Bolam baxtli bo'lsin desangiz…

Aytishlaricha, Alisher Navoiy Xuroson vaziri bo'lgan vaqtda mulozimlari bilan Hirotdagi katta ko'chalarning biridan o'tib borardi. Alloma shoir kutilmaganda bir to'da bolalar o'ynayotgan joyda ot tizginini tortib to'xtatdi-da, sakrab tushdi. So'ng mulozimlarni hayratga qo'yib, yo'l chetida o'ynayotgan bolalar orasidagi 5-6 yoshli bolakayning yoniga borib to'xtadi. Qo'lidan ushlab sog'lik-salomatlik so'radi. Ikki-uch og'iz suhbatlashgach, chiroyli xayrlashib, qaytib otiga mindi. Uning bu harakatidan hayron bo'lgan mulozimlardan biri so'radi:

— Mavlono, siz butun bir mamlakatning vaziri bo'lsangiz. Ne boisdin bolakayga buncha hurmat ko'rsatdingiz?

— Chunki, – jilmaydi shoiri davron, – u bolakay mening pirim hazrati Jomiyning nabirasidur.

Ha, bizda ustozga hurmat bobolardan o'tgan bebaho meros, shaxsiy ibrat, milliy qadriyat sanaladi. Ustoz — otangdan (otangday emas, undanda baland tutiladi) ulug' deb e'zozlanadi. Buning boisini sohibqiron bobomiz Amir Temur shunday sharhlaganlar: “Har bir erkak ota bo'la oladi, biroq har bir erkak, hamma istagan kishi ham ustoz bo'la olavermaydi”. Ustoz-muallim bolaga nafaqat bilim beradi, balki uni kelajakka tayyorlaydi, yaxshini yomondan, oqni qoradan ajratishni o'rgatadi. Dunyoda inson zoti borki, ustozi oldida qarzdor. Bir umrlik mehnatimiz bilan ham uning oldidagi qarzimizni uza olmaymiz. Zero, hazrat Navoiy bejizga “Haq yo'linda kim sanga bir harf o'qutmish ranj ila, Aylamak bo'lmas ado oning haqin yuz ganj ila”, deya uqtirmaganlar. Dunyoning to'rtdan uch qismini zabt etgan fotih Iskandar Maqduniy ham “Otam meni osmondan pastga tushirdi. Ustoz esa pastdan yuqoriga ko'tardi” deya ustozi mehnatini sharaflagan. Uzoqqa bormaylik, o'zimiz ham bolalik qilib ustozimizdan nolisak, ota-onamiz yoki bobo-buvimiz: “Muallim sening foydangni ko'zlab shunday qilyapti. Aslida sening o'rganganlaringdan unga emas, senga ko'proq foyda bor”, deb ustozning yonini olishar, bizning qalbimizda o'qishga nisbatan mas'uliyat, ustozga nisbatan hurmat uyg'otardi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda ta'lim tizimiga, o'qituvchilarning jamiyatdagi o'rni, qadr-qimmati, obro'si, mehnatini qadrlashga davlat darajasida jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Yangilangan Konstitutsiyamizning 52-moddasida “Davlat o'qituvchilarning sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o'sishi to'g'risida g'amxo'rlik qiladi” deb belgilab qo'yilgani ham ushbu masala yurtimizda davlat siyosatining asosiy yo'nalishlaridan biri ekanini anglatadi.

Darhaqiqat, o'qituvchi – kelajak yaratuvchisi. U vatanimiz ertasi bo'lgan o'g'il, qizlarga nafaqat ta'lim beradi, balki ularni tarbiyalaydi ham. Lekin tan olish lozim, bugun jamiyatimizda o'qituvchilarga bo'lgan munosabat ushbu ta'riflarga unchalik ham mos kelavermaydi. Afsuski, keyingi paytda biz ana shu an'ana, qadriyatdan anchagina uzoqlashib ketdik. Ota-onalar (aksariyat yosh ota-onalar) bolasini haddan ortiq erkalatib yuboryapti. Bolasining aytgani aytgan, degani degan. O'qituvchi bilan bolasi o'rtasidagi munosabatlarga ham huda-behuda aralashadi, bolasining haq-nohaqligini surishtirmay yonini olaveradi. Bolasiga o'qituvchisi haqida nomaqbul gaplarni aytadi. Arzimagan ko'ngilsizlikni ham pashshadan fil yasab ijtimoiy tarmoqlarda ko'rsatyaptilar. Bu bilan o'qituvchining obro'sini tushirib qo'yayotganini goh sezib, goh sezmayaptilar. Afsuski, bu narsa bolaning ta'lim olish jarayoniga, tarbiyasiga, ustozga munosabatiga ham ta'sir qilmoqda.

Kundalik hayotimizda o'qituvchilar bilan bog'liq o'zimiz guvoh bo'layotgan turfa voqealar Konstitutsiyamizning yuqoridagi moddasi amalga tatbiq etilishi, xalq ichiga kirib borishi oson bo'lmasligini ko'rsatmoqda. Ushbu xulosaga kelishimga sabab bo'lgan ba'zi voqealarni sizlar bilan ham o'rtoqlashsam.

Birinchi voqea

10-sinfdagi Aziz juda ko'p dars qoldiradi. Shundanmi, o'zlashtirishi juda past. Lekin o'zi yuvosh­gina bola. Bir necha bor chaqirganimizdan keyin Azizning onasi maktabga keldi. Sinf rahbari unga ahvolni tushuntirishga harakat qildi. Bunaqada choragiga ikki tushishi mumkinligini aytdi.

— 10-sinfda ham “ikki”ga o'qiyotgan bo'lsa, demak, siz vazifangizni uddalay olmayapsiz. Eplolmasangiz, maktabni bo'shatib qo'ying, bilimliroq o'qituvchi ishlasin, – dedi u.

— Uning yaxshi o'qishini istasangiz, davomatini yaxshilang. O'qishga har kuni kelsin! – dedi o'qituvchi.

— O'ylab gapiryapsizmi, u har kuni o'qishga kelsa, tirikchiligim nima bo'ladi?! Siz mening oilamdagi muammolarni bilmaysiz-ku, aralashishga haqqingiz ham yo'q. Sizning vazifangiz bolaga kerakli bilimni berish. Agar bolam sinfda qolsa, siz bilan boshqa joyda gaplashaman…

Ana shunday dag'dag'ali suhbatdan kimga foyda? O'qituvchi “boshqa joyda gaplashmaslik uchun” onaning progulchi o'g'liga “uch” bahoni qo'yib beraveradi. Bundan na bolaning bilimi, na o'qituvchining obro'si oshadi. O'qituvchining “esini kirgizib qo'yib”, ko'cha-ko'yda maqtanib yurgan ona esa juda katta narsani – o'g'lining kelajagini boy berganini sezmaydi ham.

 Ikkinchi voqea

4-sinflarga ingliz tili o'tiladi. 6 nafar o'quvchining mashg'ulotdagi ishtiroki juda sust. Uyga berilgan vazifani bajarmaydi. Muallima bir necha bor ogohlantirishiga qaramay dangasa bolalarning ota-onalari bee'tibor bo'laverdi. Noiloj qolgan ustoz bolalarning suratlari va ism-shariflarini izoh bilan telegram kanaldagi ota-onalar guruhiga tashlab qo'ydi. Oradan bir soat o'tar-o'tmas o'qituvchilar xonasiga o'quv yili boshlangandan buyon qorasini ko'rsatmagan ikkita ona vajohat bilan kirib kelib, ingliz tili muallimasini so'radi.

— Nega siz o'g'limni, u orqali meni ham internetda sharmanda qildingiz? Bunga kim huquq berdi?! Bu bilan o'g'limning o'qishga bo'lgan qiziqishini battar sindirganingizni bilasizmi? Hech narsani bilmayman, pulini olganingizdan keyin qanday yo'l bilan bo'lsa ham bolaga o'rgatish sizning ishingiz, siz shuning uchun oylik olasiz! — dedi onalardan biri o'qituvchini urgudek bo'lib. Ular ancha tortishishdi.

Axir ish shu darajaga borib yetishiga kim aybdor?! Nega ayrim ota-onalar farzandining maktabda qanday o'qiyotgani bilan mutlaqo qiziqmaydi. Uning o'qishini, bilim olishini talab qilgan (aslida bu onaning vazifasi) ustozga dag'dag'a qiladi. Lekin biror marta “Bu o'qituvchi nega boshqa bolalarni emas, mening bolamni urishdi? Balki o'g'limni o'zida ham ayb bordir?” deb o'ylamaydi. Aksincha, o'g'liga pishang beradi: “O'qituvchingdan qo'rqma, g'ing desa menga ayt”, deydi. “O'g'lim, bugun uyga qanday vazifa berilgan edi, nega dars tayyorlamayapsan?” deb so'rasa, o'g'lining o'qishini nazoratga olsa, kimga foyda – kimga ziyon? Suv ham qattiq joyda to'xtaydi. Bolangiz baxtli bo'lishini, kelajakda sizning yuzingizni yorug' qilishini istasangiz uni ortiqcha taltaytirmang. Talabchan bo'ling. Ehtimol, o'qituvchilarning obro'si to'kilishida ba'zi o'z ustida ishlamaydigan, bola bilan ishlashni xushlamaydigan muallimlarning o'zlari ham sababchidir. Lekin, xulosaga shoshilmaylik. Avval voqelikni to'liq o'rganib, keyin biror fikrga kelaylik.

Naql. Bir podshohning o'g'li hamma qatori madrasaga borar ekan. Domla hammadan ko'p shahzodaga tanbeh berar, hatto urar ham ekan. Bundan norozi bo'lgan shahzoda bir kuni domlaning ustidan otasiga shikoyat qilibdi. “Ota, muallim shogirdlar o'rtasida adolat qilmaydi. Bir xil ayb qilsak-da, domla meni qattiq jazolaydi, boshqalarga shunchaki tanbeh berib qo'ya qoladi”.

Podshoh muallimni huzuriga chaqirtirib, buning sababini so'rabdi.

Muallim shahzodaning so'zlarini tasdiqlab shunday debdi: “Oddiy fuqarolarning yomon xulqi va ayb­lari ko'zga uncha tashlanmaydi. Lekin bunday xato shahzoda yoki podsho tarafidan qilinsa, fuqaro unga ergashib qolishi mumkin. O'g'lingizga nisbatan qattiqqo'l bo'lganimning sababi shu, shohim”.

Xulosa shuki, o'qituvchi o'g'lingizdan boshqalarga nisbatan ko'proq bilim talab qilyaptimi, bejiz emas. Bundan siz xafa bo'lmang. Chunki, sizning o'g'lingizda boshqalarda topilmagan iste'dodni, g'ayratni ko'ryapti. Uni yuzaga chiqarmoqchi, bolangizning o'zini o'ziga tanitmoqchi. Bolani chin dildan sevgan, kasbining fidoyisi bo'lgan ustoz shunday qiladi.

Uchinchi voqea

Uchinchi chorak boshida matematika muallimlaridan biri boshqa ishga o'tib ketdi. Uch haftacha qidirib, qo'shni maktab muallimini ishlashga ko'ndirdik. Ammo, 10-sinfga uchinchi marta darsga kirganda, u yerda janjal bo'libdi. R. ismli o'quvchi ketma-ket dars tayyorlab kelmagani, o'jarlik qilgani uchun yangi ustoz uni koyib beribdi. Shunda o'rnidan sakrab turibdi-yu, o'qituvchining yuziga musht tushirib labini yorib yuboribdi. Hamkasbini arang ko'ndirib, ishga olib kelgan matematika o'qituvchisi uni shifoxonaga olib ketdi. Direktor R.ning otasini maktabga chaqirdi. Hartugul, ota ko'p kuttirmay yetib keldi. Direktordan voqeani eshitgan ota negadir yoyilib jilmaydi. “O'g'lim shunaqa, haqini birovga berib qo'ymaydi, kerak bo'lsa men bilan ham talashadi”, dedi gerdayib. Keyin bilsak, bu bolaning o'zi maktabga yangi kelgan ekan. Asabiyligi bois shifokor ro'yxatida turar ekan. Kaltak yegan o'qituvchi yalinib-yolvorishimizga qaramay, shartta ariza yozib bo'shab ketdi. O'quv yili oxirlab qolgani uchun bosh­­qa muallim ishga kelmadi. Oqibatda ayrim sinf­larda matematika chalakam-chatti o'tildi. Xo'sh, bunga kim aybdor, kasal bolani sog'lom bolalarga qo'shib o'qitishga majbur qilgan direktormi, boladan bilim talab qilgan ustozmi, haqini birovga bermaydigan o'g'ilmi yoki undan faxrlanib yurgan otami? Kim aybdorligini qo'yaylik, bundan ko'proq kim zarar ko'rganini o'ylab ko'raylik.

Erkalatsa onasi – taltayadi bolasi, deydi xalqimiz. O'sha taltaygan bola ertaga kim bo'ladi? Undan jamiyatga, oilaga, qolaversa, o'ziga qanday manfaat tegadi? O'qituvchini haqorat qilishdan, uni ijtimoiy tarmoqlarda obro'sizlantirishdan avval ana shu haqda o'ylab ko'raylik. Axir o'qituvchi kelajak bun­yodkorlarini tarbiyalaydi. U ustoz, u ta'limgina emas, tarbiyani ham shakllantiradi. Bolamizning kelajagi, hatto baxti, baxtsizligi ham ko'p jihatdan unga bog'liq. Shunday ekan, siz to'yda, sayohatda, mehmondorchilikda yurganingizda tunchiroq yorug'ida kitob­­ga muk tushib ertangi darsga tayyorlanayotgan, zukko o'quvchisini nima bilandir lol qoldirishga, dangasa bolasining nima bilandir e'tiborini tortishga harakat qilib izlanayotgan ustozning – muallimning qadriga yetaylik, hurmatini joyiga qo'yaylik. O'shanda bolangizning kelajagidan ko'nglingiz to'q bo'ladi. Hurmat qilsangiz – hurmat ko'rasiz.

Muhabbat HAMIDOVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 5 =