tortiladi. Bunday qat'iyatni Prezidentning o'zi ham qo'llab-quvvatlab: “Ishonch bilan ayta olamanki, men erkin fikrli jurnalistlar tarafida bo'lganman va doimo shu pozitsiyada bo'laman. Ayni vaqtda axborot makonida haqqoniylik va xolislik bosh mezon bo'lishi kerak”, – degan edi.

Aslida har qanday fikrning xalq ongiga, qalbiga kirib borishida jurnalistlar, umuman olganda, barcha ommaviy axborot vositalarining o'rni nihoyatda katta. Shu ma'noda elimizning huquqiy savodxonligini oshirishda ham ulardan samarali foydalanish mumkin. Mufassal tahlillar, har tomonlama o'rganilgan chuqur tanqidlar uchun, ayniqsa, gazeta juda munosib minbardir. Buning uchun odamlarning qo'liga ro'znomalarning yetib borishiga erishmoq lozim. Televedenie, internetning o'rni bo'lak, ammo moddiyatga aylangan so'z, ya'ni ma'lum fikrning qog'ozga tushirilgan holatdagisini mutollaa qilish inson ongu shuuriga yetarlicha ta'sir o'tkaza oladi. Matbuot bilan doimiy tanishib borgan kishining fik­ri shakllanadi, dunyoqarashi rivojlanadi. O'z mustaqil tafakkuriga ega kishilar ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy-huquqiy jarayonlarga befarq bo'lmaydi. Bu jarayonda jasoratli, haq so'zni ayta oladigan jurnalistlarga ehtiyoj katta. Ular ommaviy axborot vositalari orasida oldingi saflarda bo'ladi. Bo'lishi shart ham.

Hayotimizda keng qamrovli va shiddatli yangilanish jarayoni yuz ber­yapti. Bu yangilanish har sohada va har bir narsada tobora yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Jumladan, ommaviy axborot vositalarida va uning qaynoq jabhasi bo'lgan matbuotda ham. Bu o'zgarish faqat matbuot nashrlari dizaynida emas, eng avvalo, erkin so'zga, fikrlar rang-barangligiga e'tibor kuchayib borayotganligida, xaq so'zga intilishda o'zini namoyon etyapti.

Bugungi kunda Yangi O'zbekiston xalqaro siyosatda, iqtisodiyotda, ijtimoiy-ma'naviy rivojlanishda o'z oydin yo'lini topibgina qolmay, dunyo ommaviy axborot vositalari maydonida ham o'z mavqeiga, o'z haq so'zi qudratiga ega bo'lish sari odimlayapti. Keng qamrovli matbuot nashrlari, dovyurak va haq so'zli jurnalistlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-ma'naviy hamda siyosiy-huquqiy hayotiga ta'sir ko'rsata olayotgani, haq so'z qudratini namoyish etayotganligi juda quvonarli. Men o'zim kuzatib borayotgan gazetalar: “Xalq so'zi” — “Narodnoe slova”, “XXI asr”, “Ishonch” — “Doverie”, “Pravda Vostoka”, “Hurriyat”, “O'zbekiston ovozi”, “Milliy tiklanish”, “Vatanparvar”, “Postda — na postu”, “Jamiyat”, “Ma'rifat” kabilarda ishlayotgan fidoyi jurnalistlarning mehnatlarini qadrlayman. Muhtaram Prezidentimiz tashab­busi bilan “Yangi O'zbekiston” gazetasining ta'sis etilgani matbuot­­ga bo'lgan ishonch va e'tibordan dalolat bo'ldi. Tahririyatlar xodimlari zamon nafasini chuqur his qilib, dolzarb voqealar, muhim mavzularni tezkor va chiroyli dizayn uslubida chop etishmoqda.

Rosti shuki, dadil, erkin so'zli ommaviy axborot vositalari bo'lmasa, o'sha yerda korrupsiya, to'rachilik, mahalliychilik, qonunbuzarlik va boshqa xavfli illatlar g'ovlaydi, taraqqiyotga putur yetkazadi. Shu bois­dan istiqbolga umid va ishonch bilan qaraydigan har qanday davlat va jamiyat ommaviy axborot vositalarining haqiqiy demokratik asos­larda rivojlanishga katta e'tibor beradi hamda zarur shart-sharoitlar yaratadi. Biroq ba'zi hollarda jurnalistlarning ma'lumot olish uchun hamon ayrim tashkilotlar va idoralarda to'siqlarga uchrashayotgani tilga olinmoqda. Masalan, ba'zi shaxslar bandligini ro'kach qilib, ularni qabul qilmaydi?! Idoralardagi tegish­li kichik xodimlar esa “Boshliq ruxsat bersa, bizdan ma'lumot olasiz”, dey­di. Bunday hollar, afsuski, yuz berib turibdi. Aslida jurnalistlar bilan uchrashuv tushunmovchiliklarni bartaraf etuvchi, xalqqa tashkilotning fao­liyatini ochiqlovchi omildir.

Ochig'ini aytganda, gazetada bitilgan so'z kechagi kun hodisasiga aylanadi, lekin undagi g'oyalar har bir shaxsning fikriga, ayniqsa, tafakkurli odamga ta'sir ko'rsatmay qolmaydi. Fikr xilma-xilligidan rost so'z tug'iladi, nuqtai nazarlar bahsida haqiqat yaraladi. “Kim nimani yoqtiradi, kim nimadan zavq-shavq oladi?” — bular ham har kimning dunyo­qarashi va saviyasiga, salohiya­­ti va hohishiga havola. Tabiiyki, shundan kelib chiqib bo'zchi bilganini to'qiydi, deymiz. Lekin ommaviy axborot vositalari orasida gazeta aniq prinsipidan kechmaydigan, aytilgan so'z — otilgan o'q, qabilida ish ko'ruvchi yagona minbar. Boisi, elektron OAVda bugun yozilgan fikrni ikki daqiqadan so'ng o'chirib tashlash yoxud istagancha tahrir qilish mumkin. Televidenieda bir marta berilgan ko'rsatuvni boshqa hech qachon ko'rsatmaslik mumkin. Ammo gazeta bu — manba. Undan yigirma yil keyin ham foydalanish, o'qish mumkin bo'ladi. Eng muhimi, u chop etilgandan so'ng, uni o'zgartirish, biror satrini o'chirib tashlashning ham imkoni bo'lmaydi. Shu boisdan ham internet nashrlardan bosma nashrlarning ustunligi, aytish joiz bo'lsa, “xavfli” ekanligi, haqqoniyligi ana shunda.

Yana bir gap. “O'zbekona matbuot” degan atamani bundan 20 yillar oldin eshitgandim. Adashmasam, shunday sarlavhali maqola chop etilgan edi. Men o'zbek matbuoti chinakam o'zbekona bo'lishi kerak,   degan bo'lardim. Ya'ni, O'zbekistonda chiqadigan o'zbek matbuoti xuddi o'zbekday bo'lishi kerak. Aniqrog'i, o'zbek matbuoti o'zida milliy ruhiyatni, etnopsixologiyasini mujassam etmog'i lozim. O'zbeklar o'zi yashayotgan makon tabiatidan nurlangan, kamol topib borayotgan xalqdir. Dunyoda o'zbeklardek bag'rikeng, keng­fe'l, sodda, shuningdek, andishali xalq bo'lmasa kerak! Menimcha, xalqimizning ana shu xislatlari o'zbek matbuoti qiyofasi bo'lishi kerak.

Aslida erkin fikrlovchi jurnalist – tanqidchi, yangilik izlovchi, alal-oqibat, bunyodkorga aylanadi. Sohibqiron Amir Temurning “Tafakkur, fikrlash va mushohada qobiliyati, quvvai hafizasi kuchli inson har qanday mushkulu mushkulodni oson qilish yo'lini topa oladi”, degan fikr­lari o'zbek jurnalistlariga juda mos. Bugungi o'zbek jurnalistikasining suyagi – Vatan, libosi – fikr, tabiati – xurlik bo'lmog'i zarur.

Maqtovni joyiga qo'ydikku-ya, ana endi “aybg'ina”larimizni ham aytmasak bo'lmas. Dunyoning bir necha jurnallarida davlatimiz rahbaridan tortib, amaldorlar, tadbirkorlarimizgacha bir qancha yurtdoshlarimiz haqidagi maqolalarni kuzatamiz. Ularning biz haqimizdagi fikrlarini, tahlillarini o'qiymiz. O'zbekistonda ham nufuzli siyosiy-ijtimoiy, ma'naviy-huquqiy gazetalar, jurnallar nashr etiladi. Lekin ular sahifalarida xorij davlatlari rahbarlari, hech bo'lmaganda, biror yirik tadbirkorlari haqidagi maqola yoki chiqishlarni kuzatmayapmiz hisob. Bosh muharrirlarning xorij safarlariga borib-kelishlari uchun sar­moyasi yetishmaydimi? Yoxud yurtimizda xalqaro maqomga ega yirik bosma nashrning o'zi yo'qmi?! Keyingi yillar O'zbekiston va o'zbekistonliklar haqida jahon matbuoti yanada aniq-tiniq holda yozmoqda. Bu quvonarli hol. Ayni paytda o'z gazetalarimiz, jurnallarimiz ham jahon miqyosida tahliliy maqolalar chop etadigan davr keldi.

Alqissa, o'zbek matbuoti o'z so'zini aytishda davom etmoqda. Soha xodimlariga jasoratli va sharafli ishlarida muvaffaqiyatlar tilash bilan birga, jasorat va xolislik ish faoliyatida bosh mezonga aylanishida tilakdoshmiz.

Karim NORMATOV,

O'zbekiston Respublikasi

Qurolli Kuchlari akademiyasi professori,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 18 =